Xayr-ehson bandani Alloh taologa yaqinlashtiradigan va jannatga kirishiga sabab bo‘lgan omillardan biridir. U ehson qiluvchining molini kamaytirmaydi, aksincha Payg‘ambarimiz sollallohu a’layhi vasallam marhamat qilganlaridek mol-dunyosi ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Imom Muslim Abu Hurayra roziyollahu anhudan rivoyat qilgan hadisi shariflarida Payg‘ambar sollallohu a’layhi vasallam: “Sadaqa molni kamaytirmaydi, Alloh bandasiga kechirimlilik bilan faqat azizliknigina ziyoda qiladi, kim Alloh uchun xokisor bo‘lsa, uni qadrini ko‘taradi”[1] deb marhamat qilganlar. Modomiki ehson molu-dunyosini kamaytirmas, balki ziyoda qilar ekan bu musulmon inson u bilan ulug‘ ajrga ega bo‘ladigan noyob fursatdir. Sadaqa va xayr-ehsonning fazilatlari borasida Payg‘ambarimiz sollallohu a’layhi vasallamdan juda ham ko‘plab hadislar kelgan. O‘shalardan biri: Abu Kabsha al-Anmoriy roziyollohu anhudan, u Rosululloh sollallohu a’layhi vasallamni shunday deyotganlarini eshitgan ekanlar: “Uchta narsaga qasam ichaman. Va sizga bir hadis aytaman uni yodlab oling. Aytdilarki: Bandaning moli sadaqa bilan kamaymaydi, banda biror zulmga uchrasa va unga sabr qilsa Alloh uning izzatinigina ziyoda qiladi, banda tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik (yoki shunga o‘xshash so‘z aytdilar) eshigini ochadi. Sizga bir hadis aytaman uni yodlab oling. Aytdilarki: Albatta dunyoda to‘rt nafar insonnikidar. (ya’ni dunyodagi insonlar to‘rt toifidir)
Bir banda, Alloh uni mol-dunyo bilan ham ilm bilan ham rizqlantirgan. U bilan robbisiga taqvo qiladi. Qarindosh urug‘ining holidan xabar oladi va undagi Allohning haqqini biladi. Bu eng afzal manzildir.
Bir banda, Alloh uni ilm bilan rizqlantirgan, ammo mol-dunyo bilan rizqlantirmagan. U to‘g‘ri niyatli: Agar molim bo‘lganida falonchini amalini qilardim deydi. Bu uning niyatidir. Ikkisining ajri tengdir.
Bir banda, Alloh uni mol-dunyo bilan rizqlantirgan, ammo ilm bilan rizqlantirmagan. U molini ilmsiz sovuradi. U bilan robbisiga taqvo qimaydi. Qarindosh urug‘ining holidan ham xabar olmaydi va undagi Allohning haqqini ham bilmaydi. Bu eng past darajadir.
Bir banda Alloh uni ilm bilan ham, mol-dunyo bilan rizqlantirmagan. U: Agar molim bo‘lganida falonchini amalini qilardim deydi. Bu uning niyatidir. Ikkalasining gunohi barobardir.[2]
Bu hadisi sharif nafaqat xayr-ehson qiluvchi, balki uni niyat qilgan mo‘min kishi ham ulug‘ savobga ega bo‘lishiga dalolat qilmoqda. Faqatgini niyati sodiq bo‘lishi sharti bilan. Shunday ekan imkoni borlarimiz fazilatli Ramazon oyida xayr-ehson qilib qolishga shoshilishimiz, imkoniyati yo‘qlarimiz esa Alloh imkon bersa bunday savobli ishlarni bajarishga niyat qilishimiz bizni Allohga muqarrab bandalardan bo‘lishimizga sabab bo‘ladigan va jannatiga doxil qiladigan amallardandir.
Shayxontohur tumani “Islom nuri” jome masjidi imom xatibi,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi
A. Sobirov
[1] Imom Muslim 2588 raqam bilan rivoyat qilgan.
[2] Imom Termiziy 2325 raqam bilan, Ibni Mojja 4228 raqam bilan rivoyat qilgan. Imom Termiziy bu hadis hasan, sahih degan.
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi