Qirg‘izistonda din sohada ko‘p yillar xizmat qilgan, Hanafiy mazhabi ulamolaridan biri Chubak hoji Jalilovning vafoti munosabati bilan o‘z nomimdan va O‘zbekiston musulmonlari nomidan Qirg‘iziston mo‘min-musulmonlariga va rahmatli din olimining yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiramiz. O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ushbu musibatga chin qalbdan sherik ekanini izhor etadi.
Qardoshlarimizning ushbu ulkan qayg‘u va yo‘qotishlariga sherik bo‘lgan holda, Alloh taolodan ularga sabr-bardosh tilaymiz. Zero, Qur’oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…” (Baqara, 156) deyilgan.
Taniqli ulamo Chubak hoji Jalilovning Hanafiy mazhabi ta’limotini keng yoyish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlarini husni qabul aylab, ulkan ajru savoblar ato etsin.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum ulamoni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisi, muftiy Usmonxon Alimov
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati