Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyun, 2025   |   9 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:27
Asr
17:35
Shom
19:56
Xufton
21:32
Bismillah
05 Iyun, 2025, 9 Zulhijja, 1446

Bizning bobomiz – dunyo imomi!

23.07.2020   4094   9 min.
Bizning bobomiz – dunyo imomi!

Bu sarlavhaga ajablanmang, balki faxrlaningki, chunki bunaqa yuksak unvon sohibi faqat va faqat bizning bobomiz Imom Buxoriy raxmatullohi alayhga berilgan.

Chunki muhaddis olimlarning xizmatlari go‘yoki – igna bilan quduq qazishga o‘xshaydi. Shuning uchun ular olgan unvon mana shunday mashaqqatli mehnatning samarasidir.

Bobomizning boshqa unvonlari ham bor. Masalan: «Amirul mo‘minin fil hadis», hadis ilmida mo‘minlarning amiri. «Shayxul-islom» – musulmonlarning ustozi, ya’ni dini islom g‘amida soch-soqoli oqargan ustoz. Sarlavhadagi kabi «Imomud dunyo fil hadis», ya’ni dunyodagi barcha mo‘min musulmonlarning imomi, boshlig‘i degan ma’nodadir.

Asli ismlari – Muxammad, «Al-Buxoriy» nomi esa musulmon olamidagi ilmiy taxallusidir. Bu nom iste’dodlari yashnab, gurkirab, ulug‘langan davrlaridan boshlab islom ma’rifati va madaniyati bilan chambarchas bog‘lanib ketgan va Alloh taolo u zotning nomlarini uzoq davr husni zikr qilinmoqligini nasib etib, tengsiz martaba ato etgan.

Bu zotga Allohning ko‘rsatgan yana bir marhamati shulki, Buxoroda bu zotdan keyin yuz minglab olimlar, “Al-Buxoriy” taxallusi bilan ijod qilgan va kitoblar yozgan. Lekin “Al-Buxoriy” deyilsa, yer yuzidagi mo‘min-musulmonlarning zehniga avval Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy bobomiz keladi. Holbuki tarixshunos olimlar fikriga qaraganda bir davrning o‘zida Buxoro bilan Toshkent oralig‘ida 20 000 dan ziyod muhaddis yashagan ekan. Shunday bo‘lsada, bu taxallus boshqa olimlarga emas, u zotning haqiqiy ismlaridan g‘olib bo‘lib ketdi.

Ayniqsa, bu zotning ismini hadis majmualari borasida ta’liq qilinsa, darhol ma’lum va mashhur «Al-jomi’ as-sahih», «ishonarli to‘plam» kitobi ko‘z oldimizga keladi.

Rivoyatlarga ko‘ra, u zotning farzandlari bo‘lmasada, odamlar u zotga hurmatan “Abu Adulloh” deb chaqirishgan.

Asl ismi Muxammad ibn Ismoil ibn Ibrohiym ibn Mug‘iyra ibn Bardizba bo‘lib, «Bardiz» – qadimiy forschada «bo‘ston», «bardizba» esa buxoroliklar lug‘atida “Dehqon”, “Ekin ekuvchi” degan ma’nolarni anglatgan.

Ajdodlari dastlab, otashparastlik dinida bo‘lsalarda, ammo Mug‘ira ismli bobosi ajdolari orasida birinchi bo‘lib qalblariga Allohning nuri tushgan otalaridandir. O‘sha davrda Xurosonning voliysi bo‘lgan Al-Yaman Al-Ju’fiyning qo‘lida islom dinini qabul qilgan. Shuning uchun Mug‘iraga va keyingi zurriyotlariga ham Ju’fiy nisbati diniy laqab sifatida nisbat berilgan. «Al-Buxoriy» tug‘ilgan vatanlariga nisbatan aytilsa, «Al-Jufiy» diniy voliysiga nisbatidir.

Otasi Ismoil o‘z sulolasi ilm nuriga yuz tutganlarning avvalgisi bo‘ldi. O‘z zamonasining ma’rifatli kishilaridan bo‘lib, turli ilmiy majlis va anjumanlarda ishtirok etdilar.

Imom Buxoriyning zamonlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini to‘plashdan ko‘ra muhimroq xizmat yo‘q edi. Otalari Ismoil ham umri davomida mana shu xizmatga muvaffaq bo‘ldilar. U kishi hayot yo‘llarini faqatgina shariat va hadis ilmiga bag‘ishladi. Taqvo va parhezkorlikda barchaga o‘rnak bo‘ldi. U zotdan faqat maqtov aytilguvchi va chiroyli zikr qilinguvchi hislatlaridan boshqa xolat sezilmagan.

Ilmi va harakati bilan muhaddis imomlarning ulug‘larini yo‘qlab safar qilar va ulardan hadislarni yod olishga urinar edi. Hatto eshitish yo‘li bilan Molik ibn Anas va Hammod ibn Zayddan hadis rivoyat qilishga erishganlar. Shayx Hazrat Abdulloh ibn Muborak bilan ham suhbatdosh bo‘lganlar. Shuningdek, iroqlik muhaddis olimlar, u kishidan rivoyat qilishgan, jumladan, Ahmad ibn Hafs, hadis rivoyat qilgan. O‘g‘li Imom Buxoriy raxmatullohi alayh o‘zining «At-Tarix Al-Kabir» kitobida otalarining hadis ilmida qilgan mehnatlari haqidagi ma’lumotlarni kiritib o‘tgan.

Ibn Hibbon u kishini ishonchli kishilardan deb topgan va «as-Siqot» kitobida to‘rtinchi tabaqa roviylari bilan birga u kishidan ham tarjima qilgan.

Ismoil qanchalik ilm jamlashga erishgan bo‘lsalar, o‘shanchalik haloldan mol – dunyo to‘plashga ham musharraf bo‘lganlar. Shogirdi Ahmad ibn Hafs u kishining o‘limi oldidan aytgan so‘zlarini bundoq rivoyat qiladi: «Jamlangan molu dunyomda shubhali biror narsa aralashganini bilmayman»
Ilm to‘plashda qanchalik ehtiyotkorlik qilgan bo‘lsalar molu-dunyo to‘plashda ham xaromdan, shubhadan o‘shanchalik saqlanganlar. Bu dunyodan ketishda ham oxiratdagi hisob – kitobdan qalblari xotirjam bo‘lib, nafsi rozi bo‘lgan holda ketdilar.

Vo ajabo! Alloh taolo o‘z solih bandalariga fazlu karamini nechog‘li keng qilgan! Qarangki, u zotga oxiratda beriladigan mukofotidan ilgari shu dunyoning o‘zidayoq taqdirlamog‘i xususidagi rozilik alomatini zohir qildi. U kishi avliyolar gap xos qilib beradigan ne’matini ato qilib olijanob o‘g‘il berdi. Vafotidan biroz oldin Alloh o‘g‘il farzand berdi. Otasi Ismoil unga ism qo‘yar ekan: “Men bu o‘g‘limga Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning sodiq ummati, hamda ismdoshi bo‘lsin deya “Muhammad” deb ism qo‘ydimki, qiyomatda Alloh Ismoil alayhis salomni zurriyoti Muhammad sallollohu alayhi vasallam bilan sevintirishi kabi meni ham shu Muhammad o‘g‘lim bilan ko‘zlarimni quvontirsa” dedilar. Alloh Ismoilni orzusiga yetkazsin va undan rozi bo‘lsin! Omin!

Muhammad ibn Ismoil hijriy 194 yili, shavval oyining 13 kuni, melodiyda esa 810 yili iyul oyining 19 kuni juma namozi o‘qilgandan so‘ng, bobosi Mug‘ira islom dinini qabul qilgandan keyin vatan tutgan Buxoro shahrida, otasi Ismoil yashagan uyda tavallud topdilar.

Zamondoshi Al-Mustanir ibn Atiq aytadiki! Bunchalik aniq tug‘ilgan kuni va sanasini Imom Buxoriyning o‘zlari otalari Ismoil bitib qoldirgan maktub olib yozganlar. «Agar u kishi yozib qoldirmaganda edi, biz buning bir kuni tugul hatto sanasini aniq aytolmas edik» degan ekan.

Otalari Ismoil esa o‘g‘li Muxammadning go‘daklik chog‘ida vafot etgan.

Lekin Alloh taolo bu yosh go‘dakka hammadan ko‘ra rahmliroq va ikromliroq bo‘ldi. Alloh u zotga mehribon va soliha onaning mehrini taqdir qildi.

Mushfiq volida o‘g‘lining tarbiyasida va yaxshi ulg‘ayishida astoydil xizmat qilib, uzun tunlari bedor o‘tkazdi.

Imom Buxoriy hayotining ilk bosqichidayoq aqli tez o‘sib, ilgarilab ketdi. Go‘dakligidayoq o‘zlaridan katta yoshdagi o‘quvchilar bilan maktabga qatnab, ular oladigan xilma xil darslarni o‘zlashtirib ola boshladilar. Chunki bu zot yetuk va beqiyos zakovat sohibi bo‘lib, yuksak iste’dod bilan ilm yo‘lidagi qadamlarni katta-katta va tez-tez odimlar edi. Aql-idrokining pishib yetilishi o‘z muborak yoshlariga nisbatan juda ilgarilab ketgandi. Qisqa vaqt ichida ommaviy ilmlardan to‘la–to‘kis olishga erishdilar. Ilk maktab yoshlaridayoq maxsus madrasalarda dars olishga tayyor bo‘ldilar.U kishi to‘qqiz yoshga yetganlarida Qur’oni Karimni to‘laligicha yod oladilar. O‘n yoshga yetar yetmas hadis yodlashga kirishdi. Voyaga yetgunlariga qadar 10000 dan ziyod hadisni yod bilar edilar.

Bu yillar orasida Imom Buxoriy hadis rivoyatlaridan to‘plab, katta miqdordagi hadis ma’lumotlarini qalbiga joylab oldi.

Xomid ibn Ismoil aytadilar:»Muhammad ibn Ismoil bilan dars olardim. Biz har bir hadisni yozib borardik. Muhammad esa yozmas edi. Biz bir kuni Muxammad ibn Ismoilga: “Sen nega yozmaysan?” deb so‘radik. U bizga: «Qani yozgan narsalaringni ko‘rsatinglarchi» dedi. Biz ko‘rsatganimizda, biz yozgan hadislarni va unga qo‘shib yana 15000 ta hadisni ziyoda qilib yoddan aytib berdi» degan ekan.

Imom Buxoriyning ustozlari bu ilmning qadr-qiymatini yaxshi bilishar edi. Uni ilmiga ishonishar, unga tayanishar, ko‘ngillarida imom Buxoriyga nisbatan haybat va salobatni his qilar edi.

Xullas! Men Imom Buxoriy hazratlarining hayotlarini va ijodlarini ikki betlik maqola bilan ta’riflab, tugatib qo‘yish u zotga nisbatan hurmatsizlik deb o‘ylayman. Faqatgina Imom Buxoriy haqlarida yozilayotgan bu maqolalar go‘yoki, katta kemaga olib boradigan kichik qayiqlarga o‘xshaydi. Shoyad! Shu maqolalarni o‘qib, o‘quvchi imom Buxoriyning hayotlariga qiziqsa va asarlarini o‘qisa.

Demak biz avlodlar mana shu zotning qoldirgan boy ma’naviy hayot yo‘lini o‘rganib, u zotning ma’naviy o‘gitlariga quloq solib, nasihatlarini hayotga tadbiq qiladigan bo‘lsak, biz eng saodatli solih va bobolariga sodiq farzandlar bo‘la olamiz.

Ba’zi insonlarning o‘zidan avval himmati o‘lib qolayotgan bu yolg‘onchi dunyoda Imom Buxoriyning himmatiga u zotning umri kamlik qildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki butun ummatga yetarli darajada ma’naviy ozuqani jamlab, g‘amlab biz avlodlari qo‘liga topshirib ketgan yagona zot – dunyo imomi – Imom Buxoriy bobomizdir.

Men so‘zimni Ibn Xoldunning ushbu xitoblari bilan yakunlayman. Ibn Xoldun: “Imom Buxoriyning kitobini sharhlash ummat ulamolari zimmasidagi qarzdir” degan ekan.

A.Toshpo‘latov,
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti
“Hadis va islom tarixi fanlari”
kafedrasi mudiri

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Janoza va ikki haramda juma namozining o‘qish tartibi

26.05.2025   5247   3 min.
Janoza va ikki haramda juma namozining o‘qish tartibi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Janoza namozi tik turgan holda, quyidagi tartibda o‘qiladi:

1. Niyat qilinadi (Niyat qildim 4 takbirli janoza namozini imomga iqtido qilib o‘qimoqlikka, qiblam bo‘lmish muqaddas Ka’ba tomon yuzlandim, xolis Alloh uchun);

2. Faqat birinchi takbirdagina quloq qoqiladi (Allohu akbar);

3. Sano o‘qiladi:

“Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va laa ilaha g‘oyruk” (Allohim! Senga hamd aytgan holda Seni poklab yod etaman. Isming muborakdir. Ulug‘liging yuksakdir. Sendan o‘zga iloh yo‘q).

4. Ikkinchi bor takbir aytiladi (Allohu akbar);

5. Nabiy alayhissalomga salavot aytiladi:

“Allohumma solli ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad. Kama sollayta ’ala Ibrohiyma va ’ala aali Ibrohiym. Innaka hamidum majiyd.

Allohumma barik ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad. Kama barokta ’ala Ibrohiyma va ’ala aali Ibrohiym. Innaka hamidum majiyd(Allohim! Ibrohim va uning oilasiga salavot yo‘llaganingdek, Muhammad va uning oilasiga salavot yo‘llagin! Albatta, Sen Hamiyd (barcha maqtovlar ila maqtalgan), Majiyd (shon-sharafi va qadri balandligi cheksiz) Zotsan. Allohim! Ibrohim va uning oilasiga barakot berganingdek, Muhammad va uning oilasiga barakot bergin!).

6. Uchinchi bor takbir aytiladi (Allohu akbar)

7. Duo o‘qiladi:

Allohummag‘fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi ’alal Islam va man tavaffaytahu minna fatavaffahu ’alal iyman(Allohim tirigimizni va o‘ligimizni, hozirimizni va g‘oyibimizni, kichigimizni va kattamizni, erkagimizni va ayolimizni mag‘firat qilgin. Allohim! Bizdan kimni yashatsang, Islomda yashatgin. Bizdan kimni vafot ettirsang, iymonda vafot ettirgin).

8. To‘rtinchi marta takbir aytiladi (Allohu akbar);

9. Ikki tarafga salom beriladi (Assalamu alaykum va rohmatulloh);

Janoza namozida qiroat ham, tashahhud ham bo‘lmaydi. Imom salom bergunicha kutib turiladi va u bilan birga salom beriladi.


Ikki haramda juma namozi o‘qilish tartibi:

4 rakat sunnat;

2 rakat farz;

4 rakat sunnat.

Ikki haramda juma kuni 2 azon va 1 takbir aytiladi:

Birinchi azon – bugun juma kuni ekani va juma namozi haqida eslatma uchun chaqiriq.

Ikkinchi azon – juma namozi azoni. Azon aytilishi bilan imom xutba o‘qishni boshlaydi.

Takbir – juma namozi o‘qish uchun aytiladi. 2 rakat farz namozi o‘qiladi.

Ikki haramda juma kungi farzdan oldingi va farz namozidan keyingi 4 rakatdan o‘qiladigan sunnat namozlarini 2 rakatli farz namozidan keyin 4 rakatdan 8 rakat qilib o‘qib olinadi. Shu tartibda juma namozi ado etiladi.

 

Mohira BAHODIR