Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Taraqqiyotga tahdid

15.05.2020   3504   2 min.
Taraqqiyotga tahdid

Insoniyat tamadduni taraqqiy etishida bir necha omillar sabab bo‘ladi. Bular ichida tinchlik va barqarorlik asosiy o‘rin egallaydi. Bugun insoniyat taqdiri va taraqqiyotiga tahdid solayotgan ekstremizm,  terrorizm barcha davlatlar bir yoqadan bosh chiqarib kurashishi zarur bo‘lgan illatga aylandi. Buzg‘unchi g‘oyalarning har qanday ko‘rinishi kishilik jamiyati boshiga og‘ir kulfatlar solib kelgan. Bunday qora kuchlar tajovuzidan har yili 100 mingdan ortiq begunoh kishilar qurbon bo‘lmoqda, o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas mudhish oqibatlarga olib kelmoqda.

Muqaddas dinimiz ta’limotlarida “g‘uluv”, “tug‘yon”, “haddan oshish”lar mutlaqo qoralangan va musulmon kishilar bunday amallardan qaytarilgan.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Bas, (ey, Muhammad) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling! Siz bilan birga tavba qilganlar ham (to‘g‘ri) bo‘lsinlar! Haddan oshib ketmangiz, (ey, mo‘minlar!) U qilayotgan ishlaringizni, albatta, ko‘rib turuvchidir” (Hud surasi, 112-oyati).

Dinimizda g‘uluvga ketishning bir qancha yomon oqibatlari bor. Avvalo, bu insonning aqidasi buzilishiga sabab  bo‘ladi. Tarixda dinda g‘uluvga ketish oqibatida rofiziylar, xorijiylar, mo‘tazila singari toifalar yuzaga keldi.

Rofiziylar Payg‘ambar alayhissallomdan so‘ng xalifalikka munosib, deb faqat Ali roziyallohu anhudan va uning avlodlaridan boshqani tan olmadi. Keyin ular yana bir qancha toifalarga bo‘lindi. Rafoviz so‘zi inkor qiluvchi, rad etuvchilar degan ma’noni anglatadi. Rofiziylar g‘uluv sababli ahli sunna val jamoadan chiqqanlar.

Xavorijlar esa hazrati Ali roziyallohu anhuni kofirga chiqardilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu bunday deganlar: “Mening boramda ikki xil toifa halokatga uchradi: biri haddan tashqari muhabbat qo‘yib, ikkinchisi haddan tashqari bug‘zu adovat qilib”.

Mo‘tazila toifasi Alloh taoloning zotida g‘uluvga ketib, sifatlarini inkor qildilar. Xavorij va mo‘tazilalar amru ma’ruf va nahiy munkarda haddan oshib, musulmonlarning imomga qarshi chiqishiga yo‘l ochdilar. Ular rahbarga qarshi chiqishga targ‘ib qildilar. Payg‘ambar alayhissalom bunday deydilar: “Kim amirining biror ishini yoqtirmasa, unga sabr qilsin. Chunki biror kishi boshlig‘ining itoatidan bir qarich chiqsa va shu holida o‘lsa, johiliyat o‘limida o‘libdi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Bugun yoshlarimizni imon-e’tiqodini mustahkam, irodasi baquvvat, o‘z mustaqil fikriga ega qilib tarbiyalash asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak. Ularning tafakkuriga dinimizning sof ta’limotlari, asrlar osha sayqallanib kelayotgan muqaddas qadriyatlarimiz, o‘zligini unutmaslik kabi fazilatlarni singdirib borishimiz zarur.

Muhammadyahyo EMINOV

Toshloq tumani bosh imom-xatibi

“Islom nuri” gazetasining 2019 yil, 23-sonidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Iordaniya OAV O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi taraqqiyoti haqida yozmoqda

07.09.2026   43988   5 min.
Iordaniya OAV O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi taraqqiyoti haqida yozmoqda

Iordaniyaning yetakchi ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston Nodirjon Turg‘unovning mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan intervyusi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Suhbat Iordaniya Milliy axborot agentligi (Petra), “Al Rai” gazetasi, shuningdek, “Hala”, “Roya News”, “Jafra News”, “AlAnbat News”, “Johina News”, “Nabzal Balad”, “Al Qubba News” yangiliklar agentliklari va Arab axborot agentliklari federatsiyasi tomonidan keng yoritildi.

Intervyuda elchi O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib, keng qamrovli yo‘nalishlarni qamrab olayotganini ta’kidladi. Ikki tomonlama hamkorlik o‘zaro hurmat, ishonch va xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik tamoyillariga asoslangani alohida qayd etildi.

Nashrda Iordaniya Qirolining 2025 yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi alohida ahamiyatga ega bo‘lgani ta’kidlandi. Tashrif davomida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. Elchi ayni bosqichda asosiy ustuvor vazifa oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarishni ta’minlashdan iborat ekaniga urg‘u berdi. Shu munosabat bilan so‘nggi vaqtlarda bir qator yuqori darajadagi delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari amalga oshirildi.

Suhbatda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Qirol Abdulla II ning iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish, yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, madaniyatlararo muloqotni ilgari surish hamda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash masalalaridagi yondashuvlari o‘xshash ekani qayd etildi. Siyosiy hamkorlik haqida to‘xtalib, elchi O‘zbekiston va Iordaniya muntazam muloqot olib borayotgani, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro maydonlarda yaqindan hamkorlik qilayotganini bildirdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Elchi 2025 yilda o‘zaro tovar aylanmasi hajmi avvalgi yilga nisbatan deyarli ikki baravarga oshganini ma’lum qildi. Shuningdek, 2026 yil aprel oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi muhim ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi. Unda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish va Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yishga kelishib olingan. Iordaniya vakillariniyg Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida bevosita aloqalarni mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ldi.

Transport aloqalarini rivojlantirish kontekstida Amman va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani olqishlandi. Joriy yilning 1 iyulidan e’tiboran “Royal Jordanian” aviakompaniyasi ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida haftasiga ikki marta muntazam reyslarni amalga oshirishni boshladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Iordaniya fuqarolari uchun o‘zaro vizasiz rejimning joriy etilishi turizm va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Turistik salohiyat haqida gapirganda, elchi O‘zbekiston Samarqand, Buxoro va Xiva kabi dunyoga mashhur tarixiy shaharlarga ega ekanini, Iordaniya esa Amman, Petra va Vadi-Ram kabi noyob qadamjolarni taklif etishini ta’kidladi. Kelgusi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, sanoat kooperatsiyasi, raqamlashtirish, logistika, ta’lim, madaniyat va islom merosi sohasidagi tadqiqotlar belgilandi.

O‘zbek-iordan munosabatlarining gumanitar tarkibiy qismiga to‘xtalinganda, 2026 yil 8 iyul kuni Iordaniyaning Fatvolar bo‘yicha bosh boshqarmasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangani qayd etildi. Bundan tashqari, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov va vizasiz rejim sharoitida ziyoratni tarixiy va madaniy obyektlarga tashrif bilan uyg‘unlashtirgan “Umra plyus” formatida qo‘shma turistik dasturlarni ishlab chiqish imkoniyati ta’kidlandi.

Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi haqida so‘z yuritar ekan, elchi “O‘zbekiston — 2030” Strategiyasi mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot qarashlarini aks ettirishini bildirdi. Ta’kidlanganidek, ilk bor mamlakat yalpi ichki mahsuloti 145 milliard dollardan oshdi, eksport hajmi 33,4 milliard dollarga yetdi, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar esa 43,1 milliard dollarni tashkil etdi. Qashshoqlik darajasi 5,8 foizgacha kamaydi.

Shuningdek, joriy yilda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlayotgani, so‘nggi yillar iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida tub islohotlar davri bo‘lgani ta’kidlandi.

Intervyu yakunida elchi O‘zbekiston taraqqiyotining navbatdagi bosqichidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Ular orasida iqtisodiy o‘sish va mehnat unumdorligi sifatini oshirish, innovatsiyalar va “yashil” energetikani rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va inson kapitalini yuksaltirish o‘rin olgan. Ushbu jarayonlar xalqaro sheriklar, jumladan Iordaniya uchun ham investitsiyaviy va texnologik loyihalarni amalga oshirishda yangi imkoniyatlar ochadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari