Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Iyun, 2026   |   13 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:52
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
28 Iyun, 2026, 13 Muharram, 1448

Istixora namozi haqida

05.08.2020   8733   4 min.
Istixora namozi haqida

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga hamma ishlarda istixora qilishni xuddi Qur’ondan surani ta’lim bergandek, ta’lim berar edilar. U zot:

 «Qachon biringiz bir ish qilmoqchi bo‘lsa, farz namozdan boshqa ikki rakat namoz o‘qisin. So‘ng: «Ey bor Xudoyo! Albatta, men Sendan ilming ila istixora qilaman. Sening qudrating ila qudrat so‘rayman. Sendan ulug‘ fazlingdan so‘rayman. Albatta, Sen qodirsan, men qodir emasman. Sen bilursan, men bilmasman. Sen g‘ayblarni yaxshi biluvchi Zotsan.

 Ey bor Xudoyo! Agar ushbu ish menga dinimda, maoshimda va ishim oqibatida yaxshi ekanini bilsang (yoki hozirgi ishimdayu kelgusida) uni menga taqdir qilgin, menga oson qilgin, so‘ngra uni men uchun barakali qilgin. Agar ushbu ish men uchun dinimda, maoshimda va ishim oqibatida (yoki hozirgi ishimdayu kelgusida) yomon ekanini bilsang, uni mendan burib yubor, meni undan burib yubor. Va menga qayerda bo‘lsa ham yaxshilikni taqdir qil. So‘ngra meni unga rozi qil, desin va hojatini aytsin», dedilar».

 Sharh: Jobir ibn Abdulloh Ansoriydan rivoyat qilingan ushbu rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ishlarni to‘g‘risi zohir bo‘lmagan narsalarda Allohga qaytish, har qanday muhim ishlarda Undan maslahat talab qilishni o‘rgatmoqdalar. Bu istixorani ta’lim berishda xuddi Qur’on suralarini ta’lim bergandek g‘oyat ahamiyat qilardilar. Agar bandaga biror ish mushkul bo‘lib, to‘g‘risi qaysi narsada ekani noaniq bo‘lib qolsa, turib ikki rakat namoz o‘qib, Allohga yuzlanib, u ishni haqiqatini ochib berishini talab qilib, albatta so‘rayotganida Xoliqga sano aytib, duo qilib, o‘sha duosida tazarru’ va bo‘yin egib, maxluqqa xos siniq holda turishini uqtirmoqdalar. Chunki inson o‘ziga foyda ham zarar ham keltira olmaydi. Demak, musulmon kishi Rabbisiga yuzlanayotganida o‘sha istixora qilib so‘rayotgan narsasi dini va dunyosida yaxshilik bo‘lsa o‘sha ishni oson bo‘lishini, bordiyu dini, dunyosi, hayoti va oxiratida yomon bo‘lsa qalbidan u narsani boshqa narsaga burib yuborishini so‘ramog‘ini uqtirmoqdalar. Bu narsa faqat bandani Rabbisiga bo‘ysunishi va ubudiyyatga iqror bo‘lishining bir namunasidir. Alloh fazlini o‘z bandalari ustida doim bo‘lishini yaxshi ko‘radi. Bandalarning o‘sha fazlga yetishish uchun faqat Unga yuzlanib, fazlini talab qilishsa kifoya. Chunki Alloh taolo bandalarini qo‘l cho‘zishganida noumid qaytarishdan azizroqdir.

 “Bandalarim Sizdan (ey Muhammad) Men haqimda so‘rasalar, Men ularga yaqinman. Menga duo qilgan paytlarida duogo‘ylarining duosini ijobat qilaman. Bas, haq yo‘lga yurishlari uchun (ular ham) Mening (da’vatimga) javob qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar”. (Baqara surasi,186-oyat).

 Kishi itixora namozini o‘qigandan keyin mazkur ish haqida o‘ylamay, Alloh ixtiyor qiladigan narsani kutib yuradi. Keyin ko‘ngliga tushib, o‘ziga ma’qul bo‘lib, qilgisi kelib qolsa, qiladi. Bu haqda tush ko‘rishi ham mumkin. Agar ish bir tarafga bo‘lmay turib qolsa, istixora namozini yana qaytadan o‘qiydi. Qayta o‘qish yetti martagacha bo‘lishi mumkin. Istixora namozining birinchi rakatida Fotiha surasidan keyin Kofirun surasini, ikkinchi rakatda Ixlos surasini o‘qiydi.

 Ko‘rinib turibdiki, istixora namozi ham boshqa namozlar kabi bandani Alloh taologa bog‘lovchi omildir. Bir ishni qilmoqchi bo‘lganda Alloh taoloning o‘ziga yolvorib, yaxshi yo‘l ko‘rsatishni so‘rashdir. Bu ma’no esa, musulmon kishi hayotida namozning o‘rni qanchalar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Musulmon kishi hatto qiladigan dunyoviy ishida ham dunyoning xoliqi va boshqaruvchisi Alloh taoloning o‘zidan maslahat so‘rash imkoniga egadir.

 Hadisdan olinadigan foydalar:

 1) Istixora namozini mustahab ekanligi va namozdan keyin hadisda kelgan duoni o‘qishlik.

 2) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlariga mehribon ekanligi hamda har bir ishda ummatlarini to‘g‘ri yo‘lga boshlashlari.

 3) Mo‘min kishi har qanday ishini Alloh taologa topshirmoqligi. 

 O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bir lahza to‘xtab o‘ylab ko‘ring...

26.06.2026   6097   3 min.
Bir lahza to‘xtab o‘ylab ko‘ring...

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ey aziz yoshlar!

Siz giyohvand moddaning quliga aylanish uchun dunyoga kelmagansiz.

Alloh sizni buyuk maqsadlar uchun yaratdi. Siz go‘zal orzular sari qadam tashlaydigan, ilm olish, Insoniyyatga xizmat qilish, ota-onangizning yuzini yorug‘ qilish uchun yaratilgansiz.

Sizni onangiz to‘qqiz oy bag‘rida ko‘tarib, tunlari uyqusiz qolib, ko‘z yosh to‘kib katta qilgani – bir kun kelib ko‘chalarda sarson bo‘lishingiz uchun emas.

Otangizning peshona teri, mashaqqati va umri – zahar tutatib o‘tirishingiz uchun emas.

Bir lahza to‘xtab o‘ylab ko‘ring...

Agar bugun siz qo‘lingizdagi giyohvand moddaga qarayotgan bo‘lsangiz, bir chetda onangiz sizning kelajagingiz haqida duo qilib o‘tirgandir. Agar siz gunohga qadam qo‘yayotgan bo‘lsangiz, otangiz sizni odamlar ichida hurmatli inson bo‘lsin deb mehnat qilayotgandir.


Siz buning uchun tug‘ilmadingiz!

Sizning qo‘lingizda kashfiyotlar kaliti bo‘lishi kerak edi, zahar emas.

Sizning tilingizda shukru zikr bo‘lishi kerak edi, dillarni og‘ritadigan gaplar emas.

Sizning qalbingizda orzu va maqsadlar bo‘lishi kerak edi, pushaymonlik emas.

Bugun sizni gunohga chorlayotgan "do‘stlar" qabrga siz bilan kirmaydi. Hisob-kitob kunida ham yoningizda turmaydi. Ammo qilgan amallaringiz siz bilan birga boradi.

Shuning uchun hali vaqt bor ekan, ortga qayting!


Bir dona tavba ba’zan yillar davom etgan gunohdan kuchli bo‘ladi.

Bir dona qat’iy qaror ba’zan butun hayotni o‘zgartirib yuboradi.

Ey yosh musulmon! Siz TikTok va Instagram lentasida adashib qoladigan, nafsining ortidan yuguradigan avlod emas, balki tarix yozadigan avlodsiz.

Siz ummatning umidi.

Siz ota-onangiz duosi.

Siz jonajon vataningizning ertangi umidisiz.

Siz ilm majlislarining bezagisiz.


O‘zingni arzon narsalarga sotib yubormang. Chunki Alloh sizni juda qimmat yaratgan.

Bir lahzalik kayf uchun bir umr afsus chekishga arzimaydi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q”.

Giyohvand moddaga berilgan inson ham o‘ziga ham boshqalarga ulkan zarardir.


Ulamolarimiz aytadilar: “Ma’siyatlarning boshlanishi shahvatdir, oxiri esa hasrat va nadomatdir”.

Bugun gunoh lazzatdek ko‘rinadi, ammo ertaga qalbni ezadigan pushaymonlikka aylanadi.

Ey yoshlar! Bir lahzalik lazzat uchun bir umr hasrat chekib qolmang. Giyohvandlik sizga baxt va erkinlik emas, qullik va pushaymonlik olib keladi. O‘zingizni ham, ota-onangizning umidlarini ham asrang!

Alloh barcha yoshlarimizni giyohvandlik, ichkilikbozlik va har bir yomon illatdan asrasin. Omin.


Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani Rahimjon hoji ota jome masjidi imom noibi