Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi fazilati

16.05.2020   10097   2 min.
Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi fazilati

Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam Ramazon oyining oxirgi o‘n kunida boshqa kunlaridan ko‘ra ko‘proq ibodat qilar, u kunlarni etikof bilan o‘tkazar va qadr kechasini ushbu kechalardan qidirar edilar[1].

Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi o‘z sahihlarida Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qiladilar: “Albatta Nabiy sollollohu alayhi vasallam, Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni kirib kelsa, ahllarini uyg‘otar, tunlarini tiriltirar va bellarini mahkam bog‘lar edilar”[2]

Hadisi sharifdagi Oisha onamizning: “Bellarini mahkam bog‘lar edilar”,  degani Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning ibodatga odatdagidan ko‘proq jiddu-jahd  qilib harakat qilganlaridan kinoya. Ba’zilar bu ayollaridan chetlashganlari, yaqinlik qilmaganlaridan kinoya deydilar.

“Tunlarini tiriltirar edi” deganlari esa, namoz va boshqa ibodatlar bilan tunning barchasini bedor o‘tkazar edilar degan ma’noda. Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qilingan boshqa hadisda: “ Men Rosululloh sollollohu alayhi vasallamni Ramazon oyidan boshqa biror paytda bir kechada Qur’oni karimning barchasini o‘qiganlarini ham, tunning hammasini to tonggacha bedor bo‘lganlarini ham, bir oy avvalidan oxirigacha to‘liq ro‘za tutganlarini ham bilmayman”[3] deganlar.

“Ahllarini uyg‘otar edi” deganlari esa, ayollarini namozga uyg‘otar edi degan ma’noda. Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning odatlaridan ma’lumki, U zot ahllarini boshqa kunlarda ham ibodatga uyg‘otar edilar. Vitr o‘qimoqchi bo‘lsalar Oisha onamizni uyg‘otganlari kabi.[4] Ammo Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning ahli oilalarini Ramazon oyining oxirgi o‘n kunida uyg‘otishlari yilning boshqa kunlariga nisbatan ko‘proq bo‘lar edi.  

 

 

Shayxontohur tumani “Islom nuri” jome  masjidi imom xatibi,

Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi

A. Sobirov

 

[1] Imom Muslim Oisha roziyollohu anho onamizdan rivoyat qilgan(1175)

[2] Imom Buxoriy rivoyati(1913)

[3] Imom Nasaiy rivoyati(1641)

[4] Imom Buxoriy rivoyati(952)

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

27.08.2026   19213   1 min.
Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari