Alloh insonlarni hidoyat yo‘liga chaqirish uchun bir-qancha payg‘ambarlar yuborgan. Barcha payg‘ambarlarning vazifalari insonlarni zulmatdan yorug‘rikka, johillikdan hidoyatga chaqirishdir.
Mana shu ta’limning eng oxirgisi Islom dini bo‘lib, uning mukammal dasturi esa Qur’oni kariym va Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)dirlar. Chunki bu haqida muborak hadislarda shunday marhamat qiladilar:
قال رسول الله (ص و): ولا نبي بعدي
Ya’ni: "Mendan keyin payg‘ambar yo‘q" deb, marhamat qildilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning tavallud topgan sanalari milodiy 571-yil, qamariy hisobi bo‘yicha Rabi’-ul avval oyining 12-kuni, dushanbada tavallud topganlar. Bu zotning dunyoga kelishlarida bir qancha mo‘jizalar ro‘y bergan: U zot tug‘ilganlarida bir nur paydo bo‘lib, uning nuri Shom diyorini yoritgan, Fors diyorida ma’jusiy(otashparast)lar sig‘inadigan, ming yillar davomida yonib turgan olov o‘chib qolgan, Mushriklar sig‘inadigan but va sanamlar qulab tushgan, Eron Hukmdori Xusravning hashamatli saroyi qulab vayrona holga yetgan. Sava shahridagi insondar sig‘inib kelgan ko‘l ham shu kechada qurib qolgan va yana shunga o‘xshash ko‘p voqealar yuz bergan.
Alloh o‘zining dinini insoniyatga yetkazish uchun insonlar orasidan payg‘ambarlar tanlab olgan. Hadislarda payg‘ambarlarning umumiy soni 124.000 bo‘lib, ularning silsilasi Odam (a.s.)dan boshlanib, oxiri Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)bilan nihoyalangan. Payg‘ambarimiz (s.a.v) arablar orasida obro‘li sanalgan Bani Hoshim qabilasida dunyoga kelganlar, nasablari Ibrohim (a.s.)ga borib yetadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarda shunday marhamat qiladilar:
قال رسول الله صلي الله عليه و سلم : ان الله اصطفى من ولد ابراهيم اسماعيل و اصطفى من ولد اسماعيل بني كنانتة و اصطفى من بني كنانة قريشا واصطفى من قريش بني خاشم واصطفاني من بني خاشم
Ya’ni: "Alloh payg‘ambarlik uchun Ibrohimning bolalaridan Ismoilni, Ismoilning avlodlaridan Bani Kinonani, Bani Kinonadan Qurayshni va Qurayshdan Bani Hoshimni, Bani Hoshimdan esa meni tanlab oldi" deb marhamat qilganlar.
Alloh Hazrat Muhammad (s.a.v.)ni ana shunday ulug‘ kishilar pushtida saqlab kelib, Otalari Abdulloh va Onalari Ominadan tug‘ilishlarini iroda qildi. Payg‘ambarimiz tug‘ilganlarida otalari vafot etgan edilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni birinchi bo‘lib, onalari 7 kun emizadilar. So‘ng Payg‘ambarimizning amakilari Abu Lahabning ozod qilgan cho‘risi Suvayba bir necha kun emizadi. Keyin Bani Sa’dlik Halima roziyallohu anho ikki yil emizish baxtiga muyassar bo‘ladilar. Payg‘ambarimiz 4 yoshga yetganlarida "Shaqqi sadr" voqeasi ro‘y beradi. Ya’ni Alloh farishtalari orqali Payg‘ambarimizning qalb-yuraklaridan shayton nasibasi bo‘lgan "nafsi ammora" (yomonlikka undovchi nafs)ni olib tashlaydi. Shu sababdan ham shayton Rasululloh (s.a.v.)ni aslo vasvasa qila olmagan. Payg‘ambarimiz (s.a.v) 6 yoshgacha onalarining bag‘rlarida o‘sdilar. 6 yoshga yetganlarida Onalaridan ham ajraladilar va bobolari Abdulmuttalibning qaramog‘ida qoladilar. Rasululloh (s.a.v.)ning yetimlikda yetishlarida katta hikmat bor. O‘zlari yetimlik va g‘ariblikni boshdan kechirganliklari uchun ham yetimlarga nisbatan mehribon bo‘lib voyaga yetganlar. 2 yildan so‘ng bobolari ham vafot etadilar. U kishi vafot etishlaridan oldin nabiralarini farzandlari orasidan u kishiga eng mehribon bo‘lgan Abu Tolibga topshiradilar. Haqiqatdan ham Abu Tolib Payg‘ambarimiz (s.a.v)ni o‘zlarining farzandlaridan ham ko‘proq yaxshi ko‘rar edilar va qayerga borsalar ham olib yurar edilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v) yoshliklarida qo‘y boqqanlar. Ya’ni cho‘ponlik qilganlar. O‘spirinlik yoshlaridan to 40 yoshlarigacha tijorat bilan shug‘ullanganlar. 40 yoshga yetganlarida Ollohu ta’olo Payg‘ambarlik vazifasini yukladi va bizu sizga dasturul amal bo‘lan Qur’on va Hadis ta’limoti bilan hayot guzaronlik qildilar. Milodiy 632-yilda vafot etdilar. Achchiq bo‘lsada, haqiqatki hozirgi kunda yoshlarimiz qanchadan qancha mashhurlar haqida nima yeyish-u nima ichishini qachon uxlab turishi haqida ma’lumotga egalar lekin ming afsuski ikki olam sarvari bo‘lgan shafoatgo‘yimiz bo‘lgan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) haqida hech qanday ma’lumotga ega emaslar. Biz Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni ota-onamizdan ko‘proq sevmas ekanmiz, ota-onamizni yaqindan bilgandek bilmas ekanmiz, Jannatga kirishligimiz ham shafo’atlariga noil bo‘lishimiz dargumondir. Payg‘ambarimizning tavallud oylari munosabati bilan mavludlar, salovotlar o‘qiymiz. Alloh (s.v.t) salovotu duolarimizni qabul aylab, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning shafoatlariga noil aylasin.
Ro‘ziyev Abdug‘ani
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati