Inson tanasida vitaminlar muvozanatini saqlab qolish, sog‘lom yurish va teran fikrlash uchun kuniga uch marta ovqatlanish kerak, degan fikr mavjud. Ehtimol bu oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar va farmatsevtika sanoati vakillari katta daromad olishi maqsadida tez-tez tanavvul qilib turishga rag‘batlantirishdir.
Albatta, bu korporatsiyalarga odamlar oziq-ovqat va ichimlikni ortiqcha iste’mol qilishdan tiyilishlari, ro‘za tutishlari yoki sog‘lom turmush tarzini kechirishlari kabilarda manfaatdorlik yo‘q. Shuning uchun ular reklama orqali ochko‘zlikka targ‘ib qilishadi hamda yeb-ichish faqat ochlik va chanqoqni qondirish uchun emas, balki o‘yin-kulgi va vaqtni o‘tkazish uchun ham kerak bo‘lishini insonlarga uqtirib borishadi.
Bunga qarshi o‘laroq dunyodagi millionlab musulmonlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalariga muvofiq har haftada ikki marta dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutadilar, natijada ular shunday katta foyda olishadiki, hatto ular bu foydani taxmin ham qila olishmaydi.
Shu bilan birga, zamonaviy tadqiqotchilar ko‘plab kasalliklarni oziq-ovqatni cheklash va ro‘za tutish orqali samarali tarzda davolanishi mumkin degan xulosaga kelishadi. AQSHdagi Boston kolleji professori, doktor Tomas Seyfrid, onkologiya bilan kurashda metabolik yondashuvni qo‘llash bo‘yicha ilk qaldirg‘och sifatida ushbu xulosaga keldi.
Jon Xopkins universitetining neyrobiologiya laboratoriyasining mudiri professor Mark Mettson o‘zining e’lon qilgan ko‘plab maqolalarida ta’kidlashicha, haftada ikki marta och yurishlik Parkinson va Alsgeymer kabi keng tarqalgan kasalliklar rivojlanish xavfini kamaytirishi mumkin ekan.
Ovqatlanish rejimini o‘zgartirish miya faoliyatiga ta’sir qiladi. Neyrobiologlar ovqatni me’yoridan ko‘p tanavvul qilish, ortiqcha to‘yish miya ish qobiliyatini to‘xtatishini payqashdi. Oziq-ovqatdan saqlanish miyaning neyrokimyoviy o‘zgarishiga olib keladi, asabiylashish darajasini pasaytiradi va stressga chidamliligini oshiradi.
Ro‘za - miya uchun chaqiruvdir. Ro‘za tutadigan kishi miyasida proteinni ko‘proq ishlab chiqartiradi va neyron va neylon bog‘lamlari o‘sishini tezlashtiradi. Ro‘za tufayli o‘rganish qobiliyati ortib, xotira yaxshilanadi. Ro‘za yangi asab hujayralari va ildiz hujayralarning ishlab chiqarilishiga yordam beradi.
Professor Mattson, tez-tez ro‘za tutuvchilarda DNKlarini qayta tiklash uchun ko‘proq nerv hujayralari borligini aniqladi. Ro‘za ildiz hujayralarini yangilash orqali immunitet tizimini himoya qilishga yordam beradi.
2007 yilda Amerikaning “Klinicheskoye pitaniye” jurnalida ro‘za tutish saraton, yurak-qon tomir tizimining kasalliklari va diabet kasalliklari uchun samarali vosita ekanligini tasdiqlovchi bir qator ishlar e’lon qilingan edi. Ushbu tadqiqot natijalari farmatsevtika kompaniyalari va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun mutlaqo zararli. Ularning niyatlari juda aniq: odamlarni me’yoridan ko‘p yeyishga moyil qilish, va buning natijasida odamlarni semirib ketish bilan bog‘liq muammolarini hamda diabet va boshqa ko‘plab kasalliklardan davolash ishlari bilan shug‘ullanish.
Biroq, olimlar haftada ikki marta ovqatlanishdan tiyilish va ro‘za tutishning afzalliklarini tasdiqlaydigan ko‘plab yangi dalillarni tobora kashf etishda davom etishlariga va oxir-oqibat inkor qilib bo‘lmas dalillar orqali vaziyatni o‘zgartirish mumkin bo‘ladigan vaqt kelishiga ishontirmoqdalar.
So‘zimiz oxirida Payg‘ambarimiz Muhammad (sollollohu alayhi vasallam) ning kam yeyishni turli xil kasalliklarning oldini olishi va odamga ochlikni qondirish uchun oz miqdordagi oziq-ovqat kifoya qilishiga urg‘u bergan so‘zlarini keltirmoqchimiz. Hadisda keltirilishicha, kishi qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmaydi. Unga o‘z kuchini saqlab qolishi uchun kifoya qiladigan luqmalar yetarlidir. Agar (undan ko‘p) ovqat yeyishi muqarrar bo‘lsa, oshqozonning uchdan bir qismi ovqat uchun, uchdan bir qismi ichish uchun va qolgan uchdan biri esa nafas olish (havo) uchundir. (Imom Termiziy). Muqaddas dinimizning bitmas-tuganmas mo‘jizalari shu tariqa qiyomatga qadar kashf qilinishda davom etaveradi.
Saidjamol Masayitov,
O‘MI Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Ijtimoiy tarmoqlarda, afsuski, bolalarning o‘z joniga qasd qilishi, uydan qochib ketishi, jinoyatga qo‘l urishi haqidagi xabarlar ko‘payib bormoqda. Bugun biz ko‘rayotgan kino va seriallarda ham, albatta, bebosh qahramonlar va ularning ayanchli taqdiri namoyish etilmoqda. Ota-onasi bor qizlarning o‘zaro janjali yoki o‘smir yigitlarning pichoqbozligi sabab bir oila yolg‘iz o‘g‘lidan ayrilgani aslida noto‘g‘ri tarbiya oqibati emasmi?
«Ular: “Parvardigoro, xotinlarimizdan va zurriyotlarimizdan bizlarga ko‘z quvonchini baxsh et va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin!” deydigan kishilardir» (Furqon surasi, 74-oyat).
Oilalar bilan suhbatlashar ekanman, ajrimlarga qadar oiladagi nosog‘lom muhit, ayol o‘z dunyosi va haqiqati, erkak o‘z holicha yashayotgani natijasida bolalarga mutlaq befarq, ilmsiz va salomatligida ham nuqsonlar borligini ko‘raman. Biz bolalarni duo qilishni, ularni tinglash va ular bilan suhbatlashishni bilmaymiz. Ular o‘z-o‘zidan tarbiyalanib, katta bo‘lib qolmaydi axir. Ayniqsa, hozirgi murakkab davrda, turli zararli ta’sirlar ko‘paygan bir vaqtda farzandlarimizni sog‘lom fitratda ushlab qolish oson emas.
Bir safar ajrim yoqasidagi oila bilan suhbatlashdik. Ayol va erkak janjal qilar, o‘smir qiz bir chetda o‘yin o‘ynab o‘tirar, ota-onasining bu holati unga ahamiyatsizday edi. Qizig‘i, ular bolaga qaramaslik, undan xalos bo‘lish uchun o‘zaro nizolashar edi. O‘z holiga tashlab qo‘yilgan qiz axloqsiz bo‘lib ulg‘aygan. O‘zlarining tarbiyasi hosilasini “bosh og‘rig‘i” deyishgani bizni yanada ajablantirdi. Bu kabi taqdirlar har birimizni o‘ylantirishi lozim.
Afsuski, ko‘p ota-onalar farzandlariga faqat taqiq qo‘yishadi, tinglashni istashmaydi. Bir voqea butun bir qishloqni larzaga soldi. Maktab o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. Sababi esa, qo‘shnisining uyida o‘ynab uning o‘g‘li bilan janjallashgani uchun bolani haqoratlagan, ota-onasiga yomonlagan. O‘z uyidagilar ham bolani eshitishni istashmagan. Buning oqibatida qattiq tushkunlikka tushib, u o‘z joniga qasd qilgan. Bu kabi ko‘plab voqelar ota-onalarni farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmaslikka chaqiradi. So‘nggi pushaymon – o‘zimizga dushman.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:
«Uch duo rad etilmaydi:
Alloh farzandlarimizni ko‘z quvonchimiz qilsin!
Gulnora IBRAGIMOVA,
Xatirchi tumani “Bog‘ishamol” mahallasi otinoyisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2025 yil 9-sonidan