Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

BIRINCHI JUZ: Fotiha surasi, 5–7 oyatlar. Suraning fazilatlari

05.07.2020   12585   9 min.
BIRINCHI JUZ: Fotiha surasi, 5–7 oyatlar. Suraning fazilatlari

 

Fotiha surasi, 5–7 oyatlar.

ٱهۡدِنَا ٱلصِّرَٰطَ ٱلۡمُسۡتَقِيمَ

  1. Bizlarni to‘g‘ri yo‘lga boshla;

"To‘g‘ri yo‘l" – Allohning hidoyat yo‘li, Uning rizosiga erishish yo‘lidir. Mazkur suraning xulosasi shuki, Islom dini uchun asos bo‘lgan aqida uchtadir: birinchisi – tavhid, ya’ni Allohni zot va sifatda yakkayu yagona bilish; ikkinchisi – risolat, ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni haq payg‘ambar deb bilish; uchinchisi – Qiyomatga imon keltirish. Aksari makkiy suralarda ushbu uch aqida borasida so‘z boradi. Allohning hidoyat yo‘li faqat Uning O‘ziga imon keltirish, Unga qullik qilish, Uning toat-ibodatida qoim bo‘lishdir. Faqat Parvardigorning O‘ziga yukunish, barcha ishlarni Unga havola etish, Uning O‘zidangina umidvor bo‘lish, Undan qo‘rqish, mag‘firati va rahmatini umid qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir. Alloh taolo insonni O‘ziga ibodat qilishi, amr-farmonlarini bajarishi uchungina xalq qilgan. Bunga da’vat qilish uchun rasullarini yuborgan, kitoblar nozil qilgan. Uning haq yo‘lini tutganlar, Unga ibodat qilganlar, amr-farmonlarini bajarib, qaytargan ishlaridan chekinganlar hidoyat topishgan. Oxiratda ajr-mukofotlarga (jannatga) erishish xushxabari bilan mujdalanishgan. Allohning buyruqlarini inkor etgan, rasullariga itoatda bo‘lmagan, zalolatga ketib, kufr va shirk yo‘lini tanlagan kimsalarga esa oxiratda alamli azoblar, do‘zax qiynoqlari borligi xabari berilgan.

صِرَٰطَ ٱلَّذِينَ أَنۡعَمۡتَ عَلَيۡهِمۡ

  1. Sen in’om etgan zotlarning yo‘liga;

Allohning in’omiga (hidoyatiga) sazovor bo‘lgan, Alloh sevgan zotlar payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih-yaxshi kishilardir. Masalan, payg‘ambarlar Alloh taolo insonlar orasidan saralab olgan zotlar bo‘lib, ular mo‘minlarga dunyo va oxirat xushxabarlarini yetkazishadi, kofir va mushrik kimsalarni dunyo va oxiratda shiddatli azoblar borligidan ogohlantirishadi. Siddiqlar esa Allohning mavjudligi va yagonaligiga, Uning payg‘ambarlari, farishtalari, kitoblariga hech qanday taraddudsiz, shubha-gumonsiz ishongan rostgo‘y va imonli kishilardir. Shahidlar esa Alloh dinini g‘olib qilish, Uning shariati Yer yuzida joriy bo‘lishi yo‘lida jon fido qilgan saodatmand mo‘minlardir. Alloh bandalarini O‘ziga ibodat qilishlari uchun aziz va mukarram, Yerdagi O‘zining xalifasi qilib yaratish bilan birga ularni imtihon ham qilish uchun ularga ikki yo‘lni – imon va hidoyat yo‘li bilan kufr va zalolat yo‘lini ro‘para qilib qo‘ygan. Birinchi yo‘lni tanlaganlar Allohga bo‘ysunishadi, Undan qo‘rqishadi, Alloh ko‘rsatganiday faqat solih, ezgu amallar qilib o‘tishadi. Bularning evaziga abadiy rohat-farog‘at maskani bo‘lmish jannat bilan mukofotlanishadi. Ikkinchi yo‘lni tanlaganlar esa Allohga shirk keltirgan, shayton vasvasasiga, nafs aldoviga uchib, umrini gunoh va qabih ishlar bilan o‘tkazgan, yelga sovurganlardir. Ular cheksiz azob-uqubat o‘chog‘i bo‘lmish jahannamda abadiy azob chekish bilan jazolanadilar. Shuning uchun musulmonlar har namozlarida Alloh taologa yolborib, Parvardigor in’omiga sazovor bo‘lgan solih insonlar safida etib qo‘yishini so‘rashadi.

غَيۡرِ ٱلۡمَغۡضُوبِ عَلَيۡهِمۡ وَلَا ٱلضَّآلِّينَ

  1. g‘azabga uchragan va adashganlarning emas".

Uning g‘azabiga uchraganlar yahudiylar, yo‘ldan ozgan-adashganlar esa nasroniylardir. Darhaqiqat, insoniyat tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsangiz, Qur’oni karimning bu haqiqati va hikmatiga to‘la ishonch hosil qilasiz. Yahudiylar eng qadimiy, Alloh aziz qilgan, ulkan salohiyat, ilmu hikmat ato etgan ulug‘ qavm, xalq bo‘lgan. Deyarli barcha payg‘ambarlar ham shu millatdan tanlab olingan. Alloh taolo bu xalqqa juda ko‘p marhamatlar qilgan, ne’matlar ato etgan, ularning martabasini ko‘targan. Ammo aynan yahudiylargina hamisha Allohning vahiylariga osiylik qilishgan, u yuborgan payg‘ambarlarni xo‘rlashgan, hatto jismonan yo‘qotishgacha borishgan. Ana shunday osiyliklari uchun ular Alloh taoloning g‘azabiga giriftor bo‘lishgan, necha marta ular boshiga turli ofat-balolar, halokatlar kelgan. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: "Ularga xorlik-muhtojlik tushirildi va Alloh taoloning g‘azabiga giriftor bo‘lishdi. Bu, Alloh taoloning hukmlariga kufr keltirishgani, payg‘ambarlarni nohaq o‘ldirishgani uchundir. Bu, itoatsizlik qilib, haddan oshishgani uchundir!" (Baqara, 61).

Nasroniylar esa, din va shariatlaridan chalg‘ib-adashib ketishgan, Iso Masihni Allohning o‘g‘li, hatto Xudo deyishgacha borishgan, "Muqaddas Uchlik" (Xudo, Uning ayoli Maryam va Xudoning "o‘g‘li" Iso yoki Xudo, Uning "o‘g‘li" Iso va Jabroil) degan bema’ni e’tiqodni o‘ylab topishgan, o‘zlariga nozil qilingan Injilga behisob tuzatish-o‘zgartirishlar kiritib, uning ilohiy mohiyatiga nuqson yetkazishgan. Shuning uchun Alloh taolo ularni O‘z Kalomida "yo‘ldan adashganlar" deb zikr etyapti. Goho ayrimlarning mana bunday "dono"liklariga duch kelamiz: "Yahudiy va nasroniylar ham yagona Allohga ibodat qilishadi, musulmonlar  ularning payg‘ambarlari Muso va Iso alayhimassalomni Allohning payg‘ambarlari, deb ishonishadi. Shunday bo‘lgach, uchala ilohiy din o‘rtasidagi ixtiloflarga chek qo‘yish uchun ularni birlashtirib, yagona bir dinga e’tiqod qilsa bo‘lmaydimi?" Dinlar tarixidan mutlaqo bexabar kimsalarning bu "kashfiyot"lari misrlik din islohotchisi Muhammad Abdu’ning "Islom va nasroniylik" kitobidagi mana bu jumlalarga nihoyatda hamohang va o‘xshash bo‘lib ko‘rinadi: "Barcha dinlar yagonadir. Ular tashqi ko‘rinishlari bilan farqlanadi, xolos. Men xohlardimki, yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlasalar (Olimning fikri shu yergacha mantiqan to‘g‘ri – muallif). Men aytamanki, dunyoning ikki ulug‘ dini bo‘lgan Islom va nasroniylik bir-biriga qo‘lini cho‘zib quchoqlashadi. O‘shanda Tavrot, Injil va Qur’on bir-birini quvvatlaydigan kitoblar bo‘ladi, hamma yerda o‘qiladi va har bir millat tomonidan e’zozlanadi". Muhammad Abdu’ musulmonlar Tavrot va Injil o‘qiydigan bo‘lishlarini kutayotganini yozgan. 

Bu masalada haqiqat kim tomonida? Agar yuqoridagi fikrlarda asos bo‘lsa, unda Alloh taolo nega butun insoniyatga oxirgi haq din deb Islomni tanlagan? Unda nega Alloh butun kishilik jamiyatiga oxirgi payg‘ambar qilib Muhammad alayhissalomni yuborgan? Ana shu savollarga aniq javobni esa Qur’oni karim oyatlaridan topamiz: "Alloh nazdidagi maqbul din Islomdir. Ahli kitoblar bilib turishsa ham o‘zaro hasad tufayli tortishuvga borishdi". (Oli Imron, 19); "Bugun diningizni mukammal qildim, ne’matlarimni benuqson, to‘liq qilib berdim va sizlarga Islomni din deb rozi bo‘ldim". (Moida, 3); "U O‘z Payg‘ambarini hidoyat va haq din bilan, uni barcha dinlardan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir". (Fath, 28).

Fotiha surasining avvalgi qismida Alloh taologa hamdu sano va ikkinchi qismida duo ta’limi bor. Surani o‘qib tugatgach, "Omin!" ("Allohim, ijobat qil" ma’nosida) deyish sunnatdir. Chunki Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar imom "...g‘oyril mag‘zubi ’alayhim valaddoliyn" desa, "Omin!" denglar, kimning "omin!" degani farishtalarning "omin"iga to‘g‘ri kelib qolsa, oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi", deganlar (Buxoriy rivoyati). Mazhabimizda "Omin!" lafzi maxfiy (ovoz chiqarmay) aytiladi.

 

SURANING FAZILATLARI

Alloh taolo aytadi: "(Ey Muhammad), darhaqiqat, Biz sizga “yetti takrorlanuvchi”ni va ulug‘ Qur’onni berdik" (Hijr surasi, 87-oyat). Mazkur oyatdagi "yetti takrorlanuvchi" Fotiha surasidir.

Mazkur suraning fazilatlari haqida janobi Payg‘ambarimizdan ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Abu Sa’id ibn Muallo aytadi: "Men namoz o‘qiyotgan edim, Payg‘ambar alayhissalom chaqirib qoldilar... Borsam: "Masjiddan chiqib ketmasingdan oldin senga Qur’onning eng ulug‘ surasini o‘rgataymi?" dedilar-da qo‘limdan tutdilar. So‘ng masjiddan chiqmoqchi bo‘lganimizda: "Ey Allohning Rasuli, siz menga Qur’onning eng ulug‘ surasini o‘rgataymi?" degan edingiz, deya eslatdim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Yetti oyatdan iborat Fotiha surasi bo‘lib, menga berilgan ulug‘ Qur’on shudir!" dedilar (Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan qudsiy hadisda Alloh taolo aytadi: "Fotiha surasini O‘zim bilan bandam orasida ikkiga taqsimlaganman, bandam nimani so‘rasa beraman".

Agar banda: "Alhamdu lillahi Robbil olamin" desa, Alloh: "Bandam menga maqtov va shukr aytdi", deydi.

Banda: "ar-Rohmanir Rohiym" desa, Alloh: "Bandam menga sano aytdi", deydi.

Banda: "Maliki yavmiddin" desa, Alloh: "Bandam meni ulug‘ladi", deydi.

Banda: "Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’in" desa, Alloh: "Bu Men va bandam orasidagi narsa, u nimani so‘rasa beraman", deydi.

Banda: "Ihdinas sirotol mustaqiym, sirotollazina an’amta alayhim g‘oyril mag‘zubi ’alayhim valaz-zollin" desa, Alloh: "Bu bandamga xos, so‘raganini berdim", deydi (Nasoiy rivoyati).

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   36598   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari