Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Avgust, 2026   |   5 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:08
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:17
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
18 Avgust, 2026, 5 Rabi`ul avval, 1448

Shoshiling, Hadis ilmi maktabida o‘qish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!

09.07.2020   6049   3 min.
Shoshiling, Hadis ilmi maktabida o‘qish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 20 iyunidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga 2020-2021 o‘quv yili uchun abituriyentlarning hujjatlarini qabul.muslim.uz portali orqali onlayn qabul qilish jarayonlari boshlangan edi.

Hadis ilmi maktabi oliy diniy ta’lim muassasasiga o‘qish uchun abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish 10 iyul kuni soat 20:00 ga qadar davom etishini ma’lum qilamiz.

Hadis ilmi maktabining ushbu o‘quv yildagi abituriyentlar uchun qanday imkoniyatlar mavjud?

Birinchidan, Hadis ilmi maktabiga abituriyentlarni hujjatlarini qabul qilish muddati boshqa oliy diniy ta’lim muassasalari (Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasi)dan farqli o‘laroq, 10 kun oldin yakunlanishini inobatga olib, Maktab abituriyentlari joriy yilning  15 iyuliga qadar barcha qabul imtihonlariga ishtirok etishadi.

Ikkinchidan, Qabul imtihonlari natijalari imtihondan so‘ng tezda e’lon qilinishini inobatga olib, Maktab abituriyentlari imtihon natijalaridan ko‘ra kirish uchun yetarli ball to‘play olmagan taqdirda, 20 iyulga qadar boshqa oliy diniy ta’lim muassasasi (Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasi)ga hujjat topshirish hamda qabul imtihonlariga qayta ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Uchinchidan, Hadis ilmi maktabiga kirish uchun yetarli ball to‘playmagan abituriyentlar qabul imtihonlariga qatnashish orqali boshqa oliy diniy ta’lim muassasasiga kirish uchun qabul imtihonlari bo‘yicha tajriba hosil qiladilar.

Demak, Hadis ilmi maktabi abituriyentlari bir yilda ikkita oliy diniy ta’lim muassasasiga hujjat topshirib, imtihon jarayonlariga ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. 

Hadis ilmi maktabiga abituriyentlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  1. Pasport (elektron shakli);
  2. O‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjat (diplom) elektron shaklda;
  3. 1 dona rangli fotosurat (3x4 hajmdagi) elektron shaklda.

Abituriyentlar hujjatlarni masofaviy tarzda qabul.muslim.uz portali orqali topshirishadi.

Hujjatlarni qabul qilishning oxirgi muddati: 2020 yil 10 iyul soat 20:00 ga qadar. 

Hadis ilmi maktabiga qabul imtihon fanlari:

  • “Hadis va Mustalahul hadis” (ijodiy imtihon) 93 ball;
  • “Arab tili” (ijodiy imtihon) 63 ball;
  • “O‘zbekiston tarixi” (test) 30 ta savol, har bir to‘g‘ri javobga 1.1 ball beriladi, jami 33 ball. 

 

Hadis ilmi maktabi koll markaz telefon raqami: (+99866) 240 20 51 

Shuningdek, Hadis ilmi maktabi qabul jarayonlari to‘g‘riisdagi to‘liq ma’lumotni hadith.uz sayti va uning ijtimoiy tarmog‘laridagi manzillari orqali olishingiz mumkin.

Boshqa maqolalar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   46557   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati