O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi diniy sohada ko‘p yillar samarali xizmat qilgan Buxoro viloyatining sobiq bosh imom-xatibi Mansur domla Nurullayevning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Rahmatli Mansur domla Nurullayev Mir Arab madrasasi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan, mehnat faoliyati davomida Buxoro viloyati Kogon tumani bosh imom-xatibi, “Bahouddin Naqshband” jome masjidi imom-xatibi va Buxoro viloyati bosh imom-xatibi vazifalarida fidokorona xizmat qilgan.
So‘nggi yillarda o‘zining ilmiy salohiyatini oshirish yo‘lida Tatariston Respublikasidagi Bulg‘or Islom akademiyasini tamomlagan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ushbu musibatga chin qalbdan sherik ekanini izhor etadi. Barchamizni Alloh taolo yaratgan. Taqdirlarimizni ihota qiluvchi yagona Zot ham faqatgina Robbimizning O‘zidir. Qur’oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…” (Baqara, 156) deyilgan.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan bu din xizmatchisini mag‘firatiga olsin, yaqinlariga sabru jamil berib, qazoi qadarini imon ila, rozilik ila qarshi olganlar qatorida ajru mukofotlar ato etsin.
Hadisi qudsiylardan birida aytiladi: “Ey Odam farzandi! …Albatta, Men sizlarning suratingizga ham, chiroyingizga ham qaramayman. Balki qalbingizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”. Rahmatli Mansur domla Nurullayev ham ana shunday yaxshi xislatlar egasi edi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
G‘arbiy Yava provinsiyasining ma’muriy markazi Bandung shahrida O‘zbekiston turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va ziyorat turizmi imkoniyatlarini Indoneziya jamoatchiligiga keng tanitish, ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.
Tadbir avvalida G‘arbiy Yava provinsiyasining iqtisodiy va demografik salohiyati haqida ma’lumot berildi. Aholisi qariyb 51 millionni tashkil etuvchi mazkur hudud Indoneziyaning eng yirik va iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mintaqalaridan biri hisoblanadi.
Hududda avtomobilsozlik, elektronika, to‘qimachilik, kimyo sanoati, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalari jadal rivojlangan. Shu bilan birga, G‘arbiy Yava Indoneziyada haj va umra xizmatlari bozorining yetakchi markazlaridan biri sifatida ham tanilgan bo‘lib, aholisining katta qismi musulmonlardan iborat.
Uchrashuvda qayd etilganidek, G‘arbiy Yavada yuzlab litsenziyalangan haj va umra turoperatorlari faoliyat yuritadi va har yili yuz minglab fuqarolar muqaddas safarlarni amalga oshiradi. Bandung shahri esa diniy-ma’rifiy markaz sifatida muhim o‘rin tutadi. Aynan shu omillar O‘zbekiston bilan ziyorat turizmi yo‘nalishida hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjud ekanini ko‘rsatadi.
Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistonning tarixiy shaharlari – Samarqand, Buxoro, Xiva va Termizning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni, mamlakatdagi muqaddas qadamjolar, buyuk allomalar merosi hamda so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlandi.
Shu bilan birga, zamonaviy turistik infratuzilma, xalqaro standartlarga javob beradigan mehmonxonalar, transport-logistika imkoniyatlari va xorijiy mehmonlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videoroliklar ham namoyish etildi. Taqdimot ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
So‘zga chiqqan G‘arbiy Yava Haj va umra uyushmasi rahbarlari O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladi. Ularning fikricha, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri bo‘lib, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband kabi allomalar merosi indoneziyalik musulmonlar uchun katta ma’naviy ahamiyatga ega.
Shuningdek, Jakarta va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi qayd etildi. G‘arbiy Yavadagi yirik turoperatorlar, jumladan “DAGO Travel” kabi kompaniyalar O‘zbekiston yo‘nalishiga katta qiziqish bildirmoqda. Ayrim operatorlar har yili yuzlab indoneziyalik ziyoratchilarni O‘zbekistonga yuborish amaliyoti mavjudligini qayd etdi.
Tadbir ishtirokchilari Samarqand, Buxoro va Termiz kabi shaharlarni o‘z ichiga olgan turpaketlar indoneziyalik sayyohlar uchun juda jozibador ekanini ta’kidladi.
Anjuman yakunida O‘zbekistonga safar qilish tartibi, viza rejimlari, aviaqatnovlar, mehmonxona infratuzilmasi va turoperatorlar bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ushbu taqdimot O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash hamda mamlakatimizga indoneziyalik sayyohlar oqimini oshirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati