Kechagina ramazon oyini intizorlik bilan kutayotgan edik. Bugun esa u bizni tark etish arafasida.
Ramazon! Sen menga o‘zimdanda suyuklisan, kunlaring, daqiqalaring men uchun yillardan afzal.
Sen irfon oyisan, iymon oyisan, Qur’on oyisan. Qalbim sen sabab Allohga bog‘lanadi, fayzing sabab halovat topadi.
Har oning ibodat, zikr va istig‘fordir. Jannatdan so‘ng, faqat sendagina zamin ahli tili va dilini tunu-kun Allohning zikriga bag‘ishlaydi.
Sen sabab yurtimizga baraka, xalqimizga farog‘at keladi.
Alloh taolo seni maqtab O‘z Kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. (Baqara surasi, 185 ot)
Oyatning isboti o‘laroq, sen sabab yana qanchadan qancha adashgan, yo‘lini yo‘qotgan, g‘aflatda qolganlar hidoyat topdi, Allohni tanidi.
Mehribon Alloh kunlaring davomida jannat eshiklarining barchasini ochib, do‘zah eshiklarini yopdi.
Shaytonlar zanjirband etildi, farishtalar zamin uzra yomg‘irdek yog‘ildi.
Ilk kuningdanoq qalblarimizga kirib, 11 oy davomida gunoh va masiyatlarimiz ostiga ko‘mib yuborganimiz iymon, mehr-muhabbat, silai rahm, shafqat kabi tuyg‘ularni yana nish urib, gullashiga yo‘l ochding.
Dunyo tashvishlari ila qalbimiz qattiqlashib qolgan edi, bizlarni huddi olov shamni eritgandek yumshatding.
Ko‘zlarimiz haqni ko‘rishdan, idrokimiz tafakkur qilishdan to‘xtayozgan edi. Sen ularni yana o‘z holi va xizmatiga qaytarding.
Faqat va faqat sendagina ming oydan yaxshi kecha “laylat ul qadr” bor, jonim fido bo‘lsin bu kechaga.
Qalblarimizga shifo beruvchi taroveh bor.
Faqat sendagina tanamaz parhezkor, salomat va tunlari ibodatda bo‘ladi.
Fazlu barokating ila boylar va o‘ziga to‘qlar nochorlarga ko‘mak, haqdorlarga zakot va sadaqalar berdi. Farzandlar ota-onasiga, qarindoshlar jigarlariga, qo‘shnilar bir-biriga mehr ko‘rsatdi.
Endi esa sen, dillarimizni mahzun etib, bizlarni tark etmoqdasan. Biz esa ko‘zimizda yosh, ichimizda huzun ila ortingdan mayus qolamiz. Sendan unumli foydalanmagan, senda gunohlarni tark etmagan, seni qadrlamagan va soniyalaringni boy bergan bo‘lsak holimizga voy.
Allohdan o‘tinchimiz qiyomatda bizga shafoatchi bo‘lishingni nasib etsin!
Alvido ramazon... Alvido qalbim quyoshi...
Alloh taolo yana sen bilan diydorlashmoqni barchamizga nasib etsin!
Saidabror Umarov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yugurish jismoniy mashqlarning qiroli bo‘lib, eng qadimiy sport turlaridan biri hisoblanadi.
Manbalarda keltirilishicha, sahobalar o‘zaro yugurish musobaqasini o‘tkazishar va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallambuni kuzatib turardilar. Hadisi shariflarda Salama ibn Akva’ roziyallohu anhu chopag‘on bo‘lganlari va Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hudaybiyadan Madinaga qaytayotganlarida sahobalar yugurishda o‘zaro musobaqalashishganda barchadan o‘zib ketganlari rivoyat qilingan.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning mavlolari Zakvon tez yugirishi bilan mashhur bo‘lgan. U kishi Makka bilan Madina o‘rtasidagi – taqriban 500 kilometr – yo‘lni bir kecha kunduzda bosib o‘tgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam hatto o‘zlari ham ahllari bilan yugurishda musobaqalashganlar. Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam men bilan (yugurishib) musobaqalashgan edilar. Men u zotdan o‘zib ketdim. Biroz vaqtdan keyin go‘shtim ortgandi, ya’ni, semirib qolgandim yana musobaqalashdik. U zot mendan o‘zib ketdilar. Shunda u zot: “Bunisi unisi bilan teng”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Mazkur hadis musulmon kishi o‘z ahllari bilan o‘zaro musobaqalashishi, mahram erkak va ayollar nomahramlar ko‘zi tushmaydigan joyda jismoniy mashqlarni bajarishi joizligiga dalildir. Shuningdek, bu kabi musobaqalar kishining viqori, obro‘si, fazilatiga hech qanday ta’sir etmaydi. Hamda musobaqalashuvchilarning o‘rtalaridagi yoshning tafovuti o‘zaro bellashuvga monelik qilmaydi. Zero, hadisi sharifda keltirilganidek, o‘sha paytda Nabiy sollallohu alayhi vasallam yoshlari ellikdan o‘tgan, Oisha roziyallohu anho esa yosh qiz bo‘lganlar.
Har bir oilada ayniqsa, yoshlar o‘rtasida bu kabi musobaqalarni tashkil etish oilaviy muhitning mustahkamlanishi va jamiyatda sog‘lom avlod tarbiyasida muhim ahamiyatga ega.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan olindi