Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Iydul Fitr – Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!

23.05.2020   4258   8 min.
Iydul Fitr – Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Aziz yurtdoshlar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va o‘z nomimdan Sizlarni muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbdan muborakbod etamiz.

Haq taboraka va taolodan qutlug‘ oyda tutgan ro‘zalarimiz qabul, ibodatlarimiz maqbul va duolarimiz mustajob bo‘lishini so‘raymiz.

Mana shunday fayzli kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz. Fazilatli kunlarda Qodir Allohdan xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka va turli balo-ofatlardan O‘zi himoya qilishini tilab duolar qilamiz.

Ramazon hayitini dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila o‘tkazadi. Ushbu kun Yaratgan Egamning rahmati Yer yuziga yog‘iladigan, qalblar zavqlanadigan ajoyib fursatdir.

Alhamdulillah, Ramazoni sharif ro‘zasini tutish barchamizga nasib etdi. Mo‘min-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdilar, fayzli oqshomlarda iftorlik qilib, uylarida taroveh namozlarini ado etdilar.

Shu yilning 20 aprel kuni qabul qilingan muhtaram Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida mehr-saxovat tadbirlari oshirilishi, Qur’oni karim xatmlari onlayn uzatilishi elimizni cheksiz xursand qildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan “SAXOVAT VA KO‘MAK” umumxalq harakatining e’lon qilinishi ushbu muborak oyning maqsad-mohiyatiga ayni muvofiq keladigan ulkan savobli ish bo‘ldi.

Mehr-muruvvat oyi bo‘lmish Ramazonda mo‘min-musulmonlar himmati baland, shijoati yuksak bo‘ldi. Qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar, bemorlar, muhtojlarning ko‘ngli olindi. Moliyaviy ibodat hisoblangan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi va fidyalar berildi.

Ehtiyojmand kishilarni qo‘llab-quvvatlash uchun har bir imom-xatib tomonidan oliyhimmat insonlar bilan birgalikda ko‘makka muhtoj oilalarga moddiy-ma’naviy yordam qilindi.

Barcha yurtdoshlarimiz muborak Ramazon oyida boshlangan saxovat va ko‘mak tadbirlarini bundan keyin ham faol davom ettirishlari, o‘zlarining kundalik vazifalari qilib olishlari dini mubinimiz g‘oyalariga muvofiq ish bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Bas, yaxshiliklarga shoshiling”, deb marhamat qiladi.

Ma’lumki, bugungi sinovli kunlarda xalqimiz bir tan-u, bir jon bo‘lib, dunyo xalqlari boshiga kelgan ushbu kasallikka sabr-matonat, hamjihatlik bilan qarshi kurashmoqda. Mana shunday vaziyatda Buxoro va Sirdaryoda ro‘y bergan ofatlar xalqimizning irodasini sinadi.

Muhtaram Yurtboshimiz ofatdan zarar ko‘rgan aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilib, xalqimiz hamjihat bo‘lib, bunday sinovlarni ko‘p bor yengib o‘tgani va eng muhimi, kayfiyatni tushirmay, birgalikda kurashish kerakligini ta’kidladilar. Aziyat chekkan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamdagi insonparvarlik ishlarini tashkil etdilar.

Muborak oyda mana shunday ezgu ishlar ahil va inoqligimizni yanada mustahkamladi, sinovli kunlarni Yaratgan Parvardigorning madadi ila oson yengib o‘tishda asosiy omil bo‘lmoqda.

Ko‘ngillarga xursandchilik olib kiradigan ishlardan yana biri – diyorimizning har bir hududida xushovoz qorilarining xatmi Qur’onlar o‘qishlari bo‘ldi. Yurtimiz ahli ijtimoiy tarmoqlar orqali Ilohiy kalomni to‘g‘ridan to‘g‘ri tingladilar. Bunday tashabbusdan minnatdor ekanlarini izhor etdilar. Shubhasiz, yurtimiz uzra Ilohiy kalom yangrashi barobarida Yaratgan Parvardigorning rahmati ham yog‘ilib turdi.

Yaqinda muhtaram Prezidentimizning “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorlari e’lon qilindi. Ushbu qarorda belgilangan muhim vazifalar Ramazon hayitining yurtimizda karantin qoidalariga amal qilgan holda, ko‘tarinki ruhda o‘tishiga asosiy omil bo‘ladi.

Ushbu qarorda belgilangan muhim tadbirlar bayram kayfiyatini yanada oshirish, ushbu ayyomni yanada mazmunli o‘tkazish uchun ulkan sharoit hozirlaydi, insha Alloh.

Yana bir muhim masala: Tabarruk ayyom arafasida ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan bir guruh yurtdoshlarimizni afv etish to‘g‘risida Davlatimiz rahbarining farmonlari qabul qilingani xalqimizga xos kechirimlilik va mehr-shafqat fazilatlarining oliy namunasi bo‘ldi. Bu galgi afv birmuncha kattaroq miqyosda bo‘lishi qalblarni yanada quvonchga to‘lg‘azdi.

Hech shubhasiz, ushbu ulug‘ ayyom arafasida bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘lga kirgan insonlarni kechirish ularni oilasiga ham xursandchilik, baxt va umid kirishiga sababchi bo‘ldi. Oilasi bag‘riga qaytgan yurtdoshlarimiz bundan buyon oilaviy to‘kinlik, tinchlik-xotirjamlikning qadriga yetib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida halol mehnat qilishlariga ishonamiz.

Bunday ulug‘ ishlarga bosh bo‘lgan davlatimiz rahbari va barcha mas’ullarga xalqimiz nomidan cheksiz minnatdorlik izhor etamiz.

Bizlar mana shunday ne’matlarning qadriga yetib, dinimiz rivojiga ko‘rsatilayotgan sharoitlarni Alloh taoloning ulug‘ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.

Azizlar, ertaga katta bayram – Ramazon hayiti Islom dinimizning uchinchi rukni bo‘lmish ro‘za ibodatining ado etilishi munosabati bilan nishonlanadigan quvonchli voqeadir.

Ulug‘ allomalarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Islomning shiori bo‘lgan ikki bayram – Ramazon va Qurbon hayitlarida xursandchiligimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim.

Mo‘tabar kitoblarimizda keltirilishicha, mo‘min-musulmonlar Ramazon oyi ro‘zasini ado etib, Ramazon hayitiga yetishganlarida, Alloh taolo: “Ey farishtalarim, har bir ishchi o‘z haqini talab qiladi, men ularni mag‘firat qildim”, deydi. Shunda bir nido qiluvchi: “Ey Muhammad ummati, manzillaringizga qaytinglar, batahqiq, gunohlaringiz savoblarga, yaxshiliklarga almashtirildi”, deb nido qiladi. Shunda Alloh taolo: “Ey bandalarim, Mening uchun ro‘za tutdingiz, Mening uchun og‘iz ochdinglar, bas, mag‘firat qilingan holda o‘rinlaringizdan turinglar”, deydi. Mo‘min-musulmonlar mana shunday baxtga muyassar bo‘ladilar, insha Alloh.

Imom Buxoriy hazratlari rivoyat qilgan hadisi sharifda Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Jannatning bir eshigi bor, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kuni undan faqat ro‘zadorlar kiradi”, deb marhamat qilingan. Mana shu baxt barchamizga nasib etsin.

Azizlar, bu yil Ramazon hayitini karantin mezonlaridan kelib chiqib, uylarimizda, oilamiz bag‘rida o‘tkazamiz. Bu ham aslida biz uchun bir imkoniyat. Negaki, avvalo, ota-onalarimizning davrasida bo‘lib, ularning pandu nasihatlariga quloq solamiz, farzandu arjumandlarimizga esa bayram shukuhini tushuntiramiz.

Hayit kunlari oila bag‘rida ham bayram kayfiyatini nishonlash mumkin. Uyga qilinadigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish lozim. Iloji bo‘lsa, ahli oilalarga sovg‘a va hadyalar ulashilsa, yanada savobli. Bunda hadyalarni qo‘ni-qo‘shni, ehtiyojmand va yordamga muhtoj insonlarga ham berilsa, nur ustiga nur bo‘ladi.

Bugun barchamiz jome masjidlarni to‘ldirib, jamoat bo‘lib namoz o‘qishni juda sog‘indik, ilhaqlik bilan kutmoqdamiz. Yana bir oz sabr qilsak, ushbu kasallik xavfi kamaysa, yana jome masjidlar eshiklari mo‘min-musulmonlarimizga ochiladi, birgalikda fayzli ibodatlarimizni davom qilamiz, insha Alloh.

Qayd etilganidek, Ramazon hayiti – Iydul Fitr bayrami buyuk bayram, haqiqiy tantana, quvonchli voqeadir. Zero, har bir mo‘min-musulmon uchun Alloh taoloning ibodatini ado etish chinakam shodiyona, ulug‘ saodatdir.

Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul etsin, ona-Vatanimizni jannatmakon qilsin, xalqimiz hayotini yanada farovon aylasin.

Muhtaram Yurtboshimizni, butun elimizni, dunyodagi mo‘min-musulmonlarni Iydul Fitr – Ramazon hayiti bayrami bilan yana bir bor tabriklaymiz, tinchlik-barqarorlik, qut-baraka, baxt-saodat tilaymiz!

Alloh taoloning O‘zi yuzlarimizni yorug‘ qilsin, yo‘limizni hamisha ochib bersin. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O‘zi saqlasin.

Aziz yurtdoshlar, Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin!

Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari 
idorasi raisi, muftiy
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   37967   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari