Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Imom Termiziyning "Sunan" asari va unga yozilgan sharhlar

17.05.2020   7254   17 min.
Imom Termiziyning

Imom Abu Iso Termiziy jahon tamadduniga o‘zining ma’naviy-ilmiy merosi bilan katta hissa qo‘shgan buyuk olimlardan hisoblanadi. Alloma taniqli hofiz imomlardan biri bo‘lib, uning ma’naviy merosi musulmonlarga manfaatli bo‘lib kelmoqda[1]. Manba va adabiyotlarda muhaddis qalamiga mansub asarlar soni aniq qaydlanmagan bo‘lsa-da, yigirmaga yaqini zikr qilib o‘tilgan. Shunga qaramasdan, ko‘pchilik olimlarning fikricha uning hali noma’lum kitoblari ham mavjud. Shubhasiz, “Sunani Termiziy” hadis to‘plami Imom Abu Iso Termiziyning shoh asari hisoblanadi. Bu kitob olimning bir umrlik ilmiy safar mashaqqatlarining samarasi bo‘lib, uni “Adha” kuni 270/883-884 yili yozib tugatgan[2]. Muallifning o‘zi kitobi haqida bunday deygan: “Ushbu kitobni tasnif qilganimdan keyin, uni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga taqdim etdim. Ular rozilik bildirib, qabul qildilar. Kimning uyida ushbu kitobdan bo‘lsa, o‘sha xonadonda xuddi Nabiy sallallohu alayhi va sallam gapirayotgandek bo‘ladi”[3].

Muhaddis va uning “Sunani Termiziy” kitobi haqidagi nafaqat zamonasining, balki bugungi kunning olimlari ham ijobiy fikrlar bildirmoqda. Jumladan, Hofiz Muhammad ibn Hibbon ibn Ahmad at-Tamimiy al-Bustiy (vaf. 354/965 y.) o‘zining “Kitob as-Siqot” nomli asarida Abu Iso Termiziy haqida bunday degan: “Abu Iso Termiziy hadislarni jamlagan, yozgan, yod olgan va zikr qilganlardan biridir”[4]. Abu Said al-Idrisiy bunday degan: “Hifzda unga teng keladigani bo‘lmagan”[5].

Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur at-Tamimiy as-Sam’oniy (vaf. 562/1166 y.) o‘zining “Kitob al-Ansob” asarida Abu Iso Termiziyni bunday vasf etgan: “Munoqashasiz, u o‘z asrining peshqadami bo‘lib, turli asarlar sohibidir. Hadis ilmida ergashiladigan imomlardan biridir”[6].

Bu haqida mashhur hanafiy olimlaridan Ahmad ibn Mustafo Toshko‘prizoda (901-968/1495-1561) o‘zining “Miftoh as-saoda” nomli kitobida bunday degan: “Buyuk hofiz ulamolardan biri edi. Fiqhda qimmatli asarlari bor. Hadisni bir guruh muhaddis olimlardan o‘rgangan bo‘lib, “birinchi tabaqa” shayxlari bilan ko‘rishgan. Hadis ilmida ko‘pgina kitoblar yozgan. Uning ushbu “Al-jomi’-as-sahih” kitobi bu asarlar orasidagi eng foydalisi, eng ixcham tartiblisi va eng takrori ozidir. Unda boshqa hadis kitoblarida uchramaydigan xususiyatlar ham mavjud. Jumladan, mazhablar va istidlol (dalil keltirish) jihatlari e’tiborga olingan, sahih, hasan va g‘arib deb hadis darajalari aniq belgilangan. Bu kitobda jarh va ta’dilga o‘rin ajratilgan; kitob oxirida illatlarga doir maxsus bir bob ilova qilingan. Xullas, bu kitobda ulkan foydalar jamlangandir. Kitobni mutolaa qilgan kishilar bunga tan beradilar”[7].

Mashhur muarrix olimlardan Shihabuddin Abulfallah Abdulhay ibn Ahmad ad-Damashqiy (1032-1089/1623-1678) ham o‘zining “Shazarot az-zahab” kitobida “Tengdoshlarining taniqlisi va xotira hamdayetuklikda bir mo‘jiza edi”, deya ta’kidlagan[8].

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy (vaf. 748/1347 y.) o‘zining “Mizon al-i’tidol fi naqd ar-rijol” asarida olimni “Bilittifoq, Abu Iso Termiziy ishonchga sozovor inson”, deb ta’kidlagan[9].

Al-Idrisiy ham u zotni “Hadis ilmida ergashiladigan imomlardan biri bo‘lgan”, deb tavsiflaydi[10].

Shuningdek, ushbu kitob haqida Hofiz Abul-Fazl Al-Maqdisiy quyidagicha bayon etgan: “Hirotda imom Abu Ismoil Al-Ansoriydan eshitdim. U o‘z majlisida, Termiziy va uning kitobi borasida so‘z ketganida bunday dedi: “Mening uchun uning (Termiziyning) kitobi Buxoriy va Muslim kitoblaridan ko‘ra foydaliroq. Chunki,Sahihi Buxoriy va Sahihi Muslimdan faqat mutaxassis olimlargina foydalana oladi. “Sunani Termiziy”dan esa har kim foydalanishi mumkin”[11].

Shayx Abdulaziz Mansur ushbu asari va uning tarkibiy tuzilishi haqida shunday degan: Ulug‘ vatandoshimiz – Abu Iso Muhammad At-Termiziyning qo‘lingizdagi “Sunani Termiziy” kitobi “Al-jomi’ as-sahih” (“Ishonarli to‘plam”), “Al-jomi’ al-kabir” (“Katta to‘plam”) yoki (“Sahihi Termiziy”) nomlari bilan ham mashhur. Ammo hazrati Imom At-Termiziy hadis ilmida “Sunani Termiziy” yo‘nalishiga asos solgan muhaddislardan bo‘lgani uchun bu kitob, asosan, “Sunani Termiziy” nomi bilan shuhrat qozongan. Ma’lumdirki, Yer yuzi musulmonlarining asosiy ko‘pchiligi hazrati Imomi A’zam mazhablariga rioya qiladilar. “Sunani Termiziy” kitobida esa xuddi ana shu mazhab jihatlari e’tiborga olingan. Hanafiy mazhabining fikr-qarashlarini Imom At-Termiziy “Kufa ahli”ning fikr-qarashlari tarzida bayon qilganlar[12].

“Sunani Termiziy” hadis to‘plami manbalarda turli nomlar bilan keltirilgan. Jumladan, ulardan quyidagilarni keltirish mumkin:

  1. Al-Jomi’. Bu nomni Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy o‘zining “Tahzib at-tahzib” nomli asarida va Ahmad ibn Abdulloh al-Jazariy o‘zining “Xulosot Tahzib tahzib al-kamol” nomli kitobida zikr qilganlar[13].
  2. Al-Musnad as-sahih. Mansur al-Xolidiy bu haqida shunday degan: “Abu Iso dedi: Men bu kitob, ya’ni, “Al-Musnad as-sahih”ni tasnif qilib, uni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga taqdim etdim. Ular uni ijobiy qabul qildilar”[14].
  3. As-Sunan. Kitobning bu nom bilan atalishiga sabab shuki, undagi hadislarning fiqhiy mavzular tartibida tasniflanganligidir. Asarning ushbu nomi boshqalariga nisbatan keng tanilgani va asar tarkibiga mosi hisoblanadi.
  4. Al-Jomi’ as-sahih.“Sunani Termiziy” asariga nisbatan bu nomni Hoji Xalifa (1017-1067/1609-1657) o‘zining “Kashf az-zunun”nomli asarida va Ismoil Posho Bag‘dodiy (vaf. 1339/1920 y.) “Hadiyat al-orifin” kitobida keltirilganlar[15].
  5. Kitab as-sahih.
  6. Al-Musnad al-Jomi’. Bu nomni Hofiz Abulqosim al-Is’ardiy (vaf. 692/1293 y.) o‘zining “Fazoil al-Kitab al-jomi’ li Abu Iso at-Termiziy” nomli asarida ishlatgan.
  7. Al-Jomi’ al-Kabir. Abulhasan Ali ibn Muhammad ibn Muhammad ibn ibn Abdulkarim al-Jazariy ash-Shayboniy (555-630/1160-1233) o‘zining “al-Komil fi at-tarix” nomli asarida bunday deydi: “Abu Iso Termiziy imom va hofiz bo‘lgan. Ajoyibasarlar muallifi bo‘lib, kitoblarining eng yaxshisi “al-Jomi’ al-kabir”[16]. Shuningdek, ushbu nom “Sunani Termiziy”ning zamonaviy nashrlarida ham qo‘llanilgan[17].
  8. Al-Jomi’ al-muxtasar min sunan Rasululloh. Bu nom ham ba’zi manbalarda keltirilgan.
  9. Kitob al-Jomi’.

Bu boradagi xulosani mashhur tarixchi olimlardan Hoji Xalifa o‘zining “Kashf az-Zunun” nomli kitobida quyidagicha bayon etgan: “Bu hadis bobida tasnif etilgan “al-Kutub as-sitta” (olti sahih hadis kitob) ning uchinchi kitobi bo‘lib, u “Jomi’ at-Termiziy” nomi balan ataladi. Shuningdek, u “as-Sunan” deb ham yuritiladi. Ammo, birinchi nomi ko‘proq qo‘llaniladi”[18].

Imom Abu Iso Termiziyning “Sunani Termiziy” hadis to‘plami ishonchlilik darajasidan “al-Kutub as-sitta” tarkibiga kiradi. Lekin, uning tartib bo‘yicha nechanchi o‘rinda turishi borasida olimlar turli fikrlarni bildirganlar. Yuqorida atilgani singari, Hoji Xalifa “al-Kutub as-sitta”ning uchinchi kitobi degan. Shuningdek, bu haqida mashhur hanafiy olimlaridan Ahmad ibn Mustofa Toshko‘prizoda o‘zining “Miftoh as-sa’oda” nomli kitobida bunday degan:

  1. Sahihi Buxoriy;
  2. Sahihi Muslim;
  3. Al-Muvatto;
  4. Sunani Abu Dovud;
  5. Sunani Termiziy;
  6. Sunani Nasoiy;
  7. Sunani Ibn Moja;
  8. Sunani Doraqutniy;
  9. Musnadi Ahmad;
  10. Musnadi Ibn Abu Shayba;
  11. Musnad Bozzor[19].

Asar tarkibiga to‘xtanilsa, unda jami 3956 hadis jamlangan bo‘lib[20], ular bir yuz ellik bir kitobga tasniflangan[21].Lekin, mazkur hadislar miqdorida ba’zi bir hadislar borasida keltirilgan ikki sanad rivoyati inobatga olinmagan.

Darhaqiqat, Imom at-Termiziyning “Sunan” asari nafaqat hadis ilmida, balki fiqh ilmida ham katta mavqega egadir. Chunki, ushbu kitob manba sifatida ikki ilm sohasida birdek ahamiyatga kasb etadi. Qolaversa, unda keltirilgan hadislarni saralashda asosiy e’tibor amaliyotga qaratilgan. Jumladan, bu haqida Imom Abu Iso Termiziy “Kibot al-Ilal as-sag‘ir” kitobida quyidagicha bayon qilgan:

“Bu kitobda jamlangan barcha hadislarga amal qilingan va ularni ba’zi ilm ahllari hujjat sifatida qabul qilganlar. Faqat, ikki hadis bundan mustasnodir.

Shu jihatdan ham kitobning fiqhiy ahamiyati katta bo‘lib, bu o‘rinda esa, asarning hanafiy mazhabidagi o‘rni tadqiq etiladi.

“Sunan” asarining turli joy va yillarda nashr qilingan nusxalarining aksarida kitobdagi hadislar soni takrori bilan qo‘shib hisoblaganda 3956 ta ekani ko‘rsatilgan bo‘lib, shulardan hukmiy hadislarni ifodalashda to‘qson oltita atama qo‘llanilgan. Aslida, ushbu kitob fiqhiy manba sifatida Ahl as-sunna va-l-jamoadagi to‘rtta fiqhiy mazhab (hanafiy, shofiiy, molikiy va hanbaliy) uchun ham birday qadrli hisoblanadi. Shuning barobarida, kitobning mazkur mazhablardan hanafiy mazhabidagi o‘rni ancha salmoqli bo‘lib, fiqhiy masalalarni dalillashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash kerakki, Imom at-Termiziy ushbu to‘rtta mazhabning birortasiga yoki boshqa olimlarning fikriga yon bosmagan va rad ham qilmagan, balki muayyan masala doirasida olimlarning fikrlarini jamlab bayon qilgan va o‘sha masalada mavjud hadisning darajasini ko‘rsatib o‘tgan, xolos. Buning boisi shuki, Imom at-Termiziyning o‘zi mujtahidlikning tarjih darajasiga yetganligidir. Lekin, ba’zan muhaddisning ba’zi olimlar tomonidan shofiiy yoki hanafiy mazhabiga ergashganligi bayon qilingan. Shu nuqtayi nazardan, Imom at-Termiziyning qaysi mazhabga egashganligi emas, balki “Sunan” asarining hanafiy mazhabidagi manbaviy o‘rni yoritiladi. Aslida, “Sunan” kitobining hanafiy mazhabidagi o‘rnini unga yozilgan sharhlarning aksari hanafiy mazhabi vakillari tomonidan bitilgani ham ko‘rsatib turibdi. Shunga qaramasdan mavzuni batafsil bayon etish uchun bu o‘rinda kitobdagi hadislarning hanafiy mazhabida qo‘llanishilish jihatiga e’tibor qaratiladi.

Imom at-Termiziyning “Sunan” asarida muayyan hadis borasidagi fiqhiy masala doirasida hanafiy mazhabi mavqeni bayon qilish uchun “أهل الكوفة” (Kufa ahli) istilohini qo‘llagan va u faqhiy mazhablarni ifodalaydigan iboralarining eng ko‘p istifoda etilgani hisoblanadi. Endi, kitobda keltirilgan hadislardan qay darajada hanafiy mazhabida istifoda qinishi va uning ahamiyati “كتاب الوتر” haqidagi hadislar doirasida bayon etiladi. Xususan, “Sunan”da Vitr namozi haqida yigirma bitta hadis (453-hadisdan 472-hadisgacha) keltirilga.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, hanafiy mazhabida ushbu mavzu doirasida “Sunan”da keltirlgan yigirma bir hadisning o‘n ikkitasi hujjat sifatida qabul qilingan, yettitasi hujjat sifatida qabul qilinmagan va ikkitasi ta’vil qilingan. Shu bilan bir qatorda, hanafiy mazhabida qabul qilinmagan hadislar boshqa mazhab vakillari tomonidan qabul qilinganini kuzatish mumkin. Xullas, ushbu hadis to‘plami nafaqat hanafiy mazhabi uchun, balki boshqa mazhablarga ham birdek qadrli va muhim manba sifatida e’tirof etiladi. Ammo, hanafiy mazhabi fiqhiy masalalariga hujjat sifatida asoslangan hadislarning ko‘pchiligi “Sunan”da keltirilgani tufayli uning boshqa mazhablarga qaraganda hanafiy mazhabi uchun muhim manba hisoblanadi. Shuning uchun, tarixda ham, bugungi kunda ham ushbu kitobga hanafiy mazahbi vakillari tomonidan ko‘plab sharhlar bitilgan hamda bitilmoqda.

 

[1] Jamoluddin Abulhajjoj Yusuf al-Mizziy. Tahzib al-Kamol. – Bayrut: Muassasat ar-risala, 1996. – J. XXVI. – B. 250.

[2] Abu Bakr Muhammad ibn Abdulg‘aniy. Kitab at-taqyid. – Haydarobod: Matbaa majlis ad-doirat al-usmoniya, 1983. – J. I. – B. 92.

[3] Abu Abdulloh Shamsuddin Muhammad az-Zahabiy. Kitob Tazkirat al-huffoz. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1998. – B. 634.

[4] Al-Hofiz Muhammad ibn Hibbon ibn Ahmad at-Tamimiy al-Bustiy. Kitob as-Siqot. – Haydarobod: Doirot al-ma’rifa li Umaniya, 1973. – J. IX. – B. 153.

[5] Shihobuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. XIII. – B. 273.; Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahzib. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. III. – B. 668.

[6] Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur at-Tamimiy as-Sam’aniy. Al-Ansob. – Haydarobod: Doirot al-ma’rifa li Umaniya, 1980. – J. II. – B. 335; – J. III. – B. 45.

[7] Abulxayr Isomuddin Ahmad ibn Mustofa ibn Jalil Toshko‘prizoda. Miftah as-Saoda. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1975. – J. II. – B. 122.

[8] Shihabuddin Abulfallah Abdulhay ibn Ahmad ibn Muhammad ad-Damashqiy. Shazarot az-Zahab fi axbor man zahab. – Bayrut: Dor ibn Kasir, 1986. – J. III. – B. 327.

[9] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy. Mizon al-i’tidol fi naqd ar-rijol. – Bayrut: Dor al-ma’rifa, 1975. – J. III. – B. 678.

[10] Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahzib. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. III. – B. 668.

[11] Shihobuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. XIII. – B. 277.

[12]Abu Iso Muhammad at-Termiziy. Sunani Termiziy./ Tarjimon, sharh va izohlar muallifi: Mirzo Kenjabek. – T.: Sharq, 2010. – B. 12.

[13] Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahzib. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. III. – B. 668.; Ahmad ibn Abdulloh al-Jazariy. Xulosot Tahzib tahzib al-kamol. – Misr: al-Matbaa al-kubro, 1884. – B. 355.

[14] Shihobuddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahzib. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1996. – J. III. – B. 669.

[15] Mustafo ibn Abdulloh. Kashf az-zunun. – Bayrut: Dor ihya at-turos al-arabiy, 2004. – J. I. – B. 320.

[16] Abulhasan Ali ibn Muhammad ibn Muhammad ibn ibn Abdulkarim al-Jazariy ash-Shayboniy. Al-Komil fi at-tarix. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1994. – J. VI. – B. 373.

[17] Qarang. Abu Iso Termiziy. Sunan. – Bayrut: Dor al-g‘arb al-islomiy, 1996. 6 jild.

[18] Mustafo ibn Abdulloh. Kashf az-zunun. – Bayrut: Dor ihya at-turos al-arabiy, 2004. – J. I. – B. 320.

[19] Abulxayr Isomuddin Ahmad ibn Mustofa ibn Jalil Toshko‘prizoda. Miftah as-Saoda. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1975. – J. II. – B. 113-114.

[20] Qarang. Abu Iso Termiziy. Sunan. – Bayrut: Dor al-g‘arb al-islomiy, 1996. VI j.

[21] Shihabuddin Abu Hafs Umar ibn Kasir ibn Dav’in ibn Kasir al-Qurashiy. Al-Bidaya va-n-nihaya. – Bayrut: Dor al-maorif, 1990. – J. XI. – B. 67.

 

Toshkent islom instituti

"Hadis va islom tarixi fanlari" kafedrasi o‘qituvchisi F.Xomidov

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   1477   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari