Hech shubhasiz, ushbu ulug‘ ayyom arafasida bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘lga kirgan insonlarni kechirish ularni oilasiga ham xursandchilik, baxt va umid kirishiga sababchi bo‘ldi. Oilasi bag‘riga qaytgan yurtdoshlarimiz bundan buyon oilaviy to‘kinlik, tinchlik-xotirjamlikning qadriga yetib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida halol mehnat qilishlariga ishonamiz.
Bunday ulug‘ ishlarga bosh bo‘lgan davlatimiz rahbari va barcha mas’ullarga xalqimiz nomidan cheksiz minnatdorlik izhor etamiz.
Bizlar mana shunday ne’matlarning qadriga yetib, dinimiz rivojiga ko‘rsatilayotgan sharoitlarni Alloh taoloning ulug‘ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.
Azizlar, ertaga katta bayram – Ramazon hayiti Islom dinimizning uchinchi rukni bo‘lmish ro‘za ibodatining ado etilishi munosabati bilan nishonlanadigan quvonchli voqeadir.
Ulug‘ allomalarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Islomning shiori bo‘lgan ikki bayram – Ramazon va Qurbon hayitlarida xursandchiligimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim.
Mo‘tabar kitoblarimizda keltirilishicha, mo‘min-musulmonlar Ramazon oyi ro‘zasini ado etib, Ramazon hayitiga yetishganlarida, Alloh taolo: “Ey farishtalarim, har bir ishchi o‘z haqini talab qiladi, men ularni mag‘firat qildim”, deydi. Shunda bir nido qiluvchi: “Ey Muhammad ummati, manzillaringizga qaytinglar, batahqiq, gunohlaringiz savoblarga, yaxshiliklarga almashtirildi”, deb nido qiladi. Shunda Alloh taolo: “Ey bandalarim, Mening uchun ro‘za tutdingiz, Mening uchun og‘iz ochdinglar, bas, mag‘firat qilingan holda o‘rinlaringizdan turinglar”, deydi. Mo‘min-musulmonlar mana shunday baxtga muyassar bo‘ladilar, insha Alloh.
Imom Buxoriy hazratlari rivoyat qilgan hadisi sharifda Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Jannatning bir eshigi bor, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kuni undan faqat ro‘zadorlar kiradi”, deb marhamat qilingan. Mana shu baxt barchamizga nasib etsin.
Azizlar, bu yil Ramazon hayitini karantin mezonlaridan kelib chiqib, uylarimizda, oilamiz bag‘rida o‘tkazamiz. Bu ham aslida biz uchun bir imkoniyat. Negaki, avvalo, ota-onalarimizning davrasida bo‘lib, ularning pandu nasihatlariga quloq solamiz, farzandu arjumandlarimizga esa bayram shukuhini tushuntiramiz.
Hayit kunlari oila bag‘rida ham bayram kayfiyatini nishonlash mumkin. Uyga qilinadigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish lozim. Iloji bo‘lsa, ahli oilalarga sovg‘a va hadyalar ulashilsa, yanada savobli. Bunda hadyalarni qo‘ni-qo‘shni, ehtiyojmand va yordamga muhtoj insonlarga ham berilsa, nur ustiga nur bo‘ladi.
Bugun barchamiz jome masjidlarni to‘ldirib, jamoat bo‘lib namoz o‘qishni juda sog‘indik, ilhaqlik bilan kutmoqdamiz. Yana bir oz sabr qilsak, ushbu kasallik xavfi kamaysa, yana jome masjidlar eshiklari mo‘min-musulmonlarimizga ochiladi, birgalikda fayzli ibodatlarimizni davom qilamiz, insha Alloh.
Qayd etilganidek, Ramazon hayiti – Iydul Fitr bayrami buyuk bayram, haqiqiy tantana, quvonchli voqeadir. Zero, har bir mo‘min-musulmon uchun Alloh taoloning ibodatini ado etish chinakam shodiyona, ulug‘ saodatdir.
Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul etsin, ona-Vatanimizni jannatmakon qilsin, xalqimiz hayotini yanada farovon aylasin.
Muhtaram Yurtboshimizni, butun elimizni, dunyodagi mo‘min-musulmonlarni Iydul Fitr – Ramazon hayiti bayrami bilan yana bir bor tabriklaymiz, tinchlik-barqarorlik, qut-baraka, baxt-saodat tilaymiz!
Alloh taoloning O‘zi yuzlarimizni yorug‘ qilsin, yo‘limizni hamisha ochib bersin. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O‘zi saqlasin.
Aziz yurtdoshlar, Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari