مَثَلُهُمۡ كَمَثَلِ ٱلَّذِي ٱسۡتَوۡقَدَ نَارٗا فَلَمَّآ أَضَآءَتۡ مَا حَوۡلَهُۥ ذَهَبَ ٱللَّهُ بِنُورِهِمۡ وَتَرَكَهُمۡ فِي ظُلُمَٰتٖ لَّا يُبۡصِرُونَ١٧
Ushbu oyati karima yo‘ldan adashganlar haqidagi juda chiroyli zarbulmasaldir. Zimiston cho‘lda ketayotgan kishi qo‘lidagi bir dona gugurt cho‘pini arang yoqqanida u atrofni bir zumga yoritadi-da, bitta shamol kelib uni o‘chirib qo‘ysa, atrof yana hech narsani ko‘rib bo‘lmaydigan zulmatga aylanadi. Munofiqlar haqni ko‘ra olmay imon nurini kufr va nifoqlari bilan o‘chirib qo‘yganlari uchun Alloh azza va jalla ularni kufr zulmatlarida tanho qoldirib, tark etdi. Bunday kimsalar haqida Vohidiy aytadi: "Aldamoqchi bo‘lganlarga o‘zlariga yarasha muomala qilinadi. Ya’ni, xuddi mo‘minlarga berilgani kabi ularga ham nur beriladi. Yo‘lga tushganlarida esa nurlari o‘chib qoladi-da, zulmatda qolib, yo‘ldan adashib ketishadi".
صُمُّۢ بُكۡمٌ عُمۡيٞ فَهُمۡ لَا يَرۡجِعُونَ١٨
Yomon ishlari sababidan Alloh taolo munofiqlarning ozgina nurini ham shundoq o‘chiradiki, endi ularga Allohning nuri hargiz nasib bo‘lmaydi. Chunki ular o‘z rasvoliklari, yomon fe’llari, fasod ishlari va Alloh taologa shirk keltirganlari tufayli abadiy zalolat zulmatlarida kar, soqov va ko‘r kimsalar kabi qolishadi. Haqiqatan, ularning quloqlari kar bo‘lgani uchun o‘zlariga qilinayotgan da’vat va va’z-irshodlarni eshitishga qodir emaslar. Ular soqov bo‘lishgani uchun Allohga imonlarini izhor etishga, Uning zikrini qilishga tillari aylanmaydi. Ko‘zlari ko‘r bo‘lgani uchun to‘g‘ri yo‘lni, hidoyat yo‘lini ko‘ra olmay, kufr va shirk botqoqliklarida izg‘ishadi. Shu bois haq yo‘lni topolmay, g‘aflatda o‘tib ketishadi. Sizlar ularni hidoyatga chorlashga urinmanglar, ular endi bu noto‘g‘ri yo‘llaridan aslo qaytishmaydi.
أَوۡ كَصَيِّبٖ مِّنَ ٱلسَّمَآءِ فِيهِ ظُلُمَٰتٞ وَرَعۡدٞ وَبَرۡقٞ يَجۡعَلُونَ أَصَٰبِعَهُمۡ فِيٓ ءَاذَانِهِم مِّنَ ٱلصَّوَٰعِقِ حَذَرَ ٱلۡمَوۡتِۚ وَٱللَّهُ مُحِيطُۢ بِٱلۡكَٰفِرِينَ١٩
Inson tabiatan qo‘rqoq bo‘lgani uchun qattiq yomg‘ir yoqqanida, qorong‘ulik bosganida, momaqaldiroq gumburlaganida yoki chaqmoq chaqqanida yuragini vahima bosib, bu dahshatli tovushlarni eshitmaslik uchun barmoqlarini qulog‘i ichiga tiqib oladi. Kofir va munofiqlar ham Alloh diniga qilingan da’vatlarni eshitmaslik uchun quloqlarini berkitib, ko‘zlarini yumib olishadi. Ammo bu qilmishlari ularni muqarrar hisob-kitobdan ham, oxirat azoblaridan ham qutqarib qolmaydi. Alloh taolo kofir kimsalarni o‘rab-qamrab oluvchidir, ular Allohning muqarrar azobidan hech qayoqqa qochib qutula olmaydilar, U Zot kofirlarni albatta mag‘lub va halok qiladi.
يَكَادُ ٱلۡبَرۡقُ يَخۡطَفُ أَبۡصَٰرَهُمۡۖ كُلَّمَآ أَضَآءَ لَهُم مَّشَوۡاْ فِيهِ وَإِذَآ أَظۡلَمَ عَلَيۡهِمۡ قَامُواْۚ وَلَوۡ شَآءَ ٱللَّهُ لَذَهَبَ بِسَمۡعِهِمۡ وَأَبۡصَٰرِهِمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٞ٢٠
Bu ikkinchi misoldan ko‘rinadiki, Islom dinida avval biroz kulfat-mashaqqat ko‘rilsa ham, nihoyasi tamoman rohat-farog‘atdir. Go‘yo yomg‘ir kabiki, oldiniga qorong‘ulik, guldurak chaqmoq-momaqaldiroqlar bilan keladi, oxiri dunyoni ne’matga serob qiladi. Islomning ibtidoiy holatlaridan qo‘rqqan munofiqlar goh musulmon, goh kofir bo‘lib, oqibatda barcha saodatdan, hatto insoniylikdan ham mahrum bo‘lishdi. Alloh taolo aytadi: “Momaqaldiroq ham Unga maqtov bilan, farishtalar ham Undan qo‘rqqan hollarida tasbeh aytadi. U yashinlarni yuborib, ular bilan O‘zi xohlagan kishilarni Alloh xususida tortishib turganlarida uradi. Uning ushlashi qattiqdir”. (Ra’d, 13).
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV