Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyun, 2026   |   17 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:26
Asr
17:35
Shom
19:56
Xufton
21:31
Bismillah
04 Iyun, 2026, 17 Zulhijja, 1447

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibi takomillashtirildi

11.06.2020   8925   4 min.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibi takomillashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida akademiyada xalqaro standartlar hamda zamonaviy talablarga mos barcha sharoitlar yaratilmoqda.
O‘tgan qisqa davr mobaynida akademiya tomonidan yurtimizdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, buyuk allomalarimiz ilmiy merosini o‘rganish sohasida yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlash yuzasidan keng ko‘lami vazifalar amalga oshirilayotir. Xususan, ta’lim sifati va ilmiy tadqiqotlar samaradorligi yanada oshirilib, bu borada dunyodagi nufuzli oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot markazlari bilan keng doirada amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borilayotgani alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati bildirishicha, shu ma’noda, joriy yilning 5 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham muhim yangilik bo‘ldi.
Unga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bakalavriatiga o‘qishga kirish maqsadida hujjat topshirgan abituriyentlar uchun dastlabki imtihondan o‘tish tartibi joriy etiladigan bo‘ldi.
Mazkur imtihon natijalariga ko‘ra abituriyentlarga Davlat test markazi tomonidan tashkil etiladigan kirish imtihonlarining keyingi bosqichlari (kasbiy (ijodiy) imtihon va test sinovlari)ga ruxsat berish yoki rad etish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilinishi belgilandi va yuqoridagi qaror asosida tasdiqlandi. Bu esa «O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom»da ham alohida tasdiqlandi.
Demak, yuqoridagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga 2020-2021 o‘quv yili uchun abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish jarayonlari 15 iyundan — 5 iyul kuniga qadar davom etishi ma’lum qilindi.
Ushbu tartib asosida abituriyentlar uchun yangilik bo‘lgan dastlabki imtihonni o‘z vaqtida topshirish va belgilangan zarur ballarni yig‘a olmagan taqdirda o‘zi istagan boshqa oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyati boy berilmasligi ta’minlanadi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etiladigan Dastlabki imtihon tartib-qoidalari va o‘tkazish shakllariga ham to‘xtalib o‘tish joiz.
Dastlabki imtihon yozma shaklda, uch blokdan iborat bo‘lib abituriyentlar quyidagi sinovlardan o‘tadi:


1. Intellektual daraja. Unda abituriyentning mantiqiy va keng fikrlash, turli tushunchalar, faktlarni taqqoslash hamda ularning o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni topish salohiyati baholanadi. Bunda abituriyent maksimal 40 ball olish imkoniyatiga ega.
2. Ma’naviyat va ma’rifat asoslari bo‘yicha bilim darajasi. Maksimal 30 ball. Bunda abituriyentning ma’naviyat asoslari, milliy g‘oya va mafkura, huquq va siyosat, adabiyot, tarix, islomshunoslik va dinshunoslikka taalluqli va boshqa masalalar yuzasidan mantiqiy va asosli tushuntirish qobiliyati o‘rganiladi.
3. Xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis tillari) bilish darajasi. Maksimal 30 ball. Ushbu bosqichda abituriyent O‘zbekiston madaniyati, san’ati, tarixi, geografiyasiga taalluqli va boshqa sohalarga oid masalalar yuzasidan mantiqiy va asosli tushuntirish qobiliyatini namoyon etishi zarur bo‘ladi.


Ta’kidlash joizki, agarda abituriyent xorijiy tillar bo‘yicha yetakchi xalqaro va baholash tizimlarining amaldagi sertifikatlariga, shu jumladan, IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball, TOEFL IBT bo‘yicha kamida 72 ball bilim darajasi ko‘rsatkichi bilan xalqaro sertifikatlarga, shuningdek, test DaF, GOETNE sertifikati, DELF sertifikati imtihonlaridan CEFR uslubi bo‘yicha V2 minimal darajasiga hamda Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 13 maydagi 395-son qarori talablariga muvofiq sertifikatlarga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu savollar bloki bo‘yicha maksimal ball beriladi.

Hozirgi butun dunyoda kechayotgan pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda qabul jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan savollarga Akademiya rasmiy veb-sayti (www.iiau.uz) hamda ijtimoiy tarmoqlardagi telegram sahifalari orqali javob olish mumkin. Barcha yangilik va ma’lumotlar doimiy e’lon qilib boriladi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Ko‘kaldosh" va "Xoja Buxoriy" talabalari Islom sivilizatsiyasi markazida

03.06.2026   5883   1 min.

Shu yilning 3 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi «Ko‘kaldosh» va «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lishdi. Bilim yurti mudarrislari boshchiligida tashkil etilgan ushbu ma’rifiy sayohatdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ajdodlarimizning boy ilmiy merosi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

 

Sayohat doirasida markaz mutaxassislari tomonidan talabalar uchun maxsus mahorat darsi tashkil etilib, unda Islom sivilizatsiyasi rivoji, yurt allomalarining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi va qadimiy qo‘lyozmalar bilan ishlash usullari haqida muhim ma’lumotlar berildi.

So‘ngra talabalar markazda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar, zamonaviy interaktiv ko‘rgazmalar hamda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi ulug‘ zotlar hayotiga bag‘ishlangan bo‘limlarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdilar.

Bu kabi tadbirlar bo‘lajak diniy soha xodimlarini vatanparvarlik, ilmga muhabbat va ajdodlar merosiga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari