Bismillahir rohmanir rohim.
Islom dini paydo bo‘libdiki unga tuhmat toshi otuvchilar bor. Ana shunday tuhmatlardan biri Islomda odamlarni, xususan, ayollarni o‘ldirishga buyuriladi, degan gapdir.
Aslida muqaddas dinimizda begunoh insonni qonini to‘kish, joniga qasd qilish, hatto, o‘z joniga qasd qilish ham gunohi kabira sanaladi. Islomda bitta odamni nohaq o‘ldirish hamma odamlarni o‘ldirish bilan barobardir. Qur’oni karimda shunday deyiladi:
مَنْ قَتَلَ نَفْسًا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍ فِي الْأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ النَّاسَ جَمِيعًا وَمَنْ أَحْيَاهَا فَكَأَنَّمَا أَحْيَا النَّاسَ جَمِيعًا
ya’ni: “...Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir” (Moida surasi 32-oyat).
Ayniqsa, keksalar, ayollar va bolalarni hayotiga tajavvuz qilishga hattoki janglarda ham ruxsat berilmaydi. Bu haqda bir qancha hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Quyida shunday hadislardan ba’zilarini o‘rganib chiqamiz. Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumo shunday deydilar:
وجدت امرأة مقتولة في بعض مغازي رسول الله صلى الله عليه وسلم فنهى رسول الله صلى الله عليه وسلم عن قتل النساء والصبيان
(رواه الامام البخاري و الامام مسلم عن ابن عمر رضي الله عنهما)
ya’ni: “Rasullulloh sallallohu alayhi vasallamning g‘azot (Rasululloh o‘zlari qatnashgan jang)larining birida bexosdan o‘ldirilgan ayol topildi va shundan keyin Rasullulloh sallallohu alayhi vasallam ayollar va bolalarni o‘ldirishdan qaytardilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qo‘shinni kuzata turib shunday deganlar:
انطلقوا باسم الله وبالله وعلى ملة رسول الله ولا تقتلوا شيخا فانيا ولا طفلا ولا صغيرا ولا امرأة
(رواه الامام أبو داود عن أنس بن مالك رضي الله عنه)
ya’ni: “Allohning ismi ila, Rasululloh millati (ummati, dini, odati)ga ko‘ra harakat qiling va yoshi ulug‘ keksalarni, o‘smirlarni, g‘o‘daklar va ayollarni o‘ldirmanglar”(Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Bu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom 14 asr avval urushdagi asosiy qoidalardan birini ummatlariga buyurmoqdalar. Bu insonparvar qoida: agarchi dushmanlarning yosh bolalari, qariyalari va ayollari bo‘lsa ham, urushga aloqasi bo‘lmasa, ularni o‘ldirilmaydi, ularning joni daxlsiz qoladi. Agar hozirda dunyoda bo‘layotgan urush harakatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomni birgina mana shu buyruqlariga amal qilinsa, yuz minglab bolalar va ayollarning joni saqlab qolingan bo‘lardi.
Bunday hadislarni ko‘plab keltirish mumkin. Ammo, sog‘lom aql, sof aqida va teran fikrli inson uchun mana shu rivoyatlarning o‘zi ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hech qachon ayollarni, bolalarni va ojiz keksalarni o‘ldirishga buyurmaganliklarini anglab yetadi.
Islom dinimizga nisbatan qalbida dushmanligi bo‘lgan g‘arazli kimsalar Payg‘ambarimiz alayhissalomga tuhmat o‘laroq quyidagi hadisni keltiradilar, hadisning to‘liq matni quyidagicha:
قال ابن إسحاق : وحدثني شعبة بن الحجاج عن عبد الملك بن عمير ، عن عطية القرظي ، قال كان رسول الله صلى الله عليه وسلم قد أمر أن يقتل من بني قريظة كل من أنبت منهم وكنت غـــلاماً ، فوجدوني لم أنبت فخلوا سبيلي .
ya’ni: “Ibn Is'hoq rahimahulloh: “Shu’ba ibn al Hajjoj menga Abdul Malik ibn Umayrdan, u kishi esa Atiya al Quroziy raziyallohu anhudan bir hadis aytib berdi. Unda jumladan: “Rasullulloh sallallohu alayhi vasallam (Handaq jangidan keyin) Banu Qurayza (Madinada yashaydigan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bilan tinchlik bitimini tuzgan, ammo, keyinchalik ahdlariga vafo qilmay, Payg‘ambarimiz va musulmonlarga xiyonat qilgan yahudiy qavm)dan har bir voyaga yetgan kishilarni o‘ldirishni buyurdilar. Men yosh bola edim, meni qo‘yib yuborishdi”, – deyiladi.
Bu holat Islom tarixida “Xandaq g‘azoti” nomi bilan mashhur bo‘lgan jangdan keyin sodir bo‘ladi. Jang juda og‘ir sharoitda kechgan, butun mushriklar birlashib, musulmonlarni oxirigacha qirib yuborishga ahd qilishadi, Madina shahrini qamal qilishadi. Musulmonlar bilan tinchlik bitimi tuzib, qo‘shni bo‘lib yashayotgan yahudiy qavmlar xiyonatga qo‘l urib, orqa tomondan hujum qila boshlaydilar. Shunda Allohning nusrati va marhamati ila qattiq shamol, izg‘irin sovuq va mushriklarning o‘zaro bir-birlariga ishonchsizliklari sabab dushman kelgan joyiga quruq qo‘l bilan qaytib ketadi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom orqali Alloh taolodan buyruq bo‘ladi va bu xiyonatkor yahudiy qavm o‘z xiyonatlari sababli jazolanadilar. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:
وَأَنْزَلَ الَّذِينَ ظَاهَرُوهُمْ مِنْ أَهْلِ الْكِتَابِ مِنْ صَيَاصِيهِمْ وَقَذَفَ فِي قُلُوبِهِمُ الرُّعْبَ فَرِيقًا تَقْتُلُونَ وَتَأْسِرُونَ فَرِيقًا
(سورة الاحزاب الاية – 27)
ya’ni: “U (firqalarga) yordam bergan, ahli kitobdan iborat kimsalarni (Alloh) o‘z qal’alaridan tushirdi va dillariga qo‘rquv soldi. (Ulardan) bir guruhni o‘ldirursiz, bir guruhni asir olursiz ( Ahzob surasi 27 – oyat).
Rasul alayhissalom Xandaq jangidan qaytib, Fotima raziyallohu anho huzurida turganlarida Jabroil alayhissalom kelib, Bani Qurayza kofirlariga qarshi jangga chiqishlari to‘g‘risida Allohning amrini yetkazadi. Ularga madad berish uchun osmondan tushgan farishtalar ham urush qurollarini yechmay muntazir bo‘lib turishgani haqida ham xabar beradi. Rasul alayhissalom darhol musulmonlarga tezlik bilan Bani Qurayza sari ravona bo‘lishga, to u yerga yetib bormagunlaricha asr namozini o‘qimaslikka buyuradilar. Hazrat Ali raziyallohu anhu bayroqni ko‘tarib, oldinda boradi. Bani Qurayzaga Shom vaqti kirganda yetib boradilar. Ba’zi sahobalar kun botishdan oldinroq, ya’ni yo‘lda asr namozini o‘qiydilar. Boshqalari hadisning zohiriga amal qilib, Bani Qurayzaga yetib borgach, shomdan keyin qazo qilib o‘qiydilar. Keyin bu haqda Rasul alayhissalomdan so‘rashganda har ikki toifa ham to‘g‘ri qilibdilar, deb javob beradilar. Shu gaplaridan kelib chiqib, mujtahid o‘z ijtihodida xato qilsa ham ajr olaveradi, deyilgan[1] Bani Qurayza kofirlari o‘z qal’alarida yigirma besh kun qamalda turganlaridan keyin taslim bo‘lib, Sa’d ibn Muoz raziyallohu anhuning hakam bo‘lishiga rozi bo‘lishadi. Uning hukmiga asosan yovning 600 askari qirib tashlanib, ayol va bolalari asirga olinadi va boyliklari o‘lja sifatida musulmonlarga taqsim qilib beriladi[2] . (Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Shayx Abdulaziz Mansur Toshkent. 2001.)
Demak, Bani Qurayza qavmiga yurish qilish Alloh taoloning buyrug‘i bilan bo‘lgan va urushda g‘olib bo‘lganlaridan keyin ham Payg‘ambarimiz alayhissalom yuksak insoniy fazilatni namoyon etdilar. Qullari ustun bo‘lib turganda yahudiylarga oxirgi imkoniyatni berib, sizlar to‘g‘ringizda kim hukm chiqarishini xohlaysiz, deb so‘radilar. Ana shunda ular hech qanday bosimsiz o‘zining avvalgi bitimdoshi bo‘lgan Sa’d ibn Muoz raziyallohu anhuning hakam bo‘lishiga rozi bo‘lishadi.Ular bu bilan o‘zlariga yengillik bo‘lishini umid qilishgandi. Eng qizig‘i Payg‘ambarimiz alayhissalom Sa’d raziyallohu anhuga qanday hukm qilish to‘g‘risida biror ko‘rsatma bermadilar, nima desa, shu bo‘lishini aytdilar, xolos. Urush paytida og‘ir xiyonat qilgan qavmning o‘limiga Sa’d ibn Muoz raziyallohu anhu hukm chiqardilar.
Xulosa shuki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hech qachon ayollarni nohaq o‘ldirishga buyurmaganlar. Axir, o‘z nomi bilan tinchlik dini bo‘lgan Islom dinimiz nafaqat ayollar, balki, biror insonni, hatto, u boshqa din vakili bo‘lsa ham, uni nohaq o‘ldirishga buyurmaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalomga tosh otayotganlar esa, aslida muqaddas dinimizga bo‘hton uyushtirmoqdalar va bilmaydilarki, Alloh taoloning nurini o‘chirishga ularning hech ham kuchlari yetmaydi. Zero Alloh taolo Qur’oni karimda:
يُرِيدُونَ لِيُطْفِئُوا نُورَ اللَّهِ بِأَفْوَاهِهِمْ وَاللَّهُ مُتِمُّ نُورِهِ وَلَوْ كَرِهَ الْكَافِرُونَ
(سورة الصف الاية - 8)
ya’ni: “Ular Allohning nurini (Islomni) og‘izlari (behuda gaplari) bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa-da, O‘z nurini (dinini) kamolga yetkazuvchidir”, – deb marhamat qilgan (Saf surasi 8 - oyat).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay’ati
[1] (Bahrul-ulum tafsiri. Mufassir: Abul-lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy (vafoti 375 h.y.). Bayrut nashri. 1993 y.)
[2] («Madorikut-tanzil va haqoiqut-ta’vil» nomli tafsir. Mufassir: Abul-barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud an-Nasafiy al-Hanafiy (vafoti 701 h.y.). Istanbul nashri. 1324 h.y.)
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan