Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Aprel, 2025   |   11 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:31
Quyosh
05:53
Peshin
12:30
Asr
17:02
Shom
19:00
Xufton
20:16
Bismillah
09 Aprel, 2025, 11 Shavvol, 1446

2. BAQARA (sigir) SURASI, 74–75 OYATLAR

28.07.2020   7167   2 min.
2. BAQARA (sigir) SURASI, 74–75 OYATLAR

ثُمَّ قَسَتۡ قُلُوبُكُم مِّنۢ بَعۡدِ ذَٰلِكَ فَهِيَ كَٱلۡحِجَارَةِ أَوۡ أَشَدُّ قَسۡوَةٗۚ وَإِنَّ مِنَ ٱلۡحِجَارَةِ لَمَا يَتَفَجَّرُ مِنۡهُ ٱلۡأَنۡهَٰرُۚ وَإِنَّ مِنۡهَا لَمَا يَشَّقَّقُ فَيَخۡرُجُ مِنۡهُ ٱلۡمَآءُۚ وَإِنَّ مِنۡهَا لَمَا يَهۡبِطُ مِنۡ خَشۡيَةِ ٱللَّهِۗ وَمَا ٱللَّهُ بِغَٰفِلٍ عَمَّا تَعۡمَلُونَ٧٤

  1. Shundan keyin qalblaringiz yanada qattiqlashib, toshdan ham qotib ketdi. Holbuki ba’zi toshlardan anhorlar oqib chiqadi, ba’zisi yorilib, undan suv chiqib turadi, ba’zilari Allohdan qo‘rqqanidan pastga qulab ketadi. Alloh amallaringizdan g‘ofil emasdir.

Ushbu oyati karimada Isroil avlodlarining qalbi toshga o‘xshatilmoqda. Bu shunchaki shoirona qiyos emas, balki Parvardigorning yaratgan bandalari dilidagiyu xayolidagi hamma narsani oldindan bilib turish qudratiga kuchli dalildir. Ushbu suraning 60-oyatida bayon etilganiday, yahudiylar suv so‘rashganida Alloh taoloning amri bilan Muso alayhissalom hassalarini toshga urganlarida ulardan suv oqib chiqqanini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan edi. Shu o‘rinda Qur’oni karim oyatlarining go‘zal fasohati namoyon bo‘ladi: xuddi toshdan suv chiqqaniday Allohdan chinakamiga qo‘rqqan ko‘zlardan yosh otilib chiqadi, ammo ba’zilarning qalblari shunchalik tosh qotganki, ularni hayotning og‘riqli zarbalari va mashaqqatlarigina yig‘lata oladi, xolos. Xuddi shu kabi shundayin metin qoyalar borki, ularni faqat kuchli zilzilagina parchalay oladi, ayrim insonlarning qalbi ham shunga o‘xshaydi: ular Parvardigorlariga qandaydir oliy maqsadlar bilan emas, faqat qo‘rquvdan yuzlanadilar. Ashaddiy gunohkorlarning tosh qotgan dillarini hech bir narsa yumshata olmaydi.

۞أَفَتَطۡمَعُونَ أَن يُؤۡمِنُواْ لَكُمۡ وَقَدۡ كَانَ فَرِيقٞ مِّنۡهُمۡ يَسۡمَعُونَ كَلَٰمَ ٱللَّهِ ثُمَّ يُحَرِّفُونَهُۥ مِنۢ بَعۡدِ مَا عَقَلُوهُ وَهُمۡ يَعۡلَمُونَ٧٥

  1. (Ey musulmonlar), ularning sizlarga ishonishlaridan umid qilyapsizlarmi? Holbuki ulardan bir guruhi Allohning kalomini eshitib-tushungandan keyin ham bilaturib o‘zgartirar edi-ku?!.

Ey mo‘min-musulmonlar, qalbi tosh qotgan kimsalarning sizlarga ishonishlaridan umid qilyapsizlarmi, vaholanki ular Alloh taoloning Tur tog‘ida Muso alayhissalomga aytgan so‘zlarini eshitib-tushunib turib ham bu so‘zlarni o‘zgartirib yuborishgan. Ibn Abbos va Muqotil aytadi: "Bu oyat Muso alayhissalom o‘zi bilan birga Alloh huzuriga borish uchun ajratib olgan yetmish kishi haqida nozil bo‘lgan. Ular Muso bilan borishgach, Alloh so‘zini eshitishdi: Alloh ba’zi narsalarga buyurdi va ba’zi ishlardan qaytardi. So‘ng ular qavmlari oldiga kelishdi. Oralaridagi rostgo‘ylari eshitgan narsalarini bajarishdi. Ba’zilari esa bunday deyishdi: "Biz Allohning kalomini eshitdik, U aytdiki, agar qodir bo‘lsanglar, bu narsalarni qilinglar, xohlamasanglar qilmanglar, buning farqi yo‘q", dedi". Ko‘pchilik mufassirlarning fikricha esa, bu oyat toshbo‘ron qilish amrini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sifatlarini o‘zgartirganlar haqida nozil bo‘lgan.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

100 ta sirli ibora

08.04.2025   3820   5 min.
100 ta sirli ibora

100 ta SIR-ASRORLI IBORA

yoxud

ODAMLAR BILAN

MULOQOT (oila, uy, ishxona, jamoat joylari) DAGI

100 ta “SЕHRLI SO‘Z”ni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

 

         (1-qism)

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA

XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:

 

  1. “...Odamlarga shirinso‘z bo‘ling!” (Baqara surasi 2/83 oyat).

 

  1. “Allohning rahmati sababli Siz, ey, Muhammad, sahobalarga muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, gunohlari uchun kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling!” (Oli Imron surasi 3/159 oyat).

 

  1. “Ey, Muso! Siz o‘zingiz va birodaringiz Horun Mening oyatlarimni odamlarga olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringiz, chunki u «Men – xudoman», deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qo‘rqsa (Toho surasi 20/42-44 oyatlar).

 

 

JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ

RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM

MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:

 

  • «Yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham o‘zingizni do‘zaxdan saqlang! Agar kimki buni topolmasa – shirin so‘z bilan!»;
  • «Haq bo‘la turib, janjalni tark etgan kishiga Jannat yonidagi bir uyga kafilman! Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga Jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman! Go‘zal xulqli kishiga Jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman!» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
  • «Mo‘minlarning imoni eng mukammali – xulqi go‘zal bo‘lganlaridir» (Imom Termiziy rivoyatlari);
  • «Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir»;
  • «Albatta, odamlarga go‘zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan» (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
  • «Bir kishiga tabassum bilan yaxshi so‘z aytish – sadaqadir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);
  • «Qo‘shnilaringiz sizni “yaxshi odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yaxshisiz. Agar ular sizni “yomon odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yomon odamsiz»;
  • «Sadaqaning afzali – kelisholmay qolganlarning o‘rtasini isloh qilishdir» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);   
  • «Biror kishi bor aybingizni aytib, sizni haqoratlasa, siz uni unda bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga bo‘lur»;
  • «Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin!» (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyatlari);
  • «Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to o‘zi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi»;
  • «Kimiki biror mo‘min kishining aybi yoki gunohini bilib turib, uni fosh etmay yashirsa, go‘yo tirigicha ko‘milgan go‘dakni tiriltirganchalik savobga ega bo‘lur» (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);
  • «Kimki bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo-yu oxiratda uning aybini yashiradi»;
  • «Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur»;
  • «Qaysi kishi o‘zganing aybini ko‘rib, uni yashirsa, xuddi tiriklay ko‘milgan qizni qabridan qutqargan kabi bo‘ladi» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
  • «Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor o‘ldirsa, Qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan: “Parvardigorim, bu bandadan so‘ragin, nima uchun meni behuda o‘ldirdi ekan?” – deydi»;
  • «Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi»;
  • «Birodaringiz zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham unga yordam bering!» (zulm ildiziga bolta urish – ham zolimga, ham mazlumga yordamdir);
  • «Maslahatni aql egalaridan so‘ranglar – to‘g‘ri yo‘l topasizlar. Ularning aytganidan chiqmang – pushaymon bo‘lasizlar»;
  • «Kim bir musulmonning gunohini yashirsa, Alloh uning gunohini dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi»;
  • «Kimniki Alloh Taolo do‘st tutsa, unga odamlarning hojatlari tushadigan qilib qo‘yadi»;
  • «Siz yaxshilikni unga munosib bo‘lganga ham, bo‘lmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz o‘zingiz ezgulik ahlidansiz»;
  • «Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, so‘ngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak»;
  • «Butun umr ezgulikni tilanglar!»;
  • «Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati ko‘p tekkanidir»;
  • «Biror banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning ayblarini yashiradi» (Imom Muslim rivoyatlari);
  • «Allohning ne’matlari bilan yaxshi qo‘shnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin»
  • «Kimki yaxshilik ko‘chatini qadasa, orzu qilgan hosilini yig‘ib oladi va kimki yomonlik urug‘ini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi»;
  • «Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini Qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi» (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
  • «Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar! Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar»;
  • «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha, mo‘min bo‘la olmaydi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

                    

(1 – qism tugadi. Davomi bor...).

Ibrohimjon domla Inomov

 

Ibratli hikoyalar