Ramazon oyini ajr va foydalarga erishadigan mavsum qilgan Zot Alloh taologa hamdlar, najot va hidoyat elchisi bo‘lgan payg‘ambarimizga salavot va salomlar bo‘lsin.
Bu oyni g‘animat bilib, solih amallar bilan kechirishga yordam beradigan bir necha ishlarni maslahat beramiz:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki Ramazon ro‘zasini (uning farzligiga) iymon bilan, unga beriladigan savobni umid qilib tutsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi» deganlar (Imom Buhoriy, Imom Muslim rivoyati).
Bu hadisdagi «Savobni umid qilgan holida»ning ma’nosi - «Allohdangina savob umid qilib, riyo va sum’adan holi, mol-dunyo maqsadida bo‘lmagan holda» demakdir.
Ramazon qelishidan ilgari vafot etgan insonlar haqida o‘ylab ko‘ring. Ularning amallari to‘xtadi, sahifalari yopildi. Endi ular oz bo‘lsada hasanot yoki xayrli ish qila olmaydilar. Siz esa, Alloh umringizni uzaytirib, bu ulug‘ oyga yetib keldingizmi, endi savob va ajrlarni jamlashga harakat qiling. Bu Alloh bizlarga bergani uchun hamdu sano aytish kerak bo‘lgan va shukr qilishlik vojib bo‘lgan ulkan ne’matdir.
Agar siz Ramazon kunduzlarini uyqu, kechalarini bedorlik va o‘yin-kulgu bilan o‘tkazadigan bo‘lsangiz u holda, ro‘zadorlik va ibodatlarda qoim bo‘lganlik savobidan mahrum bo‘lasiz va bu oydan qo‘llaringiz bo‘sh holda chiqasiz. Bu oy sanoqli kunlar va fazilatli kechalardir. Ertaga lazzat va ne’matlarga eltuvchi bo‘lgan toat-ibodatlar sari intiling. Bu oy kirib kelsa, g‘aflatda yurishdan saqlaning. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ramazonga kirib, undan gunohlari mag‘firat qilinmasdan chiqqan qishining burni yerga ishqalansin» deganlar (Termiziy va Hokimlar rivoyati).
Ramazon-Qur’on oyi. Salaflar Ramazon kirishi bilan Qur’on tilovatiga qattiq berilishar, uni boshqa barcha ibodatlardan ko‘ra birinchi o‘ringa qo‘yar edilar. Rivoyat qilinishicha, ularning ba’zilari bu oyda har kuni Qur’onni hatm qilib, o‘qib chiqar edilar. Siz ham bu oyda tilovat qoidalariga imkon qadar rioya qilib, tadabbur, tartil va hushu’ bilan Qur’on tilovatiga bel bog‘lang.
Ramazonda sadaqa qilish boshqa oylardan ko‘ra fazilati va savobi ko‘proqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon kirsa juda ham ko‘p sadaqalar qilar, yanada saxiy, muruvvatli bo‘lib ketar edilar. Bu oyda sadaqalar qilishga, o‘zingizda bor narsalardan boshqalarga infoq-ehson qilishga qattiq intiling.
Oxirgi o‘n kunlikda ibodatlardagi tirishqoqligingiz o‘tgan kunlardan ko‘ra kuchliroq bo‘lishiga harakat qiling. "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘n qunlik boshlansa, o‘zlari kechalari ibodatlar bilan bedor bo‘lar va ahli-oilalarini ham shunga targ‘ib qilib uyg‘otar edilar" (Muttafaqun alayhi).
Qadr kechasini Ramazonning oxirgi toq kunlardan qidiring. U tunlarni namozda qoimlik, Qur’on tilovati, zikr, duo kabi ibodatlar ila o‘tkazing. Chunki u kechada qilingan ibodatning savobi, qadr qechasi bo‘lmagan ming oyda qilingan ibodatning savobidan ko‘proqdir.
Alloh taolo xarom qilgan narsalarga qarashdan ko‘zni saqlash - ko‘pchilik amal qilmaydigan ibodatdir. Nima uchun bu ulqan ibodatni tiriltirib, amalga oshirishga harakat qilmaysiz?
Barcha holatlaringizda Allohni eslovchi zokir bo‘ling. Allohni zikr etuvchilar shak-shubhasiz dunyoyu oxiratda najot topadilar.
Duo ibodatdir. Bu bandaning Robbisiga barcha holatlarida doimo muhtojligi va faqirligiga dalildir. Alloh taolo ushbu oyatda duoni ibodat deb nomlagan: «(Ey insonlar), Parvardigorlaringiz: «Menga duo-iltijo qilinglar! Men sizlarga (qilgan duo-iltijolaringizni) mustajob qilurman. Albatta menga ibodat qilishdan kibr-havo qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannnamga kirurlar», dedi» (G‘ofir, 60) Siz ham duo ibodatidan g‘ofil qolmang.
Ko‘p yeyish va ichishdan o‘zingizni tiying. Chunki u dangasalik, erinchoqlik va bo‘shashishga olib keladi.
Alloh taolo barchalarimizni bunday ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, har bir lahzasini behuda narsalar bilan o‘tkazmaslikni nasib qilsin!
Haytmurat YERЕJЕPOV,
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti 2-bosqich talabasi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, yosh diniy soha xodimlari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, yosh imomlarga quyidagi yo‘nalishlarda muhim tavsiyalar berildi:
Aholi va jamoatchilik bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish;
Ta’sirchan va mazmunli ma’ruzalar tayyorlash hamda voizlik odobiga rioya qilish;
Masjidlar faoliyatini zamon talablari darajasida to‘g‘ri tashkil etish.
Muloqotda yosh diniy soha vakillarining jamiyatda tutgan o‘rni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, sof ma’rifat va ezgulik ruhida tarbiyalashdagi mas’uliyati yuqori ekani ta’kidlandi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Tadbir yakunida yosh mutaxassislar viloyat vakilligi va soha mutasaddilarining ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati