frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Nadomat

15.05.2020   10033   3 min.
Nadomat

Dunyoning bir chekkasida nomi olamga ma’lum va mashhur bo‘lgan bir shahar bor edi. Shahar nihoyatda obod; ko‘rkam binolari, oziq-ovqatga to‘lib toshgan rastalari har qanday kishining havasini uyg‘otar, odamlari o‘ziga to‘q, deyarli muhtojlikda yashaydigan odamning o‘zi yo‘q edi.

Bu yerda har kuni ziyofatlar, ko‘ngilochar tomoshalar, va bir-biridan qiziqarli to‘y-u tantanalar bo‘lardi. Dasturxonlarda bo‘sh yerning o‘zi qolmas, ortib qolgan narsalarni esa birov bir tiyinga olmas edi...

Jazirama kunlarning birida o‘sha badavlat shaharning ichida bir notanish kimsa paydo bo‘ldi. U oppoq yopinchiq o‘rab yuzini berkitib olgan, ko‘chada kimni ko‘rsa unga salom berib ko‘nglini olgan, odamlarga iliq so‘zlar aytib ezgulikka da’vat qilar edi.

Bu hol shahar ma’murining qulog‘iga yetib borgach, o‘sha har yili bir paydo bo‘ladigan notanishning maqsadini bilmoqchi bo‘lib, uni huzuriga chaqirishlarini buyurdi. Biroz o‘tib, notanishning o‘zi shahar ma’murining yonida paydo bo‘ldi. Va unga qarab:

−   Salom senga ey Allohning bandasi, – gap boshladi u, − qutlug‘ kunlaring muborak bo‘lsin!

−   Nimalar deyapsan o‘zing?! O‘zi shundoq ham har kunimiz qutlug‘ bo‘lsa, yana qanaqa kun haqida aytyapsan? – hayron bo‘lib so‘radi ma’mur.

− Qanday bo‘lardi, Yaratganga kechalari duo qiladigan, undan gunohlarni kechirishlikni so‘rab iltijo qilinadigan, kechalari ibodatga qoim bo‘lib, unga istig‘forlar aytiladigan, odamlarga hayr-u sahovat qilib, ularning ko‘ngillarini oladigan, ko‘zni, qo‘lni, til va dilni gunohlardan muhofaza qilib, faqat yaxshiliklar qilinadigan kunlarni aytyapman-da! – javob berdi notanish.

Ma’mur uning so‘zlarini tinglab, istehzoli kulib qo‘ydi. Va dedi:

−  Menga qara hoy notanish yo‘lovchi! Bizning hech narsadan kam joyimiz yo‘q! Har narsamiz yetarli, odamlarning qorni to‘q, ustlari but! Har kunimiz bayram, ziyofat! Endi menga aytchi, sen aytgan ishlarni qilishlikdan bizga nima naf?! Sen yaxshisi, yo‘lingdan qolma...

Notanish kimsa boshqa so‘z aytmadi. Va bir zum o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Oradan bir necha kunlar o‘tdi. Shahar ahli har doimgidek «shirin» hayotida yashashda davom etdi. Har kunlari bir xillikda – bazm-u jamshidlarda o‘tar, bu kunlarning o‘z poyoniga yetishi esa hech kimsaning hayoliga ham kelmas edi.

Bir kuni shunday bo‘ldi: shaharda qurg‘oqchilik boshlanib, ekinlar nobud bo‘ldi. Rastalar tez orada bo‘shab odamlar och qola boshladi. Endi o‘sha totli damlar yo‘q, hammayoqni qahatchilik egallab bo‘lgan edi. Ushbu holatni ko‘rib odamlar negadir o‘sha notanish kimsani yo‘qlab qolishdi. «Balki uning aytganlarini qilsak, Yaratgan bizlarni kechirib, yana avvalgi holimizga qaytarib qo‘yar?!» deb o‘ylashardi ular. Shahar ma’muri zudlik bilan o‘sha notanishni olib kelishga buyurdi. Biroq...Endi kech edi! O‘sha notanishni hech qayerdan topa olishmadi...

  O‘sha notanishning ismi – Ramazoni Sharif edi! Shahar ahlining holiga tushishlikdan Allohning o‘zi saqlasin...

Sherzod  HAYDARBЕKOV

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Saharlik qilmay, ro‘za tutsam bo‘ladimi?

19.06.2026   12742   1 min.
Saharlik qilmay, ro‘za tutsam bo‘ladimi?

Savol: Fazilatli oy va kunlarda nafl ro‘zalar tutib turaman. Ba’zida shunday holat bo‘ladiki, bomdodga turganimda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘ladi, lekin men shu kuni bemalol ro‘za tutishga kuchim yetadi. Shu vaqtda ro‘zaga niyat qilib olsam bo‘ladimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, nafl ro‘zalar uchun saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hatto kun yarmiga yetmaguncha niyat qilib olish mumkin, faqat saharlik vaqti chiqqandan keyin ro‘zani buzuvchi amallardan birortasini ham qilmagan bo‘lishi shart.

Demak, siz ham uyg‘onganda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hech narsa yeb-ichmasdan nafl ro‘zani niyat qilib olsangiz bo‘ladi.

Aslida ro‘za tutishni niyat qilish vaqtlari ikkiga bo‘linadi.

Birinchisi, qazo ro‘za, kafforat va ma’lum bir kunni tayin qilmagan nazr ro‘zalarni tutishda saharlik vaqti chiqmasdan turib niyat qilish shart bo‘ladi. Saharlik vaqti chiqqandan keyin qilgan niyati hisobga o‘tmaydi.

Ikkinchisi, Ramazon ro‘zasi, nafl va muayyan kunda tutish nazr qilingan ro‘zalarni shar’iy nahorning yarmiga yetmagunicha niyat qilib olish mumkin. Shart shuki, niyat qilguncha ro‘zani buzadigan hech qanday ish qilmagan bo‘lishi kerak. Masalan, saharlik vaqti chiqqandan keyin biror nima yeb yoki biror qultum suv ichib qo‘ygan bo‘lsa, ro‘zaga niyat qila olmaydi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi