Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Nurul izoh: JANOZA (davomi)

16.06.2020   8606   10 min.
Nurul izoh: JANOZA (davomi)

 

Kofir va osiylar

1.O‘lgan kofirning (musulmon qarindoshlari bo‘lsa, uni (kofirni) jirkanch (iflos, isqirt) narsa (buyum) kabi yuvib, matoga o‘rab, chuqurga tashlaydi yoki qavmiga beradi);

2.Hukmatga qarshi g‘alayon qilib, to‘qnashuv chog‘ida o‘ldirilgan g‘alayonchilarning;

Izoh: Bu hukm xalqning manfaatini ko‘zlagan, to‘g‘ri yo‘ldan ozmagan, mashru hukumatga isyonchi bo‘lganlar uchundir. G‘ayrimashru hukumatga isyon qilish jihod hisoblanadi.

  1. Qurolli to‘qnashuvda o‘lgan yo‘lto‘sarlarning;
  2. Yovuzlik bilan kishilarni bo‘g‘ib o‘ldirib yuruvchilarning;
  3. Shaharda kechasi qurol ko‘tarib, kishilarning yo‘lini to‘suvchilarning;
  4. Mahalliychi, mutaassibligi sababli intiqom (qasos) va qon da’vosida harakat qilayotgan paytda o‘ldirilganlarning (yuvilsalar ham), janozalari o‘qilmaydi.

 

Ota-ona qotili va o‘ziga o‘zi suiqasd qilgan kishi

O‘zini o‘zi o‘ldirgan kishi yuviladi va namozi o‘qiladi. Faqat musulmon ota-onadan birini, agar u yo‘lto‘sarlik qilmayotgan va dushmanlarga qo‘shilib urushmayotgan bo‘lsa, qasd qilib o‘ldirgan kishining namozi (janozasi) o‘qilmaydi.

 

Tobutni olib borish va mayitni ko‘mish

  1. Tobutni qabristonga olib borishda, to‘rt tomonidan to‘rt kishi yelkasiga ko‘tarishi sunnatdir.
  2. Tobutning avvalo bosh tomonidan oladi, so‘ngra oyoq tomonidan o‘ng yelkada ko‘tarish kerak. Keyin chap tomoniga o‘tib, avval bosh, so‘ngra oyoq tomonidan chap yelkada ko‘tariladi. Har tomondan o‘n qadamdan, jami qirq qadam ko‘tarib yurish mustahabdir.

Izoh: Negaki Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam: «Kim tobutni qirq qadam ko‘tarsa, qirqta katta gunohlari o‘chiriladi (kechiriladi)», deb marhamat qilganlar.

  1. Tobutdagi jasadni tebratib yubormaslik sharti bilan, olib ketilayotganida tez yurish mustahabdir.

Izoh: Bu haqda Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam: «Tobutni qabriga olib borishda tez yuring (shoshiling). Chunki mayit yaxshi odam bo‘lsa, uni kutib turgan mukofotlarga tezroq yetkazish o‘rinlidir, agar mayit yomon odam bo‘lsa, uni yelkalaringizdan tezroq tushirib, qutulganing yaxshidir», deganlar.

  1. Tobut ortidan ergashishning undan oldinda yurishdan afzalligi xuddi farz namozning nafl namozdan ustunligi kabidir.
  2. Tobut olib ketilayotganida baland (jahriy) ovoz bilan ziqr qilish maqruhdir.
  3. Qabristonda tobut yerga qo‘yilmasidan oldin o‘tirish ham makruhdir.

 

Mayitni dafn qilish

  1. Qabr odamning yarim bo‘yi yoki ko‘ksigacha yetadigan chuqurlikda qaziladi. Bundan ham chuqurroq bo‘lishi mustahabdir.
  2. Agar tuproq yaxshi bo‘lsa, faqat qabrni chuqur qazish bilan cheklanmay, qibla tomonga lahad qilinadi, o‘yiladi.
  3. Mayit qiblaga qaratib qabrga qo‘yiladi.
  4. Qabrga qo‘yuvchi kishi «Bismtllahi va ’ala millati rosulillahi», deydi. Ma’nosi: «Alloh nomi bilan va Payg‘ambarning shariatiga ko‘ra (tuproqqa qo‘ymoqdaman)».

5.Mayitning o‘ng tomonini qiblaga moyil qilib qo‘yiladi.

  1. Keyin kafanning bog‘lami yechiladi.
  • Lahad og‘zi xom g‘isht bilan yo qamish kabi o‘simliklar bilan yopiladi.
  • Pishgan g‘isht va taxta bilan lahad og‘zini yopish makruhdir (chunki bu narsalarga tiriklarning ehtiyoji ko‘proq).
  • Mayit ayol kishi bo‘lsa, qo‘yilayotganida usti to‘sib turiladi.
  • Lahad og‘zi yopilgach, tuproq tashlanadi.
  • Qabrning usti to‘rtburchak shaklida emas, tuyaning o‘rkachi kabi tepacha qilinadi.
  • Qabrning ustini bezash uchun bino qurish haromdir.
  • Qabr mustahkam bo‘lishi uchun bino qilish makruhdir.
  1. Mayitni uyga ko‘mish makruh, chunki bu hol faqat Payg‘ambarlarga xosdir.
  2. Mayitni baland, bir necha jasad sig‘adigan, qilib qurilgan joyga ko‘mish makruhdir.
  3. Zarurat yuzasidan bir necha jasadni bir qabrga ko‘mishning zarari yo‘q. Faqat har birining orasi tuproq bilan to‘silishi kerak.

 

Dengizda o‘lgan kishi

Dengizdagi kemada o‘lgan musulmon kishining jasadi sohil uzoqligi va mayitning buzilishidan qo‘rqilgani bois yuvilib, kafanga o‘ralib, janozasi o‘qiladi va dengizga tashlanadi. Dengiz tubiga cho‘kib ketishi uchun jasadga og‘ir narsa bog‘lab, suvga tashlash joiz.

 

Mayitni ko‘chirish

Mayitni o‘lgan yo o‘ldirilgan joydagi yaqin qabristonga ko‘mish mustahabdir.

Uni bir yoki ikki mil (taqriban 1885 m.) uzoqlikka olib borib ko‘mishning zarari yo‘q.

Bundan uzoqqa olib borish karohatli.

Dafn qilingan mayitni qabrdan chiqarib, boshqa joyga ko‘chirish joiz emas. Biroq (egasining ruxsatisiz) majburlab olingan joyga dafn qilinganida yoki (mayit yoki uning merosxo‘ri sotib olgan yer) shuf’a yo‘li bilan boshqa kishining moli bo‘lib, (jasadning u yerda   qolishiga rizolik berilmagan holda) mayitni u yerdan olib, boshqa joyga ko‘mish joiz va zarur.

Mayit (hech kimning mulki bo‘lmagan joyda) boshqa kishi uchun (qazib) tayyorlab qo‘yilgan qabrga ko‘milsa, qabr qazishning haqini to‘lash sharti bilan qabrdan chiqarilmaydi.

 

Qabrni ochishning hukmi

Mayit bilan birga unutib ko‘mib yuborilgan molni (narsa, ashyo) olish, haqsizlik bilan olingan kafanni almashtirish, mayitning oldida qolib ketgan buyumni chiqarib olish uchun qabr ochilishi mumkin. Jasadning yuzi qiblaga qaratib qo‘yilmagani uchun qiblaga qaratib qo‘yish yoki chap yoni bilan yotqizilgani bois o‘ng tomoniga to‘g‘rilab qo‘yish maqsadida qabr ochilmaydi.

 

Qabr ziyorati

Ibrat uchun qabr ziyorati mustahabdir. Ziyoratchining Yosin surasini o‘qishi ham mustahab.

Izoh: Chunki hadisda «Kim qabristonda Yosin-i sharif o‘qisa, (savobini qabr ahliga baxshida qilsa), u yerda ko‘milganlarning shu kungi azobini yengillatadi va o‘qigan odamga ularning soni miqdorida savob yoziladi», deyilgan.

Quyidagilar makruhdir:

  • qabr ustida uxlash;
  • qabr ustida tahorat buzish;
  • qabristonning daraxt va o‘tlarini yulib tashlash. Qurigan buta, o‘t-o‘lan daraxtlarni yulib tashlashning zarari yo‘q.

Sahobalardan Anas roziyallohu anhu, Payg‘ambarimizdan: «Biz o‘liklar nomidan sadaqa beramiz, haj qilamiz, ularga duo yo‘llaymiz. Bu qilganlarimizning savobi ularga yetarmikin?» deb so‘radi. Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam: «Albatta yetib boradi, ular sovg‘alaringizni olganda xuddi (hamma yoqtiradigan noz-ne’matlar to‘la) patnisni olgan kishiday suyunadilar», deganlar. Zotan, ahli sunnat val jamoa mazhabiga ko‘ra, har musulmonning namoz, ro‘za, haj Qur’on o‘qish va shularga o‘xshash har turli ibodatlar savobini o‘tganlarga baxshida qilish o‘rinli ishdir. Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi vasallam: «Kishi qabristonga borib, u yerda «Ixlos» surasini 11 marta o‘qib, savobini o‘tganlarga bag‘ishlasa, qabristonda yotganlar soniga teng gunohlari kechiriladi», deb marhamat qilganlar.

 

Shahidning hukmi

Ahli sunnat val jamoa mazhabiga ko‘ra, o‘ldirilgan kishi o‘z ajali bilan o‘lgandir.

 

Kimlarni shahid deyish mumkin?

Jang maydonida kofir dushmanlar, hukumatga qarshi bosh ko‘targan osiylar, yo‘l to‘sarlar o‘ldirgan, yo kechqurun uyiga kirgan o‘g‘ri tosh kabi narsa bilan bo‘lsa-da, urib o‘ldirgan, jang maydonida jarohat bilan o‘lik jasadi topilgan odamlar shahiddirlar.

Bir musulmon kishi tomonidan keskir qurol bilan qasd qilib, nohaq o‘ldirilgan musulmonlar ham shahid hisoblanadi. Yuqorida sanab o‘tilganlar bolig‘, hayz, nifos, junubdan pok bo‘lib, hayotdan naf’ ko‘rmay, joni uzilgan bo‘lsa shahid hisoblanadilar.

  1. Shahidlarning qonli kiyimi yechilmay, jasadi yuvilmay janozasi o‘qiladi.
  • Kafanlikka yaramaydigan dubulg‘a, zirh, qurol-yarog‘ kabi narsalar yechib olinadi.
  • Sunnatta muvofiq kafanning kamchiligi to‘ldiriladi, ortiqchasi olib qo‘yiladi.
  1. Shahidning ustidagi kiyimlarini butunlay yechib olish yoki uni boshqa kafanga o‘rash maqruhdir.
  2. Junublar, bolalar, jinnilar, hayz va nifos ko‘rayotgan ayollar o‘ldirilgan bo‘lsa, yuviladi.
  3. Jang tugaganidan so‘ng, yarador holatida yeyish, ichish, uxlash, davolanish yoki hushi joyidaligida bir namoz vaqti qadar muddat o‘tsa, (oyoq ostida tepkilanib ketmasligi uchun emas, balki boshqa qandaydir sabab bilan) jang maydonidan boshqa joyga ko‘tarib chiqilsa, vasiyat qilish, savdo-sotiq (oldi-berdi) qilish, ko‘p gapirish kabi dunyo ishlarini ado etib jon taslim qilganlar ham yuviladi.
  • Ammo jang tugamasidan yuqorida zikr etilganlarning joni uzilgan bo‘lsa, jasadi yuvilmaydi.
  • O‘ch, qasos uchun o‘ldirilgan, shaharda topilgan qotili noma’lum jasad yuvib, janozasi o‘qiladi.

 

Takrorlash uchun savollar

Quyidagi savollarni o‘ylab ko‘ring va javob bering.

  1. O‘lim to‘shagida yotgan bemor oldida nima ishlar qilinadi? Joni uzilganidan so‘ng nima ishlar qilinadi?
  • Mayit qanday yuvilishini, mayit kafanini kim tayyorlashini aytib bering. Erkaklar va ayollar uchun kafanlarning shar’iy o‘lchovi va shaklini aytib bering.
  • Janoza namozining hukmi, ruknlari, sunnatlari, shartlari, janoza imomligiga loyiq kishi kimligi, janoza namozi qanday o‘qilishini aytib bering.
  • Bir paytning o‘zida bir necha janoza to‘planib qolsa, qanday o‘qiladi? Bolalar va chaqaloqlarning janozasi qanday o‘qiladi?
  • Musulmon bo‘lmagan qarindoshi, yaqini o‘lganida musulmon kishi nima qiladi? Yo‘lto‘sar va shahardagi bosqinchi (o‘g‘ri) janozasi qachon o‘qiladi? O‘zini o‘ldirgan va ota-onasining qotili (padarkush) bo‘lganlar janozalarining hukmi nima?
  • Tobutni ko‘tarib yurish, kuzatshp va ko‘mish tartiblarini aygib bering. Oddiy qabr bilan avvaldan ajratib, atrofi o‘ralgan oila qabristoni o‘rtasidagi farqni, qabrning ustiga devor qurish, qabr devoriga yozuv yozish va bir qabrga bir necha mayit ko‘mishning hukmlarini aytib bering.
  1. Quruqlikdan juda uzoqda (dengiz, ummon o‘rtasida) bo‘lgan kemada o‘lgan kishi nima qilinadi? Mayitni (o‘lgan joyidan boshqa joyga) ko‘chirishning, qabrni qazib, o‘likni chiqarishning hukmini ayting.
  • Qabristonni ziyorat qilishning hukmi nima? Ziyorat paytida mustahab (yaxshi) va makruh bo‘lgan harakatlarni aytib bering.
  • Shahidning qanday kafanlanishini, yuvilishini, qanday holatda yuvilmasligini aytib bering.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

AQIDA ASOSLARI:

Imon va iqror bayoni;

Imon kalimasi;

Alloh taologa imon keltirish;

Farishtalar;

Payg‘ambarlar;

Muqqaddas kitoblar;

Taqdir va qazo;

Bandalarning fe’lari;

Oxirzamon;

Qiyomat kuni;

Gunohkor banda;

Sahobalar;

Ahpi sunna val jamoa;

Ahkomi sharif;

Mujtahid mazhab.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

14.08.2026   7239   6 min.
Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

Xorazmlik yosh mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning Aristotel fizikasiga bildirgan tajribaviy e’tirozlari va Ibn Sino bilan yozishmalari X-XI asrlar bo‘sag‘asida Markaziy Osiyoda shakllangan mustaqil tanqidiy ilmiy fikrning eng yorqin namunasi hisoblanadi, xabar bermoqda O‘zA.

X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.

Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.

Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.

Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.

Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.

Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.

Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.

Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar