Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Qur’on bilan xulqlanish

04.08.2020   3337   6 min.
Qur’on bilan xulqlanish

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qur’on o‘qiydigan mo‘min utrujjaga o‘xshaydi. Uning hidi yoqimli, mazasi shirin. Qur’on o‘qimaydigan mo‘min esa xurmo kabidir. (Xurmo mevasining) hidi yo‘q, ammo mazasi shirin. Qur’on o‘qiydigan munofiq rayhon kabi xushbo‘y, biroq mazasi taxir. Qur’on o‘qimaydigan munofiq esa hanzala yanglig‘ hidsiz, ta’mi achchiqdir» deganlar.

Buxoriy, Muslim, Sunan sohiblari, Dorimiy, Ahmad rivoyat qilgan.

Mazkur hadisda Qur’on tilovat qilish, Kalomullohdan uzoq yurish qanday samara berishi ajoyib o‘xshatish orqali bayon etilmoqda. Unda to‘rt toifa kishi ikki xil meva hamda ikki xil o‘simlikka o‘xshatilmoqda: mo‘min utrujjaga, xurmoga, munofiq esa rayhonga, hanzalaga mengzalmoqda. Bu bilan mo‘min bandaning sha’ni naqadar ulug‘ligi, tilida musulmonlikni da’vo qiladigan kimsaning holati naqadar yomonligini bilib olamiz. Qolaversa, hadisda Allohning Kalomi bandaning zohiriga ham, botiniga ham ta’sir qilishi ta’kidlanmoqda. Bandalar bu borada bir-biridan farq qiladi. Haqiqiy mo‘min ko‘proq nasibador bo‘ladi, kimdir ozroq. Qur’on barakasidan umuman benasib qoladiganlar ham yo‘q emas. Keling, bu purma’no hadis sharhi bilan yaqindan tanishib chiqamiz:

“Qur’on o‘qiydigan mo‘min utrujjaga o‘xshaydi. Uning hidi yoqimli, mazasi shirin”.

Utrujja – apelsinga o‘xshagan meva. Uning hajmi o‘rtacha, ko‘rinishi chiroyli, rangi sariq-qizg‘ish. Utrujjaning ajoyib rangi kishi e’tiborini tortadi. Unga qaragan inson ko‘nglida quvonch paydo bo‘ladi. Qolaversa, utrujjaning xushbo‘y hidi, totli mazasi bor. Utrujja mevalar ichida eng zo‘ri bo‘lgani uchun ham mo‘min kishi mana shu mevaga o‘xshatilmoqda. Mo‘minning qalbida imoni bor, nifoq yo‘q. U Qur’on o‘qiydi. Qur’on o‘qishi shundoq yuz-ko‘zidan bilinib turadi. Mo‘minning tashqi ko‘rinishi go‘zal, xulqi chiroyli. Asosiysi ichki olami – qalbi go‘zal. Bundan chiqdi, komil mo‘min bo‘lish uchun ham sirtini, ham ichini to‘g‘rilash kerak. Qalbni isloh qilishda, yetuk mo‘min bo‘lishda Qur’onning ahamiyati juda katta. Qur’on o‘qiydigan mo‘minning – xuddi utrujja kabi – ta’mi mazali: qalbida imon mustahkam o‘rnashgan, hidiyam xushbo‘y – odamlar uning qiroatini eshitib rohatlanadilar, ajr-savob oladilar, Qur’on o‘qishni o‘rganadilar. E’tiborli jihati shundaki, hadisda “Qur’on o‘qiydigan” deyish bilan Qur’onni oyda-yilda bir emas, doim o‘qish lozimligiga ishora qilinmoqda. Zero, komil mo‘min banda Allohning Kalomini tokchalarda g‘arib holda qoldirmaydi, muttasil o‘qib-o‘rganadi, ilohiy ta’limotlarga muvofiq yashaydi.

“Qur’on o‘qimaydigan mo‘min esa xurmo kabidir. (Xurmo mevasining) hidi yo‘q, ammo mazasi shirin”. Buyam ajoyib o‘xshatish. Har bir bandadan talab etiladigan asosiy narsa imondir. Mo‘min banda imoni bilan qadrli. Lekin Allohga, oxirat kuniga ishonsa-yu, Parvardigori Kitobini o‘qimasa, uning qadri pasayadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’on o‘qimaydigan mo‘minni xurmoga o‘xshatyaptilar. Xurmoning mazasi juda shirin, lekin hidlab ko‘rsangiz, hidi yo‘qligiga amin bo‘lasiz. Bundan chiqdi, Qur’on o‘qimaslik, o‘qishni o‘rganishga harakat qilmaslik mo‘min banda uchun ayb sanaladi. Afsuski, hozirda ko‘p musulmonlar Qur’on o‘qimaydi, ma’nosini tushunmaydi. Oqibatda musulmon bo‘lgani uchun emas, musulmon bo‘la turib Qur’onni o‘qib-o‘rganmagani uchun boshiga har xil savdolar tushadi. Bugungi kundagi ko‘p tashvishlar aynan dindan bexabarligimiz sababli kelib chiqmoqda. Bundoq olib qarasak, hammasi yozib qo‘yilgan, qaysi vaziyatda nima qilish kerakligi bayon etilgan. Biroq Qur’on o‘qilmaydi, Allohning hukmi o‘rganilmaydi. Bunday noxush vaziyatdan chiqib ketishning birdan-bir chorasi – Qur’onga qaytish, Allohning Kalomini qunt bilan o‘qib-o‘rganish. Shuni ham ta’kidlab o‘tish joiz, mo‘min banda Qur’on o‘qimasayam, uning asli pok. Chunki qalbida imon bor. Qur’on o‘qimagani yoki o‘qiy olmagani bilan uning botini go‘zal, ammo zohiri islohtalab.

“Qur’on o‘qiydigan munofiq rayhon kabi xushbo‘y, biroq mazasi taxir”. Qur’on o‘qiydigan munofiqning rayhonga o‘xshatilishiga sabab munofiq dilida kasallik bor, tilida musulmonlikni da’vo qiladi. Lekin qalbida imon yo‘q, ixlos yo‘q. Odamlar – Qur’on hurmatidan – riyokor qorini izzat-ikrom qilishlari mumkin. Biroq niyati xolis bo‘lmagani uchun riyokor kimsa Alloh nazdida haqiqiy qorilik maqomiga erisholmaydi: unga savob ham, yuqori martaba ham berilmaydi. Ma’lumki, rayhonning hidi ko‘pchilikka yoqadi. Ammo bargini chaynagan odamning ko‘ngli behuzur bo‘ladi. Munofiq ham shunday. Faqat Qur’on o‘qigani uchun uning hidi xushbo‘y. E’tibor bering: bu gap qalbida nifoq illati bor kimsa haqida aytilyapti. Chinakam mo‘min banda Qur’on o‘qish bilan qanchalik yuqori darajaga ko‘tarilishini shundan ham bilib olsa bo‘ladi.

“Qur’on o‘qimaydigan munofiq esa hanzala yanglig‘ hidsiz, ta’mi achchiqdir”. Hanzala – ta’mi, hidi yoqimsiz o‘simlik. Mevasi apelsin kattaligida bo‘ladi. Qalbida nifoq bor, Qur’ondan uzoq banda hanzalaga o‘xshaydi. Uning ta’mi achchiq, ustiga-ustak hidi ham badbo‘y. Bu – to‘rt toifa ichidagi – eng past pog‘ona egasidir. Munofiqlik tamg‘asi bandani juda past darajaga tushirib yuboradi. Agar u Qur’ondan yiroq bo‘lsa, pog‘onasi battar pasayib ketadi. Munofiqqa ibodat qilish ham, Qur’on o‘qish ham og‘irlik qiladi. Shu ma’noda Abul Javzo: “Munofiq uchun Qur’on o‘qishdan ko‘ra zil-zambil toshlarni ko‘tarib yurish osonroq”, degan.

Abu Nuaym “Hilyatul avliyo”da rivoyat qilgan 

Munofiqda imon, ixlos bo‘lmagani uchun ibodatni xushu’ bilan bajarolmaydi, Qur’onni Alloh roziligi uchun emas, odamlar maqtovi uchun qiroat qiladi, bor e’tiborini faqat tashqi tarafga – moddiyatga qaratadi. Hadisning mana shu qismidan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, avvalo nifoqdan uzoq yurish, sirtdan musulmon bo‘lib ko‘rinib, Islomga teskari ishlardan qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Qolaversa, Qur’onga e’tiborimizni kuchaytiraylik. Zotan, mo‘min-musulmon bo‘la turib Qur’on o‘qimaslik ma’qul emas. Chunki Alloh Qur’onni o‘qib-o‘rganishimiz, Kalomulloh odobi ila xulqlanishimiz uchun nozil qilgan.

«Qur’on qalblar shifosi» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazi yangi umra mavsumini 2025 yil avgust oyidan boshlanishini e’lon qiladi

15.07.2025   5547   1 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazi yangi umra mavsumini 2025 yil avgust oyidan boshlanishini e’lon qiladi

So‘nggi yillarda umra safarlarini yuqori saviyada tashkil etish, ziyoratchilarga sifatli va qulay xizmatlar ko‘rsatish hamda ibodatlarni shariat talablariga muvofiq ado etish ishlari “Haj” va “Umra” markazi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.

30 yildan ziyod amaliy tajriba asosida ziyoratchilarimiz uchun 10 kunlik maxsus umra dasturi taklif etilmoqda.

Dastur doirasida quyidagi qulayliklar nazarda tutilgan:

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi orqali Toshkent–Jidda–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar;

3 kecha Madina, 7 kecha Makkada bo‘lish;

Jidda–Madina, Madina–Makka va Makka–Jidda yo‘nalishlarida zamonaviy avtobuslar xizmati;

Makka va Madina shaharlarida barcha sharoitlarga ega mehmonxonalar;

3 mahal mazali taomlar;

Madina shahrida Nabaviy masjidi, “Ravza”, Qubo, Qiblatayn masjidlari va Uhud maydoniga ziyorat;

Makka shahrida Arafot, Mino, Muzdalifa vodiylari hamda Nur va Savr tog‘lariga ziyorat;

Jidda shahridagi Qizil dengizga sayohat.

Umra safari davomida ziyoratchilarga tajribali ishchi guruhi, taniqli imom-xatiblardan iborat guruh rahbarlari, malakali shifokorlar hamrohlik qilib, ibodat va safarni oson va xotirjam o‘tishini ta’minlaydilar.

Umra safariga borish niyatida bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni ushbu imkoniyatdan foydalanishga taklif etamiz.

Murojaat uchun telefonlar:

Haj va Umra Markazi
+998778821858
+998998821858

Hududiy mas’ullar:
Andijon vil. +998999012979
Farg‘ona vil. +998902723477
Namangan vil. +998902181117
Sirdaryo vil. +998911012816
Jizzax vil. +998941955554
Samarqand vil. +998979121674
Qashqadaryo vil. +998995803520
Surxondaryo vil. +998915861007
Buxoro vil. +998906116486
Navoiy vil. +998997516005
Xorazm vil  +998910941100
Qoraqalpog‘iston Res. +998973490457