Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Mart, 2026   |   25 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:19
Quyosh
06:37
Peshin
12:37
Asr
16:42
Shom
18:32
Xufton
19:44
Bismillah
14 Mart, 2026, 25 Ramazon, 1447

Qadr kechasi alomatlari

17.05.2020   6036   3 min.
Qadr kechasi alomatlari

Qur’oni karimda qadr kechasining ming oydan yaxshiroq ekanligi zikr qilingan. Hadisi shariflarda ham ushbu kechani topgan va uni bedor bo‘lib ibodat bilan o‘tkazgan insonning gunohlari kechirilishi marhamat qilingan. Ulamolarimiz hadislar va sahobayi kiromlarning so‘zlaridan xulosa qilib qadr kechasining bir qancha alomatlari bo‘lishini aytishgan. Quyida shu haqida so‘z yuritamiz.

  • Havoning mo‘tadil bo‘lishi va shamol sokin esishi. Ibn Xuzayma Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qadr kechasi nurli, ochiq, sovuq ham, issiq ham bo‘lmagan kechadir. Uning tongida Quyosh nursiz qizil bo‘lib chiqadi». Boshqa hadisda ushbu kecha sokin bo‘lib unda yomg‘ir yog‘ishi ham mumkinligi aytilgan. Demak, havo mo‘tadil bo‘lishi, o‘ta issiq yoki o‘ta sovuq bo‘lmasligi, shu bilan birgalikda, ba’zida sokin, yomg‘irli kecha bo‘lishi qadr kechasining alomatlaridan biri ekan.
  • Farishtalar tushishi sabab qalb xotirjam bo‘lishi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: «Albatta, farishtalar o‘sha kechada yerda mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi». Ushbu kechada yerda farishtalar ko‘pligidan inson boshqa kechalarda his qilmagan qalb xotirjamligi, ko‘ngil kengligi va ibodat lazzatini his qiladi.
  • Tongda Quyoshning nursiz bo‘lishi. Imom Muslim Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qadr kechasining tongida Quyosh to ko‘tarilguniga qadar nursiz, xuddi tog‘ora kabi chiqadi». Ushbu hadisni sharhlagan Qozi Iyoz ikki xil ko‘rinish ehtimoli bo‘lishi mumkinligini aytganlar. Birinchisi, bu alomat ayni shu hadis aytilgan vaqtdagi qadr kechasiga xos ekanligi va boshqalariga xoslanmagani; ikkinchisi, bu holat faqat qadr kechasiga xos bo‘lishi; Ba’zilar kechasi tushgan farishtalar quyosh chiqayotganda samoga ko‘tarilib Quyoshning nurini to‘sishi va shu sabab u nursiz chiqishini aytishgan. Demak, ushbu holatni ham qadr kechasi alomati sifatida qabul qilish mumkin ekan.
  • Ushbu kechaning salomatlik kechasi bo‘lishi. Alloh taolo aytadi: «U to tong otguncha salom bo‘lib turadir» (Qadr surasi, 5. Tafsiri hilol). Mashhur mufassirlardan Qatoda va Ibn Zayd ushbu oyatni shunday sharhlashgan «Uning barchasi yaxshilik, to tong otgunicha unda yomonlik bo‘lmaydi».

Aslida, yuqorida biz sanab o‘tgan alomatlar odatda qadr kechasi o‘tgandan so‘ng bilinadi. Hadisi shariflarda ushbu alomatlar zikr qilinishidan maqsad esa ushbu kechani topgan va uni ibodat bilan o‘tkazgan insonlar Alloh taolo ularni ana shunday ne’matga musharraf etgani uchun Unga hamd aytishlari hamda ko‘ngillari xotirjam bo‘lishi uchundir. Ushbu muborak kechani topish uchun esa ulamolarimiz Ramazonning oxirgi o‘n kunini g‘animat bilib, unda ibodat bilan bilan bedor bo‘lishni tavsiya qilishgan. Alloh taolo barchamizga ushbu kechani topishni va ulkan savoblarni qo‘lga kiritishni nasib aylasin!

 

Manbalar asosida

Iysoxon Yahyo tayyorladi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda

13.03.2026   8858   2 min.
Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda

Germaniyaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham qator ma’rifiy uchrashuvlar va muloqotlar tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasida muborak vatandoshlarimiz uchun iftorlik tashkil etildi. Unga Germaniyada yashab, mehnat qilayotgan hamda tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz taklif etildi.

Mazkur tadbirda Farg‘ona shahridagi “Xo‘jamberdiboy” jome masjidi imom-xatibi Husniddin domla Tursunzoda ishtirokchilar bilan “Vatanga muhabbat – eng muqaddas tuyg‘u” mavzusida ma’rifiy suhbat o‘tkazdi. Suhbat davomida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, chet elda yashab faoliyat olib borayotgan vatandoshlarimiz o‘rtasida birlik va hamjihatlikni mustahkamlashning ahamiyati haqida so‘z bordi.


Virjiniya, Nyu-York, Baltimor shaharlarida vatandoshlar, jamoat faollari va turli sohalar vakillari ishtirokida iftorlik dasturxonlari yozildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov boshchiligidagi ulamolarimiz Ramazon oyining fazilatlari, milliy o‘zlikni saqlash,  O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ma’ruzalar qilishmoqda. 

Shuningdek, imom-xatiblarimiz u yerlarda taroveh namozlarini o‘qib berib, vatandoshlarimizni xushnud etmoqda. Ular do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitida, bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, Ramazon oyining ma’naviy qadriyatlari – bag‘rikenglik, saxovat va birlikni yana bir bor his qilishmoqda.


Yekaterinburg shahrida ham vatandoshlar uchun iftorlik uyushtirildi.

Unda Toshkent shahridagi “Baland” jome masjidi imom-xatibi A’zamjon Ergashev Islom dinining ma’naviy va insonparvarlik qadriyatlari haqida ma’ruza qilib berdi. 

Uchrashuv davomida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan diniy va dunyoviy mazmundagi savollarga javob olishdi.

Mehmonlar uchun O‘zbekistonning turizm salohiyati va muqaddas qadamjolarini ochib beruvchi videoroliklar, milliy an’analar, madaniy meros va islom dinining jamiyat hayotidagi o‘rnini aks ettiruvchi tarqatma materiallar namoyish qilindi.

Dunyoning 50 ta shahrida o‘tkazilayotgan bunday xayrli tadbirlar vatandoshlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash, yurt bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish hamda milliy va diniy qadriyatlarimizni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda
Ramazon