Tasavvur qiling, sizning o‘ta ashaddiy dushmaningiz bor. U sizga shu darajada dushmanchilik qiladiki unga qarshi turishga sizda mador qolmagan. Kamiga, u siz butun umringizni tikkan, bor kuchingiz bilan harakat qilayotgan hamda butun o‘y-fikringizni egallagan orzu va maqsadingiz yo‘lida eng katta to‘siq bo‘lib turibdi. Siz maqsad sari qancha harakat qilsangiz u sizni bu yo‘ldan burib yuborish uchun sizdanda ko‘p ter to‘kmoqda. Uning bu zulmlaridan, sizga yomonliklaridan charchadingiz, kuchingiz qolmadi. Ayni shunday holda qiynalib turganingizda sizga bir xushxabar yetib keldi. Bildingizki, dushmaningiz qilgan jinoyatlari sabab kishanlanibdi, maqsadingiz tarafga esa bir qadam qolgan. Ushbu xabardan qanchalik xursand bo‘lasiz? Nimalarni his etasiz? Yuragingiz hapqirib, hayajondan yorilishiga bir bahya qoladi, shunday emasmi?
Agar ushbu holatni tasavvur qila olgan bo‘lsangiz biz sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xushxabarni qabul qiling. Bizning eng katta dushmanimiz bo‘lgan, doimiy bizni vasvasaga soladigan shayton kishanlangan, eng katta orzuyimiz, butun vujudimiz bilan talpinayotganimiz jannat eshiklari esa lang ochiq turibdi. Ushbu xushxabarni biz o‘zimiz o‘ylab topganimiz yo‘q. Bu xabarni insonlarning eng rostgo‘yi, ikki olam sayyidi va suyukli Habibimiz (s.a.v) aytmoqdalar. Keling, U zotning so‘zlariga quloq tuting:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : «إِذَا جَاءَ رَمَضَانُ فُتِّحَتْ أَبْوَابُ الْجَنَّةِ، وَغُلِّقَتْ أَبْوَابُ النَّارِ، وَسُلْسِلَتْ الشَّيَاطِينُ». رواه البخاري ومسلم.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ramazon kelganda jannatning (barcha) eshiklari ochiladi, do‘zaxning (barcha) eshiklari qulflanadi va shaytonlar kishanlanadi». Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Bunday ajoyib xushxabarni eshitgan har qanday mo‘min beixtiyor har kuni Ramazon bo‘lishini, bu oy uni hech qachon tark etmasligini istaydi. Har kunimiz Ramazon bo‘lishi uchun esa ushbu oyni g‘animat bilish, unda amallarni ko‘paytirib olish lozim. Agar biz yil bo‘yi ayni shu kayfiyat bizni tark etmasligini istasak bu oyda o‘zimiz uchun biror yaxshi amalni vazifa qilib doimiy odatga aylantirib olishimiz kerak bo‘ladi. Masalan, avallari Qur’on tilovatini kamroq qilgan bo‘lsak bu oyda kunlik vazifani o‘qishga odatlanishimiz va buni yil davomida to‘xtatmasligimiz yoki jamoat namozlariga biroz beparvolik qilgan bo‘lsak bu oyda jamoatga odatlanib yil bo‘yi amal qiladigan odatimizga aylantirib olishimiz lozim. Ana shunda bu go‘zal oyning shukuhi bizni yil davomida tark etmaydi va shaytonlar kishandan bo‘shatilganda ham ular bizning amallarimizga to‘sqinlik qila olmaydi.
Alloh taolo ushbu muborak oyning qolgan o‘n kunlik – ma’rifat dahasini ham g‘animat bilishimizni, unda solih amallarni yanada ko‘paytirib olishimizni barchamizga nasib aylasin. Har kunimiz Ramazon bo‘lsin!
Iysoxon Yahyo tayyorladi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi