O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ko‘p yillar diniy sohada xizmat qilgan ("Movarounnahr" nashriyoti sobiq direktori) Yusufxon hoji Mahmudovga o‘ttiz yoshli farzandining vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilgan yigitning barcha solih amallarini o‘ziga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin.
Haq taolo marhumning yaqinlari va ota-onasiga chiroyli sabr berib, bu musibatlarga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Yusufxon hoji Mahmudovga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent islom instituti qoshida faoliyat yuritayotgan Jizzax shahridagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining navbatdagi bitiruvchilari va soha mutasaddilari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonxon domla Jabborov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov, institut prorektori Jahongir qori Ro‘ziyev hamda diniy soha vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik ne’matining qadri hamda bu ezgu ne’matlarga shukronalik keltirishning ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. Insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ilm-ma’rifatga targ‘ib qilish bugungi kunning muhim vazifalaridan ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida o‘quv kursi faoliyati va rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan mas’ullar hamda hamkor tashkilot vakillari institut nomidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shundan so‘ng o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Marosim so‘ngida yurt tinchligi, xalq farovonligi va ilm ahlining rivojini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati