O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi diniy sohada ko‘p yillar samarali xizmat qilgan Buxoro viloyatining sobiq bosh imom-xatibi Mansur domla Nurullayevning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Rahmatli Mansur domla Nurullayev Mir Arab madrasasi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan, mehnat faoliyati davomida Buxoro viloyati Kogon tumani bosh imom-xatibi, “Bahouddin Naqshband” jome masjidi imom-xatibi va Buxoro viloyati bosh imom-xatibi vazifalarida fidokorona xizmat qilgan.
So‘nggi yillarda o‘zining ilmiy salohiyatini oshirish yo‘lida Tatariston Respublikasidagi Bulg‘or Islom akademiyasini tamomlagan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ushbu musibatga chin qalbdan sherik ekanini izhor etadi. Barchamizni Alloh taolo yaratgan. Taqdirlarimizni ihota qiluvchi yagona Zot ham faqatgina Robbimizning O‘zidir. Qur’oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…” (Baqara, 156) deyilgan.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan bu din xizmatchisini mag‘firatiga olsin, yaqinlariga sabru jamil berib, qazoi qadarini imon ila, rozilik ila qarshi olganlar qatorida ajru mukofotlar ato etsin.
Hadisi qudsiylardan birida aytiladi: “Ey Odam farzandi! …Albatta, Men sizlarning suratingizga ham, chiroyingizga ham qaramayman. Balki qalbingizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”. Rahmatli Mansur domla Nurullayev ham ana shunday yaxshi xislatlar egasi edi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hindiston Respublikasi Mudofaa vazirligi kotibiyati boshlig‘i, general Dinesh Kumar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Markaz bilan tanishuv davomida mehmon, ayniqsa, Usmon Mus'hafini ko‘rib chuqur taassurot olganini ta’kidlab, uni bu yerdagi eng noyob va unutilmas yodgorliklardan biri, deya e’tirof etdi.
Tashrif chog‘ida general Dinesh Kumar muzeyning boy ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishdi. U islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyasi, Islom sivilizatsiyasining taraqqiyot bosqichlari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bag‘ishlangan galereyalar, buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi, nodir qo‘lyozmalar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.
Mehmon ekspozitsiyalar tarixiy merosni zamonaviy muzeyshunoslik yechimlari orqali jonli va ta’sirchan tarzda namoyon etayotganini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, har bir galereya o‘zaro uzviy bog‘langan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston va butun mintaqa sivilizatsiyasi tarixini yaxlit holda anglash imkonini beradi.
General Dinesh Kumar bunday dedi:
➖ Bu haqiqatan ham hayratlanarli maskan. Delegatsiyam bilan birgalikda bu yerga kelib, katta taassurotlar oldik. Markazning me’moriy qiyofasi, ekspozitsiyalarning yuksak saviyada tashkil etilgani hamda islomgacha bo‘lgan davrdan tortib bugungi kungacha bo‘lgan tarixning izchil va ta’sirchan tarzda yoritilgani meni chuqur hayratga soldi. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar yordamida tarixni jonlantirish usuli tahsinga sazovor. Bu yerda har bir ekspozitsiya o‘tmishni nafaqat ko‘rish, balki uni chuqur his qilish imkonini ham beradi.
Bizga namoyish etilgan Usmon Mus'hafi so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan darajada noyob meros ekan. Bu men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi va uni umrim davomida eslab yuraman.
O‘zbekistonga keladigan har bir sayyoh ushbu maskanni albatta ko‘rishi kerak. Biz Hindistonga qaytgach, do‘stlarimiz va hamkasblarimizga ham bu yerga tashrif buyurishni tavsiya qilamiz.
Tashrif yakunida general Dinesh Kumar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatning ko‘p asrlik tarixiy va ma’naviy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un holda namoyon etayotgan, xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-ma’rifiy maskan ekanini alohida ta’kidladi.
iccu.uz