Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

2. BAQARA (sigir) SURASI. 21-22 OYATLAR

11.07.2020   3044   4 min.
2. BAQARA (sigir) SURASI. 21-22 OYATLAR

يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ ٱعۡبُدُواْ رَبَّكُمُ ٱلَّذِي خَلَقَكُمۡ وَٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَتَّقُونَ٢١

  1. Ey insonlar, sizlarni va sizdan oldin o‘tganlarni yaratgan Parvardigoringizga ibodat qilinglar, shundagina taqvolilardan bo‘lasizlar.

Insonlar hech qanday sherigi bo‘lmagan, o‘zlari va oldin o‘tgan barcha ajdodlarining yagona yaratuvchisi Alloh taoloning O‘zigagina ibodat qilishga buyurilishgan. Bu bejiz emas, chunki Janobi Haqning uluhiyatida va yuksak sifatlarida sherigi bo‘lsaydi, u ham iloh sanalishi uchun ikki-uch iloh paydo bo‘lur edi. Oqibatda bu ilohlar bir-biri bilan ixtilof va kelishmovchiliklarga borar, ishlar sansolarga tushar, natijada butun dunyo nizomi buzilib, chegarasidan chiqib ketgan bo‘lur edi. Shu bois, uluhiyat va yaratuvchilik sifati Qodiru Zuljalol Alloh taoloning O‘zigagina xosdir. Bu haqda Qur’oni karim bunday deydi: "(Ey Muhammad), agar ulardan: «Osmonlaru Yerni yaratgan, quyosh va oyni bo‘ysundirgan kim?» deb so‘rasangiz, «Alloh», deyishadi. Unda qayoqqa o‘girilib ketishyapti?" (Ankabut, 61); "Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so‘raymiz" (Fotiha, 4); "Parvardigoriga ibodatda hech kimni sherik qilmasin" (Kahf, 110). Alloh taolo yuqoridagi oyatlarda uch toifaning ahvolini bayon etadi. Birinchisi mo‘minlar, ikkinchisi kofirlar, uchinchisi munofiqlarki, ular musulmon bo‘lib ko‘rinishsa-da, asli dillarida dinni inkor qilishadi. So‘nggi oyat bilan Alloh taolo butun insonlarga xitob qilib deydi: "Ey insonlar, butun olamlarning va ulardagi barcha maxluqotning egasi bo‘lgan Parvardigorga ibodat qilinglar, Unga boshqani aslo sherik qilmanglar, chunki sizlarga ma’lumki, Allohning tengi va sherigi yo‘qdir". Alqama aytadi: "Ey insonlar..." deb boshlanadigan har bir oyat makkiydir (ya’ni Makkada tushgandir), "Ey imon keltirganlar..." deb boshlanadigan har bir oyat esa madaniydir. Ya’ni, "Ey insonlar" Makka ahliga, "Ey imon keltirganlar" Madina ahliga xitobdir. Shu jumladan, yuqoridagi oyatda ham, quyida keluvchi 22-24-oyatlarda ham Makka mushriklariga xitob qilinyapti".

ٱلَّذِي جَعَلَ لَكُمُ ٱلۡأَرۡضَ فِرَٰشٗا وَٱلسَّمَآءَ بِنَآءٗ وَأَنزَلَ مِنَ ٱلسَّمَآءِ مَآءٗ فَأَخۡرَجَ بِهِۦ مِنَ ٱلثَّمَرَٰتِ رِزۡقٗا لَّكُمۡۖ فَلَا تَجۡعَلُواْ لِلَّهِ أَندَادٗا وَأَنتُمۡ تَعۡلَمُونَ٢٢

  1. U sizlarga Yerni to‘shab, osmonni shift qilib berdi va osmondan suv tushirib, sizlarga rizq sifatida turli mevalarni undirdi. Bilib turib ham, endi Allohga hech kimni sherik qilmanglar.

Alloh taolo insonlarga behisob ne’mat va yaxshiliklarni ato etib qo‘ygan: Yerni yashashga qulay va mos qilib yoyiq holda to‘shagan, osmondan yog‘inlar (suv) yog‘dirib, yerdan buloq-chashmalar chiqarib qo‘ygan, bandalariga rizq qilib, meva, sabzavotlar, mazali go‘shtlar paydo qilgan. Agar bir-ikki oy yog‘in yog‘dirmay qo‘ysin-chi, odamlar bu ne’matlardan bahramand bo‘la olisharmikin? Alloh taolo aytadi: "U Yerni sizlarga beshik qilgan, unda sizlar uchun yo‘llar ochgan va osmondan suv tushirgan Zotdir. Biz u bilan turli o‘simliklar navlarini undirib chiqardik, toki yenglar va chorvalaringizni boqinglar. Bunda aql egalari uchun oyat-alomatlar bordir". (Toha, 53-54-oyatlar). Bu mo‘l-ko‘l rizq, behisob ne’matlarni berish evaziga Parvardigor insonlardan faqat bir narsani – O‘ziga toat-ibodatda bo‘lishni, O‘ziga hech kimni, hech narsani sherik qilmaslikni talab etadi. Ya’ni, bilaturib foyda ham, zarar ham bera olmaydigan butlaringiz bilan Allohga shirk keltirmangiz. Allohdan o‘zgasi sizlarga rizq bermasligini yaxshi bilib turibsizlar, shuningdek, Payg‘ambar da’vat etayotgan narsaning ham haq ekanini bilib turibsizlar. Shunday bo‘lgach, nega yana kufr va shirk yo‘lini tark etmayapsizlar?! Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyat qiladi: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: "Qanday gunoh Alloh taolo dargohida eng og‘iri?" deb so‘radim. U zot: "O‘zingni yaratgan Alloh taologa shirk keltirish", dedilar. Men: "Haqiqatan, bu eng ulkan gunoh", dedim-da: "Undan keyin qaysisi?" deb so‘radim. U zot: "Ovqatimga sherik bo‘lmasin, deb o‘z bolangni o‘ldirishing", dedilar. "Haqiqatan, bu ulkan gunohlardan", dedim-da: "Undan keyin-chi?" deb so‘radim. U zot: "Qo‘shningning jufti haloli bilan zino qilishingdir", deya marhamat qildilar" (Buxoriy rivoyati).

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Iso alayhissalom kelajakda kelar

31.01.2025   304   6 min.
Iso alayhissalom kelajakda kelar

Insonlarning o’lchov va ko’nikmalariga qaralsa, Iso alayhissalomning tug’ilishlari ham, osmonga ko’tarilishlari ham odamlarni hayratga soluvchi, g’ayritabiiy hodisa hisoblanadi.

Iso alayhissalom ko’r bo’lib tug’ilganlarni va peslarni davolar, o’likni Allohning izni ila tiriltirar, loydan qushning shaklini yasab puflasalar  Allohning izni ila haqiqiy qushga aylanar edi.

Odamlar esa u zotni yolg’onchiga chiqardi. Payg’ambarliklarini tan olishmadi. Imkon qadar u zotni yo’q qilib yuborishga harakat qildilar. Bu haqidagi qissa esa,  hammaga mashhurdir.

Ular Iso alayhissalomni o’ldirganliklarini da’vo qildilar. Lekin bu quruq da’vo xolos, haqiqatni esa Quroni Karim bayon qiladi. Niso surasining 157-oyatida:

وَقَوۡلِهِمۡ إِنَّا قَتَلۡنَا ٱلۡمَسِيحَ عِيسَى ٱبۡنَ مَرۡيَمَ رَسُولَ ٱللَّهِ وَمَا قَتَلُوهُ

“Biz Allohning Rasuli Masih Iyso ibn Maryamni o’ldirdik”, deganlari uchun ularni la’natladik. Holbuki uni o’ldirmadilar ham, osmadilar ham, lekin ularga shunday tuyuldi.

Oyatning kelasi qismiga asosiy e’tiborimizni qaratishimiz kerak bo’ladi:

وَإِنَّ ٱلَّذِينَ ٱخۡتَلَفُواْ فِيهِ لَفِي شَكّٖ مِّنۡهُۚ مَا لَهُم بِهِۦ مِنۡ عِلۡمٍ إِلَّا ٱتِّبَاعَ ٱلظَّنِّۚ وَمَا قَتَلُوهُ يَقِينَۢا

“U haqida ixtilofga tushganlar uning o’limi haqida shak-shubhadadirlar. U to’g’risida ularning bilimlari yo’q, magar gumonga ergasharlar. Uni o’ldirmaganlari aniqdir”.

لَقَدۡ كَفَرَ ٱلَّذِينَ قَالُوٓاْ إِنَّ ٱللَّهَ هُوَ ٱلۡمَسِيحُ ٱبۡنُ مَرۡيَمَۖ ُ

“Alloh, albatta, Masih ibn Maryamdir deganlar kofir bo’ldi” (Moida,72).

Iso alayhissalom nasorolarga, men Xudoman menga ibodat qiling demaganlar.

لَّقَدۡ كَفَرَ ٱلَّذِينَ قَالُوٓاْ إِنَّ ٱللَّهَ ثَالِثُ ثَلَٰثَةٖۘ

“Alloh uchtaning uchinchisidir, deganlar batahqiq kofir bo’ldilar” (Moida,73).

Ular Allohning tabiati bir-biriga teng uchta ko’rinishdan – Ota xudo, o’g’il xudo va Muqaddas ruhdan iborat deyishdi.

Alloh taolo bularga javob o’laroq, suraning davomida :

مَّا ٱلۡمَسِيحُ ٱبۡنُ مَرۡيَمَ إِلَّا رَسُولٞ

“Masih ibn Maryam bir rasul xolos undan oldin ham rasullar o’tgan” (Moida, 75) dedi.

Endi Iso alayhissalomning osmonga ko’tarilganlari va qayta tushishlarini inkor qiluvchilarning bir necha da’volarini ko’rib chiqamiz.

Alloh taolo Quroni karimda Iso alayhissalomning  vafot etganini zikr qildi.

O’shanda Alloh aytdi:

إِذۡ قَالَ ٱللَّهُ يَٰعِيسَىٰٓ إِنِّي مُتَوَفِّيكَ وَرَافِعُكَ إِلَيَّ

“Ey Iso, Men seni vafot qildiruvchi va O‘zimga ko‘taruvchiman” (Oli Imron, 55).

Va yana Iso alayhissalomdan hikoya qilib:

وَكُنتُ عَلَيۡهِمۡ شَهِيدٗا مَّا دُمۡتُ فِيهِمۡۖ فَلَمَّا تَوَفَّيۡتَنِي كُنتَ أَنتَ ٱلرَّقِيبَ عَلَيۡهِمۡۚ وَأَنتَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ شَهِيدٌ

“Va modomiki oralarida ekanman, ularga guvoh bo‘ldim. Meni O‘zingga olganingdan so‘ng, Sening O‘zing ularga kuzatuvchi bo‘lding. Zotan, Sen har bir narsaga guvohsan” (Moida,117).

Bu yerda توفى – o’lim ma’nosida keladi deydilar .

Kavsariy aytadi: توفى ning asil ma’nosi قبض va أخذ ya’ni  qo’lga olish va egallab olish ma’nosidadir. Majozan o’lim ma’nosida ishlatiladi. Zamaxshariyning “Asasul balog’at” kitobida kelgani kabi. Oyatning ma’nosi “seni yerdan oluvchiman va osmonga ko’taruvchiman”.

An’om surasining 60-oyatida توفى kalimasining boshqa ma’noda kelishini ham ko’rishimiz mumkin:

وَهُوَ ٱلَّذِي يَتَوَفَّىٰكُم بِٱلَّيۡلِ وَيَعۡلَمُ مَا جَرَحۡتُم بِٱلنَّهَارِ

“U Zot sizlarni tunda vafot ettiruvchi va kunduzi qilgan amallaringizni biluvchi Zotdir”.

Bu yerda ham ulamolar توفى ning ma’nosi “uxlatib qo’yish” deb tafsir qilganlar.

Ibni Qutayba: Oyatning ma’nosi “seni yerdan vafot ettirmasdan qabz qilib oldim” degani. Bu ma’no boshqa oyat va xabarlar bilan o’zaro mos keladi.

Iso alayhissalomning tirik holatda uzoq muddat qolishi Allohning sunnatiga to’g’ri kelmaydi, deguvchilar bor.

Qiyomatning katta alomatlari odatga xilof ishlardan bo’ladi. Misol uchun quyoshning mag’ribdan chiqishiga o’xshash. Shuningdek Iso alayhissalomning tirikliklari va tushishlari ham shunga misol bo’ladi. Iso alayhissalomning tug’ilishlari ham odatdan tashqari ish bo’lgan va u zotning tirikliklariga ham ajablanilmaydi.

Iso alayhissalom haqida hadislar ohod hadislardir, sahih emas deb davo qiladilar.

Bu hadislar sahihdir. Imom Buxoriy va Muslim bu hadislarning bir guruhini sahihlarida rivoyat qilishgan.

Iso alayhissalomning oxirgi zamonda tushishlari nubuvvatning tugagani  haqidagi muhkam oyatlarga ziddir, degan navbatdagi da’voni qiladilar.

U Zot alayhissalom musulmonlardan biri bo’lib tushadilar. Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashadilar va Islom shariati bilan hukm qiladilar. Nabiiy yoki rosul sifatida kelmaydilar va bu nubuvvatning tugaganini inkor qilmaydi.

Bu haqida  Sirojiddin Osh’iy “ Bad’ul a’moliy” asarlarida quyidagini aytadilar:

وَعِيسَى سَوفَيَ ْتِثُّي َتْوِيي

لِدَجَّالٍ شَقِي  ٍذِي خَبَال

“Albat, Iso alayhissalom kelajakda kelar,
So’ng, badbaxt dajjol tomon yo’l olar”.

Ahli sunna val jamoa mazhabi o’ta ishonchli manbalar asosida Iso alayhissalom o’lganlari yo’q, Alloh u zotni O’ziga ko’tarib olgan, qiyomat qoim bo’lishidan oldin qaytib tushadilar, deb e’tiqod qiladi.

Lekin, Alloh u zotni qanday qilib o’ziga ko’tardi – O’zidan boshqa hech kim bilmaydi. Bu masala ochiq bo’lib, bandalarning daxli bo’lmagan, g’ayb masalariga kiradi.


Sohiba Rahmonova,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti talabasi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining. “ Tafsiri Hilol” asarlari;
  2. Hamza Bakriy. “Ususul aqidatil islamiyya”;
  3. Abduqodir Abdurrahim. “E’tiqod durdonalari”.