O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi diniy sohada ko‘p yillar samarali xizmat qilgan Buxoro viloyatining sobiq bosh imom-xatibi Mansur domla Nurullayevning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Rahmatli Mansur domla Nurullayev Mir Arab madrasasi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan, mehnat faoliyati davomida Buxoro viloyati Kogon tumani bosh imom-xatibi, “Bahouddin Naqshband” jome masjidi imom-xatibi va Buxoro viloyati bosh imom-xatibi vazifalarida fidokorona xizmat qilgan.
So‘nggi yillarda o‘zining ilmiy salohiyatini oshirish yo‘lida Tatariston Respublikasidagi Bulg‘or Islom akademiyasini tamomlagan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ushbu musibatga chin qalbdan sherik ekanini izhor etadi. Barchamizni Alloh taolo yaratgan. Taqdirlarimizni ihota qiluvchi yagona Zot ham faqatgina Robbimizning O‘zidir. Qur’oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…” (Baqara, 156) deyilgan.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan bu din xizmatchisini mag‘firatiga olsin, yaqinlariga sabru jamil berib, qazoi qadarini imon ila, rozilik ila qarshi olganlar qatorida ajru mukofotlar ato etsin.
Hadisi qudsiylardan birida aytiladi: “Ey Odam farzandi! …Albatta, Men sizlarning suratingizga ham, chiroyingizga ham qaramayman. Balki qalbingizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”. Rahmatli Mansur domla Nurullayev ham ana shunday yaxshi xislatlar egasi edi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Andijon viloyati tuman-shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida tahliliy yig‘ilish o‘tkazdilar.
Muftiy hazratlari mamlakatimizda Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi jome masjidlarning barpo etilayotgani, ko‘plari qayta bunyod etilayotgani va sohaga qaratilayotgan yuksak e’tiborga alohida urg‘u qaratdilar. Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari imom-xatiblarni mana shunday e’tiborga va ishonchga munosib bo‘lib, davr va mo‘min-musulmon xalqimiz talablariga hamnafas holda faoliyat yuritishga chaqirdilar.
Majlisda imom-xatiblarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularning ilmiy salohiyatlarini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilayotgani, xususan, magistratura, doktoranturada tahsil olishlari hamda AQSH, Angliya, BAA kabi davlatlarda ilmiy safar va malaka oshirish imkoniyatlari yaratilayotgani mamnuniyat ila qayd etildi.
Shuningdek, viloyatdagi yarim yillik ish faoliyat tahlil qilinib, 41 mingdan ortiq ma’rifiy tadbir o‘tkazilgani, 4 800 nafar fuqaroning murojaati ijobiy hal etilgani, 5 600 ta mehnat migranti oilasi bilan muloqot tashkil qilingani, ehtiyojmand oilalarga 3,5 milliard so‘m va madrasalarga 809 million so‘m xayriya yordamlari ko‘rsatilgani ijobiy baholandi.
Yig‘ilishda Mustaqilligimizning 35 yilligi hamda "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" munosabati bilan masjidlarni obodonlashtirish, aholi orasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, fuqarolar murojaatlarini ijobiy hal etish va ma’naviy muhit sog‘lomligini yanada yaxshilash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Bundan tashqari, ish faoliyatni raqamlashtirish, muftiy.uz ilovasidan samarali foydalanish, internet makonida sifatli va mualliflik media-kontentlari bilan faol ishtirok etish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Muftiy hazratlari nuqtlari nihoyasida har bir imom-xatib o‘zini shariat xodimi va millat fidoiysi sifatida teran anglashi, tashabbuskorlik va kasbga sadoqat bilan xalqimizga xizmat qilishlari lozimligini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati