QURBON HAYITI 31 IYUL KUNI NISHONLANADI
O‘zbekistonda Qurbon hayiti 31 iyul kuni nishonlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi. Unga ko‘ra, 2020 yil muborak Qurbon hayitining birinchi kuni shu yil 31 iyul kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilingan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari tomonidan dunyo ulamolari va yirik fatvo markazlarining hijriy 1441 yil Zulhijja oyining birinchi kuni 2020 yilning 22 iyul kuniga to‘g‘ri kelgani hamda 31 iyul zulhijja oyining 10-kuni bo‘lib, Qurbon hayitining birinchi kuni bo‘lishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tayangan holda 2020 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni shu yil 31 iyul, juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida xulosa qilingan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati