Yurtdoshlarimiz har yili Ramazon oyini xursandchilik bilan kutib olganlari kabi bu oyning oxirgi o‘n kunligini ham orziqib kutadilar. Chunki oxirgi o‘n kunlikda ming oydan ham yaxshi, duolar ijobat bo‘ladigan barokatli Qadr kechasi bor. Bu kecha haqida Qur’oni karimda butun boshli “Qadr” surasi nozil bo‘lgan:
إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ
(سورة القدر/1-5)
ya’ni: "Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad) Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshirokdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorining izni ila (yil davomida qilinadigan) ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) tong otgunicha salomatlikdir" (Qadr surasi, 1-5 oyatlar).
Payg‘ambar alayhissalom ushbu kechani ibodat bilan o‘tkazishga targ‘ib qilar edilar. Lekin bu kechada o‘qiladigan maxsus namozni belgilab bermaganlar, odatdagidek tarovih va tahajjud namozlari o‘qiladi.
Hadisi shariflardan birida Nabiy alayhissalom shunday deganlar:
"مَنْ قَامَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ"
رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ وَالامَامُ مُسْلِمٌ
ya’ni: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag‘firat qilinur” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar).
Demak, ushbu fazilatli kechani ko‘proq ibodat, namoz, zikr, Qur’on tilovati hamda iltijo, tazarru’ duolar bilan o‘tkazishimiz kerak. Inson o‘zining ota-onasi va yaqinlarining haqqiga ofiyat va saodat, yurt tinchligi va turli balolarni daf bo‘lishini so‘rab, duo qilishi ayni muddaodir. Ayniqsa, ushbu kechada Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam ta’lim berganlaridek:
"اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنَّا"
ya’ni: “Ey Alloh, albatta, Sen gunohlarni afv qiluvchisan, afv qilishni yaxshi ko‘rasan, bizlarni afv et!” – duosini ko‘p aytish mustahabdir.
O‘rni kelganda shuni tavsiya sifatida aytamizki, Qadr kechasini har kim o‘z uyida o‘tkazgani sunnatga muvofiq bo‘ladi. Chunki birorta hadisda bu kechada to‘planish, ziyofat qilishga targ‘ib yo‘q. Mujtahid ulamolar va ulardan keyingi olimlarning so‘zlarida ham Qadr kechasi uchun jamlanishni fazilatli amal ekanini topa olmaymiz. Aslida tungi ibodat va zikrlar yolg‘iz holda, odamlarning ko‘z o‘ngidan yiroqda, riyo va sum’adan xoli tarzda ado etilishi bilan fazilatlidir.
Qolaversa, hozirgi karantin qoidalari davom etib turgan vaqtda bir joyga jamoat bo‘lib yig‘ilish o‘z jonini tahlikaga qo‘yishdir. Shuning uchun har birimiz uyimizda qolib, oila davrasida ibodat qilaylik va Qadr kechasini imkon qadar fayzli o‘tkazaylik.
Alloh taolo bu kechadagi duo va ibodatlarimizning barakotidan tez kunlarda yurtimizni har xil kasalliklardan xalos qilib, turli balo-ofatlardan O‘z hifzu himoyasida saqlasin! Yurtimiz tinchligi va osmonimiz musaffaligi doimiy bo‘lsin! Omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi