Fotiha surasi, 5–7 oyatlar.
ٱهۡدِنَا ٱلصِّرَٰطَ ٱلۡمُسۡتَقِيمَ
"To‘g‘ri yo‘l" – Allohning hidoyat yo‘li, Uning rizosiga erishish yo‘lidir. Mazkur suraning xulosasi shuki, Islom dini uchun asos bo‘lgan aqida uchtadir: birinchisi – tavhid, ya’ni Allohni zot va sifatda yakkayu yagona bilish; ikkinchisi – risolat, ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni haq payg‘ambar deb bilish; uchinchisi – Qiyomatga imon keltirish. Aksari makkiy suralarda ushbu uch aqida borasida so‘z boradi. Allohning hidoyat yo‘li faqat Uning O‘ziga imon keltirish, Unga qullik qilish, Uning toat-ibodatida qoim bo‘lishdir. Faqat Parvardigorning O‘ziga yukunish, barcha ishlarni Unga havola etish, Uning O‘zidangina umidvor bo‘lish, Undan qo‘rqish, mag‘firati va rahmatini umid qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir. Alloh taolo insonni O‘ziga ibodat qilishi, amr-farmonlarini bajarishi uchungina xalq qilgan. Bunga da’vat qilish uchun rasullarini yuborgan, kitoblar nozil qilgan. Uning haq yo‘lini tutganlar, Unga ibodat qilganlar, amr-farmonlarini bajarib, qaytargan ishlaridan chekinganlar hidoyat topishgan. Oxiratda ajr-mukofotlarga (jannatga) erishish xushxabari bilan mujdalanishgan. Allohning buyruqlarini inkor etgan, rasullariga itoatda bo‘lmagan, zalolatga ketib, kufr va shirk yo‘lini tanlagan kimsalarga esa oxiratda alamli azoblar, do‘zax qiynoqlari borligi xabari berilgan.
صِرَٰطَ ٱلَّذِينَ أَنۡعَمۡتَ عَلَيۡهِمۡ
Allohning in’omiga (hidoyatiga) sazovor bo‘lgan, Alloh sevgan zotlar payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih-yaxshi kishilardir. Masalan, payg‘ambarlar Alloh taolo insonlar orasidan saralab olgan zotlar bo‘lib, ular mo‘minlarga dunyo va oxirat xushxabarlarini yetkazishadi, kofir va mushrik kimsalarni dunyo va oxiratda shiddatli azoblar borligidan ogohlantirishadi. Siddiqlar esa Allohning mavjudligi va yagonaligiga, Uning payg‘ambarlari, farishtalari, kitoblariga hech qanday taraddudsiz, shubha-gumonsiz ishongan rostgo‘y va imonli kishilardir. Shahidlar esa Alloh dinini g‘olib qilish, Uning shariati Yer yuzida joriy bo‘lishi yo‘lida jon fido qilgan saodatmand mo‘minlardir. Alloh bandalarini O‘ziga ibodat qilishlari uchun aziz va mukarram, Yerdagi O‘zining xalifasi qilib yaratish bilan birga ularni imtihon ham qilish uchun ularga ikki yo‘lni – imon va hidoyat yo‘li bilan kufr va zalolat yo‘lini ro‘para qilib qo‘ygan. Birinchi yo‘lni tanlaganlar Allohga bo‘ysunishadi, Undan qo‘rqishadi, Alloh ko‘rsatganiday faqat solih, ezgu amallar qilib o‘tishadi. Bularning evaziga abadiy rohat-farog‘at maskani bo‘lmish jannat bilan mukofotlanishadi. Ikkinchi yo‘lni tanlaganlar esa Allohga shirk keltirgan, shayton vasvasasiga, nafs aldoviga uchib, umrini gunoh va qabih ishlar bilan o‘tkazgan, yelga sovurganlardir. Ular cheksiz azob-uqubat o‘chog‘i bo‘lmish jahannamda abadiy azob chekish bilan jazolanadilar. Shuning uchun musulmonlar har namozlarida Alloh taologa yolborib, Parvardigor in’omiga sazovor bo‘lgan solih insonlar safida etib qo‘yishini so‘rashadi.
غَيۡرِ ٱلۡمَغۡضُوبِ عَلَيۡهِمۡ وَلَا ٱلضَّآلِّينَ
Uning g‘azabiga uchraganlar yahudiylar, yo‘ldan ozgan-adashganlar esa nasroniylardir. Darhaqiqat, insoniyat tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsangiz, Qur’oni karimning bu haqiqati va hikmatiga to‘la ishonch hosil qilasiz. Yahudiylar eng qadimiy, Alloh aziz qilgan, ulkan salohiyat, ilmu hikmat ato etgan ulug‘ qavm, xalq bo‘lgan. Deyarli barcha payg‘ambarlar ham shu millatdan tanlab olingan. Alloh taolo bu xalqqa juda ko‘p marhamatlar qilgan, ne’matlar ato etgan, ularning martabasini ko‘targan. Ammo aynan yahudiylargina hamisha Allohning vahiylariga osiylik qilishgan, u yuborgan payg‘ambarlarni xo‘rlashgan, hatto jismonan yo‘qotishgacha borishgan. Ana shunday osiyliklari uchun ular Alloh taoloning g‘azabiga giriftor bo‘lishgan, necha marta ular boshiga turli ofat-balolar, halokatlar kelgan. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: "Ularga xorlik-muhtojlik tushirildi va Alloh taoloning g‘azabiga giriftor bo‘lishdi. Bu, Alloh taoloning hukmlariga kufr keltirishgani, payg‘ambarlarni nohaq o‘ldirishgani uchundir. Bu, itoatsizlik qilib, haddan oshishgani uchundir!" (Baqara, 61).
Nasroniylar esa, din va shariatlaridan chalg‘ib-adashib ketishgan, Iso Masihni Allohning o‘g‘li, hatto Xudo deyishgacha borishgan, "Muqaddas Uchlik" (Xudo, Uning ayoli Maryam va Xudoning "o‘g‘li" Iso yoki Xudo, Uning "o‘g‘li" Iso va Jabroil) degan bema’ni e’tiqodni o‘ylab topishgan, o‘zlariga nozil qilingan Injilga behisob tuzatish-o‘zgartirishlar kiritib, uning ilohiy mohiyatiga nuqson yetkazishgan. Shuning uchun Alloh taolo ularni O‘z Kalomida "yo‘ldan adashganlar" deb zikr etyapti. Goho ayrimlarning mana bunday "dono"liklariga duch kelamiz: "Yahudiy va nasroniylar ham yagona Allohga ibodat qilishadi, musulmonlar ularning payg‘ambarlari Muso va Iso alayhimassalomni Allohning payg‘ambarlari, deb ishonishadi. Shunday bo‘lgach, uchala ilohiy din o‘rtasidagi ixtiloflarga chek qo‘yish uchun ularni birlashtirib, yagona bir dinga e’tiqod qilsa bo‘lmaydimi?" Dinlar tarixidan mutlaqo bexabar kimsalarning bu "kashfiyot"lari misrlik din islohotchisi Muhammad Abdu’ning "Islom va nasroniylik" kitobidagi mana bu jumlalarga nihoyatda hamohang va o‘xshash bo‘lib ko‘rinadi: "Barcha dinlar yagonadir. Ular tashqi ko‘rinishlari bilan farqlanadi, xolos. Men xohlardimki, yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlasalar (Olimning fikri shu yergacha mantiqan to‘g‘ri – muallif). Men aytamanki, dunyoning ikki ulug‘ dini bo‘lgan Islom va nasroniylik bir-biriga qo‘lini cho‘zib quchoqlashadi. O‘shanda Tavrot, Injil va Qur’on bir-birini quvvatlaydigan kitoblar bo‘ladi, hamma yerda o‘qiladi va har bir millat tomonidan e’zozlanadi". Muhammad Abdu’ musulmonlar Tavrot va Injil o‘qiydigan bo‘lishlarini kutayotganini yozgan.
Bu masalada haqiqat kim tomonida? Agar yuqoridagi fikrlarda asos bo‘lsa, unda Alloh taolo nega butun insoniyatga oxirgi haq din deb Islomni tanlagan? Unda nega Alloh butun kishilik jamiyatiga oxirgi payg‘ambar qilib Muhammad alayhissalomni yuborgan? Ana shu savollarga aniq javobni esa Qur’oni karim oyatlaridan topamiz: "Alloh nazdidagi maqbul din Islomdir. Ahli kitoblar bilib turishsa ham o‘zaro hasad tufayli tortishuvga borishdi". (Oli Imron, 19); "Bugun diningizni mukammal qildim, ne’matlarimni benuqson, to‘liq qilib berdim va sizlarga Islomni din deb rozi bo‘ldim". (Moida, 3); "U O‘z Payg‘ambarini hidoyat va haq din bilan, uni barcha dinlardan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir". (Fath, 28).
Fotiha surasining avvalgi qismida Alloh taologa hamdu sano va ikkinchi qismida duo ta’limi bor. Surani o‘qib tugatgach, "Omin!" ("Allohim, ijobat qil" ma’nosida) deyish sunnatdir. Chunki Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar imom "...g‘oyril mag‘zubi ’alayhim valaddoliyn" desa, "Omin!" denglar, kimning "omin!" degani farishtalarning "omin"iga to‘g‘ri kelib qolsa, oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi", deganlar (Buxoriy rivoyati). Mazhabimizda "Omin!" lafzi maxfiy (ovoz chiqarmay) aytiladi.
SURANING FAZILATLARI
Alloh taolo aytadi: "(Ey Muhammad), darhaqiqat, Biz sizga “yetti takrorlanuvchi”ni va ulug‘ Qur’onni berdik" (Hijr surasi, 87-oyat). Mazkur oyatdagi "yetti takrorlanuvchi" Fotiha surasidir.
Mazkur suraning fazilatlari haqida janobi Payg‘ambarimizdan ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Abu Sa’id ibn Muallo aytadi: "Men namoz o‘qiyotgan edim, Payg‘ambar alayhissalom chaqirib qoldilar... Borsam: "Masjiddan chiqib ketmasingdan oldin senga Qur’onning eng ulug‘ surasini o‘rgataymi?" dedilar-da qo‘limdan tutdilar. So‘ng masjiddan chiqmoqchi bo‘lganimizda: "Ey Allohning Rasuli, siz menga Qur’onning eng ulug‘ surasini o‘rgataymi?" degan edingiz, deya eslatdim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Yetti oyatdan iborat Fotiha surasi bo‘lib, menga berilgan ulug‘ Qur’on shudir!" dedilar (Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan qudsiy hadisda Alloh taolo aytadi: "Fotiha surasini O‘zim bilan bandam orasida ikkiga taqsimlaganman, bandam nimani so‘rasa beraman".
Agar banda: "Alhamdu lillahi Robbil olamin" desa, Alloh: "Bandam menga maqtov va shukr aytdi", deydi.
Banda: "ar-Rohmanir Rohiym" desa, Alloh: "Bandam menga sano aytdi", deydi.
Banda: "Maliki yavmiddin" desa, Alloh: "Bandam meni ulug‘ladi", deydi.
Banda: "Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’in" desa, Alloh: "Bu Men va bandam orasidagi narsa, u nimani so‘rasa beraman", deydi.
Banda: "Ihdinas sirotol mustaqiym, sirotollazina an’amta alayhim g‘oyril mag‘zubi ’alayhim valaz-zollin" desa, Alloh: "Bu bandamga xos, so‘raganini berdim", deydi (Nasoiy rivoyati).
Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.
Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.
Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.
Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.
Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.
Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.
Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati