Ona mehri, zakovati, fidoyiligi… Bu fazilatlar haqida kitoblar yozilgan, ash’orlar bitilgan… Bola parvarishi, tarbiyasi, uning bilimli, intizomli, hunarli qilish choralari bosqichma-bosqich o‘rgatilgan. Bugungi axborot asrida bu mavzuda istagancha ma’lumot topish mumkin: bolaning rivojlanish bosqichi, kunma-kun, qadamma-qadam qanday parvarish qilinadi, necha yoshida nima o‘rgatiladi… Bola psixologiyasi qanday? Unga nima deyish mumkin-u, nimani aytmaslik lozim…
Biroq, shunga qaramay, bir paytlar – o‘sha qadim zamonlardagidek zukko, odobi go‘zal bolalarni yetishtirish hech kimning qo‘lidan kelmayapti. Buxoriylar, Termiziylar, Ibn Sinolar, Zamaxshariylar… Nega o‘zi egallagan sohada karvonning eng boshida turish bilan birga, komil mo‘minlik hayotini yashay oladigan, Allohga chin bandalik qiladigan mukammal shaxslarni tarbiya qilolmayapmiz?! Bugun tarbiya borasida ko‘plab manbalarda bolalar hamma payt yaxshi ko‘rilishi, ularga hech qachon jahl qilinmasligi kerakligi, ularga ko‘proq diqqat-e’tibor qaratilishi darkorligi aytilmoqda. Zamonaviy pedagogika esa farzandni shahzoda yoxud malikadek ardoqlashni, sharoitlar yaratilishini targ‘ib etmoqda. Tan olib aytish kerakki, bu tarbiya uslublari o‘zini oqlamadi. Ularga amal qilinganda, o‘zidan boshqani o‘ylamaydigan, xudbin, manfaatlar ortidan chopadigan, jonini koyitmay kun ko‘rish payida bo‘ladigan bir avlod yetishib chiqmoqda. Afsuski, islomiy e’tiqoddagi oilalar ham bu kabi fikrlardan ta’sirlanmoqdalar va musulmonlarning farzandlari ham go‘zal ahloqdan yiroqlashmoqda.
Biroq mazkur zamonaviy fikrlar, psixologlik qarashlar va pedagogik tadqiqotlar o‘zini oqlay olmadi. Shunday ekan, ajdodlarimizning tajribadan o‘tgan, o‘zini oqlagan tarbiya usullariga, ya’ni bolalarimizni Qur’oni Karim va hadisi sharifga ko‘ra tarbiyalashga qaytishimiz lozim.
Bolalarni yaxshi ko‘rish, ularga shafqat ko‘rsatish kerak. Shu bilan birga bir imtihon vositasi ekanliklari uchun ularni nazorat ham qilish kerak. Ya’ni, Alloh Taolo bola tarbiyasi borasida ham biz uchun bir mezon bo‘ladigan ishoratlarni ko‘rsatgan. Qur’on bilimlariga suyangan holda Payg‘ambarimiz alayhissalomning bola tarbiyasiga qanday yondashganlarini o‘rgansak, inson fitratini kamol toptirishda xatoga yo‘l qo‘ymaymiz, insha Alloh.
“Islom nuri” gazetasining 2020 yil, 7-sonidan
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati