Yaratganning bandalarga rahmati,
Mag‘firatdur mo‘minga har zahmati,
To‘sib nordan ro‘zadorni shafqati,
Kirib keldi oylar shohi Ramazon,
Qutlug‘ bo‘lsin elga mohi Ramazon.
Dil poklanar kunduzlari siyamdan,
Cheksiz rohat yog‘ar tunlar qiyamdan,
Shukronalar qilgil bunday niamdan,
Kirib keldi oylar shohi Ramazon,
Qutlug‘ bo‘lsin elga mohi Ramazon.
Har lahzasi chorlab xayru saxoga,
Tenglik bo‘lar bunda shohu gadoga,
Har yon to‘lib qur’oniy xush sadoga,
Kirib keldi oylar shohi Ramazon,
Qutlug‘ bo‘lsin elga mohi Ramazon.
Quvib o‘zdan lain iblis shaytonni,
Boy bermagay oqil bunday imkonni,
Do‘st tutmagay aslo beg‘am nodonni,
Kirib keldi oylar shohi Ramazon,
Qutlug‘ bo‘lsin elga mohi Ramazon.
G‘animatdur bu kunlarga bo‘l tolib,
Saodatli damlaridan bahr olib,
Nafsing bilan jangda bo‘lgil sen g‘olib,
Kirib keldi oylar shohi Ramazon,
Qutlug‘ bo‘lsin elga mohi Ramazon.
Tolibjon Ro‘ziboyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati