«Bismillahir rohmanir rohiym». Mehribon va rahmli Allohning nomi bilan boshlayman.
Musulmon odam deyarli har bir ish oldidan shu so‘zlarni pichirlaydi. Boshqacharoq qilib aytganda, u har bir ishni Allohning nomi bilan boshlaydi. Bir qaraganingizda, bu ish sal g‘alatiroq tuyulishi mumkin. Har bir ishga Allohni aralashtiraverish shartmikan. Boshqa tarafdan qaraganingizda esa... Keling, yaxshisi bu ishga o‘sha «boshqa taraf»dan bir qarab ko‘raylik.
Koinotdagi inson aqli sig‘dira olishi mumkin bo‘lgan har bir mavjudot, shu jumladan koinotning o‘zi ham (inson aqli doirasidagi qismi, albatta) zamon va makondan iboratdir. Shunday deymiz-u, lekin zamon va makonning nimaligini bilmaymiz. Uning mohiyatini bilish insonga ato etilmagan. Zero, insonga o‘z insoniy burchini ado qilishi uchun bu bilimning keragi yo‘q.
Hikmatidin voqif ermastur kishi Bo‘lmadi bu ish kishining chun ishi.
(Alisher Navoiy)
Bir mulohaza yuritib ko‘ring. Milliard yilga nisbatan bir soniyani qiyoslash mumkin, ammo abadiylik va azaliylikka nisbatan inson umrini taqqoslab bo‘lmaydi. Chunki soniyalar yig‘indisi milliard yillarni tashkil qilar, ammo insonga ato etilgan 50-100 yillarning har qancha milliard-milliardlarini qo‘shib chiqing, abadiylik va azaliylik hosil bo‘lmaydi. Demak, abadiylik qarshisidagi inson umri milliard yil qarshisidagi bir soniyaga nisbatan ham aql bovar qilmas darajada oz ekan. Ha, zamonning mohiyatini bizning aqlimiz ko‘tarolmaydi. Biz zamonning na u chegarasini va na bu chegarasini aniqlay olamiz. Avvaliyu oxiri yo‘q vaqtni, ta’bir joiz bo‘lsa, eng katta vaqtni tasavvur qila olmasligimiz qanchalik aniq bo‘lsa, eng kichik vaqtni tasavvur qila olmasligimiz ham shunchalik aniq. Bizning tasavvurimizda eng kichik vaqt soniyadir. Aslida esa, ehtimol shu soniyaning milliarddan birida qaysidir maxluqotning butun boshli bir avlodi yashab o‘tar, u yog‘ini bilolmaymiz...
Makon xususida ham aynan shunday mulohazalarga berilamiz. Ulkan bir tog‘, tog‘ emas, inson anglay oladigan koinotga nisbatan bir qum zarrasini taqqoslash mumkin, ammo olti tarafi yo‘q — cheksiz makonga nisbatan odam gavdasini mengzab bo‘lmaydi. Chunki qum zarralari yig‘ilib ulkan tog‘ni yoki makon e’tibori bilan butun borliqni tashkil qilishi mumkin, ammo inson gavdasi mikdoridagi makonning har qanchasini yig‘ib chiqing, cheksiz mutlaq makon hosil bo‘lmaydi. Bizning ongimiz olti tarafi yo‘q cheksiz makonni, ta’bir joiz bo‘lsa, eng katta makonni anglay olishi qanchalar muhol bo‘lsa, eng kichik makonni anglashi ham shunchalar muholdir. Inson kashf qilgan eng kichik zarra ehtimol yana milliard-milliard zarralarga bo‘linar, u yog‘ini bilolmaymiz.
Xullas, zamon va makon qarshisida inson hech narsa! Ne-ne ulug‘ mutafakkirlar, faylasuflar bu haqiqatni bejizga achchiq alam bilan qayd qilib o‘tmaganlar. Farang faylasufi Blez Paskalga quloq bering:
«Mengacha bo‘lgan va mendan keyin ham mavjud mangulikka cho‘mgan tirikligimning o‘tkinchiligi, men ko‘rmagan va mendan bexabar cheksiz makonlar oldida men egallagan va ko‘rib turgan makonning maydaligini o‘ylaganimda, qo‘rquvdan dahshatga tushaman va so‘roqlay boshlayman: nega men boshqa joyda emas, aynan shu joydaman, axir u yerda emas, bu yerda bo‘lishimga, avval yoki keyin emas, hozir yashayotganimga, biror-bir sabab yo‘q. Kimning buyrug‘i, kimning irodasi menga shu zamonni va shu yerni ravo ko‘rdi?»
«Bu kengliklarning abadiy jimligi meni xavotirga soladi».
«Qancha saltanatlar mening borligimni hatto xayoliga ham keltirmaydi!»
«Nega mening bilimim chegaralangan? Nega bo‘yim past? Umrim nega yuz yil, nega ming yil emas? Nega tabiat aynan shuncha vaqt berdi, axir istagancha berishi mumkin edi, aynan shuncha berishga biron-bir asosi yo‘q edi?»
«...makon va zamon oldida biz hech narsamiz!»
Umar Hayyom aytadi:
Ey ongsiz, bilmaysan, bu olam hyechdir, Negizing shamoldir, bir tutam hyechdir. Ikki yo‘qlik aro qolmish borliging, Atrofing yo‘qligu o‘rta ham hyechdir.
Ibn Sino aytadi:
Kerakligim bilsam, yashasam shodon,
Bo‘lmasa, yuz ko‘zdan yosh to‘ksam nolon.
Endi Mopassan qahramonlaridan birining faryodini eshiting:
«Nimaga suyansa bo‘ladi? Kimga hasratlaringni yozsang bo‘ladi? Nimaga ishonsak bo‘ladi?..»
«...Yolg‘iz o‘lim haq».
«Nega biz bunchalar azob chekib yashaymiz? Bu ehtimol shuning uchundirki, biz olamga ruhimiz ehtiyojlarini qondirgali emas, tanimizning talablarini bajo etgali kelamiz. Biroq biz tafakkur qobiliyatiga egamiz va bizning tobora kamol topib boradigan ongimiz tiriklikning turgan-bitgani ro‘yo ekanligi bilan sira chiqisha olmaydi».
Tabiiyki, bu haqiqatni anglash insonlik darajasiga ko‘tarila olgan odamlargagina nasib etadi. Faqat tirikchilik qorin g‘amidagina yurgan ojizlar esa, bu ne’matdan benasibdirlar. Yana bir farang faylasufi Fransua de Laroshfuko shunday degan edi: «Falsafa o‘tmish va kelajak kulfatlari ustidan tantana qiladi, lekin bugunning qayg‘usi falsafaning ustidan tantana qiladi». Menga qolsa, bu gapni boshqacharoq qilib aytgan bo‘lardim. Fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan ongli odamlar zamon va makon qarshisida o‘zlarining hech narsa emasligini, o‘tmish va kelajak muammolari oldida ularning kundalik tashvishlari o‘ta arzimas, mayda ishligini anglaydilar, binobarin, ularga moddiy yetishmovchiliklar ta’sir qila olmaydi. Burnining ostidan narini ko‘rmaydigan, yaxshi yeb, yaxshi kiyib, yaxshi yurish uchungina yashaydiganlar esa, bugunning qayg‘usi atalmish girdobga g‘arq bo‘ladilar va shu girdobga o‘ralasha-o‘ralasha o‘lib ketadilar. Demoqchimanki, bugunning qayg‘usi zohirda falsafa ustidan tantana qilgandek ko‘rinsa-da, aslida, mohiyatda aslo unday emas...
Modomiki. bu haqiqatni anglash insonni qiynalishga, iztirob chekishga olib borar ekan, u holda uni anglamaslikning o‘zi bir baxt emasmi? Bo‘lishi mumkin. Faqat, uni insoniy baxt deyilmaydi. Lo‘ndagina, qo‘polgina qilib aytganda, uni hayvoniy baxt deyiladi. Holbuki, inson uchun hayvonlikni qabul qilishdan ko‘ra mudhishroq baxtsizlik yo‘q. «Odmi odamlarga qarang: ular boshlariga bir baxtsizlik tushmaguncha o‘z taqdirlaridan g‘oyatda mamnun yashaydilar, ular dunyoning g‘amini chekib o‘tirmaydilar. Maxluqotlar ham shunday qayg‘uni bilmaydilar» (Mopassanning «Azizim» romanidan).
Undan tashqari bu iztirob insonni izlanishga undaydi. «Nega mening bilimim chegaralangan? Nega bo‘yim past? Umrim nega yuz yil, nega ming yil emas? Nega men boshqa joyda emas, aynan shu joydaman... Kimning buyrug‘i, kimning irodasi menga shu zamonni va shu yerni ravo ko‘rdi?» (Blez Paskal).
Izlanish esa, o‘z navbatida, haqiqatni topishga olib boradi. «Tushunaman, men budunyoda bo‘lmasligim ham mumkin edi; mendagi «men» fikrlay olishimda, ammo agar onamni meni tug‘ishdan oldin o‘ldirishganda, fikrlovchi men dunyoga kelmas ham edim. Demak, men mangu va cheksiz bo‘lmaganim kabi, o‘zi dunyoda unchalik shart ham emas ekanman. Ammo hamma narsa menga tabiatda zarur, mangu va cheksiz nimadir borligidan darak beradi» (Blez Paskal).
Ha, o‘zining mangulik va cheksizlik qarshisida hech narsa emasligini anglash odamni ana shu zarur, mangu va cheksiz zotni izlashga undaydi. Zero, «Kim o‘zini tanisa, Parvardigorini taniydi» (Hadis). Aslida hayotning mohiyati ham shu — Yaratuvchini izlab topish va Uning oldidagi burchni ado etish.
«Men insu jinni faqat menga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Zoriyot, 56).
Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar, deganlaridek, ayniqsa, bu borada ustozsiz quruq aqlning o‘zi bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Chunki insonga haqiqatni bevosita o‘zi topib olish darajasida ilm berilmagan.
«Sizlarga ilmdan faqat ozginasigina berilgan» (Isro, 85).
Shuning uchun ham mehribon va rahmli Alloh ustozlar — Payg‘ambarlar yuborib bizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatdi. Inson bilimi ana shu ustozning soxta yoki haqiqiyligini ajratib olishgagina yetadi, xolos...
Alalxusus, «Bismillahir rohmanir rohiym», der ekan, musulmon kishi o‘zining hech narsa emasligini, shuning uchun ham zarur, mangu va cheksiz Zotga shu so‘zlar orqali tayanayotganini ich-ichidan his qiladi. U shu Zotning yordamisiz bir gugurt donasini ham ko‘tara olmasligini biladida, kattayu kichik har bir ishda Unga tayanadi.
«Alloh nomi bilan». Alloh avvaldir, oxirdir, zohirdir, botindir, har bir ishni bilguvchidir. Shunday Zotga tayanish odamni o‘zining hech narsa emasligini o‘ylab, iztirob chekishidan xalos etadi. Zero, u cheksizlik bilan tutashadi.
«Rohmanir rohiym» (mehribon va rahmli) so‘zlari esa, bu aloqani yanada mustahkamlaydi. Chunki buyuk Alloh aslida insonga mehribon va rahmli. To‘g‘ri, Allohning Qahhor, Jabbor kabi ismlari ham bor. Ammo ular inson haddini bilmasdan, isyon ko‘chasiga kirganidan keyingina qo‘llaniladi.
Bandaning duosidan Allohning qanchalar xursand bo‘lishi xususidagi hadisni bir eslang!
«Biz unga o‘qtomiridan ham yaqinroqmiz» (Qof, 16), oyati xususida bir ozgina taammul qiling! Yo Alloh, shu qadar zarur, mangu, cheksiz, ulug‘, buyuk Zot bizdek arzimas, faqir, haqir bandalarga shunchalar mehribon bo‘lsa-ya! Baxtning bundan ham yuqori pillapoyasi bormikin?! Bir mamlakatning podshohi bilan yaqinlik qilishning o‘zi insonga qanchalar surur bag‘ishlaydi-yu, butun koinotning egasi bilan bevosita, hech qanday to‘siqsiz, aloqachisiz tutashish, muammolarni Unga aytish, ularga yechimlar so‘rash, Undan madad kutish odamni quvontirmaydimi?!
«Bismillah» xususidagi gaplar bir necha jildlik asar bo‘lsa, biz uning «bismillo»sini ham hali aytib bo‘lganimiz yo‘q, albatta.
O‘MI matbuot xizmati
Doktor Mustafo Mahmudning «Shubhadan imon sari sayohatim» kitobidagi «Masih Dajjol» (المسيح الدجال) bobi an’aniy diniy qarashlardan farqli o‘laroq, ushbu tushunchaga ramziy va falsafiy ma’no yuklaydi. Muallif Dajjolni shunchaki bir shaxs emas, balki ma’lum bir dunyoqarash va davr ruhi sifatida tahlil qiladi.
Masih Dajjol
Biz Dajjol haqida gapirganda, ko‘z oldimizga afsonaviy bir mahluq keladi. Biroq, agar biz uning sifatlariga teranroq nazar solsak, Dajjol bu - "Material dunyoning ilohiylashtirilishi" ekanini anglaymiz.
Dajjolning bir ko‘zi ko‘r, deb tasvirlanadi. Bu juda ramziy ma’noga ega: u borliqqa faqat bir ko‘z bilan — moddiyat ko‘zi bilan qaraydi. U faqat ko‘rinadigan, ushlanadigan va o‘lchanadigan narsalarga ishonadi. Uning ruhiy dunyoni ko‘radigan "ikkinchi ko‘zi" ko‘rdir.
Dajjol bu - moddiyat fitnasi
Dajjol zamonida u odamlarga jannat va do‘zaxni taklif qiladi, deyiladi. Uning "jannati" — bu cheksiz iste’mol, moddiy rohatlar va shahvatlardir. Uning "do‘zaxi" esa — moddiy mahrumiyat va qashshoqlikdir. Bugungi kunning reklama va iste’mol madaniyati xuddi shu ishni qilayotgan yo‘qmi? Insonni faqat moddiy yetishmovchilik bilan qo‘rqitib, uni ma’naviyatdan uzib qo‘yish — Dajjolning asosiy qurolidir.
Fan va sehr
Dajjol o‘liklarni tiriltiradi, yerdan xazinalarni chiqaradi va bulutlarga buyruq beradi, deb aytilgan. Agar bugungi ilmiy taraqqiyotga nazar solsak, fan xuddi shu "mo‘jizalarni" ko‘rsatmoqda. Lekin bu fan agar imonsiz va axloqsiz bo‘lsa, u Dajjolga xizmat qiladigan sehrga aylanadi. U insonni Yer yuzining "xudosi" deb e’lon qiladi va uni Oxiratdan chalg‘itadi.
Dajjolning peshonasidagi yozuv
Rivoyatlarda uning peshonasiga "Kofir" deb yozilgan bo‘lishi va uni faqat mo‘minlar o‘qiy olishi aytiladi. Bu degani, Dajjol o‘zini juda jozibali, madaniyatli va ilg‘or qilib ko‘rsatadi. Uni til bilan emas, balki qalb bilan tanish kerak. Kimning qalbida imon nuri bo‘lsa, u material dunyoning bu aldamchi yaltiroqligi ortidagi ma’naviy halokatni ko‘ra oladi.
Dajjolga qarshi najot
Dajjol fitnasidan najot topish — bu borliqqa ikki ko‘z bilan qarashdir. Ham ilm (moddiyat), ham imon (ruhiyat) ko‘zi bilan. Faqat moddiyatga berilish insonni "bir ko‘zli" Dajjolga aylantiradi. Haqiqiy mo‘min esa dunyoni isloh qiladi, lekin unga qalbini bermaydi.
Xulosa
Mustafo Mahmud uchun Dajjol — bu ruhiyatdan mosuvo bo‘lgan, faqat yerga, qoringa va nafsga bog‘langan "Material Sivilizatsiya"ning timsolidir. Unga qarshi kurash — qurol bilan emas, balki qalbni imon va ma’rifat bilan to‘ldirish orqali bo‘ladi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV