Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Muqaddas kalom mo‘jizasi

20.05.2020   3697   7 min.
Muqaddas kalom mo‘jizasi

Muqaddas Islom dinining asosiy manbasi  Qur’oni karimdir.  Qur’oni karim Alloh taolo tomonidan  Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yigirma uch davomida farishta Jabroil alayhissalom vositasi ila tushirilgan hamda mus'haflarga bitilgan, qalblarda hifz, tillarda qiroat qilingan holda hech bir o‘zgarishsiz, uzluksiz uzatish orqali yetib kelgan ilohiy kitobdir.

Garchi   Qur’oni karim tarqoq holda nozil etilgan bo‘lsa-da, biroq  bu muborak kalomning avvalidan oxirigacha oyatlarning mutanosib, izchil ketma-ketlikda, nafis, puxta uslubda, o‘zaro mustahkam bog‘liq ekanini ko‘ramiz. Qur’ondagi sura, oyat va jumlalar mahorat bilan ipga tizilgan qimmatbaho marjondek bir-biriga chambarchas bog‘liqdir. Avval ham, keyin ham insonning bunga o‘xshash kalomi bo‘lmagan.

Qur’oni karim uslubidagi bunday mutanosiblik, oyatlar orasida hech bir ixtilofning yo‘qligi ham uning Alloh kalomi ekaniga katta dalildir.  Alloh taolo: «Qur’onni tadabbur qilib ko‘rmaydilarmi? Agar u Allohdan boshqaning huzuridan bo‘lganida unda ko‘p ixtiloflar topar edilar»,[1] degan.[2]

Ammo Qur’ondan boshqa, odamlar tarafidan muqaddas deb sanalgan kitoblar tarixi o‘rganilsa, ular bizning zamonimizga yetib kelishida turli noaniq holatlarga duch kelinadi. Masalan, yahudlar va nasorolar qo‘llaridagi Tavrot va Injilni Alloh taolo tushurganidek, o‘zgartirishsiz, asl holatda saqlay olishmadi. Shuning uchun musulmon kishi Tavrot yoki Injildan biron narsa eshitsa, uni inkor ham, tasdiq ham qilmaydi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ko‘rsatmalariga muvofiq, sizlar va bizlarga nozil bo‘lgan narsaga iymon keltiramiz, deydi. Alloh taolo Qur’oni karimni nozil qilar ekan, Qiyomatga qadar saqlashni O‘z zimmasiga olib:

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ

Ya’ni: “Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz asraguvchidirmiz”, – deydi (“Hijr” surasi 9-oyati).

Qur’oni karimni yo‘qotishga son-sanoqsiz dushmanlar tomonidan yuzlab qirg‘inborot urushlar olib borilishiga qaramasdan, biron bir harfiga putur yetmagan holda saqlanib qoldi. Shak-shubhasiz, qiyomatgacha shunday holatda qoladi.

Qur’oni karim va uning kitob bo‘lib jamlanish tarixi shubha tug‘diruvchi har qanday illatlardan mutloq holidir. U sahih – aniq rivoyatlar asosiga qurilgan. Demak, biz o‘qiyotgan Qur’oni karimning bizgacha hech bir o‘zgarish va nuqsonsiz yetib kelishi – Alloh taoloning marhamati bilan hamda bu borada ulkan jonbozlik ko‘rsatgan sahobalarning zahmatli mehnatlari mahsulidir.

Qur’on oyatlari nozil bo‘lishi bilan Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblariga o‘rnashar, so‘ngra uni   sahobalarga o‘qib berar edilar. Sahobalar  ularni yodlab olishar, shu bilan birga, xurmo po‘stloqlari, yapaloq toshlar, taxtachalar, terilar, hayvonlarning kurak suyaklariga kabi ashyolarga yozib borilgan. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning 44 ta vahiy kotiblari bo‘lib, ulardan 14 tasi mashhur bo‘lgan. Ular nozil bo‘layotgan har bir oyat va suralarni Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga muvofiq  navbatma-navbat yozib borishgan. Bulardan tashqari, huzurlarida hozir bo‘lgan boshqa kishilar ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytgan oyatlarni yozib olar va yodlar edilar.[3]

Ta’kidlash o‘rinliki, Qur’oni karim o‘qish-yozishni bilmaydigan ummatga nozil bo‘lgan, shuning uchun ular Qur’oni Karimni xotiralariga muhrlab olishgan.  Allohning bu ummatga ato etgan rahmatidan biri shuki, ularga Qur’onni yod olishni oson qilib qo‘ydi, uzoq yillar davomida bo‘lak-bo‘lak nozil bo‘lgan oyatlarini fahmlashni yengil qilib qo‘ydi. Ular Qur’onni yod olib, ma’nolarini anglab olishdi. Qur’onning bo‘lak-bo‘lak nozil bo‘lishi sahobai kiromlarga ta’lim uslubini ko‘rsatib berdi. Ular uni hayotlariga tatbiq qilishdi, so‘ng tobe’inlar ulardan buni meros qilib olishdi. Bu esa bosqichma-boskich ta’lim olishdir. Imom Bayhaqiy «Shu’abul iymon»da Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda u kishi: «Qur’onni besh oyat-besh oyat qilib o‘rganinglar», degan.[4] Ibn Asokir Abu Nazradan qilgan rivoyatda esa: «Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhu bizga Qur’onni ertalab besh oyat, kechki payt besh oyat o‘rgatar, Jabroil ham Qur’onni besh oyat-besh oyat olib tushganini aytardi», degan.

Alloh jamiyatning bosqichma-bosqich isloh bo‘lishini xohladi, chunki buzuq johiliy jamiyat bir kecha-kunduzning o‘zida solih jamiyatga aylanib qolishi mumkin emas edi. Shuning uchun Qur’on uning bosqichma-bosqich o‘zgarishini va bu o‘zgarishning mustahkam asoslari bo‘lishini ta’minladi. Avvalboshda aqiyda va uning dalillariga bog‘liq bo‘lgan, chiroyli xulqlarga chorlaydigan oyatlar nozil bo‘ldi. Nihoyat, odamlar iymon keltirib, nafslari poklanganidan keyin esa halol va haromga oid oyatlar muayyan izchillikda nozil bo‘ldi. Bunga dalil imom Buxoriyning Oisha roziyallohu anhodan qilgan rivoyati bo‘lib, unda Oisha onamiz shunday deganlar: «Undan ilk nozil bo‘lgan narsa jannat va do‘zax haqidagi mufassal suralardir. Odamlar Islomga guruh-guruh bo‘lib kira boshlagach, halol va harom haqidagi oyatlar, ahkomlar nozil bo‘ldi”.

Qur’oni karimning voqea-hodisalarga muvofiq nozil bo‘lishi sabablaridan biri – Qur’on oyatlari qalbga yanada ta’sirli va hayot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi uchun edi. Chunki u voqea-hodisalarga munosib yechim o‘laroq nozil bo‘lgan.

Bir ifoda bilan aytganda, Alloh taoloning muqaddas kalomi Qur’oni karim Uning O‘zi va’da qilganidek, qiyomatga qadar o‘zgarmasdan qoladigan, tilovati ham, hukmi ham, matni ham birdek saqlanib qoladigan ilohiy muqaddas, mo‘jiza kalomdir.

Oripov Zavqiddin,

Navoiy viloyati Qiziltepa tumani

“Boyazid Bistomiy” jome masjidi imom xatibi

Onlayn suhbatni Muhtarama ULUG‘OVA uyushtirdi.

 

 

 

 

[1] Mansurov A. “Qur’oni karim ma’nolarining tarjimasi”. – T. “Toshkent islom universiteti” nashriyot‑ matbaa birlashmasi, 2004 y.

[2]  Niso surasi, 82-oyat.

[3] Imoduddin Ismoil ibn Kasir. “Tafsirul qur’anil azim”, dorul ma’rifa. Liviya – Bayrut.1409-1989. 1-j, 32-b.

[4] Ahmad ibn al-Husayn ibn Ali Abu Bakr al-Bayhaqiy. “Shu’ab ul-imon”.  Imom Navaviyning “Sahihu Muslim”ga sharhi. 1-j, 120-b. http://www.al-islam.com

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   40595   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari