Insoniyat tamadduni taraqqiy etishida bir necha omillar sabab bo‘ladi. Bular ichida tinchlik va barqarorlik asosiy o‘rin egallaydi. Bugun insoniyat taqdiri va taraqqiyotiga tahdid solayotgan ekstremizm, terrorizm barcha davlatlar bir yoqadan bosh chiqarib kurashishi zarur bo‘lgan illatga aylandi. Buzg‘unchi g‘oyalarning har qanday ko‘rinishi kishilik jamiyati boshiga og‘ir kulfatlar solib kelgan. Bunday qora kuchlar tajovuzidan har yili 100 mingdan ortiq begunoh kishilar qurbon bo‘lmoqda, o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas mudhish oqibatlarga olib kelmoqda.
Muqaddas dinimiz ta’limotlarida “g‘uluv”, “tug‘yon”, “haddan oshish”lar mutlaqo qoralangan va musulmon kishilar bunday amallardan qaytarilgan.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Bas, (ey, Muhammad) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling! Siz bilan birga tavba qilganlar ham (to‘g‘ri) bo‘lsinlar! Haddan oshib ketmangiz, (ey, mo‘minlar!) U qilayotgan ishlaringizni, albatta, ko‘rib turuvchidir” (Hud surasi, 112-oyati).
Dinimizda g‘uluvga ketishning bir qancha yomon oqibatlari bor. Avvalo, bu insonning aqidasi buzilishiga sabab bo‘ladi. Tarixda dinda g‘uluvga ketish oqibatida rofiziylar, xorijiylar, mo‘tazila singari toifalar yuzaga keldi.
Rofiziylar Payg‘ambar alayhissallomdan so‘ng xalifalikka munosib, deb faqat Ali roziyallohu anhudan va uning avlodlaridan boshqani tan olmadi. Keyin ular yana bir qancha toifalarga bo‘lindi. Rafoviz so‘zi inkor qiluvchi, rad etuvchilar degan ma’noni anglatadi. Rofiziylar g‘uluv sababli ahli sunna val jamoadan chiqqanlar.
Xavorijlar esa hazrati Ali roziyallohu anhuni kofirga chiqardilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu bunday deganlar: “Mening boramda ikki xil toifa halokatga uchradi: biri haddan tashqari muhabbat qo‘yib, ikkinchisi haddan tashqari bug‘zu adovat qilib”.
Mo‘tazila toifasi Alloh taoloning zotida g‘uluvga ketib, sifatlarini inkor qildilar. Xavorij va mo‘tazilalar amru ma’ruf va nahiy munkarda haddan oshib, musulmonlarning imomga qarshi chiqishiga yo‘l ochdilar. Ular rahbarga qarshi chiqishga targ‘ib qildilar. Payg‘ambar alayhissalom bunday deydilar: “Kim amirining biror ishini yoqtirmasa, unga sabr qilsin. Chunki biror kishi boshlig‘ining itoatidan bir qarich chiqsa va shu holida o‘lsa, johiliyat o‘limida o‘libdi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Bugun yoshlarimizni imon-e’tiqodini mustahkam, irodasi baquvvat, o‘z mustaqil fikriga ega qilib tarbiyalash asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak. Ularning tafakkuriga dinimizning sof ta’limotlari, asrlar osha sayqallanib kelayotgan muqaddas qadriyatlarimiz, o‘zligini unutmaslik kabi fazilatlarni singdirib borishimiz zarur.
Muhammadyahyo EMINOV
Toshloq tumani bosh imom-xatibi
“Islom nuri” gazetasining 2019 yil, 23-sonidan
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizning turli hududlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari keng ko‘lamda davom etmoqda. Mazkur bosh g‘oya asosida masjidlar va qabristonlarda ham hasharlar tashkil etilib, hududlar tartibga keltirilmoqda.
Xususan, masjidlar atrofi, qabristonlar va ularga tutash hududlarda tozalash, obodonlashtirish, daraxtlarni parvarishlash hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bunday xayrli ishlar yurtimiz obodligiga hissa qo‘shish, muqaddas maskanlar va ajdodlar xotirasini e’zozlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yagona Vatan — yagona xalq!
Yangi hayot va yangi kelajak sari birgalikda!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati