O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilish va ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni va xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini namoyon etgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yanada kuchaytirish maqsadida, shuningdek Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan:
1. O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan va a’zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilalarga O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bir martalik moddiy yordam pullarini moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxatlariga kiritilgan oilalarga 2020 yil 15 avgustga qadar yetkazilishini ta’minlasin.
2. 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 1,1 barobar oshirilsin.
2020 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 262 470 so‘m;
yoshga doir eng kam pensiyalar – oyiga 513 350 so‘m;
bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa – oyiga 513 350 so‘m;
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 315 030 so‘m etib belgilansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda 2020 yilning yakuniga qadar:
14 yoshgacha bolalari bo‘lgan ehtiyojmand nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi sonini 2 barobarga oshirib, 700 mingtagacha yetkazishni;
bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalarning amaldagi sonini 330 mingdan 400 mingtaga oshirish;
moddiy yordam oluvchi kam ta’minlangan oilalarning amaldagi sonini 89 mingdan 100 mingtaga yetkazishni ta’minlasin.
4. To‘lash muddati 2020 yilning iyul-sentyabr oylarida tugaydigan bolalari bo‘lgan oilalarga va bola parvarishi bilan shug‘ullanadigan onalarga nafaqa to‘lash navbatdagi 6 oy muddatga (bola tegishlicha 2 yosh va 14 yoshdan oshmagan holatda) davom ettirilsin.
5. Koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish maqsadida hamda Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan:
moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan oilalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining hududiy bo‘limlariga 200 milliard so‘m;
tez tibbiy yordam brigadalari xodimlariga (vrach, feldsher, sanitar va haydovchilar) bir martalik pul mukofoti berish uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilsin.
6. Jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy rag‘batlantirish hamda joylarda xayru saxovat, muruvvat borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jaholatga qarshi ma’rifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard so‘m mablag‘ ajratilsin.
7. Mazkur Farmonning 1, 5 va 6-bandlarida nazarda tutilgan mablag‘larning yordam va ko‘makka muhtoj oilalarga, tez tibbiy yordam brigadalari xodimlariga maqsadli va manzilli yetkazilishi yuzasidan quyidagilar mas’ul etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov, mutasaddi vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari – moddiy yordam, pensiya va nafaqa pullarini to‘liq va o‘z vaqtida ajratish va joylarga yetkazish bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Musayev, Sog‘liqni saqlash vazirligi – tez tibbiy yordam brigadalari xodimlariga beriladigan bir martalik moddiy yordam pullarining manzilli yetkazilishi bo‘yicha;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari rahbarlari – pandemiya davrida yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxatlarining shakllantirilishi hamda ularga moddiy yordam pullarining o‘z vaqtida va manzilli yetkazilishini tashkil etish va nazorat qilish bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi – zarur mablag‘larning O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga o‘z vaqtida ajratilishi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda – moddiy yordam mablag‘larini tarqatish uchun naqd pul bilan ta’minlash bo‘yicha.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari Hisob palatasi bilan birgalikda bir martalik moddiy yordamning o‘z vaqtida va maqsadli amalga oshirilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Sh.Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Manba: http://uza.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom Moturidiy fiqhda Imom Abu Hanifa mazhabida bo‘lganidek, e’tiqodiy qarashlari ham u zotning aqidaga oid asarlari asosida shakllangan. Shuning uchun ham ba’zi asarlarda moturidiylarni hanafiylar deb ham atalgan. Masalan, Hasan ibn Abdul Muhsin Abu Azba “Ravzatul bahiya fiyma baynal Ashairoti val Moturidiya” (Ash’ariylar va Moturidiylar o‘rtasidagi go‘zal chamanzor” asarida moturidiylarni hanafiylar deb atagan.
Shu o‘rinda modomiki Abu Mansur Moturidiy aqidada Imom Abu Hanifaga ergashgan bo‘lsa, nega aqidada ham hanafiya mazhabidamiz deyilmasdan, moturidiya mazhabidamiz deyiladi? degan haqli savol paydo bo‘ladi.
Bu savolga Doktor Ali Abdulfattoh Mag‘ribiy “Imomu Ahlis sunna val jamoa Abu Mansur Moturidiy va aroouhul kalamiya” (Ahli sunna val jamoa imomi Abu Mansur Moturidiy va uning kalom ilmidagi qarashlari) asarida batafsil javob bergan bo‘lib, javobning xulosasi quyidagilardir:
“Abu Hanifadan keyin u zotning davrlarida bo‘lmagan karromiya va botiniya singari yangi firqalar paydo bo‘lgan. Bundan tashqari Abu Mansur Moturidiydan ilgari ma’rifatulloh singari ayrim masalalar ehtiyoj bo‘lmagani sababli hali tahqiq qilinmagan edi.
Shuningdek, Abu Hanifa davrida Alloh taoloning sifatlari to‘g‘risidagi hamda tavhidni isbot qilish va unda aqlning tutgan o‘rni qay darajada ekani haqidagi masalalar batafsil bayon qilinmagan edi. Bir so‘z bilan aytganda kalom ilmi to‘liq shakllanib ulgurmagan edi. Qolaversa kalom ilmi Abu Mansur Moturidiydan ilgari Ahli sunna val jamoa ulamolari nazdlarida maqbul ilm sanalmas, balki man qilingan ilm hisoblanar edi. Abu Mansur Moturidiyning tahqiqlari tufayli bu ilm maqbul ilmga aylandi.
Demak, Abu Mansur Moturidiy aqidada Imom Abu Hanifaning tutgan yo‘llarini faqatgina sharhlab berish bilan kifoyalangan emas, balki alohida o‘ziga xos yangi yo‘lga asos solgan olimdir. Shunga ko‘ra hanafiya mazhabida fiqhda Abu Hanifaga, aqidada Moturidiyga murojaat qilinadi”.
G‘ayratjon ASABOYEV,
Yangiqo‘rg‘on tumani “Eskiobod” jome masjidi imom-xatibi