Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Muborak vasiyatlari: IBROHIM (ALAYHISSALOM)

04.06.2020   17070   31 min.
Muborak vasiyatlari: IBROHIM (ALAYHISSALOM)
IBROHIM (ALAYHISSALOM) Qur’oni karim suralarining yigirma beshtasida oltmish to‘qqiz marta Ibrohim (alayhissalom) haqida zikr qilingan. Tarixiy manbalarning xabar berishicha, Nuh (alayhissalom) to‘fonidan bir ming sakson yil keyin Bobil (hozirgi Iroq) mamlakatining Faddomorom shahrida asli kasbi haykaltarosh bo‘lgan Ozar xonadonida yangi chaqaloq dunyoga keladi, ismini yaxshi tilaklar bilan Ibrohim deb qo‘yishadi (M.Jodul Mavlo. “Qur’oni karim qissalari”. Bayrut, Lubnon, 2000 y. 37-b.). Ibrohim (alayhissalom) nasablari Nuh (alayhissalom)ga borib taqaladi. Ibn Kasir u zotning nasablarini quyidagicha keltiradi: Ibrohim ibn Taruh ibn Nohur ibn Saruh ibn Ro’av ibn Sholix ibn Obir ... ibn Som ibn Nuh (alayhissalom) (“Al-bidoya van nihoya”, 1-jild, 159-bet). Ibrohim (alayhissalom) bilan Nuh (alayhissalom) orasida ming yildan ziyodroq vaqt o‘tgan. E’tibor berib qaralsa, Alloh taolo payg‘ambarlari nasl-nasabi jihatidan pokiza va ulug‘ zotlar silsilasidan kelib chiqishi ayon bo‘ladi. Bu ham payg‘ambarlar keltirgan yo‘lning ilohiy ekaniga dalolatdir. Ibn Kasirning aytishicha, Ibrohim (alayhissalom) kunyasi “Abu zoyfan”, ya’ni “Ikki mehmon otasi” bo‘lgani rivoyat qilinadi. Ibrohim (alayhissalom) tug‘ilgan vaqti Namrud ibn Kan’on ibn Ko‘sh podshohlik davriga to‘g‘ri keladi. Namrud o‘sha paytda butun yer yuziga podshoh bo‘lgan edi. Ibrohim (alayhissalom) otasi Ozarning ikkinchi ismi Taruh bo‘lgan. Ba’zi tarixchilar uning laqabi, deydi. Ozar Kufaning Kuso degan qishlog‘idan bo‘lib, buttaroshlik bilan shug‘ullangan. Xalilulloh o‘z otasini butparastlikdan qaytarishga ko‘p harakat qilgan, lekin u qaytmagan. Alusiy (rahmatullohi alayh) aytadi: “Ibrohimning otasi Ozar Kufa atrofidagi qishloqlarning birida tug‘ilgan. Aytishlaricha, Ozar Ibrohim (alayhissalom) otasining laqabi bo‘lib, haqiqiy ismi Taruh bo‘lgan” (“Alusiy tafsiri”, 7-jild. 149-bet). Ibn Abbos (roziyallohu anhu), Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) va boshqa sahobalardan rivoyat qilinishicha, yer yuzida birinchi bo‘lib butun insoniyatga podshoh bo‘lgan shaxs Namrud ibn Kan’on ibn Ko‘sh ibn Som ibn Nuhdir. Ularning aytishlaricha, dunyoda butun olamga podshohlik qilgan kishilar to‘rtta bo‘lgan: Ular Namrud ibn Kan’on, Sulaymon ibn Dovud, Zulqarnayn va Buxtunnasrdir (“Tarixi Tabariy”, 1-j, 163-b.). Ibn Abbos (roziyallohu anhu) va Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nuh (alayhissalom) payg‘ambar bilan Ibrohim (alayhissalom) oralaridagi muddatda Hud va Solih (alayhimassalom)dan boshqa payg‘ambar yuborilmagan edi. Ibrohim (alayhissalom) zamonlari yaqinlashganida Namrud huzuriga munajjimlar kelib: “Sizni xabardor qilib qo‘yishni burchimiz, deb bilamiz. Bizga ma’lum bo‘lishicha, falon muddatda qishlog‘ingizda Ibrohim ismli bir bola tug‘iladi. U diningizni yo‘q qiladi, butlaringizni sindiradi”, deb xabar berishdi. Munajjimlar ogoh qilgan yil kelganida, Namrud qishloqma-qishloq yurib, har bir homilador ayolni qishlog‘ida qo‘riqlash, agar qiz tug‘sa, ozod qilish, o‘g‘il tug‘sa, chaqaloqni darhol o‘ldirishga farmon beradi. Bir kuni podshohning shaharda zarur ishi chiqib qoladi. Ammo qattiq bandligidan, o‘z o‘rniga maslahatchisi Ozarni yuboradi va unga xotini bilan uchrashmay, qaytib kelishni buyuradi. Ozar shaharga borib podshoh buyurgan ishni bajaradi, uyiga kirib, o‘zini tutolmay xotiniga yaqinlik qiladi. Ozarning uyi Or shahrida edi, vaqti-soati kelib, Ibrohim tug‘iladi. Ozar uni bir go‘shaga yashiradi. Ibrohim bu go‘shada Allohning inoyati bilan bir kunda bir haftalik, bir haftada bir oylik, bir oyda bir yillik chaqaloqdek ulg‘ayadi. Ozar bir kuni yaqinlariga: “Mening bir o‘g‘lim bor, uni podshoh huzuriga olib kelsam, podshoh g‘azablanmasmikin?” dedi. Yaqinlari unga: “Podshoh senga ishonadi, olib kelaver!” deydi. Ozar Ibrohimni yetaklab olib ketayotganida, yo‘lda bolaning ko‘zi turli hayvonlarga tushadi, har birini ko‘rganida qiziqish bilan: “Bu nima?” deb so‘rayveradi. Ozar Ibrohimga barcha maxluqotlar nomini aytib bera boshladi. Ibrohim otasiga: “Bu maxluqlarning albatta Rabbi bo‘lishi kerak”, deydi. Kechki payt Ibrohim boshini ko‘tarib, osmonga qaragan edi, ko‘ziga Mushtariy yulduzi juda chiroyli ko‘rindi. Hayajon bilan: “Mana shu bo‘lsa kerak!” dedi. Ammo ozgina fursatdan keyin yulduz g‘oyib bo‘ldi. Buni ko‘rgan Ibrohim: “Men g‘oyib bo‘luvchilarni yaxshi ko‘rmayman”, dedi va undan yuz o‘girdi. Kechaning oxirida ko‘zi oyga tushdi va: “Mana shu Rabbim bo‘lsa kerak!” deb unga tikildi. Oy ham ko‘zdan g‘oyib bo‘lib, ko‘rinmay qolgach: “Agar Rabbimning O‘zi hidoyat kilib, O‘zini tanitmasa, men adashuvchilardan bo‘lib qolaman”, dedi. Tong otganda, hamma yoqni munavvar qilib, Quyosh chiqdi. Ibrohim uni ko‘rib: “Hammasidan eng kattasi va nuri o‘tkiri ekan, shu mening Rabbim bo‘lsa kerak”, dedi. Ammo Quyoshning xam botganini ko‘rib, hafsalasi pir bo‘ldi va: “Men olamlar Parvardigoriga itoat etaman”, dedi (“Tarixi Tabariy”, 1-j. 166-b.). Bu qissa Qur’oni karimda chiroyli bayon etilgan: «Ibrohim otasi Ozarga: “Sanamlarni iloh qilib olasizmi? Men Sizni va qavmingizni zalolatda ko‘ryapman”, deganini eslang! Shu tarzda Ibrohimga osmonlar va Yerning mulkini (ajoyibotlarini) ko‘rsaturmiz. Chinakam ishonuvchilardan bo‘lishi uchun (shunday qildik). Tun zulmati uni qoplaganda yulduzni ko‘rib: “Mana shu – Rabbim”, dedi. (U) botib ketganda esa: “Botib ketuvchilarni yoqtirmayman”, dedi. Chiqayotgan Oyni ko‘rib: “Mana shu – Rabbim”, dedi. Botib ketganda esa: “Agarda Rabbim meni hidoyatga solmasa, albatta, adashganlar qavmidan bo‘lib qolurman”, dedi. Chiqayotgan Quyoshni ko‘rib: “Mana shu – Rabbim. Shu kattaroq-ku!” dedi. Botib ketganda esa: “Ey qavmim, albatta, men sizlar keltirayotgan shirkdan bezorman. Men to‘g‘ri yo‘lni tanlagan holimda yuzimni osmonlar va Yerni yaratgan Zotga qaratdim. Men mushriklardan emasman”, dedi. Qavmi u bilan bahslashdi. (Shunda) u dedi: “Men bilan Alloh haqida bahslashasizmi? Axir, (U) meni hidoyatga yo‘llagan bo‘lsa?! Men sizlar keltirgan shirkdan qo‘rqmayman. Illo, Rabbim biror narsani xohlasa (o‘sha bo‘lur). Rabbim ilm jihatidan har narsani qamrab olgan. (Buni) eslab ko‘rmaysizlarmi? Sizlar keltirgan shirkdan qanday ham qo‘rqayin, sizlarga biror hujjat qilib tushirmagan narsani Allohga sherik qilishdan qo‘rqmayotgan bo‘lsangiz?!” (Bu) ikki guruhning qaysinisi (qo‘rqmay) xotirjam bo‘lishga haqliroqdir? Biladigan bo‘lsangiz (ayting!) Imon keltirgan va imonlariga zulm (shirk)ni aralashtirmaganlar – aynan o‘shalarga xavfsizlik (bordir) va ular hidoyat (to‘g‘ri yo‘l) topgan zotlardir. Ibrohimga qavmi ustidan bergan hujjatimiz ana shudir. Xohlagan kishimizni darajalarga ko‘tarurmiz. Albatta, Rabbingiz hikmat va ilm sohibidir. Unga (Ibrohimga) Is'hoq va Ya’qubni ato etdik. Hammasini hidoyatga yo‘lladik. Oldin Nuhni ham hidoyatga yo‘llagan edik. Uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horunni (ham yo‘lladik). Chiroyli ish qiluvchilarni mana shunday taqdirlaymiz. Zakariyo, Yahyo, Iso va Ilyosni (ham hidoyatga yo‘lladik). Hammasi solihlardandir. Ismoil, al-Yasa’, Yunus va Lutni ham (hidoyatga yo‘lladik). Hammalarini olamlar uzra afzal qildik. Shuningdek, ularning ota-bobolaridan, zurriyotlaridan va aka-ukalaridan (ba’zilarini ham afzal qildik). Ularni tanlab olib, to‘g‘ri yo‘lga (haq dinga) boshladik» (An’om, 74–87). Oyati karimada bayon etilgani kabi Ibrohim (alayhissalom) ulug‘ payg‘ambarlardan bo‘la turib nechun Quyosh, Oy, yulduzlarni Rabbim dedi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunga mufassirlar bunday javob beradi: «Xalilulloh bu so‘zlarni chin dili bilan e’tiqoddan aytgani yo‘q, balki ularga sig‘inadigan mushriklarni masxara qilib: “Shu ham iloh bo‘ldimi, botib ketishini qarang”, demoqchi bo‘lganlar». Yuqorida o‘n sakkiz nafar payg‘ambarning ismlari keltirildi. Lekin yashagan davrlariga xos tartib bilan emas, balki ularga ato etilgan fazilat va ne’matlarga qarab zikr etildi. Masalan, Nuh, Ibrohim, Is'hoq va Ya’qub (alayhimussalom) qolgan payg‘ambarlarning bobokalonlari hisoblanadi. So‘ngra podshohlik, qudrat va saltanat e’tibori bilan Dovud va Sulaymon (alayhimassalom) zikr etildi. Sabr-bardosh bo‘yicha Ayyub va Yusuf (alayhimassalom), so‘ngra ko‘p mo‘jiza sohiblari Muso va Horun (alayhimassalom), so‘ngra zohidlik e’tibori bilan Zakariyo, Yahyo, Iso, Ilyos (alayhimussalom), ulardan so‘ng izdosh va tobelari ham, alohida shariatlari ham bo‘lmagan Ismoil, al-Yasa’, Yunus, Lut (alayhimussalom) zikr etildi. Ibrohim (alayhissalom) Yeru osmonlardagi ajoyibotlar ko‘rsatilgan paytda yer yuzida bir kishini fahsh ustida ko‘rib, uni duoyibad qilganlarida u o‘lib qoladi. Yana ikki kishi ham xuddi shunday duoyibadlari bilan halok bo‘ladi. Shunda Alloh: “Ey Ibrohim, sening duoying mustajob. Bandalarimni duoyibad qilma! Ular uch xil: biri tavba qiladi, qabul qilaman. Boshqasidan menga ibodat qiluvchi nasl chiqaraman. Uchinchisini oxiratda xohlasam, kechiraman, xohlasam, azoblayman”, degan. Ibrohim (alayhissalom) TAVHIDga, ya’ni yakka Xudoga sig‘inishga da’vat etgan ulug‘ payg‘ambardir. U kishi otasini hidoyatga chaqira olmaganidan keyin qavmlarini ochiq da’vat qilishga o‘tdi. Har bir guruh o‘z butlarini maqtar ekan, Ibrohim (alayhissalom) ularga: “Bu butlar insonning biror og‘irini yengil qila olmaydi, musibatini daf qila ol­maydi, hatto “ha” yoki “yo‘q” deb javob berishga qodir emas-u, nechun unga sig‘inasizlar” desa, ular: “Otalarimizni shu butga sig‘inishganini ko‘rganmiz, shuning uchun ularga taqlid qilamiz”, deb javob berardi. Qur’oni karimda bunday deyiladi: «O‘shanda (Ibrohim) otasi va qavmiga: “Sizlar doimo sig‘inadigan bu haykallar nima?!” dedi. (Ular) aytdilar: “Biz­lar ota-bobolarimizni ularga sig‘ingan holda topganmiz”. (U) dedi: “Darhaqiqat, sizlar ham, ota-bobolaringiz ham ochiq zalolatda ekansiz”. (Ular) aytdilar: “Bizga haq narsani keltirdingmi yoki sen o‘yin qiluvchilardanmisan?” (U) dedi: “Yo‘q! Sizlarning Rabbingiz (butlar emas, balki) osmonlar va Yerning Parvardigori, ularni O‘zi yaratgandir. Men bunga guvohlik beruvchilardandirman. Alloh nomiga qasam, sizlar o‘girilib (bayramga) ketganlaringizdan keyin butlaringizga makr (hujum) qilurman”. Bas, u (butlarni) parchalab tashladi. Faqat, “(mushriklar butlarning) kattasiga murojaat qilsinlar” (deb) o‘shanigina (qoldirdi). Ular (qaytib kelib): “Bizning ilohlarimizni kim bunday qildi? (Kim bo‘lsa ham) u zolimlardan ekan”, dedi. Ular (ayrimlari) aytdi: “Ularni gapirib (ayblab) yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik”. (Shunda ularning kattalari): “Uni odamlar oldiga keltiringiz, shoyad, ular guvoh bo‘lishsa”, deyishdi. (Uni keltirishgach): “Ilohlarimizni sen shunday qildingmi, ey Ibrohim?” deyishdi. (Ibrohim) aytdi: “Yo‘q, bu ishni ularning kattasi – mana bu (haykal) qildi. Bas, ulardan so‘rangiz, basharti gapira olsalar”» (Anbiyo, 52–63). Nihoyat, Ibrohim (alayhissalom) boshqacha yo‘l tutmoqchi bo‘ldi. Bobilliklar odatiga ko‘ra, har yili katta ziyofatlar uyushtirilar va bu ish butxonalarda nishonlanar edi. Bobil shahrining har bir qishlog‘ida bittadan but bo‘lib, insonlar ularga ibodat qilishar edi. Ularning eng kattasi “Mardak” edi, bayram kunlari butparast qavm uning oldiga ham dasturxon bezashar va shahar tashqarisiga chiqib, o‘yin-kulgi qilib qaytganidan keyin but oldida ziyofat tanovul qilishardi. Ibrohim (alayhissalom)ning otasi Ozar o‘g‘li bilan o‘zi orasidagi sovuqchilikka barham berish maqsadida: “Ey Ibrohim! Bugun bayramimiz, biz bilan borsang, bayramda ishtirok etsang, xursand bo‘lasan va har xil xayollarni unutasan”, dedi. Ibrohim (alayhissalom) tashqariga chiqib, charog‘on osmonga qaradi va xayoliga bir fikr keldi va uni amalga oshirish uchun qulay fursat kelganini anglab yetdi va otasiga: “Men bemorman, bayramga borolmayman”, dedi. Qavm shodu xurramlik bilan bayramga ketgach, Ibrohim (alayhissalom) butlarni ko‘zdan kechirib, ularga nafrat va g‘azabi qo‘zidi. Qo‘lga bolta olib barcha butni sindirib tashladi va boltani eng katta but “Mardak”ning bo‘yniga osib qo‘ydi. Qavm bayramdan qaytib kelib, butxonaga kirdi. U yerda hamma butlarning pachoqlanib yotganini ko‘rib, hushlari boshidan uchdi. Bir-birlaridan gumonsirab, buni kim qildi, deb so‘ray boshlashdi. Ba’zilari: “Ibrohim degan yigit bizni ayblab, butlarimizni haqoratlab yurar edi, bayramga ham chiqmagan edi”, dedi. Hamma Ibrohimni qidirishga tushdi, qavmi undan qasos olishga shoshildi. Ibrohim (alayhissalom) esa ko‘pdan beri qavm bir joyga to‘planishini, ularga e’tiqodlarining botil ekanini aytib, hidoyatga chaqirishni orzu qilib yurar edi. Hamma jam bo‘lgan joyga Ibrohim (alayhissalom)ni keltirishdi va bu ishni kim qilganini so‘rashdi: “Ilohlarimizni sen shunday qildingmi, ey Ibrohim!” Ibrohim (alayhissalom): “Balki bu ishni qilgan eng kattasidir, agar u gapira olsa, o‘zidan so‘rab ko‘ringlar”, deb javob berdi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Ibrohim (alayhissalom) hech qachon bo‘lmagan narsani bo‘lgan, demagan edi, faqat uch bor shunday deyishga majbur bo‘lgan: o‘zi kasal bo‘lmasa-da, “men bemorman”, degan; butlarni o‘zi sindirgan bo‘lsa-da, “balki bu ishni qilgan eng kattasidir, agar u gapira olsa, o‘zidan so‘rab ko‘ringlar!” degan; Fir’avn Soraning kimligini so‘raganida, xotini bo‘lsa-da, uni “singlim”, deb aytgan”, dedilar» (Imom Bu­xoriy va Imom Muslim). Qavmning ba’zilari bir-birini ayblab, nega olihalarni qarovsiz qoldirdingiz, desa, ba’zilar haqiqatni tushunib botil yo‘lda yurganlarini e’tirof qildi. Ko‘pchilikka g‘ulg‘ula tushganini ko‘rgan qabila kattalari Ibrohim (alayhissalom)ni o‘tda kuydirib, yo‘q qilishga buyurdi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: ﴿قَالُواْ حَرِّقُوهُ وَٱنصُرُوٓاْ ءَالِهَتَكُمۡ إِن كُنتُمۡ فَٰعِلِينَ٦٨﴾ «(Namrud boshchiligidagi mushriklar) dedilar: “Uni yoqib yuboringlar! Agar (biror narsa) qiluvchi bo‘lsangiz (shu ish bilan) ilohlaringizga yordam qilinglar!» (Anbiyo, 68) Ibrohim (alayhissalom) “Alloh yagona” degani uchun uni o‘tda kuydirmoqchi bo‘ldilar. Katta miqdorda o‘tin to‘platib, yoqib qizdirilgandan keyin Ibrohimni palaxmon (manjaniq)ga solib olovga otishdi. Shu’ayb ibn Jubboiyning rivoyat qilishicha, Ibrohim (alayhissalom) olovga otilganida o‘n olti yoshda bo‘lgan. Ibrohim (alayhissalom) olovga otilgan lahzada Jabroil (alayhissalom) kelib: “Mendan biror tilaging bormi?” deb so‘radi. Ibrohim: “Mening Allohdan o‘zga biror kimsaga ehtiyojim yo‘q. U mening holimni biluvchi, ko‘ruvchidir”, deb javob berdi. Shunda Alloh taolo olovga buyurdi: ﴿قُلۡنَا يَٰنَارُ كُونِي بَرۡدٗا وَسَلَٰمًا عَلَىٰٓ إِبۡرَٰهِيمَ٦٩﴾ «Biz aytdik: “Ey olov! Ibrohimga salqin va omonlik bo‘l!”» (Anbiyo, 69) Allohning marhamati bilan ulkan olovga tushgan Ibrohim (alayhissalom) hech qanday zarar ko‘rmasdan, o‘t o‘chgandan keyin qaytib chiqdi. Ba’zi tarixchilarning aytishicha, Ibrohim (alayhissalom) olovga otilgan joy hozirgi Turkiya davlatining Urfa shahrida bo‘lgan. U joy hozir ham mashhur. Ibrohim (alayhissalom)dan bizga xatna qilish, soqol va mo‘ylabni qisqartib yurish, qurbonlik qilish kabi ko‘plab sunnat va vojib amallar yetib kelgan. Ibrohim – Xalilulloh Muoz ibn Anas otalaridan rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Men sizlarga Alloh taolo Ibrohim (alayhissalom)ni nima uchun “xalil” (“do‘st”) degani sababini aytib beraymi? Chunki Ibrohim (alayhissalom) har tong otganda va har kun botganda: «Bas, tunga kirish paytingizda ham, tongga kirish paytingizda ham Allohga tasbeh aytingiz! Osmonlar va Yerdagi (aytilayotgan barcha) hamd Unga xosdir. Kechki paytda ham, Quyosh zavoli paytiga kirishingizda ham (Unga tasbeh aytingiz)! (Alloh) o‘likdan tirikni chiqarur, tirikdan o‘likni chiqarur va yerni “o‘lganidan” keyin (bahorda qayta) “tiriltirur”. Sizlar ham (qiyomat kunida qabrlaringizdan) shu tarzda (xuddi giyohlar unganidek) chiqarilursiz» (Rum, 17–19) mazmunidagi duoni o‘qir edi. Ibrohim (alayhissalom) barcha buyruqlarni so‘zsiz bajarib, ularga itoat etgani, ibodatlarda sabr qilganini ko‘rib, Alloh taolo uni “xalil” dedi va Ibrohim (alayhissalom) zurriyotlaridan payg‘ambarlar chiqardi. Rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Ibrohim (alayhissalom)ni o‘ziga xalil-do‘st qilib olganida farishtalar: “Ey Parvardigor! Ibrohimning moli, xotini, farzandi bo‘lsa, bu mashg‘ul qiladigan narsalar bilan qanday qilib Senga do‘st bo‘la oladi”, dedi. Shunda Alloh: “Bandamning suratiga, moliga qaramanglar, balki qalbiga, amaliga qaranglar. Xalilimning qalbida Mendan o‘zganing muhabbati yo‘q. Xohlasangiz, tekshirib ko‘ringlar”, dedi. Jabroil (alayhissalom) inson suratida keldi. O‘sha paytda Ibrohim (alayhissalom)ning qo‘ylarini boqadigan o‘n ikki mingta iti bo‘lib, har bir it bo‘ynida tilla zanjir bor edi. Ya’ni, dunyo arzimasdir, arzimas narsa faqat haqir narsaga yaroqlidir, deb shunaqa qilgan edi. Ibrohim (alayhissalom) baland tepalikda qo‘ylarga qarab turgan edi. Jabroil (alayhissalom) unga salom berdi va: “Bu kimniki?” dedi. Ibrohim (alayhissalom): “Allohniki, lekin hozir mening qo‘limda”, dedi. Jabroil (alayhissalom): “Menga bittasini hadya qil”, dedi. Ibrohim (alayhissalom): “Allohni zikr et va uchdan birini ol”, dedi. Jabroil (alayhissalom): “Subbuhun quddusur robbuna va robbul malaikati var Ruh”, dedi. Ibrohim (alayhissalom): “Ikkinchi bor zikr qil va yarmini ol”, dedi. Jabroil (alayhissalom): “Subbuhun quddusur robbuna va robbul malaikati var Ruh”, dedi. Ibrohim (alayhissalom): “Uchinchi bor zikr qil va hammasini ol”, dedi. Jabroil (alayhissalom) yana bir marta aytdi. Shunda Alloh: “Ey Jabroil, do‘stimni qanday baholaysan?” dedi. Jabroil (alayhissalom): “Naqadar yaxshi do‘st”, dedi. Ibrohim (alayhissalom) turib: “Ey cho‘ponlar, qo‘ylarni egasi qayerga xohlasa, o‘sha yerga haydanglar, sizlar ham uniki bo‘ldingiz”, dedi. Shunda Jabroil (alayhissalom) o‘zini tanitib: “Mening bularga ehtiyojim yo‘q. Faqat seni sinash uchun keldim”, dedi. Ibro­him (alayhissalom): “Men Allohning xaliliman. Senga hadyamni qaytarib olmayman”, dedi. Shunda Alloh taolo Ibrohim (alayhissalom)ga ularni sotib, puliga yerlar olish va qiyomatgacha undan boyu kambag‘allar foydalanadigan yaylov-o‘tloqlar tash­kil qilishni vahiy etdi. Ibrohim (alayhissalom)ning dini Qur’onda Ibrohim dini haqida so‘z yuritiladi, Ibrohimning yahudiy yoki nasroniy bo‘lmagani ta’kidlanadi: «Ibrohim yahudiy ham, nasroniy ham bo‘lmagan, balki to‘g‘ri yo‘ldan toymagan (hanif) musulmon bo‘lgan va mushriklardan bo‘lmagan. Odamlar ichida Ibrohimga do‘strog‘i – unga ergashganlar, ushbu payg‘ambar (Muhammad) va imon keltirganlardir. Alloh (esa) mo‘minlarning do‘stidir» (Oli Imron, 67–68). Ibrohim (alayhissalom) o‘zidan keyingi barcha payg‘ambarlar otasi hisoblanadi. Uni barcha samoviy dinlar vakillari hurmat bilan tilga oladi va uning merosxo‘ri ekanlarini e’tirof etadi. Avvalgi muqaddas kitoblarda Ibrohim (alayhissalom)ga qarata: “...Seni tabarruk qilib nomingni ulug‘layman. Sen barakali bo‘lgaysan. Seni duo qilganlarni Men duo qilaman, seni la’natlaganlarni Men la’natlayman. Yer yuzidagi barcha qabilalar sendan baraka topadi”, deyilgan. Balki bu musulmonlar haqidagi bashoratdir, chunki musulmonlar namozlarida bir kun­ning o‘zida o‘nlab marta Ibrohim (alayhissalom)ni yod etib Allohga duo qiladi: “اللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِ مُحَمَّدٍ كَمَا صَلَّيْتَ عَلَى إِبْرَاهِيمَ و عَلَى َآلِ إِبْرَاهِيمَ إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ” “Yo Alloh! Ibrohimga va Ibrohim oilasiga salavot yo‘llaganing kabi Muhammadga va Muhammad oilasiga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen Hamid va Majidsan”. Yahudiylar va nasroniylar: “Bizlar Ibrohim (alayhissalom) zurriyotlarimiz va Alloh taolo biz bilan ahdlashgan, bizlar jannat egalarimiz va faqat bizlar haq yo‘ldamiz”, deb da’vo qiladi. Hozirga kelib, nasroniylar Parvardigor bilan ahdnomalarini unutib, payg‘ambar Iso (alayhissalom)ni o‘zlariga xudo qilib oldi. Nasroniylarning ayrim rahnamolari Ibrohim (alayhissalom)ga va’da qilingan merosdan bahramand bo‘lamiz, deb o‘ylab yurdi. Ammo Qur’oni karim Ibrohim (alayhissalom) zurriyoti haqida xabar berib, bu masalaga nuqta qo‘ygan: «Eslang, Ibrohimni bir necha so‘zlar bilan Rabbi imtihon qilganida, ularni mukammal ado etdi. Shunda (Alloh): “Albatta, Men seni odamlarga imom (peshvo) qilaman”, dedi. (Ibrohim) “Zurriyotimdan hammi?” deb so‘radi. (Alloh) aytdi: “Mening ahdim zolimlarga tegishli emas”» (Baqara, 124). Ibrohim (alayhissalom)ning o‘g‘li Ismoil (alayhissalom)ni qurbonlik qilishga buyurilgani Alloh taolo marhamat qiladi: «(U olov ichidan salomat chiqdi) va dedi: “Albatta, men Rabbim (buyurgan taraf)ga ketuvchiman. Uning o‘zi meni (to‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilur. Ey Rabbim! O‘zing menga solih (farzand)lardan ato etgin!” Bas, Biz unga bir halim o‘g‘il (tug‘ilishi to‘g‘risidagi) xushxabarni berdik. Bas, qachon, u (otasi) bilan birga yuradigan bo‘lgach, (Ibrohim): “Ey o‘g‘ilcham! Men tushimda seni (qurbonlik uchun) so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Endi sen o‘zing nima ra’y (fikr) qilishingni bir (o‘ylab) ko‘rgin!” degan edi, u aytdi: “Ey otajon! Sizga (tushingizda Alloh tomonidan) buyurilgan ishni qiling! Inshaalloh, meni sabr qiluvchilardan topursiz”. Bas, qachon, ikkisi ham (Allohning amriga) bo‘ysunib, (Ismoilni qurbonlikka) peshonasi bilan (yerga) yotqizgan edi, unga Biz nido qildik: “Ey Ibrohim! Darhaqiqat, sen tushni tasdiq etding. Albatta, Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz”. Albatta, bu (qurbonlikka buyurishim) ayni sinovdir. Biz (Ismoilning) o‘rniga katta bir (qo‘chqor) so‘yishni badal qilib berdik. Keyingi (avlod)lar orasida u (Ibrohim) haqida yaxshi gaplarni qoldirdik. Ibrohimga salom! Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz"» (Soffot, 99–110). Hikoya qilinishicha, Ibrohim (alayhissalom) bir kuni Alloh roziligi uchun mingta qo‘y, uch yuzta mol va yuzta tuyani kurbon qildi. Odamlar va farishtalar bunga ajablandi. Shunda Ibrohim (alayhissalom): “Allohga qurbat hosil qiladigan har qanday narsani Alloh yo‘liga xarjlayman. Agar o‘g‘lim bo‘lganida, uni ham Alloh yo‘liga qurbon qilardim va bu amal bilan Allohga qurbat hosil qilardim”, dedi. Oradan bir qancha muddat o‘tib, Ibrohim (alayhissalom) bu so‘zlarni unutdi. Quddus shahriga kelganida, Allohdan farzand so‘radi. Alloh uning duosini ijobat qilib, farzand bashoratini berdi. Ismoil (alayhissalom) tug‘ilib, Ibrohim (alayhissalom) bilan birga yuradigan bo‘lgach (rivoyatlarga ko‘ra o‘n uch yoshga yetganida), Ibrohim (alayhissalom)ga tushida: “Nazringga vafo qil”, deyildi. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, Ibrohim (alayhissalom) tarviya kechasi tushida bir kimsaning: “Ey Ibrohim, nazringga vafo qil”, deganini eshitdi. Tong ottirganida: “Bu tush Alloh tarafidanmi yoki shayton tarafidanmi”, degan shubha bilan bajarishga ikkilandi. Shuning uchun ham tarviya kuni “shubha – ikkilanish kuni” deb nomlandi. Kech kirgach, uxlaganida ikkinchi bor tush ko‘rdi va uyg‘ongach, bu tush Alloh tarafidan ekanini bildi. Shuning uchun ham bu kun “Arafa kuni”, (arafa – bildi, deganidir) deb nomlandi. Bu makonning nomi Arafot, deb nomlandi. Uchinchi kecha ham ushbu tushni ko‘rdi-da, Ismoil (alayhissalom)ni qurbon qilishga chog‘landi. Shuning uchun ham “qurbonlik” kuni deb nomlandi. Ibrohim (alayhissalom) Ismoil (alayhissalom)ni qurbon qilishni xohlaganidan keyin, uning onasi Hojarga: “Ismoilga chiroyli liboslarni kiydir, men uni mehmonga olib boraman”, dedi. Hojar Ismoil (alayhissalom)ni kiyintirib, xushbo‘ylar surtib, sochlarini tarab qo‘ydi. Ibrohim (alayhissalom) arqon bilan pichoqni olib, Mino tarafga ketdi. Alloh uni yaratgan kundan beri Iblis bugungidek tipirchilab, taraddudlanmagan edi. Ibrohim (alayhissalom) oldiga yugurib keldi va: “O‘g‘lingning qomati mo‘tadilligiga, husnining go‘zalligi va latofatiga qaramaysanmi?” dedi. Ibrohim (alayhissalom): “To‘g‘ri, lekin men shunga buyurilganman”, dedi. Iblis Ibrohim (alayhissalom)dan umidini uzgach, Hojarning oldiga keldi va: “Ibrohim (alayhissalom) o‘g‘lingni so‘yishga olib ketdi. Sen qanday xotirjam o‘tiribsan”, dedi. Hojar: “Yolg‘on gapirma, biror marta ota o‘zining o‘g‘lini so‘yganini eshitganmisan?” dedi. “Mana shuning uchun ham pichoq bilan arqon olib ketdi-da”, deganida, “Nima uchun so‘ymoqchi?” deb so‘radi. Shayton: “Alloh unga bu­yurganini da’vo qilyapti”, dedi. Shunda Hojar: “Payg‘ambar botil narsaga buyurilmaydi. Men Allohning amriga jonimni ham fido qilaman, nega bolamizni fido qilmaylik”, dedi. Shunda shayton Hojardan ham umidini uzib, Ismoil (alayhissalom) oldiga keldi va unga: “Sen xursand bo‘lib o‘ynayapsan-u, otangning qo‘lida pichoq bilan arqon turibdi. Otang seni so‘ymoqchi”, dedi. Ismoil: “Menga yolg‘on gapirma, otam nima uchun meni so‘yarkan?” dedi. Shayton: “Otangning da’vosi bo‘yicha, Alloh unga shuni buyurgan emish”, dedi. Shunda Ismoil (alayhissalom): “Allohning amriga bo‘ysunaman”, dedi. Shayton boshqa gaplarni gapirmoqchi bo‘lganida, Ismoil (alayhissalom) yerdan tosh olib, unga otdi va chap ko‘zini ko‘r qildi, so‘ng u umidsizlanib, qaytib ketdi. Alloh bu o‘rinda tosh otishni Ismoil (alayhissalom)dan bizlarga vojib qildi. Ibrohim (alayhissalom) Minoga kelganida Ismoilga: “Ey o‘g‘ilcham, men (hadeb) tushimda seni (qurbonlik uchun) so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Endi sen nima qilishingni bir o‘ylab ko‘r (ya’ni aytchi, sen Allohning amriga sabr qila olasanmi)”, dedi. Bu bilan Ibrohim (alayhissalom) farzandini imtihon qildi. Ya’ni, Allohning amriga bo‘ysunadimi-yo‘qmi? Ismoil (alayhissalom): “Ey otajon, (tushingizda Parvardigor tomonidan) buyurilgan ishni qiling. Inshaalloh, meni sabr qilguvchilardan topursiz”, dedi. Ibrohim (alayhissalom) o‘g‘lidan bu so‘zni eshitib bildi, “Par­vardigorim, O‘zing menga solih (farzand)lardan hadya et”, deb Allohga qilgan duolari ijobat bo‘libdi. Allohga ko‘p hamd aytdi. So‘ngra Ismoil (alayhissalom): “Ey otajon! Sizga bir necha vasiyatlar qilaman. Qo‘llarimni bog‘lang, iztiroblanib, sizga aziyat berib qo‘ymay. Yuzimni yerga qarating, unga qarab rahmingiz kelib qolmasin. Kiyimingizni yig‘ishtirib oling, qonim sachrab, ajrim kamaymasin va onam u qonni ko‘rib g‘amgin bo‘lmasin. Pichog‘ingizni o‘tkir qiling va pichoqni bo‘g‘zimga tezroq torting, jonim yengilroq chiqsin, zero, o‘lim qattiqdir. Ko‘ylagimni onamga eltib bering, meni eslab yursin va unga: “Allohning amriga sabr qil” deng. Onamga, meni qanday so‘yganingizni, qo‘llarimni qanday bog‘laganingizni aytmang. Uning oldiga bolalarni kiritmang, g‘ami yangilanmasin. Agar menga o‘xshash bolani ko‘rsangiz, unga qaramang, g‘amgin bo‘lib qolasiz”, dedi. Shunda Ibrohim (alayhissalom): “Ey bolam! Sen Allohning amrini bajarishga qanday ham yaxshi yordamchi bo‘lding”, dedi va ikkisi ham (vahiyga) bo‘ysunib, (Ibrohim o‘g‘li Ismoilni qurbon qilish uchun) peshonasi bilan yerga yotqizdi, so‘ng Ibrohim (alayhissalom) pichoqni Ismoilning bo‘g‘ziga qo‘yib kuch va shiddat bilan tortdi, ammo pichoq kesmadi, Alloh yeru osmonlardagi farishtalar ko‘zi oldidan pardani oldi. Ular Ibrohim (alayhissalom)o‘z farzandini so‘yayotganini ko‘riboq, Allohga sajda qilishdi. Alloh ularga: «Qaranglar, bandam mening roziligim uchun farzandi bo‘g‘ziga pichoq tortyapti, sizlarga: “Men yerda (Odamni) xalifa qilmoqchiman”, deganimda: “U yerda buzg‘unchilik qiladigan, qonlar to‘kadigan kimsani (xalifa) qilmoqchimisan? Holbuki, biz hamdu sano aytish bilan Seni ulug‘laymiz va Sening nomingni mudom pok tutamiz”, degan edinglar», dedi. So‘ngra Ismoil (alayhissalom): “Ey otajon, qo‘l-oyoqlarimni yeching, Alloh meni o‘z amriga itoatda majburlangan holda ko‘rmasin, balki Ibrohim (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘g‘li Allohga va amriga o‘z ixtiyori bilan itoat qiluvchi ekanini farishtalar ham bilsin”, dedi. Ibrohim (alayhissalom) uning qo‘l-oyoqlarini yechdi va yuzini yerga qaratib, bor kuchi bilan pichoqni tortdi, ammo Allohning izni bilan pichoq kesmadi. Shunda Is­moil (alayhissalom): “Ey otajon, menga muhabbatingiz sababli zaiflashdingizmi, meni so‘yishga qodir bo‘lmayapsiz”, dedi. Ibrohim (alayhissalom) pichoq bilan toshni urganida, tosh ikkiga bo‘linib ketdi. Ibrohim: “Toshni kesyapti-yu, go‘shtni kesmayapti”, dedi. Shunda pichoq Allohning qudrati bilan tilga kirdi: “Ey Ibrohim, sen kes, desang, Alloh kesma, deyapti, qanday qilib Allohga osiy bo‘lib, senga bo‘ysunaman”, dedi. So‘ngra Allohdan: “Ey Ibrohim, darhaqiqat, ko‘rgan tushingni bajo qilding”, deb nido keldi. Jabroil (alayhissalom) Ibrohim (alayhissalom) ishlaridan ajablanib: “Allohu akbar! Allohu akbar!” dedi. Ibrohim (alayhissalom): “La ilaha illallohu vallohu akbar”, dedi. Ismoil (alayhissalom) esa: “Allohu akbar va lillahil hamd”, dedi. Shu bois bu kalimalarni qurbonlik kunlarida aytish bizlarga vojib qilindi. Ibrohim (alayhissalom)ga farzandi evaziga qurbonlikka qo‘chqor tushirildi. Ibrohim (alayhissalom) Alloh buyurgan har bir amalni o‘z vaqtida ado etgan va uni qavmiga ham yetkazishni sharafli maqsad qilib olgan. Qavmini Allohga da’vat etishda ko‘plab qiyinchilik va mashaqqatlarga sabr qilgan. Sa’diyning rivoyat qilishicha, yillar o‘tib, Ibrohim (alayhissalom) ham ma’lum yoshga yetganidan keyin Allohdan so‘ramagunicha Azroil (alayhissalom)ni yubormaslikni tilab duo qilgan edi. O‘zi juda saxovatli kishi edi. Bir kuni odamlarni mehmon qilib turganida, uzoqdan bir keksa kishining issiqda qiynalib kelayotganini ko‘rdi. Oldiga darhol ulov jo‘natib, olib keltirdi. Keksa yo‘lovchi yetib kelganidan keyin uning oldiga ham taom qo‘ydi. Mehmon juda keksaligidan qo‘lini og‘ziga emas, balki ko‘ziga, qulog‘iga olib borib, keyin og‘zini zo‘rg‘a topdi va unga luqmani tashladi. Ovqat oshqozoniga tushishi bilan to‘xtamasdan orqasidan chiqib ketdi. Uni ko‘rgan Ibrohim (alayhissalom) bu nima qiliq, deb so‘radi. Mehmon: “Uzr, qarilikda”, dedi. Yoshini so‘ragan edi, Ibrohim (alayhissalom)dan ikki yosh kattaligini aytdi. “Mendan bor-yo‘g‘i ikki yosh katta ekansiz, men ham sizning yoshingizga yetganimda shunday ahvolga tushamanmi?” dedi va Allohga iltijo qilib: “Yo Alloh! Shu odamning holi boshimga tushmasdan turib jonimni ol”, dedi. Kelgan keksa mehmon o‘lim farishtasi edi, shu ondayoq o‘rnidan turib, Ibrohim (alayhissalom)ning jonini oldi. Ibrohim (alayhissalom) vafot etganida ikki yuz yoshlarda edi. Ba’zi rivoyatlarda 175 yoshda edi, deyiladi. Ibrohim (alayhissalom) xotini Sora dafn etilgan Falastindagi Madinatul Xalil (Hibrun) shahriga dafn etilgan (“Tarixi Tabariy”, 1-jild, 219-bet). KЕYINGI MAVZU: MUSO (alayhissalom)
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Payg‘ambarlik vahiy bilan namoyon bo‘ladi

10.08.2026   12073   15 min.
Payg‘ambarlik vahiy bilan namoyon bo‘ladi

Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas

 

Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
 

1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.


Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qingoyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.


2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:


Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.


Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.


Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.


3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.


Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.


4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.


Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, bu ochiq-oydin sehrdir dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].


Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.


5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.


6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].


Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].


So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.


Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.


Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.


Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.


7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.


1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].

Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].

Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.

Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].

Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.


2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].


So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].


Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!


Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.


3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.


Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.


Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.


Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.

Nurmuhammad Matkarimov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi


Mazkur maqolaga 

.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan

Maqolalar