Imon va iqror bayoni
Imon chin ko‘ngil bilan e’tiqod qilmak, ya’ni, ishonmak va inonmakdir. Bugun dunyo va olamni, yerda va osmondagi barcha maxluqotni yaratgan Alloh taoloning borligiga, birligiga va xamma sifatlariga va Muhammadning, alayhissalom, bandalarga Islomni yetkazish uchun Alloh taolo tarafidan buyurilgan haq payg‘ambar ekaniga, Qur’oni karim Muhammadga, alayhissalom, Alloh taolo yuborgan haq kitob ekaniga Alloh taoloning amri birla Muhammad, alayhissalom, bayon qilgan shariat hukmlarining haq ekaniga imon keltirmak va e’tiqod qilmak lozimdir. Chinakam mo‘min bo‘lmoq uchun faqat dilda ishonmoq kifoya qilmaydi, balki iqror qilmoq, ya’ni til bilan aytmak ham shart. Til bilan iqror qilmagan kishi dilida ishonsa ham, dunyoda mo‘min xisoblanmaydi, oxiratda uning imoni maqbul va yo mardudligi Alloh taologa havola qilinadi.
Til bilan iqror qilish shunday: "Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan ’abduhu va rosuluh".
Imon kalimasi
Amantu billahi va malaikatahi va kutubihi va rusulihi val yavmil axiri val qodari xoyrihi va sharrihi minallohi ta’ala val ba’si ba’dal mavt.
Alloh taologa imon keltirish
Alloh taoloning borligiga, birlishga va barcha sifatlariga imon keltirmoq lozim. Alloh taoloni tanish Uning ism va sifatlari bilan bo‘ladi. Alloh taoloning 99 ismi va sifati bordir.
Farishtalar
Farishtalar ham bizlardek Alloh taoloning maxluqlaridir. Ular doimo Alloh taologa ibodat qilib va buyurilgan barcha xizmatlarni ado qilib turadilar. Ular hech gunoh ish qilmaydilar, yeb-ichmaydilar, uxlamaydilar. Ularda erkaklik va xotinlik yo‘qdir.
Ular nurdan yaratilgan, jismlari shamoldek latif va yumshoqdir. Bizlarning ko‘zlarimizga ko‘rinmaydilar. Agar ko‘rinishni xohlasalar, har turli suratlarda ko‘rinishga ham qodirdirlar.
Har bir bandaning qilgan amallarini yozib turadigan farishtalar bor. Ular bandalarning yaxshi va yomon amallarini nomai amallariga yozadilar, qiyomat kunida xisob uchun shu daftarlar taftish qilinadi. Yana bandalarni Alloh amri bilan zarar va ziyondan, ofatlardan saqlab yuradigan farishtalar ham bor.
Jabroil, Mikoil, Azroil va Isrofil, alayhimussalom, farishtalarning ulug‘laridandir. Hazrat Jabroil Alloh taolodan payg‘ambarlarga vahiy keltiradigan elchidir. Hazrat Mikoil bandalarning rizqlarini tayin qilmoq uchun va bulut va yomg‘irlarga hukm qilmoq uchun mas’uldir. Hazrat Azroil bandalarning jonlarini oladigan farishtadir. Hazrat Isrofil bandalarning jonlari turadigan surga muakkil farishtadir.
Payg‘ambarlar
Payg‘ambarlar ham bizlardek Alloh taoloning bandalari. Ular ham Odamning, alayhissalom, farzandlaridir. Lekin ular Alloh taologa xos bandalari. Yoshliklaridan g‘oyatda aqlli va ziyrak, to‘g‘ri, parhezkor bo‘lganlar. Ularda hech bir zamonda nuqson va kamchilik bo‘lmagan.
Eng birinchi payg‘ambar Odam alayhissalom bo‘lib, oxirgisi Muhammad alayhissalomdir. Qiyomat kunigacha endi hech payg‘ambar chiqmaydi. Muhammad, alayhissalom, oxirzamon payg‘ambaridir. U zotning dini, ya’ni Islom, to qiyomat kunigacha boqiydir.
Muqaddas kitoblar
Alloh taolo din va shariat hukmlarini qavmlariga o‘rgatsinlar deb payg‘ambarlarga kitoblar nozil qilgan. Odam alayhissalomga o‘n varaq, Shis alayhissalomga ellik varaq, Idris alayhissalomga o‘ttiz varaq, Ibrohim alayhissalomga o‘n varaq nozil bo‘lgan. Muso alayhissalomga Tavrot, Dovud alayhissalomga Zabur, Iso alayhissalomga Injil, Muhammad alayhissalomga esa Qur’oni karim nozil bo‘lgan.
Qazo va qadar
Taqdir olamda bo‘ladigan barcha narsalarni va har bir qilinadigan ishlarni Alloh taoloning azalda tayin va muqarrar qilib qo‘yishidir. Alloh taoloning olamda bo‘ladigan narsalarni taqdir qilingan holatda xalq va paydo qilishidir. Har bir narsa va har bir ishning qachon bo‘lishi va nima sabab bilan bo‘lishi hamda qanday bo‘lishi bayon etilib, Lavhul Mahfuzda yozib qo‘yilgan.
Bandaning Lavhul Mahfuzda yozilgan ekan, taqdirda bor bo‘lsa, shu ish ro‘yobga chiqmasdan qolmaydi, deb dunyoviy ishlarni va oxirat amallarini qilmasdan, kohil bo‘lib yotishi hamda gunoh ishlarni qilishi aslo durust emas. Bandalar uchun jiddu jahd bilan ilm olib, ma’rifat hosil qilib, diniy ilm o‘rganish, halol mol kasb qilish va ixlos bilan yaxshi amallarni bajarish, shuningdek, har bir gunoh ishlardan saqlanish shartdir. O‘z ixtiyorida bo‘lgan ishlarni taqdirga tashlab, ishyoqmas bo‘lib yotish nihoyatda ahmoq va behimmat kishilarning ishidir.
Bandalarning fe’llari
Bandalar o‘z fe’llarini o‘zlari kasb va hosil qiladilar. Ammo bo‘ldirguvchi va yaratuvchi Alloh taolodir. Bandalarning qilmoqchi bo‘lgan fe’llarini Alloh taolo qudrat va quvvat berib, xalq qilmasa, bandalar faqat o‘zlari hech bir ishni qilmoqka qodir bo‘lmaydilar. Alloh taolo bandalarga iroda va ixtiyor, ya’ni xohish uchun kifoya qilgudek bir oz quvvat beradi, banda bir ishni qilmak uchun ixtiyor bilan o‘sha quvvatni sarf qiladi. Shundan so‘ng Alloh taolo banda xohlagan fe’lni xohishiga muvofiq xalq qiladi. Demak, banda o‘z fe’lini o‘zi kasb qiluvchidir. Alloh taolo esa yaratuvchidir. Masalan, banda yurmoqni ixtiyor qiladi. O‘sha holda Alloh taolo unga kuvvat beradi va yurmagini xalq qiladi, banda yurishni kasb va hosil qiladi. Bas, Alloh taoloning xalq qilishi bilan banda yurishga qodir bo‘ladi. Bandalarning yaxshi fe’llariga ham, yomon fe’llariga ham Alloh taolo xoliqdir. Ammo bandalar o‘z fe’llariga kosibdirlar.
Banda qanday fe’lni kasb qilmoqni ixtiyor qilsa, Alloh taolo niyatiga ko‘ra o‘sha fe’lni xalq qiladi. Agar banda ixtiyori birla yaxshi va savob fe’l kasb qilmoqchi bo‘lsa, Alloh taolo istasa, rozi bo‘lib xalq qiladi. Ammo banda gunoh fe’lni kasb qilmoqchi bo‘lsa, Alloh taolo istasa, rozi bo‘lmay xalq qiladi.
Bandalar qilgan fe’llari uchun savobli yoki gunohli bo‘ladilar. Agar banda o‘z ixtiyori bilan yaxshi fe’lni kasb qilsa, savob oladi va agar yomon fe’lni kasb qilsa, gunohkor bo‘ladi.
Oxirzamon
Oxirzamon – bu dunyoning oxiri va tamom bo‘lgan kuni degan ma’noni bildiradi. Oxirzamonda butun yer yuzidagi odamlar va hayvonlar yerda va osmonda bo‘lgan farishtalar o‘lib tamom bo‘ladi. Oxirzamonning qachon va qaysi kun bo‘lishi faqat Alloh taoloning o‘ziga ma’lumdir. Buni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi, har kun va har zamon oxirzamon bo‘lishi ehtimoldir.
Alloh taoloning hikmati bilan oftobning yurishi teskari bo‘lib, mag‘rib tarafdan chiqadi. Ushbu kun dunyoning oxirgi kuni alomatlaridandir. Butun yer yuzini dud-tutun bosib, barchani behush qiladi. Isrofil farishta sur chaladi. Shundan so‘ng yer yuzidagi jami jondor o‘lib, tamom bo‘ladi.
Diyomat kuni
Qiyomat kuni Alloh taolo odamlarni qaytadan tiriltiradi. Qabrlarda va boshqa yerlarda chirigan va har tarafga tarqalgan jasadlar Alloh taoloning qudrati bilan tiriklik vaqtidagidek bo‘ladi. Alloh taolo hammadan ilgari Isrofilni, alayhissalom, tiriltirib, unga ikkinchi marta sur chalmoqni amr qiladi. So‘ngra har bir jasadga o‘zining joni kiradi. Shundan so‘ng qabrlarning usti ochilib, hamma go‘yo uyqudan uyg‘onandek bo‘lib, tiriladi. Qabrlardan yer ustiga chiqadi. Hammalari Mahshar maydoniga jam bo‘ladi. Mahshar maydoni bandalarning dunyoda qilgan ishla-ri hisob va taftish qilinadigan joydir. Har bandaga nomai a’mollari berilib, dunyoda qilgan amallari o‘zlariga ma’lum qilinadi. Har kimning amallari adolat va to‘g‘rilik mezoni va tarozusi bilan o‘lchanib, hisob qilinadi.
Kimning jannatga va kimning do‘zaxga kirishi tayin qilinadi. Mahsharda bandalarning amallarini Alloh taolo tarafidan buyurilgan farishtalar hisob va taftish qiladilar. Hamma jahannam ustiga qurilgan sirot ko‘prigidan jannat tarafga o‘tmoqni orzu qiladi. Imonli, solih kishilar va gunohlari afv qilingan mo‘min bandalar g‘oyatda osonlik bilan o‘tib jannatga kiradilar. Sirot ko‘prigidan o‘tolmagan kishilar jahannamga tushadilar.
Jannat va do‘zax
Jannat ne’matlarini til bilan aytib va qalam bilan yozib tamom qilib bo‘lmaydi. Jannatga tushgan har bir mo‘min bandaga eng katta baxt Alloh taoloni ko‘rmoqdir.
Alloh taoloning bandalarga qanday ko‘rinmagi bizlarga ma’lum emas. Ammo Alloh taoloni jannatda ko‘rishga inonmoq lozim va vojibdir.
Jahannam g‘oyatda qabohatli va mashaqqatli yerdir. Unga kirgan odamlar o‘t-olov bilan va boshqa har xil narsalar bilan azoblanadi.
Gunohkor banda
Islom dinining xaqligiga va mo‘minlar ishonishi lozim bo‘lgan masalalarga dil bilan e’tiqod qilgan, lekin o‘zini saqlayolmay gunoh amallar qilgan kishi mo‘minlik va musulmonlikdan chiqmaydi, ammo fosiq va gunohkor bo‘ladi. Alloh taolo xohlasa, fazl aylab har gunohni afv qilishi mumkish. Ammo zolimning zulmini mazlum bo‘lgan kishi rozi bo‘lsa, xohlasagina, Alloh afv qilishi mumkin.
Alloh taolo dunyoda tavba maqbul bo‘ladigan vaqtda, chin ixlos bilan tavba qilgan kishining gunohlarini kechirmoqni va’da qilgan. Payg‘ambarimizning, alayhissalom, va boshqa solih kishilarning shafoatlari sabab bo‘lib, ko‘p kishilarning gunohlari afv qilinmog‘i ham ehtimoldir. Payg‘ambarimiz Muhammad, alayhissalom, gunohlarni shafoat qiluvchidirlar.
Sahobalar
Sahobalar mo‘min va musulmonlik holida Payg‘ambarimiz Muhammadni, alayhissalom, ko‘rib va u kishiga uchrashib mo‘minlik holida vafot qilgan kishilardir.
Sahobalarning afzali avval hazrat Abu Bakr Siddiq, so‘ng hazrat Umar ibn Xattob, so‘ng hazrat Usmon ibn Affon, keyin Hazrat Alidir, roziyallohu anhum. Shuning uchun ular Rasullulohning, alayhissalom, chahoryorlari deb ataladilar.
Ahli sunna val-jamoa
Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, barcha sahobalari vafot etganlaridan so‘ng, Islom ahli e’tiqodda 73 firqaga bo‘lingan. Ammo mashhurlari uch firqadir.
Ular quyidagalar: ahli sunna val-jamoa, shi’alar va mo‘tazila firqasi.
Ahli sunna val-jamoaning e’taqodi haqdir. Bizlar ahli sunna val-jamoa e’tiqodidamiz. Payg‘ambarimiz Muhammad, alayhissalom, o‘zlari va sahobalari din va shariat hukmlariga qanday e’tiqod qilgan bo‘lsalar, ahli sunna val-jamoa ham shunday e’tiqod qiladilar.
Ahkomi sharif
Qur’on oyatlari va hadisi sharifdagi shariat hukmlarining ba’zilarini arabchani komil bilgan kishigina bilishi mumkin. Ammo shariatning barcha hukmlarini to‘g‘ri bilish uchun mujtahid bo‘lish kerak. Mujtahid bo‘lmagan kishilarning oyatlardan va hadislardan hukmlar chiqarshlari mumkin emas.
Mujtahid mazhab
Arabiy tilning ma’no va sirlarini chuqur bilib, g‘oyatda komil olim bo‘lib, oyat va hadislarning hikmat va sirlarini yaxshi bilgandan so‘ng komil ijtihod bilan din masalalarining har qaysisini fikr va andisha qilgan kishi mujtahid bo‘ladi. Mujtaxid bo‘lmagan va mujtahidlik martabasiga yetmagan kishilar maishatda ham, ibodatda ham bir mujtahidning mazhabiga tobe bo‘ladi. Har masalada shu mujtahidning mazhabi bilan amal qiladi.
"Mazhab" so‘zi istilohda mujtahid olimning shariat hukmlarida oyat va hadislardan ijtihod bilan fikr qilib, anglagan yo‘li degan ma’noni anglatadi. Mashhur mujtahidlar to‘rt kishidir. Birinchisi, Imomi A’zam Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit, rahmatullohi alayh; ikkinchisi, Imomi Shofe’iy Muhammad ibn Idris, rahmatullohi alayh; uchinchisi, Imomi Molik ibn Anas, rahmatullohi alayh; to‘rtinchisi, Imomi Ahmad ibn Hanbal, rahmatullohi alayh. Ushbu mujtahidlarning mazhablari ko‘p masalalarda bir-biriga muvofiqdir. Muxolif bo‘lgan sunnatga oid masalalari ham bor, lekin ko‘p emas.
Bizlar Imomi A’zam Abu Hanifa hazratlarining mazhablaridamiz. Maishat va ibodat xukmlarining har qaysisida shu mazhabga ko‘ra amal qilamiz. Musulmonlarning salkam yarmi Imomi A’zam Abu Hanifa mazhablarida bo‘lsa ham, qolgan uch imomning mazhablarida bo‘lgan musulmonlar ham bor.
Imomi A’zamdan boshqa bu uch imomning mazhablarida bo‘lganlarning musulmonliklarida kamlik yo‘q. Har mazhab ahli ikkinchi mazhab ahlini o‘ziga do‘st va yaqin tutmog‘i lozim. Bir-birlarini dushman tutmaklari aslo durust emas. Chunki musulmonlar bir-birlariga qarindosh va birodardirlar.
«Ibodati islomiya» kitobidan qisqartirib olindi.
KЕYINGI MAVZULAR:
NIKOH VA TALOQQA OID HUKMLAR:
Uylanishning shar’iy hukmi;
Nikoh marosimi;
Uylanish mumkin bo‘lmagan ayollar;
Uylanish vaqtincha mumkin bo‘lmagan ayollar;
Taloq turlari.
IMOMI A’ZAM ABU HANIFA NO‘MON IBN SOBIT
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM