Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Avgust, 2026   |   3 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:19
Shom
19:25
Xufton
20:49
Bismillah
16 Avgust, 2026, 3 Rabi`ul avval, 1448

Saxiylik eng yaxshi insoniy xulqlardandir

08.07.2020   7782   7 min.
Saxiylik eng yaxshi insoniy xulqlardandir

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom yaxshilik qilishda, saxiylikda, infoq-ehson qilishda saxovatlilarning saxovatlisi edilar. U zotdan biron narsa so‘ralsa, aslo yo‘q  demasdilar.

Kimga  mol - dunyo berilgan bo‘lsa, uni ko‘paytirib, bosib yotmasdan  infoq - ehson, sadaqa yo‘llariga sarf qilishi kerak. Saxiylik najot topishning yo‘llaridandir. Alloh taolo saxiylikni insonlarning eng yaxshi fazilatlaridan sanab, saxiy kishilarga oxiratda ulkan ajr - savoblar bo‘lishi xabarini bergan: Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi. (Ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda). Alloh o‘zi xohlagan bandalariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazli-karami) keng, bilguvchi zotdir" (Baqara surasi, 261-oyat).

Hazrat Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: Nabiy (sallallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shohlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi. Baxillik ham bir daraxt, tomirlari do‘zaxda va shoxlari dunyoga tushgan. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni do‘zaxga olib boradi”.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam eng saxovatli Zot edilar. U kishining saxovati oldida boshqa saxovatlar ip esha olmas edi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarning eng yaxshisi, odamlarning eng saxiysi va odamlarning eng shijoatlisi edilar”.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan biror narsa so‘ralganda, hech qachon “yo‘q” demaganlar”.

Saxovat – avvalo, Allohga shukronalik qilishning bir belgisi. Axir, karam bilan saxoni ham Allohing o‘zi bandasiga ravo ko‘ribdimi, buning shukronasi bo‘lishi, ya’ni baxillik qilmaslik kerak-da. Bu to‘g‘risida Alisher Navoiy hazratlari shunday deydilar:

Buki sanga Tengri ato ayladi,

Qism karam birla saxo ayladi.

Judu saxovat chog‘i buxl etmagil,

Shukr zamoni dog‘i buxl etmagil.

Saxovat, alloma Badruddin Ayniyning izohlashicha, "Haqdorga tegishli narsani berish, o‘z molidan hech bir evazsiz sarflashdir. Bu eng ulug‘ chiroyli xulqlardan biri. Baxillik esa buning aksidir".

Saxiyning Allohga yaqinligi masofa ma’nosida emas, balki Allohning rahmati va savobiga yaqinlik ma’nosidadir. Zero, Alloh taolo makon va zamondan pok Zotdir.

Odamlarga yaqin bo‘lishi deganda, ularning muhabbati, hurmati va e’zozi kabi ma’naviy yaqinlik ko‘zda tutilgan. Mazkur o‘rinda ham makon jihatidan yaqinlik maqsad qilinmagan.

Jannatga yaqinlikdan murod masofa bo‘lishi mumkin, bu joizdir. Chunki kishi o‘z molidan Alloh taolo roziligi uchun loyiq joylarga mo‘l-ko‘l sarf qilish bilan jannat yo‘lini tutgan hisoblanadi. Hadisi shariflarda jannat atrofi qi­yinchilik va mashaqqat, do‘zax atrofi esa shahvat va ma’siyat pardalari bilan o‘ralgani aytiladi. Kishi amali tufayli do‘zaxdan uzoq bo‘lib, jannatga yaqin bo‘ladi yoki aksincha.

Insonning jannatga yaqinlashuvi jannat bilan o‘zi orasidagi pardalarni ko‘tarishi demakdir. Xayrli amallar, xususan, Alloh taolo rizosi yo‘lida qilingan sarf-xarajatlar ana o‘sha pardalarni ko‘tarishini olimlar bayon etganlar.

Xabarlarda saxiylik va saxiylar haqida shunday deyilgan: “Saxiy kishining taomi shifodir, baxil odamning taomi kasallikdir”, “Saxiy kishining xatolarini kechiringlar, chunki Alloh taolo har bir qoqilganida uni qo‘lidan tutib turadi”, “Xufyona qilingan sadaqa Allohning g‘azabini so‘ndiradi”.  

Alloh taolo aytadi: Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”. (Baqara surasi, 271-oyat).

Shu tufayli salafi solihlar o‘zlarining sadaqalarini odamlar ko‘zidan yashirishda mubolag‘a qilganlar. Toki sadaqa berguvchining kimligi bilinmasin. Ba’zilari ko‘r kambag‘alni, ba’zilari uxlab yotgan faqirni qidirar, ba’zilari esa faqirlar olishi uchun ular o‘tadigan yo‘lga sadaqalarini tashlab qo‘yishar edi.

Abdulloh ibn Mas’udning mana bu fikrlariga e’tibor bering: “Qaysilaringiz bir dirhamni sog‘ligida va baxilligida infoq-ehson qilsa, o‘lim vaqtida yuz dirhamni infoq etishni vasiyat qilishidan yaxshiroqdir. Agar boylik topsang, uni qurtlarga yem bo‘lmasin yoki qaroqchilar qo‘liga tushmasin, desang, sadaqa qil”. 

Yahyo ibn Muoz aytadi: “Har qanday odamning qalbida saxiyga muhabbat, baxilga nafrat bor”. Hasan Basriy: “Torlik, ziqnalik qilmanglar, aks holda sizlarga torlik qilinadi”, deganlar.

Imom G‘azzoliy aytadi: “Baxillik dunyoga bog‘lanishning mevasi, saxiylik esa zuhdning, ya’ni dunyoga qiymat bermaslik samarasidir. Saxiylik haqiqiy tavhid va tavakkulga erishish natijasidir. Ya’ni sadaqa bilan mol kamayib qolmasligiga, Alloh taoloning birga o‘n barobar qilib qaytarish va’dasiga va rizqni Alloh taolo yetkazishiga ishonchdan saxiylik tug‘iladi. Baxillik shubhadan tug‘iladi. Sabablarga yopishib qolish va Alloh taoloning rizq haqidagi va’dasidan shubhalanish natijasidir”.

Salmon Forsiyning aytishicha, “Agar saxiy kishi vafot etsa, yer hamda odamlarning nomai a’mollarini bituvchi farishtalar bunday deydi: “Ey Rabbim, bandangning bu dunyoda qilgan gunohlarini avf et!”. Agar vafot etgan kimsa baxil bo‘lsa, ular: “Ey Allohim, bu bandani jannatdan to‘sgil, chunki u bandalaringni Sen uning qo‘liga bergan mol-dunyolardan to‘sgan edi”, deyishadi. 

Saxiylik va baxillikning bir necha darajalari bor. Saxiylikning eng oliy darajasi o‘zining mol-dunyoga hojati bo‘lib tursa-da, qo‘lidagi hamma narsani saxiylik bilan boshqalarga tarqatib yuborishdir. Baxillikning eng yuqori pog‘onasi esa kishining molga hojati bo‘laturib, uni o‘ziga sarflashda baxillik qilishidir. Hazrati Ali aytganlariday, “Boylik ehson qilinsa – izzat, berkitilsa xorlik keltiradi”.

Albatta, Ramazon xayru eh­son oyi. Ezgulikka tashna xalqimiz bu oyda yanada saxovatli bo‘lishadi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: Sadaqalarning eng yaxshisi Ramazon oyida qilingan sadaqadir”,  deganlar. Shun­ga ko‘ra zakot va nafl sada­qalarni ham Ramazon oyida ado etish yanada fazilatlidir.

Rabbimiz o‘z bandalarini doimo xayru saxovatli bo‘lishga buyuradi. Saxiylik insonga baxt-saodat keltiradigan va o‘zgalarning sevimli kishisiga aylantiradigan xislatdir. Mehr-muruvvat, hamjihatlik, saxiylik xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan go‘zal fazilat hamdir. Xayr-saxovat, saxiylik insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qiladi.  Donolar aytganidek, “Aqlning qadri odob bilan, boylik qadri saxovat bilan oshadi”. 

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   21871   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari