VABO-insonlar uchun bir sinov. O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Movarounnahr" nashriyoti shu sarlavha bilan kitob nashr qildi. Kitob butun insoniyatga va yurtimizga yuborilgan yuqumli kasallik, unga qanday munosabatda bo‘lish, ommaviy epidemiya - pandemiya sharoitida o‘zni qanday tutish to‘g‘risida, har qanday sharoitda mehnat qilib, Alloh bergan nasibani halol yo‘l bilan topish, shoxdor virus sharoitida respublikamizni iloji boricha kamroq talofot bilan olib chiqish yo‘lida Davlat Rahbari va hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida muftiy hazratlari U.Alimov va boshqa taniqli ulamolarimizning maqolalari chop etilgan.
Sinovlar orqali Alloh o‘z bandalarini sinaydi, O‘ziga yaqinlashtiradi va gunohlarini kechiradi. Muvaffaqiyatlarga erishish uchun mashaqqat talab qilinganidek, Alloh taoloning roziligini topish uchun ham sinovlarga sabr qilish lozim, deyiladi muftiy hazratlari yozgan so‘zboshida. Asarning tarkibiga kirgan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi qalamlariga mansub "Dehqonchilik-tirikchilikning mustahkam tayanchi" maqolasi ham juda dolzarb mavzuda yozilgan.
Maqolada, jumladan, Rasuli Akram (s.a.v.) tomonlaridan marhamat qilingan quyidagi hadis keltirilgan:"Kim Allohga ishonib, savob umidida qarovsiz qolgan yerni obod qilsa, Alloh unga yordam va baraka beradi" (Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyati). Demak, deya xulosa qiladilar muftiy hazratlari, har bir qarich yerdan unumli foydalansak, astoydil mehnat qilsak, hukumatimizga kamarbasta bo‘lsak, og‘ir kunlardan Qodir Egamizning marhamati ila eson-omon o‘tib olamiz.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari
Shoazim Minovarov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Garchi uzun tuyulsada bu kunlar,
Uchrashtirar bizni shirin damlarda.
Sizga xushxabar bor! U zot sizga ulkan savoblarni va’da qilgan. U Zot marhamat qiladi:
﴿فَاسْتَجَابَ لَهُمْ رَبُّهُمْ أَنِّي لَا أُضِيعُ عَمَلَ عَامِلٍ مِنْكُمْ مِنْ ذَكَرٍ أَوْ أُنْثَى﴾
“Robbilari ularning (duolarini) istijobat qilib: “Men sizlardan erkagu ayol amal qiluvchining amalini zoye qilmayman” (Oli Imron surasi, 195-oyat).
Alloh taolo erkaklarga qanday va’da qilgan bo‘lsa ayollarga ham shunday va’da qilgan. Xuddi shuningdek erkaklarni qanday maqtagan bo‘lsa ayollarni ham shunday maqtagan.
Alloh taolo aytadi:
﴿إِنَّ الْمُسْلِمِينَ وَالْمُسْلِمَاتِ وَالْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَالْقَانِتِينَ وَالْقَانِتَاتِ وَالصَّادِقِينَ وَالصَّادِقَاتِ وَالصَّابِرِينَ وَالصَّابِرَاتِ وَالْخَاشِعِينَ وَالْخَاشِعَاتِ وَالْمُتَصَدِّقِينَ وَالْمُتَصَدِّقَاتِ وَالصَّائِمِينَ وَالصَّائِمَاتِ وَالْحَافِظِينَ فُرُوجَهُمْ وَالْحَافِظَاتِ وَالذَّاكِرِينَ اللَّهَ كَثِيرًا وَالذَّاكِرَاتِ أَعَدَّ اللَّهُ لَهُمْ مَغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا﴾
“Albatta, muslimlar va muslimalar, mo‘minlar va mo‘minalar, davomli itoatkor erkaklar va davomli itoatkor ayollar, sadoqatli erkaklar va sadoqatli ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozu’li erkaklar va tavozu’li ayollar, sadaqa qilguvchi erkaklar va sadaqa qilguvchi ayollar, ro‘za tutguvchi erkaklar va ro‘za tutguvchi ayollar, farjlarini saqlovchi erkaklar va (farjlarini) saqlovchi ayollar, Allohni ko‘p zikr qilguvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr qilguvchi ayollar – o‘shalarga Alloh mag‘firatni va ulug‘ ajrni tayyorlab qo‘ygandir” (Ahzob surasi, 35-oyat).
Ushbu oyat ham sizning erkak kishining tug‘ishgan opasi va ular bilan teng ekaningiz hamda ajr-savoblaringiz Allohning huzurida ekanini bildiradi. Shunday ekan, siz uyingizda va jamiyatda sizni Allohning roziligiga olib boradigan amallarni qiling, ushbu ummat farzandlariga eng go‘zal namuna va ularning yo‘lini yoritadigan mash’ala bo‘ling.
Siz o‘z hayot yo‘lingizda Fir’avnning xotini Osiyoni namuna qilib oling. Chunki ular va ular kabi ayollar pok, mo‘mina, Allohga doimiy itoatkor, kunduzlari ro‘zador va kechalari namoz o‘qiydigan ayollar bo‘lishgan, Alloh ularning barchalaridan rozi bo‘lsin va ularni ham rozi qilsin! Siz mana shu yo‘lni mahkam tuting. Ularning barcha uchun namuna bo‘lgan hayot yo‘llarini qayta-qayta mutolaa qiling, shunda yaxshilik, xotirjamlik va sakinatni topasiz.
Shu’la: Yetimning ko‘z yoshini arting, shunda Rahmon Zotning roziligi va Uning jannatiga erishasiz.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan