MUSIBATNING KЕLISHI HAM, KЕTISHI HAM SINOVDIR
Bismillahir rohmanir rohiym
Alloh taologa hamd va sanolar, payg‘ambarimiz Muhammadga durud va salomlarimiz, ul zotning oila ahllari va sahobalariga Alloh taoloning rahmati va mag‘firati bo‘lsin!
Dunyoning barcha davlatlarida tarqagan SOVID-19—Koronavirus pandemiyasi sababli dunyo o‘z qiyofasini o‘zgartirdi. Chegaralar yopildi, o‘zaro munosabatlar savdo-sotiq, oldi-berdi, nafaqat xorij, balki qo‘shni viloyatga ham borish, ishxonada jamoa bo‘lib ishlash, jamoat namozi uchun masjidlarga borish, jum’a, taroveh va hayit namozlarini jamoat bilan ado etish, ahli-oila, farzandlar bilan baxorning go‘zal pallasida sayr va ziyoratlarga chiqish, umra ziyoratiga borish va shunga o‘xshash narsalar kishilarning orzusiga aylandi.
Yumushlari sababli farzandi-oilasi uchun “vaqti yetmayotgan” ota-onalar, xayrli ishlarni boshlashga, Allohning amriga itoat qilib, shaytoniy yo‘ldan qaytishga “hali vaqti kelmaganini” ro‘kach qilayotgan beparvolar, arzimagan narsalar uchun aka ukasi va jigarlari xolidan xabar olishni paysalga solayotgan “tug‘ishganlar” hamda ulardan boshqalar ham, qilib turgan ishlari bu o‘tkinchi dunyodagi arzimas bahonalar ekanini anglashlariga turtki bo‘ldi.
Ba’zan hol tili bilan qilingan nasihat, zabon tili bilan qilingan nasihatdan kuchliroq va tasirliroq bo‘ladi. SOVID-19—Koronavirus pandemiyasi, insoniyat uchun hol tili bilan qilingan nasihat bo‘ldi. Alloh taolo insoniyatni bu dunyoga o‘rinbosar o‘laroq yaratar ekan, dunyodagi barcha narsani, ta’kidlab aytaman barcha-barcha narsani inson uchun yaratdi va uning uchun buysundirib qo‘ydi.
Haqiqatdan, xilqat jihatidan ko‘zimizga haqir ko‘ringan, aslida esa o‘z jismiga nisbatan bir necha barobar yukni ko‘tara oladigan, odamdan farqli o‘laroq oyoqlarini shiftga qo‘yib yura oladigan chumolidan ham zaif yaratilgan inson uchun, Mehribon Yaratuvchimiz barcha narsani musaxxar qilib berdi.
Yer ostidagi loyxo‘rak jonzoddan tortib, dengiz qa’ridagi baliqqacha, yerdagi nabotot, hayvonot, parrandadan tortib, shamol, bulut yomg‘irlargacha, koinotdagi quyosh, oy, yulduzlardan tortib, dunyo osmoniga shift-himoya bo‘lib turgan atmosfera, ozon qatlamigacha, barchasi insoniyatga xizmat qiladi.
Nima uchun? Alloh taolo bizlarga shunchalar muhtojmi? Yoki bizlar Alloh taologa farishtalardanda ko‘proq itoatli va ibodatlimizmi? Yoki biz bo‘lmasak, dunyoni ishi to‘xtab qoladimi? Unda nima uchun?!
Aniq javobni barchamiz topishimiz mumkin. Inson, Alloh, uni yaratishida bergan aql-idrokini, ong-tafakkurini ozgina ishlatishi bilan bunga erisha oladi. Faqat bizdan talab qilingani ozgina tafakkur, o‘z holimizga nazar va borliq bilan muqoyasa xolos.
Bir oz oldin internet sahifalarida ko‘rganim bir surat e’tiborimni tortdi. Unda kosmosdan olingan yer sharining ikkita surati bo‘lib, ularning birining tagiga “dunyoga kelishimdan oldingi yerning holati” va ikkinchisining tagiga “dunyodan o‘tganimdan keyin, yerning holati”, deb yozib qo‘yilgandi.
O‘ylanib qoldim. Inson o‘zini yerning hokimidek tutadi. Go‘yoki u bo‘lmasa, ishlar yurishmay qoladi va u o‘zini har bir narsaga bevosita ta’sirini o‘tkazadigan muhim shaxsdek tutishga harakat qiladi. O‘ziga omonat tarzida berilgan mol-davlat, mansab-martaba, sixat-salomatlik, obro‘-e’tibor, shonu-shavkatdan, Yaratganning izni bo‘lmasa, ichgan bir piyola suvini ham chiqarishga qodir bo‘lmagan Allohning zaif bandasi sifatida emas, balki qudratli “inson” sifatida suyiste’mol qiladi. Manmanlik qilib, kibr-havoga beriladi, insonlarni oyoq osti qilib, jabr-zulmga beriladi. Suratga qarar ekanman, birinchi suratda ham, ikkinchi suratda ham bizning yerda bor ekanimiz ham, yo‘qligimiz ham yoki yerning o‘zgargani ham bilinmasligi, yuqoridagi narsalarning barchasi nisbiy narsalar ekani, mulk Allohning qo‘lida va uni qanday xoxlasa shunday tasarruf qilishiga yana bir bora amin bo‘ldim.
Biroq, yaxshi anglab yetishimiz lozimki, Alloh bizlarni yer yuzida yaxshilik va adolat bilan, O‘zining buyruqlarini amalga oshiradigan, zulm, jaholat, fisq-fasod va adolatsizlikka qarshi kurashadigan o‘rinbosari qilib tanlab, O‘zining fazli bilan bizlarni “hazrati inson” qildi. Koinotdagi nafaqat yer va undagi narsalar, balki undan katta bo‘lgan jismlarni ham bizlarning manfaatlarimiz uchun yaratib qo‘ydi. Hazrati insondan esa, bor yo‘q talab qilingan narsa, Yaratuvchini tanib, Unga shukr qilishlik va yer yuzini fasodga to‘ldirmasdan yaxshilik ila obod qilishlik bo‘ldi.
Ma’lumki, Alloh taolo bandalarini ikki yo‘l bilan imtixon qiladi. Ularning biri musiybat va ikkinchisi ne’mat. Aslida biz, bularning ikkinchisi imtihon ekanini unutib qo‘yamiz. Haqiqatda esa, musiybatdagi imtihondan ko‘ra, ne’mat bilan bo‘lgan imtihondan o‘tib olish qiyinroqdir.
Yaqin kunlarda Alloh taolo butun insoniyatni, olimlar e’tirofi bilan aytganda juda ham kichkina, zaif bir verus bilan imtihon qildi va O‘zining “Bo‘l, desa bas, bo‘ladi”, amrini namoyon qildi. Bu haqda o‘ylar ekanman, bu verusni musiybat emas, balki Alloh taoloning insoniyatga yana bir bora shafqati deb bildim.
Nima uchun shafqati? Axir insonlar bundan aziyat ko‘rdilarku?, dersiz. To‘g‘ri. Uylab ko‘ring, borliq Allohning mulki. Uni hech kimdan so‘ramasdan yaratgan va hech kimdan so‘ramasdan tasarruf qiladi. Buni har bir, Allohga imoni bor banda biladi. Tarixga nazar solaylik. Alloh ularni qanday musiybatlar bilan sinaganiga guvoh bo‘lamiz. Nuh (as) va Lut (as) qavmi, Od va Samud qavmi, Abraha va uning askarlarining xoliga qarang. Ularga nima bo‘lgan?!
Alloh saqlasin, agar sinov, tosh yomg‘iri, zilzila, olov yoki suv balosi bilan bo‘lganda nima bo‘lardi?! Allohning irodasiga kim qarshi tura olardi?! Endi esa, sinovdan oldingi ne’matga g‘arq bo‘lgan xolimizni tafakkur qilaylik. Men, “falon davlatda bunday buzuqlik, pismadon joyda bunday jabr-zulm”, demoqchi emasman. Bular haqiqatda sodir bo‘ldi. Lekin xozir, ularning barchasini bir yonga qo‘yib, o‘zim va yaqinlarimdan nima kamchilik o‘tganini mushohada qilishimizni va qilgan xato kamchiliklarmiz uchun istig‘for aytib, ularni to‘g‘rilashni istar edim. Chunki nafs, doimo o‘zini haq va to‘g‘riman deb biladi.
Zero, yaxshilik ham, yomonlik ham Alloh taoloning irodasi va ilohiy hikmatiga ko‘ra voqe’ bo‘ladi. Ishlarimizni bir maromda davom etishi va rizqimizni keng bo‘lishi omili, Allohga bo‘lgan mustahkam ishonch, taqvo va tavakkuldir. Bunga dalolat qiluvchi oyati karimalar Qur’oni Karimda bir necha o‘rinlarda zikr qilingan, jumladan:
وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مَخْرَجًا (2) وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ وَمَنْ يَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ فَهُوَ حَسْبُهُ (3)
“Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoyadir”.[1]
Inson o‘zligini ya’ni, “hazrati inson” ekanligini yo‘qotmas ekan, uning hayoti farovonlik sari davom etaveradi. Qachonki undan nonko‘rlik, noshukrlik sodir bo‘lsa, Mehribon Alloh taolo ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish uchun turli sinovlarga ro‘baro‘ qiladi.
Aslida bu kabi sinovlar, garchi zohirda yomon ko‘rinsada, uning ortida ko‘plab yaxshilik yashiringan bo‘lishi mumkin. Tom ma’noda, yurtimizga kelgan SOVID-19—Koronavirus pandemiyasi, Buxorodagi shamol va Sirdaryodagi toshqin hodisasi bizlarni garchi zohirda uzoqlashtirgan bo‘lsada, lekin qalban yaqinlashtirdi. Barcha O‘zbekiston aholisi bu musiybatlarni qalban his qildi va undan qutilish choralarida birdek ishtirok etdi.
Hukumat tomonidan bu sinovlarni bartaraf etish uchun katta miqdorda mablag‘lar yo‘naltirildi. Bu sinovlardan o‘tib olish uchun fidoiy xalqimiz, shifokorlar, ichki ishlar xodimlari, homiylar va diniy soha vakillari jonbozlik ko‘rsatganlari tahsinga loyiq. Xali xanuz xalqimiz tomonidan yordam karvonlari to‘xtagani yo‘q. Bunday xalqni vakili bo‘lish va bunday xalqni ichida yashash sharaf ekanini barchamiz anlashimiz kerak. Zero, biz o‘zi to‘q bo‘lib, qo‘shnisi och holda tong ottiradigan millat emasmiz, Alhamdulillah!
Dunyo bo‘yicha bu pandemiyaga xali-xanuz vaksina topilmagan. Ammo, qilingan xayrli ishlar, qurbonliklar, xatmi Qur’onlar, salovatlar va duolar sharofatidan, Alloh taolo bemorlarimizga shifo berdi va ularning ko‘plari sog‘ayib ketishdi. Shu munosabat bilan yurtimizning ba’zi viloyat va tumanlariga karantin yumshatildi. Biroq, masalaning ikkinchi afsuslanarli joyi shundagi, ba’zi yurtdoshlarimiz bu yumshatishni noto‘g‘ri tushinib yoki umuman mensimasdan suistemol qilishdi.
Shuning uchun ham eslatib o‘tmoqchimanki, agar bandaga bir musiybat keladigan bo‘lsa, ko‘p hollarda bunga uning o‘zi sababchi bo‘ladi. Alloh taolo bu haqda shunday degan:
وَمَا أَصَابَكُمْ مِنْ مُصِيبَةٍ فَبِمَا كَسَبَتْ أَيْدِيكُمْ وَيَعْفُو عَنْ كَثِيرٍ (30)
“(Ey, insonlar!) Sizlarga ne musibat yetsa, bas, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa (gunoh) sabablidir. Yana U ko‘p (gunohlar)ni afv etib turur”.[2]
Demak, musiybatning sabablarini o‘zimizdan izlamog‘imiz maqsadga muvofiq ekan. Alhamdulillah, yurtimizdagi islohotlar, xayrli ishlar, duo va istig‘forlar, xalqimizning bag‘ri kengligi va yoshlarimiz ichidan ko‘plab Allohdan qo‘rqadigan va ibodatlik, ota-onasini hurmat qiladigan, ilmga chanqoq, mehnatga rag‘batli, esli, xushli avlod vakillari yetishib chiqayotgan bo‘lsada, boshimizga kelgan bu musiybat nega tamomila ko‘tarilib ketmayotgani haqida uylab qolaman. Buning hikmati nima ekan?!
Kuni kecha Ramazonning oxirgi ya’ni, xar bir toq kunida qadr kechasi yashiringan o‘n kunligi, taroveh namozidan so‘ng televizorni qo‘ysam, “25-soat” ko‘rsatuvida, yurtimizdagi qoida buzarlar va jinoyatchilarni ko‘rsatayotgan ekan. Bu ko‘rsatuvda ko‘rganlarim, yuqoridagi savolimga javob bo‘ldi deb o‘yladim va shu maqolani yozishga jazm qildim.
Unda “Yoshi oltmish to‘rtga kirgan, soqoli oppoq “otaxon” o‘z uyida qirq ming so‘m evaziga begona erkak va ayolga joy berib, qo‘shmachilik qilayotgani haqida” ichki ishlar xodimlari navbatdagi reydlarini ko‘rsatayotgan edi.
Undan so‘ng Toshkent shaxar Chilonzor tumanida yarim oqshomda shaxarda daydib yurgan ayollar ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirish uchun olib kelingani va shu mavzeyda yashaydigan onaxon esa, ularning dastidan tinchlik bo‘lmasligi, xatto ular nimani gaplashayotgani ham eshitilib turishi va buning yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta’siri haqida kuyinib gapirdilar. Ko‘rsatuvni oxiri nima bo‘lar ekan deya kuzatib turdim. Tartib buzarlarga bir million bir yuz ellik ming so‘m atrofida moddiy jarima belgilandi va ko‘rsatuv nihoyasiga yetdi.
Alloh taolo har bir narsani ilohiy hikmat bilan yaratgan. Agar inson kasal bo‘lsa, uning harorati ko‘tariladi. Mana shu harorat insondagi barcha zararli kasallik alomatlari kuydirib, yeb bitiradi. Shundan so‘nggina harorat tushib, kishi normal hayotga qaytadi.
Muborak Ramazon, Allohning rahmati, mag‘firati to‘lib toshgan, shaytonlar kishanlangan bu oyda, bo‘lib ham ustimizda shunday sinovlar kelib, har kuni bu ofatni daf qilishi uchun millionlab xalqimiz Allohga yolborib, duolar qilib turgan chog‘da, xattoki Misrdagi Insoniy birodarlar birlashmasi Dinlararo Oliy qo‘mitasi barcha din vakillarini 14 may kuni Ramazon ro‘zasini tutishni taklif qilib, bu taklifini qo‘llab-quvvatlab, Rim papasi Fransisk katoliklar va barcha dinlarga mansub odamlarni Ramazonda bir kun ro‘za tutishga va pandemiyaga barham berish uchun Xudoga duo qilishga chaqirib turgan vaqtda, yoshi bir joyga, oyog‘i esa qabr labiga borib qolgan kimsaning qo‘shmachilik qilishi, pasportida “O‘zbekiston” yozuvi bor ayollarni “xaridor” izlab, karantinligiga ham qaramasdan yarim kechasi izg‘ib yurishi va ularning kasri yoshlarimizga, nafaqat yoshlar balki barchamizga urishi haqidagi o‘ylar meni juda maxzun qildi va g‘azabimni keltirdi.
Bu ham kasallik alomati. Ularga qandaydir moddiy chora ko‘rmasdan, balki jiddiy qonuniy choralarni qo‘llash vaqti kelgandir. Balki, ustimizdagi bu musiybatni daf bo‘lishi sababini Alloh taolo o‘zimizga qoldirgandir. Xalqimiz bir tomon bo‘lsa-yu, bu kabi nobakorlar bir tomon bo‘lsa, na xudodan qo‘rqsa va na xalqdan uyalsa...
Bu musiybat xalqimizni yanada birlashtirdi. Endi esa, bu kabi razil, yaramas illatlarni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashda ham xalqimiz va hukumatimiz kerakli qarorlarni chiqarishiga umid qilamiz. Ta’kidlab aytishni istardimki moddiy chora ular uchun chora bo‘lmasligi kerak. Chunki bunday pastkash insonlar, jamiyatning kesib tashlamasa bo‘lmaydigan “qora son” kasalligidir. Shuncha yillardan beri uni davolash uchun “moddiy chora” qo‘llangani yetarli bo‘lmadi. Bu uslub o‘zini oqlamadi.
Xalqimiz va jamiyatimiz manfaatlari uchun, qonun chiqaruvchi organlarimiz kerakli qonunlarni qabul qilish vaqti yetdi chamamda. Chunki bir joyda munkar ish sodir bo‘lsa-yu, unga yetarlicha ahamiyat berilmasa, uni oldi olinmasa, pirovardida gunohkorga qo‘shilib begunohlar ham zarar ko‘rishi shubhasiz.
Xulosa o‘rnida barchamiz ogoh va sergaklikni qo‘ldan bermaslikka targ‘ib qilgan holda, quyidagi hadisi sharifni keltirib o‘tishni maqsadga muvofiq deb bildim:
عن النعمان بن بشير رضي الله عنهما يقول: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: "مَثَلُ الْقَائِمِ عَلَى حُدُودِ اللَّهِ وَالْوَاقِعِ فِيهَا كَمَثَلِ قَوْمٍ اسْتَهَمُوا عَلَى سَفِينَةٍ فَأَصَابَ بَعْضُهُمْ أَعْلَاهَا وَبَعْضُهُمْ أَسْفَلَهَا فَكَانَ الَّذِينَ فِي أَسْفَلِهَا إِذَا اسْتَقَوْا مِنْ الْمَاءِ مَرُّوا عَلَى مَنْ فَوْقَهُمْ فَقَالُوا لَوْ أَنَّا خَرَقْنَا فِي نَصِيبِنَا خَرْقًا وَلَمْ نُؤْذِ مَنْ فَوْقَنَا فَإِنْ يَتْرُكُوهُمْ وَمَا أَرَادُوا هَلَكُوا جَمِيعًا وَإِنْ أَخَذُوا عَلَى أَيْدِيهِمْ نَجَوْا وَنَجَوْا جَمِيعًا"
Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhumo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilib dedilar: “Allohning chegarisida (ya’ni, undan o‘tish mumkin bo‘lmagan hududda) qoim turgan kishi va u chegarani buzib o‘tuvchining misoli, xuddi o‘zaro qur’a tashlab bir kemani sherikchilikka ijaraga olgan qavmga o‘xshaydi. Shunda ularning ba’zisiga kemaning yuqorisidan va ba’zilariga pastidan joy tegadi. (Kemaning) pastidan joy olgan kishilar, agar suv olmoqchi bo‘lsalar, yuqoridagilar huzuriga chiqardilar. Shunda (pastdagilar o‘zlaricha): “Agar biz o‘zimiz uchun (kerakli suvni) teshib chiqarib olsak, ustimizdagilarni aziyatga qo‘ymagan bo‘lardik”, deyishdi. Bas, agar ularni qilmoqchi bo‘lgan narsalariga qo‘yib bersalar, barchalari halok bo‘ladilar. Agar qo‘llaridagini (kemani teshmoqchi bo‘lgan narsani) olsalar, o‘zlari ham ular ham barchalari najot topadilar”.[3]
Alloh taolo yurtimiz va butun dunyodan bu kasallikni ko‘tarsin. Buning ortidan bitmas tuganmas yaxshiliklarni ato etsin. Jannatmakon yurtimiz kishilarini ham, jannatmonand imon-e’tiqodli, pokiza, yaxshilikka shukr qiladigan, yomonlikni o‘z vaqtida to‘xtata oladigan himmati baland, ziyrak va shijoatli bandalaridan qilsin! Va oxiru da’vana anil hamdulillahi Robbil alamiyn!
Olimxon Yusupov,
Hadis ilmi maktabi rektori
[1] Taloq surasi 2-3-oyatlar.
[2] Sho‘ro surasi 30-oyat.
[3] Imom Buxoriy rivoyati.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi