Nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki jahon she’riyatining ulkan namoyandasi hazrat Navoiyning el-yurt tashvishi va qayg‘usida kechgan hayoti, yaratgan ilmiy va badiiy durdonalarini ko‘z oldimizga keltirganimizda bu daho ijodkorning ham shaxsiyati, fe’l-atvori, yashash tarziga, ayniqsa, oila qurib ro‘zg‘or tebratishga unamay yashaganiga oid mulohazalar va ba’zi bir izohtalab tarixiy ma’lumotlar ustida o‘ylanishga majbur bo‘lasiz. Nima bo‘lganda ham shu mavzu kishilar diqqat markazida ekan, bir tadqiqotchi sifatida mazkur savollarga javob topish uchun izlanishga kirishdim.
Bu borada sho‘ro davri navoiyshunoslari va tadqiqotchi olimlari daho shoirning hayoti va shaxsiyatiga doir ko‘plab ma’lumotlarni e’lon qilgan. Biroq ularning ba’zi birlari rost gaplar bo‘lsa, ayrimlari to‘qima-uydirmadan boshqa narsa emas. To‘g‘ri, Hazrat navoiyning bir umr oila qurmay o‘tgani tarixiy haqiqatdir.
Ayni masala shu vaqtga qadar ko‘plab bahs-munozaralar, chalkash va xato qarashlardan xoli bo‘lmadi. lekin masala asl bahosini va yechimini topmasdan qolib kelaverdi. Hatto nozikta’b va injako‘ngil shoirni sinab ko‘rish va haqiqatni bilishga urinishlar bo‘lganligi haqida turli-tuman joiz-nojoiz naql va rivoyatlar to‘qilgani pokdomon, nomusli zot sha’niga qarata otilgan malomat toshi yoxud chiroyli tarzda to‘qilgan bo‘htonlardan boshqa narsa emas ekan.
Shu o‘rinda dalillarga murojaat qiladigan bo‘lsak, tarixchi Zayniddin Vosifiy “Badoye’ ul-baqoye’” kitobining 14-bobini Alisher Navoiyning mizoji nozik va latofatiga bag‘ishlab, 16-bobda uning nafsoniy shahvat va ruhiy lazzatga mayl-xohishi yo‘qligi, lekin oila qurishga layoqati bo‘lganini bildiradi. Amir Davlatshoh Samarqandiy “Tazkirat ush-shuaro” kitobida hazrat Navoiyni “Nizomiddin” nisbasini olgan millat va dinning nizomi, deb ulug‘laydi. Abdurahmon Jomiy “Bahoriston” asarida: “ammo sharif xotiri (Alisher Navoiyni aytmoqchi – B.E.) tavoze’ va o‘zi kamsuqumlik fazilatlariga andoq berilgankim, o‘zini shu toifa qatorida ko‘rar. Dunyo lazzatlaridan o‘zlarini chetga tortganlar…”, deb keltiradi. Hazrat Navoiy bilan deyarli bir zamonda yashagan Zahiriddin Bobur “Boburnoma”da: “Alisherbekning mijozi nozuk bila mashhurdur. El nazokatini davlatining g‘ururidin tasavvur qilur erdilar. andoq emas ekandur, bu sifat anga jibilliy ekandur. Samarqandda erkanda ham ushmundoq nozuk mijoz ekandur”, deb ta’riflab uning uylanmay o‘tganini: “Alisherbek… o‘g‘il va qiz va ahlu ayoli yo‘q, olamni tavre fard va jariyda (yakka-yolg‘izlik) o‘tkardi”, deb ma’lumot o‘rnida keltiradi. Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida: “Mir Alisherning noziklikdan va tez ranjishlikdan boshqa aybi yo‘q edi”, deb yoziladi. Aslini olganda, sharqona odob va andisha o‘zgalarning nozik jihatlariga chuqurroq kirib borishdan qaytaradi va bu holda had-chegarada turishni ma’qullaydi.
Afsuski, sho‘ro davri navoiyshunosligida Navoiy shaxsiyati va tarjimayi holini o‘rganishda had-chegaradan chiqishdan tashqari bu injaqalb va nozik tabiat shoir sha’niga noxolis va kurakda turmaydigan shubha-gumon va uydirmalar aytildi. Xolis aytadigan bo‘lsak, bu ma’lumot va xabarlardan “navoiyxon” o‘quvchilar daho shoirning ijod ummonida yaratilgan beqiyos asarlarini anglashda zarracha bo‘lsin naf ko‘rmaganlari oydinlashdi. Mumtoz adabiyotimizga oid darslik va qo‘llanmalarda Alisher Navoiy ijodiy faoliyatining tahlilidan oldin yashagan davri va oilasi haqida batafsil ma’lumot berilib, Husayn Boyqaro saroyida bir umr nufuzli lavozimlarda ishlashi qayd etiladi. u shoh do‘stini qo‘llab-quvvatlab, har doim yonida turdi, unga beminnat va sadoqat bilan xizmat qildi. U Husayn Boyqaroning o‘g‘li Badiuzzamonni o‘ziga tutingan farzand sifatida qaramog‘iga olib tarbiyaladi. Husayn Boyqaro do‘stining uylanmasligiga “etagi pokligi”, nafsoniy shahvatga xohishi yo‘qligi va butun diqqat-e’tiborini
ilm-fan ravnaqi va she’riyat yuksalishiga bag‘ishlaganini bir o‘rinda sabab qilib keltirib o‘tadi. Tasavvur qilaylik-chi, shunday hurmatga va e’tiborga sazovor zotni taftish qilish va uning hayotining nozik pardasini ko‘tarib, ichkarisiga kirib borishga kimning haddi sig‘ardi?! Xadichabegim Husayn Boyqaroning suyukli xotini bo‘lsa ham bunday “imtihon”ni o‘tkazishga yuragi dov berarmidi? Ammo bu asosi yo‘q to‘qima rivoyatlarga nima deysiz? Emishki, Xadichabegim o‘zining juda go‘zal kanizaklaridan biri Davlatbaxtni u zotning oldiga jo‘natadi. Davlatbaxt turli bahonalar bilan uning uyida qoladi. Ertalab Davlatbaxt Xadichabegim oldiga qaytib voqeani aytib beradi. Natijada Sulton Husayn mirzoning fikri tasdig‘ini topib, Xadichabegimning Alisherga hurmati yanada oshdi.
Hazrat Navoiy o‘z hayotida biron qizni yaxshi ko‘rganmi-yo‘qmi, degan savol haliga qadar o‘z isbotini topgan emas. O‘zbek va turkman folklorida ayni ma’noni ochib berishga xizmat qiladigan rivoyatlar to‘qilgan bo‘lsa-da, ularni tarixiy dalil va hujjat sifatida qabul qilishga ilm izn bermaydi. Ularda Navoiyning Guli degan sevgilisi bo‘lgani, Alisher Hirot ko‘chalarida otda ketayotib tomda kir yoyib turgan u qizni ko‘rib qolib yoqtirib qolishi bayon etilgan. Qizning uyiga sovchi yuboradi. Qiz ham Alisherni g‘oyibona yaxshi ko‘rib yurar ekan. Ismi Guli ekan. To‘yga tayyorgarlik boshlanadi. Bir kuni ovdan qaytayotib, Husayn Boyqaroning ham o‘sha tomda yurgan qiz – Guliga ko‘zi tushib, uni sevib qoladi. Sovchi yuborishga qaror berib, sovchilikni do‘sti va vaziri Alisherga topshirdi. Alisher sovchilikka bordi va o‘z do‘stligiga sodiq qolib, Gulini podshohga tegishga ko‘ndiradi. Ammo Guli bir shart qo‘ydi: “Podshoh to‘ydan keyin qirq kungacha mening oldimga kirmay turishi kerak”, deydi. Alisher bu shartga podshohni ko‘ndirajagini aytadi. Shunda Guli ikkita kichik maktub yozib, Alisherdan bu maktublarni tabibga olib borib berishni va tabib bergan narsalarni olib, qaytib kelishni iltimos qiladi. Alisher tabib oldiga borganida tabib maktubning birini o‘qib, kulib yuboradi va ikkinchisini o‘qib, yig‘laydi. Ikkita dori beradi. Alisher dorilarni Guliga olib keladi. Guli dorining birini o‘ziga olib qoladi va ikkinchisini Alisherga berib, ichishni buyuradi. Alisher ichadi. Guli Alisherga podshoh oldiga ravona bo‘lishga va to‘y tayyorgarligini boshlashga ruxsat beradi. Podshoh Gulining shartini qabul etadi, Katta to‘y qiladi, ammo kelinchak oldiga qirq kungacha kirmaydi. Bu orada Guli qattiq kasal bo‘lib qoladi. To‘ydan qirq kun o‘tganda Guli Alisherni oldiga chaqiradi. Guli o‘lim to‘shagida yotar edi. U Alisherga dedi: «Ikki dori esingizdami? Uning birini men sizga ichirgan edim, u dori sizni sira ham uylanmaydigan qilib qo‘yadigan dori edi. Ikkinchi dorini men o‘zim ichganman, u dori meni qirq kun ichida o‘ldiradigan, sekin ta’sir qiladigan zahar edi. Mana, dori o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, men kasal bo‘ldim. bugun o‘laman. Muhabbatimizga sodiq qolish uchun men shunday qildim”. O‘sha kuni Guli dunyodan o‘tadi. Alisher va podshoh uning tobutini ikki yoqdan ko‘tarib boradilar.
Bu rivoyat qanchalar ta’sirli va maroqli bo‘lmasin, asos va mantiqdan shu qadar yiroqki, qizning o‘zini zaharlashi mutlaqo mumkin emas. Zero, islom e’tiqodi bunga yo‘l qo‘ymaydi. sharqona odob, andisha va hayoning had-chegarasidan mutlaqo uzoqlashib ketilganini bu kabi to‘qilgan naql va rivoyatlar tagi puchligiga dalolat qiladi. Sho‘ro davrida tasmaga olinib mashhur bo‘lgan “Alisher Navoiy” filmida Navoiyning sevgilisi Gulini vazir Majididdin atayin sulton saroyiga olib kiradi. Bu bilan maqsadiga erishmagach, vazir qizga zahar beradi.
Rostdan ham bu filmda keltirilgan Guli tarixiy shaxsmi yoki bu film ijodkorlari tomonidan to‘qilganmi? Atoqli adabiyotshunos Izzat Sultonning “Navoiyning qalb daftari” kitobiga yozgan taqrizida navoiyshunos A.Hayitmetov Navoiyning muhabbati haqida shunday fikr bildiradi: “Keyingi tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, u (ya’ni Navoiy) kimligi bizga noma’lum bo‘lib kelayotgan bir qizni sevgan. qiz ham unga yomon munosabatda bo‘lmagan, iltifotlar ko‘rsatgan. afsuski, qiz erta vafot etgan. Qizning vafoti Navoiydan olisda ro‘y bergan. Shu ko‘ngilsiz fojeadan keyingina Navoiy o‘zining unga bo‘lgan muhabbati cheksiz va beqiyos ekanini bilib qolgan. Bu muhabbat o‘ti uning qalbida umrining oxirigacha so‘nmagan. Shu sababli shoir o‘zining birinchi muhabbatiga sodiq qolgan – uylanmay o‘tgan” (Sharq yulduzi, 1970, 12-son, 201-204-betlar).
Mirzo Boburning ta’kidlashicha, Mir Alisher Abusayid Mirzo tomonidan surgun qilingan. Bobur surgun tafsilotlari noma’lum deb yozsa-da, keyinchalik hammasi malika Xadichabegimni deb sodir bo‘lgani yuzaga chiqadi. Malika Xadichabegim bilan Mir Alisherni bog‘lovchi rishtalar bo‘lganmi? Xadichabegimning Hirotda dunyoga kelgani, Sulton Abusayid Hirotni zabt etgach, olti yoshida unga hadya etilgani, 14 yoshida esa uning nikohiga kirgani haqida ma’lumotlar bor. Hikoya qilishlaricha, Sulton Abusayid yangi tanmahrami va o‘sha paytda navqiron bo‘lgan Alisherbekning o‘rtasida nimadir borligini sezgach, yosh shoirni Samarqandga surgun qilib yuborgan. Xadichabegim Abusayiddan qiz farzand ko‘rdi. Ammo u bilan ko‘p yashamay Sulton Abusayid Iroqdagi janglardan birida 1469 yili vafot etadi. Hirot taxtini egallagan Husayn boyqaro esa bag‘oyat suluv Xadichabegimni tanmahramlikka oladi. Mir Alisher bilan Xadichabegim oralarida iliq munosabatlar bo‘lgani ma’lum. Lekin Navoiyning Xadichaga bo‘lgan mayli uning Sulton Abusayid Mirzoga turmushga chiqquniga qadar davom etadi. Voqea bunday tus olgach, sevgilisini unutish uchun kuch topa oldi. Shunga qaramay, mish-mishlarga ishongan Abusayidning qahriga uchrab surgun qilinadi. Taqdir taqozosi ila Xadichabegim bolalik do‘sti, keyinchalik mamlakat podshosi Husayn Boyqaroning tanmahramiga aylangach, malikaga bo‘lgan hurmat va samimiylik hissi yanada oshdi. Lekin Alisherbek Xadichabegimning xayolida qanday bo‘lsa, shundayligicha qolaverdi. U sultonning erkatoy qallig‘i – malikalar malikasi darajasigacha yetdiyu she’riyat mulkining sultoni – ilk sevgisini unutolmadi. Mehr-oqibatli malika uning suhbatida bo‘lishni istar, vaqti-vaqti bilan g‘amxo‘rlik qilishga ham urinar, shoirning yolg‘izligidan xavotirga tushardi. Xadichabegim o‘zini oqila qilib ko‘rsatsa-da, aslida qahri qattiq malika edi. Shunday ayol bilan hazrat Navoiydek pok xilqatning yaqin munosabatda bo‘lgani aqlga sig‘maydi, deganlar ham bor. Aksincha, ba’zi olimu ijodkorlarning fikricha, Mir Alisher keyinchalik ham suyuklisi bo‘lgan Xadichabegimni yashirincha sevgan, yuz bergan voqealarga qaramay, u bir umrga qalbining to‘rida qolgan.
Xullas, bu kabi rivoyat va hikoyatlarni ilm hujjat-dalil sifatida qabul qilmagani bois, islom ulamolarining ayrimlari nima sababdan oila qurmagani haqidagi ilmiy kitoblarga murojaat qildim. Qizig‘i, bu kitoblarda nafaqat oila qurishdan voz kechgan, balki bir umr o‘z nafsining rohat-farog‘atini unutib umrini “Haq” ilmini el-ulus va kelajak avlodga aslicha yetkazib berish yo‘lida hadsiz-hisobsiz mashaqqat chekkan allomalar ro‘yxati juda uzun ekaniga guvoh bo‘ldim. Musulmon olamiga ma’lum va mashhur bo‘lgan vatandoshimiz Imom Buxoriy bisotida ikki sidra libosi bo‘lmagan ekan va u umrining aksar qismida qotgan nonga qanoat qilib o‘zini ilmga bag‘ishlaganini ko‘ramiz. Buxoriy hazratlari oila qurish, o‘z nomiga munosib baland imorat qurish u yoqda tursin, egnidagi libosini yangilashga ham e’tibor qilmagan. ammo ul zotning mashaqqatli umri bekor ketmaganiga va butun hayotini Payg‘ambarimiz hadisi shariflarini yurtma-yurt, elma-el kezib yig‘ib to‘plaganiga nafaqat bizlar, balki jahon ahli guvohdir.
Va nihoyat o‘tgan asrda yashagan mashhur alloma Abdulfattoh abu G‘udda islom tarixida oila qurishdan ko‘ra umrini ilmga bag‘ishlashni afzal bilgan ulamolar ro‘yxatini tuzib, “Al-ulamo ul-uzzabb (“bo‘ydoq o‘tgan ulamolar”) degan kitobini yozadi. Mazkur kitobda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, islom dunyosida yashagan ba’zi mashhur olimlar o‘z hayotini ilmga bag‘ishlab, uylanish, nasl va farzand qoldirish rohatidan o‘z ixtiyorlari bilan voz kechadilar. Buni ilm, din xizmati va musulmonlar foydasini deb qilganlariga yozib qoldirgan kitoblari guvohlik beradi. Lekin bu ishni o‘z ixtiyorlari ila tanlagan bo‘lsalar-da, shariat mutlaqo rad etadi va noshar’iy aloqadan saqlanishga qurbi yetmaydigan kishiga, albatta, uylanishni buyuradi va buning katta ajr-savoblarga muyassar etishini ma’lum qiladi. shuning uchun uylanish shar’iy rohat deb qaralib, u ibodat darajasida talqin etiladi. Qur’oni karim va hadisi shariflarda ilmning martabasi nihoyatda ulug‘ligi, olim kishining darajasi va qadr-qiymati bu dunyodagina emas, oxiratda ham beqiyos maqomga ko‘tarilishi bot-bot takrorlanadi. olim kishi ilm olish va berishda xotiri jam, fikridan chalg‘imasligi va uy-ro‘zg‘or tashvishlaridan forig‘ bo‘lsagina ulkan yutuqlarga erishadi. shu bois olimlar uylanish hukmlari va fazlini yaxshi bilganlar desak, qaysi narsa ularni uylanishni tark etish tarafiga burdi, degan haqli savol paydo bo‘ladi. buyuk mutafakkir Mahmud Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari, arab grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid elliqdan ortiq asarlar yozib qoldirib, “allohning qo‘shnisi” (“Jorulloh”), “arablar va ajamlar ustozi”, “Xorazm faxri” kabi sharafli nomlarga muyassar bo‘ladi. Lekin qarindosh-urug‘lari qistovlariga qaramasdan, u yolg‘iz yashab o‘tadi. ilmiy asarlar yaratish va munosib shogirdlar tayyorlashni farzand o‘stirishdan a’lo deb hisobladi.
Abdulfattoh abu G‘uddaning ta’kidlashicha, uylanmay o‘tgan ulamolarga ilm jasaddagi ruh, yashil novdadagi suv, inson hayotidagi havoga aylanib shahvat quvvatini kesadigan ozuqa va davoga aylandi. Shu bois hayotda bunday yo‘lni tanlagan ulamolar oila qurib, bola-chaqa qilishni o‘zlariga moddiy va ma’naviy tushov deb bilganlar. Sufyon Savriy: “Kim uylansa, dengizga chiqibdi. agar farzand dunyoga kelsa, markabidan ayrilibdi”, degan ekan. Darhaqiqat, uylangan kishi oila ahlini va farzandlari haqlarini ado etishi kerak, shuni deb butun fikri-zikri mashg‘ul bo‘lib, qalbi xotirjam bo‘la olmaydi. Alloma Ahmad ibn Hanbal ham toki o‘ziga yetarli ilm hosil qilmagunicha, ya’ni qirq yoshiga qadar uylanmagan ekan.
Xulosa qilib aytish mumkinki, hazrat Alisher Navoiy ham butun umrini ilm-fanga bag‘ishlagan ulug‘ zotlardan ibrat olgan holda hayoti mobaynida uylanmay o‘tdi va pirovardida, o‘ziga o‘lmas haykal qo‘ydi.
Bobomurod ERALI,
tadqiqotchi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo ummatni birlik, mehr-oqibat va birodarlik asosida yashashga buyurgan. Biroq tarix davomida musulmonlarning safini buzish, ular orasiga adovat va nizo urug‘ini sochishga uringan kimsalar hamisha topilgan. Shuning uchun har bir mo‘min fitnaning xavfini anglab, uning domiga tushib qolmaslik uchun doimo hushyor bo‘lishi lozim.
Avs va Xazraj voqeasi — fitnaning achchiq sabog‘i
Madina ahlidan bo‘lgan Avs va Xazraj qabilalari Islomdan oldin uzoq yillar davomida o‘zaro adovat va qirg‘inbarot janglarda yashar edilar. Ayniqsa, “Buos” kunida sodir bo‘lgan qattiq jang ikki tomonning qalbida og‘ir iz qoldirgan edi. Alloh taolo ularni Islom ne’mati bilan sharaflab, qalblarini birlashtirdi. Kechagi dushmanlar bugun bir-birining jonidan aziz birodarlarga aylandilar. Ammo musulmonlarning bu ahilligini ko‘ra olmagan ba’zi dushmanlar ular orasiga fitna solishni maqsad qildilar.
Bir kuni ular Avs va Xazraj vakillariga “Buos” kunidagi voqealarni, jangdagi qahramonlik va faxrlanishga arziydigan holatlarni eslata boshladilar. Avvaliga oddiy suhbat bo‘lib ko‘ringan bu gaplar asta-sekin bahsga, bahs esa janjalga aylandi. Hatto ikki qabila yana qurol ko‘tarib, o‘zaro jang qilish darajasigacha yetib bordi. Bu xabar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yetgach, u zot sahobalari bilan darhol ularning oldiga bordilar va shunday dedilar:
"Ey musulmonlar jamoasi! Allohdan qo‘rqmaysizlarmi?! Men hali orangizda bo‘la turib, sizlar johiliyat da’volariga chaqirilasizlarmi?! Alloh sizlarni Islomga hidoyat qilganidan, uning sababidan sizlarni aziz qilganidan, johiliyat ishlaridan qutqarganidan va qalblaringizni bir-biriga ulfat qilganidan keyin yana shu holatgami qaytmoqchisizlar?!".
Shunda ular o‘zlariga kelib, dushman makriga aldanganlarini angladilar. Ikki tomon yig‘lab, bir-birini quchoqlab, kechirim so‘radilar va fitna o‘chog‘i so‘ndi. Bu voqea Islom tarixida musulmonlarning dushman fitnalariga qanchalik tez aldanib qolishlari mumkinligini, ammo Qur’on va Sunnatga qaytish orqali har qanday nizoni bartaraf etish mumkinligini ko‘rsatib beradi.
Qur’onning birlikka chaqiruvi
Alloh taolo marhamat qiladi: «Barchangiz Allohning arqoniga mahkam yopishingiz va bo‘linib ketmangiz. Allohning sizlarga bergan ne’matini eslangiz: bir vaqtlar bir-biringizga dushman edingiz, U zot qalblaringizni ulfat qildi va Uning ne’mati bilan birodarlarga aylandingiz» (Oli Imron surasi, 103-oyat).
Yana bir oyatda: «Fitna qatldan ham og‘irroqdir» (Baqara surasi, 191-oyat).
Ushbu oyatlar musulmonlar o‘rtasidagi birlikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanini va fitnaning esa jamiyat uchun halokatli ofat ekanini ko‘rsatadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ogohlantirishlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Mo‘min mo‘minning birodari. Unga zulm qilmaydi va uni dushmanga tashlab qo‘ymaydi" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Yana bir hadisda: "Bir-biringizga hasad qilmangiz, bir-biringizdan yuz o‘girmangiz, bir-biringizga adovat qilmangiz. Ey Allohning bandalari! Birodar bo‘lingizlar" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitna haqida bunday dedilar: "Fitnalar qorong‘i tun parchalari kabi keladi" (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadis mo‘minni har qanday shubhali chaqiriqlar, adovat urug‘ini sochuvchi gaplar va musulmonlarni bo‘lishga qaratilgan harakatlardan ehtiyot bo‘lishga chaqiradi.
Xulosa
Bugungi kunda ham turli ijtimoiy tarmoqlar, asossiz xabarlar, g‘iybat va bo‘htonlar orqali musulmonlar orasiga fitna solishga urinishlar uchrab turadi. Shuning uchun har bir mo‘min eshitgan har bir xabarni tekshirishi, hissiyotga berilmasligi va ummat birligini saqlashni o‘zining muhim vazifasi deb bilishi kerak.
Avs va Xazraj voqeasi bizga bir haqiqatni o‘rgatadi: musulmonning haqiqiy kuchi uning qurolida emas, balki birligidadir. Qalblar birlashgan joyda Allohning rahmati bo‘ladi, fitna va adovat hukmron bo‘lgan joyda esa baraka ko‘tariladi. Alloh taolo barchamizni fitnalarning oshkorasi va maxfiysidan asrasin, qalblarimizni birodarlik va muhabbat bilan mustahkamlasin.
Ja’farxon SUFIYEV,
TII Modul ta’lim tizimi talabasi, To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi