Endilikda Shayx hazratlarining kitoblari asosida tuzilgan dasturi orqali ushbu savolga javob topishingiz, qolaversa, bilmagan savollaringizning javoblaridan boxabar bo‘lishingiz mumkin.
Ramazon oyida «Hilol-Nashr» nashriyoti yurtimiz musulmonlari uchun yana bir tuhfa – Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining kitoblari asosida savol-javob dasturini tayyorladi!
Ushbu dasturda Shayx hazratlarining boy ilmiy meroslaridan manfaat olishingiz mumkin. Hozirgacha 10 ga yaqin kitobdan tayyorlangan savol-javoblar dasturga kiritilgan. Yana bir nechta kitoblar bo‘yicha savol-javoblar tayyorlanib, dasturga qo‘shish rejalashtirilgan.
▶️Dasturni ushbu manzildan yuklab olishingiz mumkin.
«Hilol-Nashr» nashriyotining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida jumladan bunday deyiladi: “Agar sizda ham ustozimizning asarlari asosida savol-javob tuzish istagi bo‘lsa, boshqalarga ilm tarqatish xohishi bo‘lsa, biz bilan bog‘laning va o‘zingiz yoqtirgan kitoblardan savol-javob tuzing. Unutmang, siz sabab bir odam ilm o‘rgansa, manfaat olsa, bu siz uchun hadisda keltirilgandek “qizil tuyalardan ham yaxshiroqdir”».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.