Dunyoning bir chekkasida nomi olamga ma’lum va mashhur bo‘lgan bir shahar bor edi. Shahar nihoyatda obod; ko‘rkam binolari, oziq-ovqatga to‘lib toshgan rastalari har qanday kishining havasini uyg‘otar, odamlari o‘ziga to‘q, deyarli muhtojlikda yashaydigan odamning o‘zi yo‘q edi.
Bu yerda har kuni ziyofatlar, ko‘ngilochar tomoshalar, va bir-biridan qiziqarli to‘y-u tantanalar bo‘lardi. Dasturxonlarda bo‘sh yerning o‘zi qolmas, ortib qolgan narsalarni esa birov bir tiyinga olmas edi...
Jazirama kunlarning birida o‘sha badavlat shaharning ichida bir notanish kimsa paydo bo‘ldi. U oppoq yopinchiq o‘rab yuzini berkitib olgan, ko‘chada kimni ko‘rsa unga salom berib ko‘nglini olgan, odamlarga iliq so‘zlar aytib ezgulikka da’vat qilar edi.
Bu hol shahar ma’murining qulog‘iga yetib borgach, o‘sha har yili bir paydo bo‘ladigan notanishning maqsadini bilmoqchi bo‘lib, uni huzuriga chaqirishlarini buyurdi. Biroz o‘tib, notanishning o‘zi shahar ma’murining yonida paydo bo‘ldi. Va unga qarab:
− Salom senga ey Allohning bandasi, – gap boshladi u, − qutlug‘ kunlaring muborak bo‘lsin!
− Nimalar deyapsan o‘zing?! O‘zi shundoq ham har kunimiz qutlug‘ bo‘lsa, yana qanaqa kun haqida aytyapsan? – hayron bo‘lib so‘radi ma’mur.
− Qanday bo‘lardi, Yaratganga kechalari duo qiladigan, undan gunohlarni kechirishlikni so‘rab iltijo qilinadigan, kechalari ibodatga qoim bo‘lib, unga istig‘forlar aytiladigan, odamlarga hayr-u sahovat qilib, ularning ko‘ngillarini oladigan, ko‘zni, qo‘lni, til va dilni gunohlardan muhofaza qilib, faqat yaxshiliklar qilinadigan kunlarni aytyapman-da! – javob berdi notanish.
Ma’mur uning so‘zlarini tinglab, istehzoli kulib qo‘ydi. Va dedi:
− Menga qara hoy notanish yo‘lovchi! Bizning hech narsadan kam joyimiz yo‘q! Har narsamiz yetarli, odamlarning qorni to‘q, ustlari but! Har kunimiz bayram, ziyofat! Endi menga aytchi, sen aytgan ishlarni qilishlikdan bizga nima naf?! Sen yaxshisi, yo‘lingdan qolma...
Notanish kimsa boshqa so‘z aytmadi. Va bir zum o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Oradan bir necha kunlar o‘tdi. Shahar ahli har doimgidek «shirin» hayotida yashashda davom etdi. Har kunlari bir xillikda – bazm-u jamshidlarda o‘tar, bu kunlarning o‘z poyoniga yetishi esa hech kimsaning hayoliga ham kelmas edi.
Bir kuni shunday bo‘ldi: shaharda qurg‘oqchilik boshlanib, ekinlar nobud bo‘ldi. Rastalar tez orada bo‘shab odamlar och qola boshladi. Endi o‘sha totli damlar yo‘q, hammayoqni qahatchilik egallab bo‘lgan edi. Ushbu holatni ko‘rib odamlar negadir o‘sha notanish kimsani yo‘qlab qolishdi. «Balki uning aytganlarini qilsak, Yaratgan bizlarni kechirib, yana avvalgi holimizga qaytarib qo‘yar?!» deb o‘ylashardi ular. Shahar ma’muri zudlik bilan o‘sha notanishni olib kelishga buyurdi. Biroq...Endi kech edi! O‘sha notanishni hech qayerdan topa olishmadi...
O‘sha notanishning ismi – Ramazoni Sharif edi! Shahar ahlining holiga tushishlikdan Allohning o‘zi saqlasin...
Sherzod HAYDARBЕKOV
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV