Dunyo mamlakatlarida ustozlar kuni qanday nishonlanadi?
O'qituvchilar kuni- bu har bir insonning hayotida bemisl ahamiyat kasb etadigan kishilar- pedagoglarga hurmatning ramziy ko'rinishidir. Ularning sabri, mehnati va irodasi sabab, bolalarda ilmga intilish, qiziqishlar ro'yobga chiqadi, yangi talant va iqtidorlar yuzaga keladi.
-Frantsiyada O'qituvchilar kuni 5 oktyabrda nishonlanadi. Biron sovg'a berish urfda emas. Maktab ma'muriyati o'z ixtiyoriga ko'ra ziyofat stoli uyushtiradi. Bu orqali o'qituvchi va o'quvchilar erkin muloqot qilishlari uchun imkoniyat bo'ladi. Shirinliklar va stol bezatish ota-onalar tomonidan tashkil etiladi.
-Germaniyada Ustozlar kunida o'qituvchilarga sovg'a berish odati yo'q. Agar o'quvchi ustozini hurmat qilib, yoqtiradigan bo'lsa, o'z qo'li bilan biron nima yasab sovg'a qilishi yoki tabriknoma yozib, hadya qilishi mumkin.
-AQShda Milliy o'qituvchi kuni may oyining birinchi haftasida nishonlanadi. Bu hafta o'qituvchilarga minnatdorlik haftasi deya nomlanadi. Hohishlariga ko'ra o'quvchilar ustozlariga gullar va konfetlar sovg'a qilishadi.
-Pol'sha ushbu sanani 14 oktyabrda nishonlaydi. Bu kunda o'qituvchilarga gullar, shirinliklar sovg'a qilish bor, unda ham har bir o'quvchi emas, butun sinf nomidan. Qimmatbaho sovg'alar hadya qilish mumkin emas. Shu bilan birga o'quvchilar faqatgina sinf rahbarlarini tabriklashlari mumkin.
-Hitoyda ustozlar kuni 14 oktyabrda bayram qilinadi. Uning bayram sifatida tayin qilinishi o'qituvchilaring nufuzi va ahamiyatini oshirish maqsadida bo'lgan. Bu kunda maktablarga ko'plab sobiq o'quvchilar ham tashrif buyurib, ustozlarini ziyorat qiladilar, iliq tilaklar bildiradilar.
-Argentinada ushbu sana 11 sentyabr kuni bayram qilinadi. Rasmiy dam olish kuni e'lon qilinadi, ustozlar tabriklanadi.
-Hindistonda Ustozlar kuni 5 sentyabrda o'tkaziladi. U kuni an'anaga ko'ra, ustozlar bilan o'quvchilar o'rin alishib, darslarni o'quvchilar olib borishadi.
-Angliyada ushbu bayramda choy sovg'a qilish a'anasi bor. “Bilimlarni maktabda kitob ila, uyda bo'lsa choy bilan jamlagin”, deyiladi, ingliz maqollaridan birida.
Dunyoning qayerida va qaysi sanada bo'lmasin, Ustozlar kuni – o'qituvchi va pedagoglarga hurmat va e'tibor ko'rsatishning bir ramzi bo'lib, ularning fidokorona mehnatlariga minnatdorlik bildirishdir.
Bobur Ahmad tayyorladi.
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV