Muqaddas Islom dinining asosiy manbasi Qur’oni karimdir. Qur’oni karim Alloh taolo tomonidan Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yigirma uch davomida farishta Jabroil alayhissalom vositasi ila tushirilgan hamda mus'haflarga bitilgan, qalblarda hifz, tillarda qiroat qilingan holda hech bir o‘zgarishsiz, uzluksiz uzatish orqali yetib kelgan ilohiy kitobdir.
Garchi Qur’oni karim tarqoq holda nozil etilgan bo‘lsa-da, biroq bu muborak kalomning avvalidan oxirigacha oyatlarning mutanosib, izchil ketma-ketlikda, nafis, puxta uslubda, o‘zaro mustahkam bog‘liq ekanini ko‘ramiz. Qur’ondagi sura, oyat va jumlalar mahorat bilan ipga tizilgan qimmatbaho marjondek bir-biriga chambarchas bog‘liqdir. Avval ham, keyin ham insonning bunga o‘xshash kalomi bo‘lmagan.
Qur’oni karim uslubidagi bunday mutanosiblik, oyatlar orasida hech bir ixtilofning yo‘qligi ham uning Alloh kalomi ekaniga katta dalildir. Alloh taolo: «Qur’onni tadabbur qilib ko‘rmaydilarmi? Agar u Allohdan boshqaning huzuridan bo‘lganida unda ko‘p ixtiloflar topar edilar»,[1] degan.[2]
Ammo Qur’ondan boshqa, odamlar tarafidan muqaddas deb sanalgan kitoblar tarixi o‘rganilsa, ular bizning zamonimizga yetib kelishida turli noaniq holatlarga duch kelinadi. Masalan, yahudlar va nasorolar qo‘llaridagi Tavrot va Injilni Alloh taolo tushurganidek, o‘zgartirishsiz, asl holatda saqlay olishmadi. Shuning uchun musulmon kishi Tavrot yoki Injildan biron narsa eshitsa, uni inkor ham, tasdiq ham qilmaydi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ko‘rsatmalariga muvofiq, sizlar va bizlarga nozil bo‘lgan narsaga iymon keltiramiz, deydi. Alloh taolo Qur’oni karimni nozil qilar ekan, Qiyomatga qadar saqlashni O‘z zimmasiga olib:
إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ
Ya’ni: “Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz asraguvchidirmiz”, – deydi (“Hijr” surasi 9-oyati).
Qur’oni karimni yo‘qotishga son-sanoqsiz dushmanlar tomonidan yuzlab qirg‘inborot urushlar olib borilishiga qaramasdan, biron bir harfiga putur yetmagan holda saqlanib qoldi. Shak-shubhasiz, qiyomatgacha shunday holatda qoladi.
Qur’oni karim va uning kitob bo‘lib jamlanish tarixi shubha tug‘diruvchi har qanday illatlardan mutloq holidir. U sahih – aniq rivoyatlar asosiga qurilgan. Demak, biz o‘qiyotgan Qur’oni karimning bizgacha hech bir o‘zgarish va nuqsonsiz yetib kelishi – Alloh taoloning marhamati bilan hamda bu borada ulkan jonbozlik ko‘rsatgan sahobalarning zahmatli mehnatlari mahsulidir.
Qur’on oyatlari nozil bo‘lishi bilan Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblariga o‘rnashar, so‘ngra uni sahobalarga o‘qib berar edilar. Sahobalar ularni yodlab olishar, shu bilan birga, xurmo po‘stloqlari, yapaloq toshlar, taxtachalar, terilar, hayvonlarning kurak suyaklariga kabi ashyolarga yozib borilgan. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning 44 ta vahiy kotiblari bo‘lib, ulardan 14 tasi mashhur bo‘lgan. Ular nozil bo‘layotgan har bir oyat va suralarni Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga muvofiq navbatma-navbat yozib borishgan. Bulardan tashqari, huzurlarida hozir bo‘lgan boshqa kishilar ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytgan oyatlarni yozib olar va yodlar edilar.[3]
Ta’kidlash o‘rinliki, Qur’oni karim o‘qish-yozishni bilmaydigan ummatga nozil bo‘lgan, shuning uchun ular Qur’oni Karimni xotiralariga muhrlab olishgan. Allohning bu ummatga ato etgan rahmatidan biri shuki, ularga Qur’onni yod olishni oson qilib qo‘ydi, uzoq yillar davomida bo‘lak-bo‘lak nozil bo‘lgan oyatlarini fahmlashni yengil qilib qo‘ydi. Ular Qur’onni yod olib, ma’nolarini anglab olishdi. Qur’onning bo‘lak-bo‘lak nozil bo‘lishi sahobai kiromlarga ta’lim uslubini ko‘rsatib berdi. Ular uni hayotlariga tatbiq qilishdi, so‘ng tobe’inlar ulardan buni meros qilib olishdi. Bu esa bosqichma-boskich ta’lim olishdir. Imom Bayhaqiy «Shu’abul iymon»da Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda u kishi: «Qur’onni besh oyat-besh oyat qilib o‘rganinglar», degan.[4] Ibn Asokir Abu Nazradan qilgan rivoyatda esa: «Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhu bizga Qur’onni ertalab besh oyat, kechki payt besh oyat o‘rgatar, Jabroil ham Qur’onni besh oyat-besh oyat olib tushganini aytardi», degan.
Alloh jamiyatning bosqichma-bosqich isloh bo‘lishini xohladi, chunki buzuq johiliy jamiyat bir kecha-kunduzning o‘zida solih jamiyatga aylanib qolishi mumkin emas edi. Shuning uchun Qur’on uning bosqichma-bosqich o‘zgarishini va bu o‘zgarishning mustahkam asoslari bo‘lishini ta’minladi. Avvalboshda aqiyda va uning dalillariga bog‘liq bo‘lgan, chiroyli xulqlarga chorlaydigan oyatlar nozil bo‘ldi. Nihoyat, odamlar iymon keltirib, nafslari poklanganidan keyin esa halol va haromga oid oyatlar muayyan izchillikda nozil bo‘ldi. Bunga dalil imom Buxoriyning Oisha roziyallohu anhodan qilgan rivoyati bo‘lib, unda Oisha onamiz shunday deganlar: «Undan ilk nozil bo‘lgan narsa jannat va do‘zax haqidagi mufassal suralardir. Odamlar Islomga guruh-guruh bo‘lib kira boshlagach, halol va harom haqidagi oyatlar, ahkomlar nozil bo‘ldi”.
Qur’oni karimning voqea-hodisalarga muvofiq nozil bo‘lishi sabablaridan biri – Qur’on oyatlari qalbga yanada ta’sirli va hayot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi uchun edi. Chunki u voqea-hodisalarga munosib yechim o‘laroq nozil bo‘lgan.
Bir ifoda bilan aytganda, Alloh taoloning muqaddas kalomi Qur’oni karim Uning O‘zi va’da qilganidek, qiyomatga qadar o‘zgarmasdan qoladigan, tilovati ham, hukmi ham, matni ham birdek saqlanib qoladigan ilohiy muqaddas, mo‘jiza kalomdir.
Oripov Zavqiddin,
Navoiy viloyati Qiziltepa tumani
“Boyazid Bistomiy” jome masjidi imom xatibi
Onlayn suhbatni Muhtarama ULUG‘OVA uyushtirdi.
[1] Mansurov A. “Qur’oni karim ma’nolarining tarjimasi”. – T. “Toshkent islom universiteti” nashriyot‑ matbaa birlashmasi, 2004 y.
[2] Niso surasi, 82-oyat.
[3] Imoduddin Ismoil ibn Kasir. “Tafsirul qur’anil azim”, dorul ma’rifa. Liviya – Bayrut.1409-1989. 1-j, 32-b.
[4] Ahmad ibn al-Husayn ibn Ali Abu Bakr al-Bayhaqiy. “Shu’ab ul-imon”. Imom Navaviyning “Sahihu Muslim”ga sharhi. 1-j, 120-b. http://www.al-islam.com
Bugun, 21 may kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ alloma Abul Husayn Peshog‘ariyning "Ismatul anbiyo" asari taqdimotiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimiz ilm-fan va diniy-ma’rifiy sohasining yetakchi olimlari, tadqiqotchilari hamda mutaxassislari ishtirok etdi. Jumladan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abduhalimov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidilla Munavvarov qatnashdi.
Taqdimotda so‘zga chiqqan Homidjon domla Ishmatbekov ishtirokchilarni yangi kitob bilan tabriklab, bu kabi kitoblarning ahamiyati xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, u kishi o‘z so‘zida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muhtasham obida, balki yurtimizdagi barcha diniy va ilmiy muassasalarni bir nuqtaga jamlagan maskan ekani, jahonga Islomning asl insonparvarlik va ilm-fan mohiyatini ko‘rsatuvchi vazifasini o‘tayotgani, shuningdek, Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga va Yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, taqdimotning asosiy ma’ruzachilari sifatida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Abdullatif Alloqulov, Ahmad Sa’d Damanhuriy hamda Ixtiyor Abdurahmonov ishtirok etdi.
Mutaxassislar ushbu nashr ajdodlarimizning boy ilmiy merosini o‘rganish va uni kelajak avlodga yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi. Tadbir davomida ushbu asarning dunyodagi yagona qo‘lyozma nusxasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgani, yangi nashr esa milodiy 1382 yilda Buxoroda ko‘chirilgan ana shu qo‘lyozma asosida tayyorlangani alohida qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur kitob moturidiyshunos olimlar Ahmad Sa’d Damanhuriy va Ixtiyor Abdurahmonovning ilmiy izlanishlari asosida tayyorlanib, ilk bor ilmiy tahqiq qilingan holda kitobxonlar e’tiboriga havola etildi. Mazkur asar Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan Iordaniyaning nufuzli “G‘onim” nashriyotida chop etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati