VABO-insonlar uchun bir sinov. O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Movarounnahr" nashriyoti shu sarlavha bilan kitob nashr qildi. Kitob butun insoniyatga va yurtimizga yuborilgan yuqumli kasallik, unga qanday munosabatda bo‘lish, ommaviy epidemiya - pandemiya sharoitida o‘zni qanday tutish to‘g‘risida, har qanday sharoitda mehnat qilib, Alloh bergan nasibani halol yo‘l bilan topish, shoxdor virus sharoitida respublikamizni iloji boricha kamroq talofot bilan olib chiqish yo‘lida Davlat Rahbari va hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida muftiy hazratlari U.Alimov va boshqa taniqli ulamolarimizning maqolalari chop etilgan.
Sinovlar orqali Alloh o‘z bandalarini sinaydi, O‘ziga yaqinlashtiradi va gunohlarini kechiradi. Muvaffaqiyatlarga erishish uchun mashaqqat talab qilinganidek, Alloh taoloning roziligini topish uchun ham sinovlarga sabr qilish lozim, deyiladi muftiy hazratlari yozgan so‘zboshida. Asarning tarkibiga kirgan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi qalamlariga mansub "Dehqonchilik-tirikchilikning mustahkam tayanchi" maqolasi ham juda dolzarb mavzuda yozilgan.
Maqolada, jumladan, Rasuli Akram (s.a.v.) tomonlaridan marhamat qilingan quyidagi hadis keltirilgan:"Kim Allohga ishonib, savob umidida qarovsiz qolgan yerni obod qilsa, Alloh unga yordam va baraka beradi" (Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyati). Demak, deya xulosa qiladilar muftiy hazratlari, har bir qarich yerdan unumli foydalansak, astoydil mehnat qilsak, hukumatimizga kamarbasta bo‘lsak, og‘ir kunlardan Qodir Egamizning marhamati ila eson-omon o‘tib olamiz.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari
Shoazim Minovarov
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati