Bu yilgi Ramazon oyi o‘ziga xos suratda o‘tdi va Ramazon hayitini ham o‘ziga xos vaziyatda kutib olmoqdamiz. Har yili bu kunlarda masjidlarda hayit namozi uchun tayyorgarlik ishlari jadal boshlangan bo‘lar edi. Biroq, bu yil holat boshqacha, biroz ranjitadigan: majidlarda hayit namoz o‘qilmaydigan bo‘lib turibdi. Hammasi ham Alloh taoloning irodasi, sabr qilamiz va yaxshilikka bo‘lishini umid qilamiz. Ammo bu vaziyatga oid shar’iy hukmlarni bilib olishimiz lozim. Xo‘sh, bunday holatda biz nima qilishimiz kerak?
Ayni kunlarda ayrim kishilar «Uyda hayit namozini o‘qisak bo‘ladimi?» yoki «Uyda hayit namozini qanday ado etamiz?» degan ma’noda savollar berishmoqda. Yana «Misrda hayit namozini uyda o‘qiladi, deyilibdi-ku, biz ham o‘qiymizmi?» degan savollar ham yo‘q emas. Ushbu mazmundagi savollarga umumiy javob va barchamizga ham ilm bo‘lishi umidida shu haqdagi shar’iy fatvolarni e’tiboringizga havola qilmoqchiman. Bu mavzu fiqhiy bo‘lgani uchun yurtimizda joriy bo‘lgan hanafiy mazhabi ijtihodiga ko‘ra yoritildi.
Hanafiy mazhabi ulamolarining so‘zlariga ko‘ra, hayit namozi vojib namoz hisoblanadi va shu bois uni ado etish uchun juma namozining xutbadan boshqa shartlari topilishi lozim. Aks holda, hayit namozini ado etish vojib bo‘lmaydi, soqit bo‘ladi va agar ado etilsa ham sharti topilgan namoz sifatida maqbul sanalmaydi.
Juma namozining shartlari quyidagilar:
Hanafiy mazhabining eng mo‘tabar manbalaridan «Bahrur-roiq»da shunday deyiladi: «Agar iyd namozini imom bilan birga tark etgan bo‘lsa, qazosini o‘qimaydi».
Shariatda bu kabi maxsus sifat bilan o‘qiladigan namoz faqatgina shartlar topilganidagina qurbat amali deb e’tibor qilinadi. Kishi iyd namozni yakka holatda, yolg‘iz o‘zi o‘qigan taqdirda bu shartlar tugal bo‘lmaydi. Buni yuqoridagi matndan ham anglasa bo‘ladi. Binobarin, iyd namozni yolg‘iz holda ado etish durust hisoblanmaydi.
Biroq, jamoat to‘planmay, imomi ham iyd namozini o‘qimagan joyda yashaydigan kishi boshqa joyga borib, u yerdagi imom bilan hayit namozini o‘qishining imkoni bo‘lsa, o‘sha joyga borib iyd namozini ado etadi. Chunki ulamolar ittifoqiga ko‘ra, bir shaharda ikki va undan ko‘p joyda iyd namozini ado etish joiz. («Bahrur-Roiq», 2-juz, 246‒254 s.)
Hanafiy mazhabining eng mo‘tabar manbalaridan biri «Muhitul-Burhoniy» kitobida ushbu mavzuda quyidagilarni o‘qish mumkin:
«Navodirus-saloti» kitobida «Iyd namozini imom bilan birga tark etgan kishi uni qazo qilib o‘qimaydi», deyilgan.
Ammo imom Shofe’iy: «Namozxon xuddi imom bilan o‘qiganidek, yolg‘iz o‘zi ham iyd namozini o‘qiydi», deydi. Bu hukm «Iyd namozi yolg‘iz tartibda ham o‘qiladimi yo yo‘qmi?» degan masaladan kelib chiqadi. Hanafiylarga ko‘ra, iyd yolg‘iz o‘qilmaydi. Shofe’iyning nazdida esa o‘qiladi. Chunki u kishiga ko‘ra, iyd namozi uchun jamoat va sulton shart emas. Shu bois, imom bilan iyd namozni o‘qiy olmagan kishi qazosini ado etishdan ojiz bo‘lmaydi.
Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh iyd namozining qazosini taroveh namoziga qiyos qilgan. Agar kishi ramazon oyida taroveh namozini jamoat bilan o‘qimasa, yolg‘iz o‘zi qazosini ado etadi, chunki u bunga qodir. Zero, taroveh namozini jamoat bo‘lib o‘qish joiz bo‘lganidek, yolg‘iz holda ado etish ham durustdir. Shu bois, u kishining nazdida iyd namozi ham qazo qilinadi. ya’ni jamoat bilan o‘qiy olmagan odam, o‘zi qazosini ado etadi.
Bizning mazhab ulamolari ‒ Alloh ulardan rozi bo‘lsin ‒ bu fikrga qo‘shilmaganlar. Ular: «Iyd namozi ado etilishi uchun ma’lum shartlar topilishi kerak, jumladan, imom bo‘lishi lozim. Shu bois, iyd namozini imom bilan ado etmagan kishi uni qazo qilib o‘qishdan ojiz hisoblanadi va unga qazoni ado etish lozim bo‘lmaydi», deydilar.
Agar: «Iyd namozi zuho namozining o‘rnida, shuning uchun ham iyd namozidan oldin zuho namozini ado etish makruh bo‘ladi. Iyd namozi zuho namozi o‘rnida bo‘lib, yolg‘iz kishi zuho namozini o‘zi ado etishga qodir ekan, unga iyd namozi o‘ringa zuho namozini ado etishi vojib bo‘lib qoladi-ku. Bu xuddi juma namozini jamoat bilan ado etmagan odamga peshin namozini o‘qishi lozim bo‘lganidek gap», deyilsa, bunga shunday javob beramiz:
«To‘g‘ri iyd namozi zuho namozi o‘rniga o‘tadi. Biroq, shartlar topilmay iyd namozini ado etishdan ojiz qolinsa, ish asliga qaytadi, ya’ni zuho namozi ado etiladi. Zuho namozi esa aslida vojib emas, balki nafl amal hisoblanadi. Ammo juma namozida shartlar topilmagani tufayli uni ado etishdan ojiz qolinsa, juma soqit bo‘ladi va ish juma vojib bo‘lishidan oldingi holga qaytadi. Juma farz bo‘lmay turib namozxonga peshin farz edi, ixtiyorli emas edi. Binobarin, juma vojib bo‘lmagach, u farz bo‘yi qoladi».
Iyd namozini o‘qimagan odam zuho namozini o‘qishi mumkin. Bu nafl o‘rnida bo‘ladi. Xohlasa, ikki rakat, xohlasa, to‘rt rakat namoz o‘qiydi va bu zuho namozi bo‘ladi. Afzali to‘rt rakat o‘qishdir. Chunki Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan shu fatvo rivoyat qilinadi. U kishi shunday degan: «Kim iyd namozini ado eta olmagan bo‘lsa, to‘rt rakat namoz o‘qiydi. Birinchi rakatga A’lo surasini, ikkinchi rakatga Shams surasini, uchinchi rakatga Layl surasini va to‘rtinchi rakatga Zuho surasini qiroat qiladi».
Bu haqda Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan go‘zal hushxabar va katta savob borligi rivoyat qilingan» (Iqtibos tugadi. Tarjima ozgina erkinroq qilindi).
Hanafiy mazhabi ulamolariga ko‘ra, iyd namozini maxsus shartlari bor namoz bo‘lish bilan birga, vojib namoz hisoblanadi. Shofe’iy mazhabiga ko‘ra esa, bu namoz sunnat va ularning nazdida hanafiylarda qo‘yilgan ayrim shartlar yo‘q. Shu bois, shofe’iylarga ko‘ra, hayit namozini uyda, yolg‘iz tartibda yoki oilaviy o‘qisa bo‘ladi, xuddi taroveh namozi kabi. Azhar ulamolarining fatvosi ana shu ma’noda, ya’ni shofe’iylarga ko‘ra berilgan, chunki misrliklarning aksari shu mazhabga amal qiladi. Ammo fiqhda hanafiy mazhabiga tobe bo‘lgan yurtlarda bugungidek vaziyatlarda hayit namozi uylarda ham o‘qilmaydi. Biroq, uning o‘rniga zuho namozini o‘qish mumkin. Odatda bizda ayollarning uyda hayit namozi o‘qimasligi ham yuqoridagi fatvoga asosandir.
Hayit namozi o‘qilmasa-da, fitr sadaqasi beriladi. Uni arafa yoki hayit kuni tongda berish afzal. Undan oldin berilsa ham bo‘laveradi.
Shuni ta’kdilash o‘rinliki, bu hukm asosiy aholisi va hukumat rahbarlari musulmon bo‘lgan yurtlarga xos hisoblanadi. Zero, bunday o‘lkalarda Islom iyd namozlari jamiyatning peshvolari, hokimlari nazoratida, ularning ishtirokida, bir so‘z bilan aytganda, rasmiy suratda ado etiladi. Ammo musulmonlar ozchilikni tashkil qilgan, Islom shiorlariga rasmiy darajada e’tibor qaratilmagan, g‘ayrimuslimlar hukmron bo‘lgan yurtlarda davlat rahbarining izni shart bo‘lmaydi. Chunki hukmdorlar musulmon bo‘lmagach, Islom ahkomlarining ado etilishiga e’tibor bermaydi. Masalan, bugungi G‘arb mamlakatlarida istiqomat qiladigan musulmonlar shunday vaziyatda hisoblanadilar. Shu bois, ular o‘zlari kichik-kichik jamoat bo‘lib to‘planib hayit namozlarini ado etishlari mumkin.
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati